Tuyg'ular ismin topar shoir
Bugungi she'riyatimiz shinavandasiga oson tutib bo'lmaydi: o'zbek milliy nazm san'ati dunyosida kechayotgan adabiy-badiiy evrilish shu qadar shitob bilan bo'y ko'rsatmoqdaki!.. Mumtoz merosimiz siymolariga, yaqin o'n yilliklarda she'riyatimiz osmonida porlagan betakror ustozlarga bo'lgan e'zoz-ehtiromni parishon qilmagan holda Abduvali Qutbiddin, Halima Ahmad, Aziz Said, Qutlibeka, Zebo Mirzo, Faxriyor, Bahrom Ro'zimuhammad, Jontemir singari bir qator zabardast shoirlar she'riyatiga oshuftalik qalbimizdagi she'riy uchoqlarni qabul qilguvchi uchish-qo'nish maydonlarini yangidan-yangi badiiy did va saviya aslahalari bilan boyitishni taqozo etmoqda.
Chamasi to'rt-besh yil muqaddam Muhammad Siddiqning “Pastlab uchgan turnalar” kitobchasini o'qiganda shu xayol ko'ngildan kechgan edi. Oddiy bir kitobxon-she'rxon sifatida kechinmalarni qog'ozga tushirishga jur'at topilgandek ham edi, buni qarangki, shoir do'stimizning yaqinda chop etilgan “Musofir daraxt” kitobi (“SAHHOF” nashriyoti) hech ikkilanmay mulohazalarni o'rtoqlashishga ishonchli dalda berdi.
Shoir dunyoni, insonni qanday idrok etmoqda? O'ziga xos yangi badiiy dunyo yarata oldimi? Tesha tegmagan tashbehu timsollar topdimi? Adoqsiz hayratlar ulashgan poeziya daholari nazar-nigohi ilg'amagan ruhiyat manzaralarini ko'z o'ngimizga keltirdimi?.. Shoirning betakrorligi qalb nozikligidan boshlanadi, zero, she'r nozik, she'riy misra undan nozik, she'r misrasidan “joy” talashgan so'z esa hammadan-hammasidan nafis. Ushbu nafis noziklik kahkashoni she'r ixlosmandi qalbiga ko'chsagina bu yorug' olamning bor go'zalligi, nafosati, so'limligi bilan Sizning ixtiyoringiz-tasarrufingizga o'tadi, go'zallik bisotingiz boyligiga boylik qo'shadi.
“Musofir daraxt”ni varaqlaganning o'zida she'rlarning qisqaligi diqqatni tortadi. Aksari sakkiz, olti, to'rt… bir misradan iborat she'r. She'rni shunday yozish ham mumkin ekan-da? Jahon nasridagi “kichik roman”, “qatra hikoya”lar kabi “ixchamlashish” tendensiyalari zamonaviy turmush shiddatiga hamohanglik mahsuli ekanligi ko'pdan buyon aytiladi. Bizning Muhammad Siddiq esa ixcham she'r “g'oya”sini ilgari surmoqda. Bejiz emas. Kitobga so'zboshi yozgan Ustoz Ibrohim G'afurov to'g'ri ta'kidlaganidek, “she'r bo'lsin, nasr bo'lsin, uning asosiy dushmani bekorchi behuda so'z”. Muhammad Siddiq bu “dushman”ni yaxshi biladi, uning izmiga tushmaydi, uning amriga bo'ysunmaydi. Chunki serso'zlik, she'riy ezmalik inson sifatida ham, shoir sifatida ham uning uslubiga yot, begona.
Bobomning yengiga qarab bilar edik,
Shamol qay tarafga esayotganini.
Manfur urushning ayanch manzarasi bu! So'zamol, so'zga chechan buyuk nosir “Urush va tinchlik”ni yozib ham xumordan tugal chiqmaganini bilamiz, shunday emasmi?!
Yana:
Choyimdagi nozik
shamalar,
Kelishingga qilar
sha'malar.
Iztirob to'la sog'inchga chizilgan hazil sharj, deging keladi.
Yana:
Hilol — yuragimning tilingan joyi.
Oshiq inson qalbidan to koinot qadar nazokat!..
Bu misralar muallifi gapni uzoqdan boshlash, “gapni “aylantirish”, “yotig'i bilan izohlash”dan yiroq, “yalt” etib ko'zni qamashtiruvchi tashbehni topish uchun she'rxonni yigirma-o'ttiz misra o'qishga “majburlash” va uning sabr-toqatini sinovdan o'tkazishdan ham yiroq. Lekin buning muhim sharti muqarrar: muxtasarlik tasvirda mislsiz aniqlikni, siqiqlikni, g'oyatda “mergan”likni taqozo etadi. O'xshatib topilmagan yoxud mo'ljaldan jichcha adashish har qanday noyobu nodir tashbehning kuchini puchga chiqaradi-qo'yadi. Muhammad Siddiq esa bu borada o'ta hushyor, so'ngso'z muallifi Muhammadali G'afforov to'g'ri topganidek, shoir “qalb ko'zi bilan ko'rganlarini yozadi”.
Qalb ko'zi ila topilgan tuyg'ularning o'zbekonaligini aytmaysizmi?! Talabchan sinchilarimiz harchand jon koyitishlariga qaramay, she'riyatimiz yalang'och vatanparvarlik, jo'n millatparvarlik, hozirjavob “junbish”lardan xalos bo'lishi qiyin kechmoqda. Vaholanki, asl she'r-she'riyat lutfi imkoniyatlari shu qadar so'ngsiz va bepoyonki, sanab sanog'iga yetish dushvor.
Uyga qaytdim,
Sezdirmadim onamga men,
Onam bog'da chumchuqlarga der edi:
“Ozroq qolsin, talab ketmang
hammasini,
daydi bolam kelsa, uzib yer edi”.
O'zbek onaning ruhiy portreti — aynan.
Yana:
Holimni aytaymi
bir jumla bilan?
To'plarga tutilgan
minoradekman!
Tashbehning, timsolning dahshati, tarixiyligi butun fojiasi bilan o'quvchini larzaga solmoqda.
Yana:
Shuncha sho'rlik ichra kulolgan danak.
Vatan, maskan, banda taqdiri mujassam shu birgina misrada!
Muhammad Siddiqning gumanizmi ham o'ziga xos — baland va nafis, latif va beg'ubor. Lirik qahramonning kechmishlariga qarang: “Uzoq xayol surib qolibman chog'i, Musicha boshimga keltirdi xaslar”… “Istarangda isinib oldim”… “Lokatsiya tashla ko'nglingdan”… “Tunukali tom tushiga qizg'aldoqlar kirarmish”… “Yerning qulog'iga aytdim Seni yaxshi ko'rishim”…
Dam tovush chiqarmay ichingizda o'qiysiz, bir zum nafas rostlagach, shivirlab o'qiysiz, dam sukutga tolasiz, so'ng tovush chiqarib, baralla takrorlaysiz. Sanoqli so'zlardan tashkil topgan qisqa, lekin shoir topgan teran tasvirlar, tuyg'ularning ismini nomma-nom yodda saqlashni istaysiz.
Xurshid DO'STMUHAMMAD