Yurtimiz ovozini dunyoga yetkazish sharafli burchimizdir!

Farida ISLOMOVA,
“Dunyo” axborot agentligi bosh mutaxassisi,
“Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun XIX xalqaro tanlovining Internet yo'nalishi bo'yicha “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” nominatsiyasi birinchi o'rin g'olibi:
Bu e'tirof, albatta, hayajonli va bir vaqtning o'zida mas'uliyat hamdir. Shuningdek, yurtimiz axborot maydonida faol mehnat qilayotgan, O'zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy qiyofasini yaratishga o'z hissasini qo'shayotgan barcha kasbdoshlarim uchun ham sharafdir.
Bugun O'zbekiston dunyo hamjamiyati nigohida tobora ishonchli va tashabbuskor davlat sifatida tan olinmoqda. So'nggi yillarda mamlakatimizning xalqaro nufuzi sezilarli darajada ortdi. Tashqi siyosatdagi ochiqlik, konstruktiv muloqotga asoslangan yondashuv, mintaqaviy integratsiyani ilgari suruvchi qat'iy sa'y-harakatlar — bularning barchasi davlatimizning yangicha qiyofasini yaratmoqda.
Shu jarayonlarni tezkor, ishonchli va aniq yoritish esa zamonaviy internet jurnalistikasining muhim vazifasiga aylangan. Shu o'rinda milliy kontentlar orqali asl mazmun-mohiyatni ochib berish ham muhimdir. Biz — “Dunyo” axborot agentligi jamoasi — aynan mana shu yo'lda o'z ishini sidqidildan davom ettirayotgan, xalqaro auditoriyaga O'zbekistonda kechayotgan keng islohotlar va jarayonlarni yoritish, xalqaro miqyosdagi imijini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan ijodkorlar jamoasimiz.
Bu mukofot doimiy izlanib, tahlil qilib, ishonchli axborot yetkazish yo'lida olib borgan faoliyatimizga bo'lgan yuksak e'tirofdir.