Shoirga maktub

Assalomu alaykum, qirq yillik g'oyibona tanishgan qadrdonim Ikrom Otamurod!

Ushbu xatni yozuvchini deyarli Siz bilan tengdosh bir muxlisingizdan deb bilgaysiz.

Ikrom Otamurod degan nomni eshitganimdan buyon ham qirq yilcha vaqt bir zumda o'tib ketibdi. Men Sizni “Janub qushlari” va “Vaqt ranglari” she'riy to'plamlaringiz orqali o'ziga xos shoir sifatida kashf etganman. Yana bir narsani ta'kidlashni xohlar edimki, mening qalbimga siz “Kanglum” bo'lib muhrlangansiz. Qashqadaryo vohasidan yetishib chiqqan Abdulla Oripov, Jumaniyoz Jabborov va Normurod Narzullayevlarning yonida doim baqamti shoir Ikrom Otamurodni ko'rganman va tan olaman. Mening bu so'zlarim xushomadgo'ylik emas, dilimdagi gaplarim. O'zbek adabiyotida Sizdek shoirlar borligidan faxrlanaman. Yaqinda qo'limga “Sukut sadosi” kitobingiz tushdi-yu, undagi she'rlar, balladalar, dostonlaringizni o'qib chiqqach, o'zimda kechgan iliq fikrlarimni Sizga maktub orqali bildirishga jazm etdim.

Men adabiyotshunos yoki munaqqid emasman, yuqorida ta'kidlaganimdek, oddiy bir she'riyat muxlisiman.

Ushbu kitobning kirish qismida so'zboshi yozgan shoir Minhojiddin Mirzo va kitob so'ngida filologiya fanlari doktori Uzoq Jo'raqulovning kitobingiz haqida yozganlaridan o'tkazib biron narsa deyishim qiyin, albatta. Meni sizdagi sabr, bardosh, qanoat qoyil qoldiradi. Bilishimcha, universitetni bitirib, otaxon jurnalimiz “Sharq yulduzi”ga kelganingizdan buyon shu kungacha bir joyda muqim ishlab kelayotibsiz. Hozirgi kunda adabiyot maydonida ko'zga ko'rinib qolgan o'nlab shoirlarga ustozlik qilganligingizni ham eshitganman. Bugun o'zingiz ustoz shoir darajasiga yetdingiz.

Ikromjon, bilasiz, har kim “Vatan” tushunchasini har xil tushunadi. Lekin Sizning “Vatan”ga bergan ta'rifingizdan ilhomlanmay bo'lmaydi. Menimcha, bular muqaddas makonga topib aytilgan serjilo ranglardir.

Maktubimning boshida “Kanglum” bo'lib qalbimga muhrlangansiz deb aytgan edim. Nazarimda, birgina shu jumlaga Siz butun hissiyotlaringizni, tuyg'ularingizni, ­dunyoning sir-sinoatlarini joylagansiz. Go'yoki uni ummonga o'xshatsa bo'ladi, ummon bepoyon, undagi mo''jizalarning tagiga yetish mushkul. Sizning “Umrim — Kasbidan to Toshkentga qadar” deb boshlangan she'ringizdagi o'tmish, bugun, sog'inch, umr lahzalarini o'qib, hayajonlanmay bo'ladimi? Kitobga kiritilgan she'rlaringizdan bir olam ma'no oldim. Ayniqsa, “To'rg'ay”, “Ulug'bekning o'limi”, “Cho'ponaldar”, “Norjon momo”, “Dasht odamlari” va “To'riq” balladalaringizni o'qigach, hayratga tushdim.

Shunday kichik balladalarda hayotimizda bo'lib o'tgan, o'tayotgan, boshimizdan kechirayotgan voqea-hodisalarni ishonarli, ta'sirli qilib yozgansizki, “qoyil” deyishdan boshqa so'z kelmaydi tilga.

Dostonlaringiz haqida ham to'lib-toshib yozishim mumkin. Siz allaqachon adabiyotda o'z yo'lini va uslubini topgan ulkan shoirsiz. Yozgan she'rlaringiz o'qigandayoq uni kim yozganini bilib olsa bo'ladi. Bunday baxtga har qanday shoir ham musharraf bo'lavermaydi. Sizning kitobingizni mutolaa qilish davomida ona tilimizni yaxshi bilmasligim, so'z boyligim naqadar nochor ekanligini bilib, rosti, uyalib ketdim.

Kitobda faqat ikki joyda “Dovush” she'ringizda ishlatgan “pallod” so'ziga “pallod — izg'irin”, “Cho'ponaldar” she'ringizda “cho'ponaldar — dashtda yashaydigan qush” deya izoh berilgan. Sizning yozganlaringizni tushunish uchun muxlislarda ham sizniki kabi quvvai hofiza bo'lishi yoki bir nechta izohli lug'atlar yonida turishi kerak bo'ladi. Bu mening shaxsiy fikrlarim, xolos.

Umuman olganda, “Sukut sadosi” kitobingizni o'qib, o'zimga ma'naviy ozuqa oldim va “hayot nima?”, “yashashdan maqsad nima?” kabi savollarga javob topgandek bo'ldim.

Menimcha, maktubim ham ancha cho'zilib ketdi, chog'i. Qalbimga “Kanglum” bo'lib muhrlangan mening g'oyibona qadrdonim, zamonamizning ulkan shoiri Ikrom Otamurod, Sizga ijodda baland parvozlar tilayman, adabiyot, she'riyat shaydolari baxtiga har doim omon bo'ling!

Muxlisingiz:

Sayfulla Al-MUROD,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

Qamashi tumani

Boybo'ri qishlog'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − two =