Charxiy domlaning shogirdi

O'tgan asrning 50-70-yillarida o'zbek adabiyotining yirik vakillari G'afur G'ulomdan tortib Mirtemir domlagacha Farg'ona vodiysiga yo'li tushsa, albatta, Qo'qonda to'xtab o'tishar, shaharning donishmand shoiri Charxiy domlaning suhbatini olgach, mo'ljallagan manziliga jo'nab ketishardi. Ana shunday insonning shogirdi bo'lmoq hammaga ham nasib etavermaydi. Borib-borib, bu shogirdlik maqomi qaysidir jihatlari domlaga o'xshab ketadigan Nosir Zohidga nasib etganida, domlani biladiganlarning ko'pchiligi: “Uzukka ko'z qo'yganday bo'libdi”, degandilar.

Shogird rasman ikki yilcha domla bilan osh-qatiq bo'lgan. Keyin bu yaqinlik bir umrlik ustoz-shogirdlikka aylangandi. Xalqimizda “o'xshatmasa uchratmas” degan naql bor. Ko'p jihatlari domlaga o'xshab ketadigan Nosir Zohid kim o'zi? U ilk uchrashgandayoq ko'ngliga to'g'ri kelgan kishini yaxshi ko'rib qolsa, Yunus Emroning “Bizga diydor kerak, dunyo kerakmas”, degan satrlarini dasturxongacha bir marotaba, dasturxon ustida, hech bo'lmasa, ikki marotaba takrorlab qo'yadi. Keyin tamom. U sizni ko'rinmas ip bilan bog'lab qo'yganini, qadrdon do'stga aylanganingizni o'zingiz ham bilmay qolasiz. Farg'ona tomonlarga yo'lingiz tushsa, Charxiy domlaning shogirdiga uchramasdan borar manzilingiz sari yo'l olmasligingiz tayin. Ba'zan kechikib ketishingiz, sizni kutayotganlar xunob bo'lishlari ham mumkin. Xayriyat, telefon bor. Kechikish sababini bilganlar Nosir Zohidning suhbatini qo'msab, Qo'qonga yaqinroq bo'lsa, tezda davraga qo'shilib ketishi ham aniq.

Nosir Zohid bilan Charxiy domla o'rtasidagi ustoz-shogirdlik haqida alohida kitob yozsa bo'ladi. Hozircha bir voqeani eslash bilan kifoyalansam.

Domla bilan so'nggi uchrashuvga do'sti Usmonjon bilan birgalikda borganlari haqida Nosirjonning xotiralari:

— Yonlarida besh-o'n daqiqa o'tirganimizdan keyin domla sekin past ovozda dedilar: “Meni tashqariga, so'riga olib chiqinglar”.

Biz yengilgina bo'lib qolgan shoirni ko'tarib, so'riga to'shalgan ko'rpachaga o'tqazdik. Domla Usmonjon tomonga xiyol burilib dedilar: “Iltimos, hovlini bir aylantirsangiz”. Usmonjon ustozni yosh boladay avaylab opichlab, gulzor oldiga olib bordi. Domla gullarni, ayniqsa, qizil atirgulni yaxshi ko'rardi. Ochilgan gullarga uzoq termuldi.

Usmonjon domlani hovlida yana bir bor aylantirgach, so'riga olib kelib o'tqazdi. “Rahmat, umringiz uzoq bo'lsin, — deb domla duo qildilar, keyin mayin tabassum bilan: — Mana, charxi davvorni ham aylandik”, dedilar.

Men ustozning bu so'zlarini “mana, umr poyoniga yetdi” degan ma'noda tushunib, yuragim zirqiradi.

Oradan ko'p o'tmay, ulug' shoir foniy dunyoni tark etdi…

Endi shu kunlarda naq “70 yoshli yigitcha” maqomini egallagan shogirdning o'tkir qalami haqida so'z yuritmoqni lozim topdik. U — shoir, u — yozuvchi, u — jurnalist, o'zi aytganiday, diydor kerakligini amalda isbotlab yashayotgan haqiqiy inson. Alloh hammaga ham beravermaydigan iqtidor egasi. Klassik adabiyotimiz vakillarining g'azallaridan bir satr boshlab qo'ysangiz bo'ldi, bir necha g'azallarni ketma-ket ayta boshlaydi. Bunisini endi hayron qoldiradigan xotira, deydilar.

Nosir Zohid ma'lum bir davr Qo'qon davlat pedagogika institutida dars ham bergan. Shu oliy dargoh kattalari hushyorlikni yo'qotib, anchagina yutqazganga o'xshaydi. O'shanda domla Nosir Zohidni ish bilan ko'mib tashlab, boshqa joyga ketishiga ruxsat bermaganlarida, katta olim bo'larmidi? Eng asosiysi, shu dargohni bitirgan talabalar: “Biz Nosir Zohiddan saboq olganmiz”, deb hech kimga gap bermay yurishlari ham tayin edi. Balki oliy dargoh rahbarlari Nosir Zohidni bizda doim kattalar tomonidan uqtirib kelinadigan kamsuqum, xushtavoze qolipga solib bo'lmasligini tushunib yetgandir. Shuning uchun ularni ham ayblab bo'lmaydi.

Endi shoir Nosir Zohid haqida. Uning she'rlari anchagina. Lekin g'azallari boshqacha. Hamma ham Erkin Vohidovdek atoqli shoir g'azaliga muxammas yozavermaydi. Xalqimizning buyuk shoiri “Yoshlik” jurnaliga bosh muharrirlik qilgan davrda Nosir Zohid qo'rqmasdan Erkin akaning mashhur “Bir qadam” g'azaliga muxammas yozib, uning huzuriga boradi. Tanishadilar.

— O'qing, shoir, — deyishlari bilan u muxammasini boshlaydi:

 

Ishq yo'lidan qaytmayin men zoru shaydo

                                                            bir qadam,

Po'ya urdim qolg'unicha o'rtada to bir qadam,

Men tomon ham loaqal qo'y, ey nigoro,

                                                           bir qadam,

Ikkimizning o'rtamizda yo'l, diloro, bir qadam,

Shunchalar mushkulmi qo'ymoq senga, zebo,

                                                            bir qadam?

 

Elimizning ardoqli shoiri Erkin Vohidov qo'qonlik shoir bolaning muxammasini oxirigacha eshitib: “Ukajon, rahmat, ustozingiz kim bo'ladilar?” — deb so'raydi.

— Charxiy domla!

— Sababi ayon… Yana bir bor rahmat, ukam.

O'sha kuni Nosir Zohid mashhur shoirning duosini olgandi…

Nosir Zohidning Bobur, Muqimiy, Cho'lpon kabi buyuklarning g'azallariga yozgan muxammaslarini o'qigan kishi har satri pishiq-puxta bu asarlarning o'z-o'zidan paydo bo'lmaganligiga ishonch hosil qiladi. Klassik adabiyotimizni anchagina biladiganlardan ekanligini ko'z oldiga keltiradi.

Nosir Zohid bir necha yil viloyat radiosida ishlagan. Qo'qonda bo'lgan voqealarni qanday bo'lsa shundayligicha yoritaman, deb qamalib ketishiga ham oz qolgandi. Keyin tuman, so'ng Alisher Ibodinov rahbarligidagi mustaqil “Adolat yo'li” va rahmatli Qurbon Eshmat bosh muharrirlik qilgan “Soliq va dunyo” gazetalardagi faoliyati ham bir dos­ton…

Birdaniga Nosir Zohid adabiyotimizdagi sarguzasht asarlar bilan bog'liq kemtiklikni to'ldirish maqsadida shaxt qildi. Bu ish qo'lidan kelishini isbotlab ham qo'ydi. Mamlakatimizdagi eng nufuzi baland “Sharq” nashriyotida “Yigit yig'lamasin dunyoda”, “Qasos” deb nomlangan asarlari ketma-ket chop etildi. O'zini-o'zi yozuvchi qilib olganlarning kitoblari peshtaxtalarda sarg'ayib, o'quvchisini kutib yotganida, Charxiy domla shogirdining kitoblari qo'lma-qo'l bo'lib ketdi. O'zbekiston tumanidagi mashxur fermer Imomali Nazarov “Zomin”ga dam olgani borganidagi bir voqeani gapirib yuradi. Tushlikdan keyin tashqariga chiqsa, dam olib o'tiradigan joyda ikki ayol bir kitobni talashayotganini ko'rib, ularga yaqinlashib, tortishuv sababini so'raydi.

— Kutubxonadan olgan kitobimni avval men o'qisam, degandim…

— Bir kitobga shunchalikmi? Kim yozgan ekan?

— Nosir Zohid!

Bu gapni eshitgan Imomali muallif bilan yaqinligini aytib, titilib ketgan kitob o'rniga yozuvchining o'zidan olib kitob jo'natishga va'da berib yuboribdi…

Nosir Zohid AQShda ishlayotgan o'g'li sabab okean ortida ham bo'lgan. O'sha davlatda ko'proq qolishiga “Nadomat” degan romani sababchi. Shu yerda rahmatli mashhur adib va tarjimon Mirzakalon Ismoiliy esimga tushdi. Unga ozodlikka chiqqanini aytganlarida, qamoqxona ma'muriyatidan shu yerda yana bir necha kun qoldirishlarini so'ragan ekan. Maqsadi, ta'bir joiz bo'lsa, buyuk “Farg'ona tong otguncha” romanining so'nggi sahifalarini yozib tugatish bo'lgan. Nosirboy AQShda turish muddati biroz o'tib ketganini xayoliga keltirmagan.

Romanni birinchilardan bo'lib o'qigan, o'sha payt­dagi Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G'aniyev katta majlisda rahbarlarga qarata: “Sizlar qilmagan ishni bir yozuvchi amalga oshiribdi, shu asar asosida spektakl qo'ysa bo'lmaydimi?” degan taklifni o'rtaga tashlaydi. Ertasiga uyiga viloyat Ma'naviyat va ma'rifat markazi kattalari kelishadi. Tezda sahna asari ham yaratildi. Bu asarni ko'rgach, okean ortidagi baxt ilinjidagilarning ayrimlari niyati o'zgargani ham haqiqat. Ana, Charxiy domla shogirdining kuchi.

Nosir Zohid bir necha oy davomida AQShda yashayotgan vatandoshlar xonadonlarida bo'ladi. Odamlar turmush tarzi bilan tanishadi. Ko'p narsa uni iztirobga soladi, o'ylantiradi. AQShga sayyoh sifatida borib, pul topish ilinjida yurgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashadi. Or-nomus, g'ururidan voz kechib bo'lsa ham azbaroyi pul topish uchun xorijda yurganlarni ko'rib, qalbi larzaga keladi. Xullas, o'sha ko'rgan, bilgan voqealar asosida “Nadomat” romani yoziladi.

Asar qahramonlaridan biri Surayyo va Sobirjonning baxtli onlari. So'ng oraga “ola mushuk” tushgan kunlar… Ishqiy munosabatlar uzoqqa bormaydi. Tezda hammasi oshkor bo'ladi. Shundan so'ng Surayyoning o'zga yurtga borishi va u yerda ko'rgan-kechirganlari… Pul topish yo'lidagi asar qahramonlarining achchiq qismati… Vatan tuprog'iga zor bo'lib, ko'z yumganlar taqdiri… Bularning barchasi asarda ishonarli voqealar orqali, yuksak badiiy mahorat bilan ochib beriladi.

“Bugun ishlarim ko'p”. Xayolini bir joyga to'plagan Surayyo derazani qiyo qilib ochib qo'ydi. Hali nonushta tayyorlash kerak. Undan keyin xo'jayinning arzandasi Avraamni maktabga olib boradi. So'ngra tushgacha to'rt xonali uyni yog' tushsa yalagudek qilib tozalash, changlarni artish — hammasi uning kundalik yumushlari. Har holda, bularga o'rganib qoldi. Lekin uning uchun eng og'ir, azoblisi, xo'jayinning bahaybat itini sayrga olib chiqish…”

O'quvchi shu satrlar orqali okean ortidagi yurtga borganlarning hayoti haqida asar boshidayoq aniq tasavvurga ega bo'ladi. Romanni o'qish davomida turli taqdir egalariga duch kelinadi. Xullas, asar qahramonlarining taqdiri, kechinmalar o'quvchini aslo befarq qoldirmaydi. O'ylashga, fikrlashga undaydi. Muallif o'z qahramonlarining alamli, achchiq, armonli kunlarini kitobxon ko'z oldiga ishonarli tarzda keltirganligi tufayli maqsadiga erishgan.

Bilasizmi, rostini aytganda, Nosir og'a bilan yaqindagina tanishgandek edik. O'shanda qirchillama qirqqa kirgan yozuvchi yigit bugun 70 ga ham qadam qo'yibdi. Davr shiddati tufaylimikan, 70 yosh ham “o'yinchoq” bo'lib qolganday. O'sha chaqqon, ildam, serg'ayrat, so'zamol, askiyachi, she'rxon, g'azalxon. Adibning oldinda qiladigan ishlari ko'p. Zavqiy domla haqida roman yozishga kirishgan bizning Hojibuva. Sho'x-shodon davralarda Muqimiyning “ash'ori qabihalar”ini berilib o'qib, hammani kuldirib o'tiradigan Nosir Zohid ba'zan o'z-o'zidan jim bo'lib qoladi. U bu paytda Zavqiy olami bilan yashayotganligini hamma ham bilavermaydi. O'shanday paytlarda gapdosh chin do'sti, uni tushunadigan ajoyib inson, Alloh rahmat qilgur Mahmudjon Umarov davradoshlariga qarab: “Shoirga tegmanglar, uni tinch qo'yinglar”, derdi. Mahmudjon umrining oxirigacha shoirni tushunib, uni avaylab, kerak bo'lganida qo'llab yashadi. Ularning yaqinligini ko'rib havas qilgandim. Mahmudjondan ayrilganda qo'liga qalam olgisi kelmay qolgan kunlarni ko'rganman, “uzlatga ketgan kunlarini” kuzatganman.

Bu bevafo hayot shunday ekan-da. Bir butun daraxt bo'lsang, yashnab turgan barglaringni saralab uzib olganday, to'kib ketaverarkan. Endi u kunlardan shirin xotiralar qoldi. “70 yillik yubileyda Mahmudjon bo'lgandami?” degan so'zlarni shoirni bilganlarning barchasi takrorlashadi. Buni hayot deydilar, deb ko'nikib yashashga majburmiz…

Shoir, yozuvchi, jurnalist do'stimning 70 yoshga kirganiga bir o'zim emas, ko'plar ishonmasa kerak. Juda yosh ko'rinadi. Bolalarcha samimiyat, beg'uborlik, ba'zan qaysarlik bor. Shuning uchun bo'lsa kerak, uning bolalarcha arazlashiga ham o'rganib qolganmiz. Bir zumda o'tib ketadi. Shoir bilan, yana Nosir Zohidday ijodkor bilan yashashning quvonchi-yu azoblariga chidagan, eng asosiysi, uni hamisha tushunib yashayotgan, turmush tashvishlariga sherik sevikli rafiqasi Jamilaxondan Charxiy domlaning shogirdining qarzlari ko'p. Ikki o'g'il, ikki qiz, o'ndan ortiq nabiralar quvonchini ko'rib yashayotgan bu juftlikning baxtiga ko'plar havas qiladi.

Charxiy domla haqida latifalar ko'p. Domlaning shogirdi haqidagi latifalar ham qolishmaydi. Tagida haqiqati bor latifalarni aytib qolsak, “Ibodinov to'qigan”, deb bor “ayb”ni Alisher Ibodinovga to'nkaydi ichida kulib. Chunki o'zi ham bu hayotiy hangomalardan maza qilib yuboradi-da.

Masalan, kunlarning birida, salkam qirq yeri urilgan qizil “Moskvich”ini haydab, Naymancha yo'lida ilhomi kelib, sevgan qo'shig'ini kuylab ketayotsa, xayol qurg'ur qo'shiqqa chalg'itganmi, yo'lidan chiqib qolgan aravaga urilibdi. Zarba kuchidan aravani tortib ketayotgan eshak ham qattiq hang­rab yuborgan ekan. Arava ishdan chiqqan. Avtomobil dabdala. Shundan so'ng shoir salkam 40 kun gipsda yurishga majbur bo'ladi. Bu yerda ayrim joylari to'qima bo'lsayam haqiqat bor. Chunki klassik qo'shiqlarni uncha-muncha chala hofizlardan qolishmaydigan darajada kuylay oladi. O'zi aytmoqchi “sal ishlov berilmagan” ovozi shirali ekanligiga ko'plar tan bergan.

Yana “O'tkan kunlar” filmidagiga o'xshash aravada Qo'qonga qilgan safarini “Alisherning to'qimasi”, deb ishontirishga harakat qiladi. Shunday bo'lsa-da, Qo'qonning olis Hindistondan olib kelingan mahobatli ustunlari bor masjidi oldidan birgalikda o'tib qolsak, Ibodinovning do'sti haqidagi hikoyasini eslab, yayrab ketamiz. Bir-birini quvib kunlar, oylar, yillar shunday o'tayapti. Barchasiga shukur!

Anvar ABDUVALIYEV.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 3 =