Ulug' adibga maktub…

U buyuk qalb egasi edi. Asarlari bilan jahon miqyosida tanilgan betakror adib, yirik jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning shaxsi va ijodi bilan eng ko'p tanish, uning asarlarini sevib mutolaa qiladigan xalq   mening nazarimda o'zbek xalqi bo'lsa ne ajab. Negaki, yurtimizda Chingiz Aytmatov asarlari kirib bormagan xonadon topilmasa kerak.

Qirg'iz elining suyukli farzandi 1928 yilning 12 dekabrida Qirg'izistonning Talas vodiysidagi Shakar ovulida tug'ilgan. Bolaligidanoq badiiy adabiyotga qo'ygan ulkan mehri uni nasriy asarlar yaratishga hamisha chorlab turadi. Adib nomini ilk bor xalqaro miqyosda mashhur qilgan, jahon xalqlarining 40 dan ortiq tillariga tarjima qilingan asari “Jamila” qissasidir. Yozuvchi asarlarini avval qirg'iz tilida yozib, so'ng o'zi rus tiliga tarjima qilgan. Ba'zi asarlari esa avval rus tilida yozilib (masalan, “Oq kema”, “Alvido, Gulsari”) so'ng qirg'iz tiliga o'girilgan. Chingiz Aytmatovning umri davomida yozgan asarlari 80 dan ortiq xorijiy tillarga tarjima qilingan. Buyuk yozuvchi 2008 yil 10 iyun kuni Germaniyaning Nyunberg shahri kasalxonasida davolanayotganida vafot etgan. 14 iyun kuni esa Bishkek shaharchasidagi “Ata Beyit” tarixiy-memorial majmuaga dafn etilgan.

To'g'ri, odatda vafot etgan insonlarga maktub yozilmaydi. Ehtimol sarlavhani o'qigan odam bu izhorimni biroz boshqacha talqin qilishi ham mumkin. Ammo… Men uchun ulug' adib mudom tirikdek. Asarlarini qayta-qayta mutolaa qilganimda, uning qahramonlari bilan xayolan yashaganimda, sirlashib, dardlashganimda ko'z oldimda gavdalanaveradi…

To'g'ri kamina hali yosh ijodkor. Endigina universitetni tamomlab, katta hayot ostonasiga qadam qo'ymoqdaman. Chingiz Aytmatov esa misoli baland cho'qqi. Poygakda turgan mitti toshning cho'qqi tomon odimlashi, unga qo'l cho'zishi esa juda katta mas'uliyat hamda ulkan kuchni talab qiladi. Qirg'izlarda ota qanday ulug' va muqaddas hisoblansa og'a ham undan kam emas. Azbaroyi men ham buyuk adibni chuqur hurmat qilganimdan, qolaversa, ulug' yozuvchi yozgan kitoblar shaydosi bo'lganim uchun ham ushbu maktubni yozishga jazm etdim.

* * *

…Chingiz og'a, Talasga yo'lim tushsa, albatta, Shakar ovulida mehmon bo'laman. Sizning izlaringiz qolgan tuproqlardan mening ham sayr qilmoq niyatim bor. “Yaxshi niyat yarim davlat”, deganlaridek.

Bilasizmi, uyimizda kattagina kitob javoni bo'lardi. Unda sizning “Jamila”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema”, “Erta qaytgan turnalar”, “Sarvqomat dilbarim”, “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar” kabi   bir-biridan betakror asarlaringiz bor edi. Rahmatli buvim ularni qayta-qayta o'qir, so'ng uzoq xayollarga cho'mar, bexosdan kutubxonaga kirib qolsak, andakkina ko'z yoshlarini bizdan yashirib olardi. O'shal mahallar rosti sizni sal “yomon ko'rganman”. Men buvimni yig'latgan hammani yomon ko'rardim…

Yillar o'tdi… Ulg'aydim… Keyin esa o'sha kitoblar va buvimning yig'isi ham menga “meros qoldi”. Kitoblaringiz chin muxlisi bo'lganimdanmi yoki qonimda buvimdek dono, kitobxon, zakiy bir zotning xislati borligidanmi asarlaringizni ko'p o'qirdim. Asar qahramonlari bilan sirlashar, dillashar, kulsa kulib, yig'lasa hamdardlik bilan yig'lashardim.

Ha, bilaman aslida bu adabiyotning kuchi. So'zning qudrati. O'n sakkiz ming olamning bunyod bo'lishida tamal bo'lgan So'z har qanday qalbi tosh odamni ham o'ylamoqqa, tafakkur qilmoqqa undaydi…

* * *

Siz yaratgan obrazlarning ko'pi yakka- yolg'iz, yetim, o'gay, mehrga zor odamlar… Ularni bir qur ko'zdan kechirib chiqqan kitobxon yuz burib ketolmaydi. Bir zum bo'lsa-da to'xtab unga tasalli berishga, hamdard bo'lishga intiladi.

Nazarimda, yo'l bu sizning – bosh obrazingiz. Adashgan bo'lsam ming bora uzr. Piyoda, otda, aravada, traktorda, yuk mashinasida, poezdda kelayotgan yo ketayotgan qahramonlaringiz hamisha yo'lda. Ular davr suronlari aro o'zliklarini izlashadi. Go'yoki ular sabru bardoshdan yaralgandek. Taqdirning qaqshatqich zarbalarida ham o'zliklarini yo'qotmaydilar, yashashga bo'lgan ishtiyoq, hayotsevarlik ularni bo'lmag'ur ko'chalarga kirib ketishdan asraydi.

Men ham qirg'iz farzandiman. Chunki otam qirg'iz. Meni dunyoga keltirgan onam o'zbek ayoli. Netongki, qirg'iz xalqida qiz olib qochish odati bor. Buni kimdir oqlasa, yana kimdir qoralaydi. Axir, ular bu odat ming yillardan buyon ota-bobolardan meros bo'lgan, ajdodlarning qon-qoniga singib ketganini qaydan ham bilishsin. Biroq Siz asarlaringizda bu odatlarga yangi, zamonaviy libos kiydira oldingiz. Chinakam sevgi-muhabbat oldida uzoq asrlik urug'chilik an'analari, rasm-rusumlari o'z ahamiyatini, mazmun-mohiyatini to'liq saqlab qololmasligini aytmoqqa bel bog'ladingiz. Go'yoki siz tarozibon. Qo'liga tarozi olib, uning bir pallasiga qirg'iz xalqining o'tmishini, ikkinchi pallasiga kelajagini qo'yib salmoqlayotgandek, chamalayotgandek.

Buni “Jamila”da aytmoq istadingiz. Qissadagi Jamila Doniyor bilan ahdu paymon qilganida urushga ketgan sovet askarining nikohida edi. Qissa sho'ro adabiyotshunosligida ancha tanqid qilinadi. Biroq mashhur fransuz adibi Lui Aragon uni o'z tiliga tarjima qilib, “Jahondagi eng go'zal sevgi qissasi”, deya e'tirof etganida ham ramziy ma'no bor. Ehtimol, u shu ishi bilan sizni yuz berajak ko'pgina ko'ngilxiraliklardan saqlab   qolgandir. Yoki yana bir go'zal asaringiz “Sarviqomat Dilbarim”da Ilyos bilan ahdu paymon qilgan Asal uzoqroq bir   qarindoshiga unashtirilgan edi. Ilyos Asalni o'g'irlab ketadi, turmush qurishadi, biroq baxtli bo'lisholmaydi. Negadir ko'pgina asarlaringizda baxtsiz muhabbat obrazlari hayotda chin muhabbat topib, baxt topa olmaganlar ko'p. Ularni o'qib, ular bilan go'yoki yonma-yon turgandek yurak hapqiradi, dil og'riydi, azob qozonida jizg'anak bo'lib qovriladi. Tanaboy va Bibijon, Rayimali oqin va Begimoy, Edigey va Zarifa munosabatlari ham alohida-­alohida armon va o'kinch shevasida bitilgan mungli, mahzun muhabbatnomalardir. Bir-biriga o'xshamagan, bir-birini tak­rorlamaydigan bu sevgi qissalaridagi juftliklarning har biri baxtsiz. Chunki ularni birlashtirib turgan sevgi rishtalari ayriliqqa tutashaveradi.

Tabiat bilan hamohanglik ham sizga begona emas. Qahramonlaringiz ko'pincha, tabiiy ofat sinovlariga duch keladi. Kutilmaganda yog'ib qoladigan yomg'ir, jala, qor, suv toshqini, havo haroratining to'satdan pasayishi, quyuq tuman… “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar”da siz uchun qadrdon bo'lgan tog'u dashtlar adabiy makoni okeanga ko'chiriladi. To'rtovlon qayiqda ovga chiqqanda okeanni quyuq tuman qoplaydi. Tabiatda “ish tashlash” boshlanadi. Quyosh nur sochmaydi, yulduzlar yo'l ko'rsatmaydi, tumanni tarqatish uchun shamol ham esmaydi. Quyuq va muallaq tuman… Okeanning suvi sho'r – ichib bo'lmaydi, chuchuk suv tugayozgan, yegulikka esa quritilgan sho'r baliq qolgan, xolos. Tuman tarqab, sohilga yetguncha bola – Kiriskka suv yetar-etmas. Kiriskning yashab qolishi uchun avval bobosi, keyin tog'asi, so'ng otasi o'zlarini qurbon qiladilar. O'zlarini cheksiz zulmat va suv qop­lagan bahrga topshiradilar.

“…Borliqni yanada bo'g'iq oqshom zulmati bosdi. Ketidan aqlbovar qilmaydigan darajada uzun, chidab bo'lmas darajada qorong'u, dahshatli tun boshlandi. Lekin qaniydi tun oralig'ida shamol tursa, mayli, bo'ron tursa, to'fon bo'lsa ham mayliydi, ishqilib, havo ochilib, osmonda yulduzlar ko'rina qolsa! Lekin tunda zarracha o'zgarish alomati, suvda birorta to'lqin, havoda birorta epkin yo'q edi – borliq cheksiz sukunatga, cheksiz zulmatga chulg'angan edi. Cheksiz zulmat qo'ynida adashib qolgan yolg'iz qayiq va undagi azob-uqubatdan, ochlikdan, tashnalikdan tinka madori qurigan odamlar tuman ichida pista po'chog'iday bir joyda aylanishar, noma'lum qismat va umidsizlik changalidan chiqolmas edilar”. (“Sohil yoqalab chopayotgan Olapar”dan).

Sizda real hayotdan mifologiyaga, mifologiyadan real hayotga tabiiy o'tib ketish usullari juda kuchli. Masalan, tush ko'rish, isitmada alahlash… “Oq kema”da bola baliq odam bo'lishni orzu qilsa, “Sohil bo'ylab chopayotgan Olapar”ingizda O'rxun bobo suv parisi bilan birlashib, mangulikka singib ketish umidida dunyodan o'tadi. Muxtor og'a bilan bo'lgan suhbatingiz “Cho'qqida qolgan ovchining ohu zori”da ham alag'da tushlar ko'rishni aytasiz.

“Oq kema”da bo'lsa uzoq asrlar davomida chorva ortidan yaylovdan toqqa, tog'dan yaylovga o'tovi bilan ko'chib yurgan kishilar uchun shahar hayoti zerikarli, diqqinafas, soxta ekanligini isbotlaysiz. Shu bois, hech qanday kuch ularni bu makonlaridan chiqarolmaydi. O'rmon xo'jaligida bor-yo'g'i uchta oila: Mo'min chol kampiri va nevarasi bilan, O'rozqul xotini Bikey hamda Seyid­axmed xotini Guljamol va qizchasi bilan yashashadi. Voqealar va qahramonlar taqdiri shunday qurilganki, ularning birortasi o'zlari yashab turgan peshonalariga bitilgan hududdan tashqariga chiqib ketolmaydi: hamma bir-biriga “begona” bo'lsa-da, ayni damda hamma bir-biriga ko'rinmas iplar bilan bog'lab tashlangan.

Voqealar bir qarashda oddiy: johil O'rozqul har gal mast bo'lib, farzandsizligi uchun xotinini kaltaklaydi, Mo'min chol — tabiatan mute, qo'lidan hech ish kelmay, titrab-qaqshab iztirob chekadi, O'rozqulga yalinib-yolvoradi. Bir chekkada bularni kuzatib turgan bola yig'lab, o'zining ertaklar dunyosiga talpinadi. Undagi rivoyat esa qirg'iz xalqining kelib chiqish tarixidan boshlanadi. Rivoyatdagi ramziylik bois o'tmish va kelajak bugunning chorrahasida uchrashadi. Tabiatan mo'min bo'lgan chol, ertak va rivoyatlarga yosh boladek ishonadigan, ko'z yoshi qilib ting­laydigan bu chol og'ir fojialar girdobida yashaydi. Real voqelikdan zada bo'lib, ertak­lar olamiga singib borayotgan bola – o'tmish va kelajakni bog'lab turgan ko'prik. O'rozqul esa johillikning timsoli. Jaholat esa ma'lumki, barcha zamonlarda ham qurbonlik talab qilgan – rivoyatda shohdor Ona Bug'u, qissada Bola jaholat qurboniga aylanadi.

Mo'min chol umrida ilk bor isyon ko'targach, ya'ni O'rozqulning dag'dag'alariga quloq solmay, nevarasini maktabdan olib kelish uchun Oqboshni minib ketgach, O'rozqul mast bo'ladiyu, xotinini savalab uydan haydab yuboradi. Falakning bedodligini qarangki, bu ayol erini emas, eriga gap qaytargan o'z otasini qarg'ay boshlaydi. Mo'min bobo bu hayotda nimagaki erishgan bo'lsa, barchasi zavol topdi. O'g'li urushda halok bo'ldi, xotini uning dog'ida vafot etdi, qizi bolasini unga qoldirib, shaharga ketib qoldi. Katta qizi Bikeyning ahvoli esa bu. O'zi esa keyingi kampirining qarg'ishi va O'rozqulning zug'umlarini yutib yashashga mahkum. Bu fojialarning ko'lami keng, bu fojealarning poyoni yo'q. Bular kamlik qilgandek Mo'min boboning shoxdor Ona Bug'uga – xalqining xaloskoriga, o'zining o'tmishiga, bolaning kelajagiga o'z qo'llari bilan o'q uzishi shunday hayotiy mantiq bilan asoslanganki, hech qanday tafakkur kuchi bilan ham bu haqiqatni rad etib bo'lmaydi.

Ha, siz Mo'min chol timsolida davr voqeligi ezib, abgor qilgan inson obrazini yaratdingiz!

Meni va o'ylaymanki men kabi necha millionlarni “telba” qilgan yana bir asaringiz — “Kassandra tamg'asi”dir. Undagi o'zlikdan, qadriyatlardan voz kechishning fojiaviy oqibatlari kitobxonni o'ylantirib qo'yadi. Asar qahramoni Krilsov o'z laboratoriyasida undirilgan embrionlardan mahkuma ayollarning bachadonlariga ko'p­lab iks zurriyotlar, ya'ni ota-onasi ham, aka-ukalari ham, tog'a-jiyanlari ham, xullas, birorta qarindosh-urug'i yo'q bolalar yetishtira boshlaydi. Aslida bu asr fojiasi edi. Tug'ilajak bolalarga “tamg'a” kabi bosilardi.

O'zlik, ota-bobolar ruhiga hurmat, milliy qadriyatlarga sodiq qolish kabi noyob tuyg'ular yana bir asaringizda ilgari suriladi. Ha, ha, bu o'sha siz ilk marta “manqurt” atamasini tilga olgan “Asrga tatigulik kun”.   Asarning asosiy qahramonlari bo'lgan oddiy mehnat kishilari – Edigey Bo'ron, Kazangap, ‎Bo'key, Ukkubola, Abutolib Quttiboyev, Zarifa obrazlaridagi o'ziga xos xarakter, ichki ‎olam, ular boshidan kechgan musibat kitobxon qalbiga shu darajada yaqinki, go'yoki ular ‎bizdan unchalik ham olisda emasdek…‎ Kazangapni Bo'ronli bekatidan uncha uzoq bo'lmagan Ona Bayit qabristoniga dafn etishga ‎undagan sabab hamda Nayman onaning farzandi tomonidan fojiali o'ldirilishi ‎o'rtasidagi bog'liqlik asarning butun bir mohiyatini ochib beradi.‎ Manqurtga aylangan farzandi Jo'lomonni nihoyat ming azoblar bilan topgan onaizor o'z ‎bolasiga onasi ekanligini uqtirolmaydi. Xuddi shuningdek, insoniy tuyg'ularidan ‎mosuvo bo'lgan, hatto otasining mayitini qaerga ko'mish kerakligiga befarq bo'lmagan ‎holda, qabr uchun tanlangan makonga bepisandlarcha qaragan ongli Sobitjon yangi zamon ‎manqurti sifatida tasvirlanadi…

Inchunun, taniqli adabiyotshunos olim, sizning betakror asarlaringizning mahoratli tarjimoni — Ibrohim G'afurov “Aytmatov asarlaridan qiyomat azoblarining faryodi eshitilib turishi”ni ta'kidlaganida ming karra haq deb o'ylayman. Chindan ham, bu asarlarda oxirzamon alomatlari o'zining butun mahobati bilan gavdalanadi. Shu bilan birga, yozuvchi inson umrinining bardavomligiga, insoniyat kelajagiga umid bilan qaraydi, ana shu umid­vorlik eng og'ir damlarda ham uning qahramonlari qalbiga taskin va dalda beradi.

Chingiz og'a, nokamtar va hali juda yosh, g'o'r bir muxlisingiz o'qiganlarini va uqqanlarini fikri boricha izohlashga, tas­virlashga, so'z aytishga harakat qildi. Va albatta kun kelib, nasib etsa Shakar ovuliga borganda siz bilan uzoq g'oyibona sirlashish, suhbatlashishni o'ylayman…

Faqat yana bir og'iz so'z: Sizning shaxsiyatingiz, asarlaringiz haqida ko'plab maqtovlar, e'tiroflar borligi barchamizga ayon. Albatta, bunga juda-juda haqlisiz! Men bir oddiy o'quvchi tolib dunyo­­ga sizdek buyuk yozuvchini, ulug' bir qalb egasini bergan Yaratganga, Qirg'iz eliga tashakkurlar aytgim keladi. Zero, sizning yozgan bir-biridan betakror, donishmandona va bebaho asarlaringiz manguga daxldor bo'lib, o'z qadrini yo'qotmaydi. Siz esa o'lmagansiz. Doim borsiz. Zero, o'lmaydigan asarlar, betakror, daho ijodkor hech qachon unutilmaydi. Mangu yashaydi.

Islom ASILBEKOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − seven =