Bizni uyg'otgan bulbul

Inson tug'ilibdiki, sekin-asta ham jismonan, ham ongiy tarzda ulg'ayishni boshlaydi. Ana shu ulg'ayish davrida kimlargadir taqlid qiladi, kimlardandir nimalarnidir o'rganadi. Bolalikning o'zi taqlid davridir. Bola kimni yaxshi ko'rsa, o'shanga taqlid qiladi, uning xatti-harakatlarini o'zlashtirishga intiladi. Xayolida o'sha insonni “ideal inson” deb qabul qiladi. Bola tasavvur qilgan komil inson timsoli uning xotirasida uzoq saqlanadi, balki bir umr unutilmas.

Biz, yetmishinchi yillar bolalarining asosiy vaqtimiz, asosan, paxta dalasida o'tardi. Yagana qilish, chopiq, o'toq, paxta terish – hammasi bizning zimmamizda edi. Hozirgi vaqtdagidek o'quv muassasalari-yu, shug'ullanish uchun sport saroylari qayoqda? Sport maydoni ham, o'quv maydoni ham, mehnat maydoni ham paxta dalasi edi. Rosa hisoblab ko'rilsa, maktabda yil bo'yi bor-yo'g'i to'rt oy o'qish bo'lardi. Bundan tashqari, bizga butun targ'ibot vositalari allakimlarning tarixini zo'r berib o'rgatardi, uqtirardi. Pyotr I ni hamma bilardi, Yuriy Dolgorukiyni hamma bilardi, Ivan Grozniy, Dmitriy Donskiylarni o'z ajdodimizdek “sevib” o'qirdik. Ammo o'z tariximiz haqida… Tariximiz, avvalo, o'rgatilmasdi, qolaversa, ajdodlarimizni bizga faqat qoralab ko'rsatishardi. Amir Temur — kallakesar, bosqinchi bo'lgan, Ahmad Yassaviy, So'fi Olloyor — diniy aqidaparastlikni kuylagan va hokazo. Lekin nima bo'lganda ham bolalarning ongiga o'z tarixini, odob-axloqini, milliy udumlarini, milliy ma'naviyatini singdiradigan insonlar xalqda hamisha yetishib chiqaverar ekan.

O'sha davrlarda qo'lda ko'tarib yuradigan tranzistorlar bo'lardi. O'sha tranzistorlar biz uchun juda katta xazina edi. Sababi, unda biz sevgan qo'shiqlar aytilardi. Bu qo'shiqlarning ijrochisi, albatta, Sherali Jo'rayev edi. Biz o'n-o'n ikki yashar bolalar aksar holda bu qo'shiqlarni yodlab aytib yurardik. To'g'ri, dastlab ma'nosini tushunmasak-da, keyinchalik, yillar o'tgan sayin bu qo'shiqlarning mazmun-mohiyatini anglay bosh­ladik. U paytlar qaysi bayram bo'lsa, televizor qarshisidan ketmasdik. Ayniqsa, Yangi yil bayramida tong otguncha bo'lsa ham kutardik. Afsuski, ba'zan umidlarimiz puchga chiqardi. Biz sevgan, bizning tasavvurimizdagi eng aziz insonni chiqarishmasdi. O'sha bayram hech kimga tatimasdi. Agar hofiz chiqib qolsa, ertasiga bir-birimizga aytib maqtanardik. Yangi aytilgan qo'shiqni bir aytilganda tinglab, yodlab oladigan bolalar bor edi ichimizda. Ota-onani hurmat qilishni, mardlik va olijanoblikni, bag'rikeng­likni o'rgatdi bu qo'shiqlar. Shu qo'shiqlar sabab she'riyat olami bilan asta-asta tanisha bordik. Avval Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, To'ra Sulaymonlar olamiga olib kirdi bizni hofiz. O'sgan sayin qo'shiqlarning mazmunini tushunishga harakat qila boshladik. Afrosiyob nima, O'rxun xati nima, bularni tushunish uchun izlana boshladik. Va nihoyat, ulkan, juda ulkan tariximiz, ma'naviy boyliklarimiz  borligini anglab yetdik. Ha, hofiz tong chog'i mudrab qolgan odamni “chah-chah”lab uyg'otgan bulbul edi.

Keyinchalik qaysi yurtga borsak, hofiz qo'shiqlari hamrohimiz bo'ldi. Doimo Vatanni, xalqimizni eslatdi. Dimog'imizga yurtimizning rayhonlari hidini keltirib turdi. Yillar o'tib, bora-bora Navoiy, Sheroziy, Ganjaviy, Rumiy  kabi shoirlar olamiga olib kirdi. Shu allomalarning g'azallari mazmunini izlay boshladik. Ularni teran tushunishga harakat qila boshladik.

Hofizning o'zi ham biz uchun mardlik timsoli edi. “Hofiz do'ppi kiyibdi” deb do'ppi kiyish rusum bo'ldi. “Hofiz ibodat qilyapti” deb ibodat qilishni o'rgandik. (“Bu yo'l boshda ko'rindi oson, so'ngra tushdi mushkullar”)

Men ham hofizning muxlisi bo'lgan ming-minglab bolalarning biri edim. Endi o'ylab qarasam, adabiyot olamiga kirib kelishimda hofizning benihoya katta ta'siri bo'lgan ekan. She'riyatga bir umr oshno bo'ldim. O'zimdagi ozgina bo'lsa ham she'riy va nasriy iste'dodning shakllanishida sevimli hofizimizdan benihoya minnatdorman. Hofiz dahosi oldida doimo ta'zimdaman.

Sobirjon HAKIMOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + twelve =