Olimlikning mashaqqatli yo'li

Kechagidek esimda… Ming to'qqiz yuz yetmish beshinchi yilning yoz fasli. O'qishga kirib, talaba bo'lishdek orzu-havas ila bir guruh yoshlar Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetiga hujjat topshirganmiz. Abiturientlar tengdoshlari bilan tanishgach, qaysi viloyat, qaysi shahardan, ish staji necha yil, gazetalarda bosilib chiqqan maqolalarining soni nechtaligi bilan qiziqishardi.

Bir kuni kirish imtihonlari vaqtini bilish uchun fakultetga bordik. Shu yerda ikki-uch nafar askar kiyimidagi yigitlarni ko'rdim. Bular — harbiy xizmatdan qaytib, o'qishga hujjat topshirgan yigitlar edi. Ularning orasida askar kiyimi o'ziga yarashgan, ozg'in, qosh-ko'zlari qop-qora, xushsurat yigit ham bor edi. Keyin so'rab bildim, bu yigit Yusufjon Hamdamov ekan.

Odatda, tengdoshlar tezda til topishadi. Biz, yaqindagina harbiy xizmatdan qaytgan — bekobodlik Komiljon Rahmonberdiyev, namanganlik Muhammadxon Akramov, toshkentlik Otabek Bobojonov, qashqadaryolik Yusufjon Hamdamov va farg'onalik Anvarjon Abduvaliyev tengdosh ekanmiz. Imtihonlargacha uchrashib turdik. Uch-to'rt kun ichida Yusufjonni og'ir-bosiq, kamtar, hadeganda, gapga qo'shilavermaydigan yigit sifatida tasavvur qildim. Oradan ko'p o'tmay, xayolimdan kechgan o'ylarim o'z isbotini topdi, o'qishga kirgach, yana ham yaqinlashib ketdik.

Biz yillab kutgan talabalikning oltin davri boshlandi. Poytaxt Toshkent va turli viloyatlardan kelib, o'qishning birinchi kursiga qabul qilingan 27 nafar talabaning bir-birimiz bilan tezda til topishib ketishimiz juda oson bo'ldi, desam yanglishmayman. Kursimiz jamoasi Yusufjon Hamdamovni kurs sardorligiga sayladi. Biz ustozlarimiz professor O.Tog'ayev, G'.Salomov, N.Komilov, O.Saidov, M.Xudoyqulov, A.Rasulov, dotsentlar A.Shomaqsudov, T.Pidayev, F.Nasriddinov, S.Umirov, B.Do'stqorayev, S.Nizomiddinova, N.Abduazizova va yana boshqa biz uchun aziz va hurmatli bo'lgan ustozlarimizning ma'ruzalarini jon qulog'imiz bilan tinglar, ularning har bir so'zlarini daftarga tushirishga harakat qilardik. Shu kasbni sevib tanlaganimiz boisdir, auditoriyaga kirib, saboq bergan har bir ustozning o'git-maslahatlari biz uchun juda muhim yangilik bo'lib tuyulardi.

Bir oycha o'qishga ham ulgurmadik, bizni paxta terish uchun Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumaniga jo'natib yuborishdi. Keng maydonlar o'rtasida qo'qqayib turgan barak (shiypon)larda yashadik, issiq-sovuq kunlarga ham chidashga to'g'ri keldi. Paxta terimi — bu ham sinov maydoni ekan, qariyb uch oylik mehnat yaqindagina talabalar safiga qo'shilganlarni bir-birimiz bilan yaqindan tanishib, fe'l-atvorimizni yaxshi bilib olishga imkon berdi. Iloji boricha bir-birimizga ko'maklashardik, kechki gulxanlar atrofida esa ko'plab nozik didli shoir, iste'dodlarni kashf etdik. Yusufjonning esa shu davralarda ajoyib ovozga egaligi, mashhur san'atkorlar Ikromjon Bo'ronov va Tojiddin Murodovlarning ashulalarini qoyilmaqom qilib ijro etishiga guvoh bo'lganmiz.

Paxta terimidan qaytgach, o'qishlar davom etdi. Talabalar shaharchasidagi fakultetimiz talabalari va kursdoshlarimiz joylashgan uchinchi yotoqxona doimo gavjum bo'lardi. Bir-birini quvib, kunlar o'ta boshladi. Yusufjon kurs boshlig'i sifatida bizni jipslashtirib, bir-birimiz bilan mehr-oqibatli bo'lish, qo'ldan kelgancha yordam berish yo'lida ko'p harakat qilib, bunga o'zi birinchilardan amal qilar edi va bu sa'y-harakatlar o'z samarasini berdi. To'g'risi, bizdagi ahillik, yaqinlik, bir-birimizga hurmatni ko'rib, boshqa kurslar juda havas qilishar edi. Kursboshimizning o'zi ham boshqalarga namuna bo'lish uchun jiddiy shug'ullanar, ko'p kitob o'qir, biz bilan uch yil o'qish davomida, mehnatlarining samarasi tufayli, imtihonlarni nuqul “a'lo”ga topshirdi. Uning ilmga havasi kuchliligi — astoydil o'qishi va harakatlaridan sezilib turardi.

Qadrdonimiz Yusufjon Hamdamov uchinchi kursni bitirgach, o'qishini M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetiga ko'chirib, saboqlarini shu ulug' dargohda davom ettiradigan bo'ldi. Albatta, dunyoda o'z o'rniga ega bo'lgan nufuzli bu oliy dargohning talabasi bo'lib, unda o'qish uning uzoq yillar davomida yuragida asrab yurgan orzusi edi va unga yetishdi. Qadrdon do'stimiz bizga Moskvadan xat yozib turardi va keyin ham o'rtamizdagi aloqalar uzilmadi.

O'qishni muvaffaqiyatli tamomlagach, biz kursdoshlar, polaponlar ulg'aygach, inini tark etib, turli taraflarga uchib ketgan qushlardek, har kim o'z yurtiga ravona bo'ldi. Yusufjonni ham yo'llanma bilan poytaxt Toshkentga jo'natishdi. Uning maqsadi gazetada ishlab, ijod qilish edi. Endigina uniiversitetni bitirgan yosh jurnalistni respublikamizning o'sha paytdagi birinchi gazetasi sanalgan “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasiga ishga taklif etishadi. Hali ishni boshlab-boshlamay, Yusufjonni ustozimiz (Xudo rahmat qilsin) dotsent Anvar Karimov biz tahsil olgan fakultetda yaqinda ochgan “Televidenie va radio” kafedrasiga o'qituvchilik lavozimiga ishga taklif qiladi. Nima qilish kerak? Gazetada qolib ishlay desa, ustozning ko'ngillari og'riydi, universitetga o'tib ishlay desa, hali tajribasi yo'q. Keyin, o'sha vaqtlarda kechagina universitetni bitirib, birdaniga o'qituvchi bo'lib auditoriyaga kirish kamdan-kam hodisa hisoblanardi. O'qituvchi bo'lish uchun kafedrada kamida uch-to'rt yil laborant bo'lib ishlashi, katta laborant bo'lib o'zini ko'rsatganidan keyingina, o'qituvchilik lavozimiga o'tkazishardi. Fakultetimizdagi B.Do'stqorayev, D.Begimqulov, Tilak Jo'rani ham universitetni tamomlagach, bir necha yil ter to'kib ishlab, katta-kichik sinovlardan o'tganlaridan so'nggina, o'qituvchilikka o'tkazib, auditoriyaga kiritishgan. Anvar aka Yusufjonni dabdurustdan o'qituvchilikka taklif qilishi bejiz emas edi. Chamasi, ustoz shogirdining o'qishdagi yutuqlarini bilgan, yurish-turishlarini kuzatgan, o'zini obdan o'rgangandan keyingina shu qarorga kelgan.

Ishning boshlanishi har bir yosh o'qituvchi uchun qiyin kechishi tabiiy. Yangi fanlar bo'yicha tayyorgarlik ko'rish, auditoriyani hisobga olish, ikki tilda dars o'tish, shunchaki gap emas edi. Xullas, yosh o'qituvchi o'z ustida ishlashdan erinmadi. Tunlarni tonglarga ulab, ko'plab kitob, darsliklar o'qidi, konspekt qildi, ustoz­lardan kerakli maslahatlar olib, pedagoglik ishini asta-sekin yo'lga qo'ya bosh­ladi. O'qituvchilik bilan birga, o'zbek gazeta ocherki masalalari mavzusi bo'­yicha ilmiy ish ustida ham ishlay bosh­ladi. Aspiranturada o'qishning iloji bo'lmadi, fakultetdagi ishlarga bog'lanib qoldi. Ilmiy rahbari — taniqli olim, professor V.D.Pelt edi. Ishining har bobini bitirgach, pochta orqali rahbariga yuborar, Vladimir Danilovich esa, ishni o'qib bo'lgach, pochta orqali Toshkentga jo'natardi. Shu zaylda dissertatsiyasini yakunladi, ishini taniqli olimlar ishtirok etgan katta-kichik davralarda muhokamalardan o'tkazdi.

Yusufjon Hamdamov 1988 yilning yozida o'zi tahsil olgan ulug' dargoh — M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti jurnalistika fakulteti qoshidagi ixtisoslashgan kengashda “O'zbekistonning markaziy va viloyat gazetalarida qishloq ocherki (70-80 yillar) (rivojlanishi, muammolari, janr xususiyatlari)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga erishdi.

Yu.Hamdamovning o'z ishini yaxshi ko'rishi, astoydil mehnat qilishi, halolligi, fidoyiligi uni katta jamoaga yaxshi inson, jonkuyar pedagog sifatida tanitdi. Yosh o'qituvchilar B.Mamutov va A.Xalilov kabi rahbariyat tomonidan qanday topshiriq, muhim ish bo'lmasin, “labbay”, deya ishga kirishardi, shuning uchun fakultet rahbariyati, jamoa, katta-kichik oldida hurmatga sazovor bo'ldi.

Astoydil qilingan mehnatlar o'z samarasini berishi tabiiy. Yu.Hamdamov 2005 yil “Ma'naviyat va ma'rifat, milliy qadriyatlarimizni radioeshittirishda targ'ib etish” nominatsiyasi bo'­yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Eng ulug', eng aziz” respublika ko'rik-tanlovi g'olibi bo'lib, 1-darajali diplom va esdalik sovg'alariga sazovor bo'ldi.

Amaliyotchi radiojurnalist sifatida u 2007 yil respublika radiosining milliy istiqlol g'oyasi targ'ibotiga bag'ishlangan “Talqin” mualliflik eshittirishi uchun Respublika “Ma'naviyat va ma'rifat” markazining “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoni va esdalik sovg'alari bilan taqdirlangan.

Olimlikning o'ziga yarasha shartlari, talablari bor. Shulardan biri — kitob yozish, uni talaba-yoshlar, tadqiqotchilarga tavsiya etish. O'zini shu sohaning bir vakili sifatida Yusufjon Hamdamov ham kitoblar yozdi, ilmiy maqolalarini chop ettirdi. Ha, u talabalarga sifatli, mazmunli saboq berish bilan birga, “Zamon va mezon”, “Taraqqiyot mezoni”, “O'zbekiston matbuoti rivojlanishining asosiy tamoyillari (nazariy kategoriyalar evolyutsiyasi)” monografiyalari, “Radiojurnalistika asoslari”, “Audiovizual jurnalistika (“Radiojurnalistika asoslari” qismi) kabi o'quv qo'llanmalari nufuzli nashriyotlarda chop etilgan hamda yuzdan ziyod ilmiy maqolalari Germaniya, Shvetsiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozog'iston kabi xorijiy davlatlar hamda respublikamizning nufuzli ilmiy jurnallari va ilmiy to'plamlarida bosilib chiqqan.

Yusufjon Hamdamov O'zbekiston Res­publikasi Prezidentining “Iste'dod” jamg'armasi granti sovrindori sifatida Malayziya, Germaniya, Fransiya, Gollandiya davlatlarining oliy ta'lim muassasalarida malaka oshirib qaytgan va olgan tajribalarini bo'lajak jurnalistlarga saboq berishda qo'llamoqda.

Aytish lozim, u nafaqat jurnalis­tika bo'yicha taniqli olim, shuningdek, qalami o'tkir publitsist sifatida ham tanilgan, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Uning respublika OAVlarida 500 dan ziyod maqolalari chop etilgan va 30 dan ortiq adabiyotlarning mas'ul muharriri bo'lgan. Uning 1982 yil — endigina ijod yo'liga kirib kelayotgan yosh yigitchaning O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a'zolikka qabul qilinishi ham bejiz emasligidan dalolat beradi.

Odatda, olimlar o'qish, izlanishdan to'xtamaydilar, o'qish, tadqiqot olib borish, o'z sohasi bo'yicha yangilik yaratish ularning a'mollariga yozilgan deyish mumkin. Maqolamiz qahramoni ham izlanishdan to'xtamaydi, oldinga intilib, ilmning yangi-yangi qirralarini kashf qilishga harakat qiladi. Buning isboti sifatida aytish lozim, Yu.Hamdamov 2022 yil “O'zbek matbuoti rivojlanishining asosiy tamoyillari, 1980-2013 yillar (nazariy kategoriyalar evolyutsiyasi)” mavzuidagi 10.00.09 — jurnalistika (filologiya fanlari) ixtisosligi bo'yicha dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo'ldi. Bu yirik tadqiqotning muhimligi shundaki, jurnalistika nazariyasi bo'yicha jurnalistikaning nazariy kategoriyalari masalalariga oid sanoqli olimlargina ish olib borgan. O'zbekistonda bu yo'nalishda yirik tadqiqot ishi olib borgan ham bizning kursdoshimiz Yusufjon Hamdamov bo'lganligi bilan faxrlansak arziydi.

Shu bahona aytib o'tay, bizning 27 nafardan iborat mo''jazgina guruhimizdan bitta “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi”, ikki nafar “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” va bir nafar “Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo'lganlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Yana bir necha taniqli yozuvchi, shoirlar, qalami o'tkir jurnalistlar chiqdi shu guruhdan. Yusufjon Hamdamov esa, guruhimizdan chiqqan birinchi fan doktori hisoblanadi.

Xalqimiz orasida “Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin”, degan naql bor. Kaminaning turli sohalarda fidoyilik bilan ishlab yurgan ko'plab olim do'stlari bor. Ularning hayoti, mashaqqat bilan erishgan yutuqlari, olimlik darajasiga yetishishdagi o'ziga yarasha qiyinchiliklarini ko'rib, kuzatib, jonli guvohi bo'lib, olim bo'lish unchalik ham oson emasligiga ko'p bor amin bo'lganman. Jumladan, maqolamiz qahramoni Yusufjon Hamdamovga ham olimlik darajasiga yetishish oson kechmagan. Oddiy oiladan chiqqan, biron-bir suyanchiqsiz ikkita universitetda “a'lo” baholarda o'qigan, harakatchanligi, tinimsiz izlanishi, o'z ishini, ilmni sevishi uning shunday yuksak darajaga yetishiga omil bo'ldi. Oilasi, farzandlari bilan ijarama-ijara sarson bo'lib yurish, kichkinagina oylikka sabr-qanoat bilan yashash, o'zining asosiy ishi, jamoatchilik ishlariga ulgurish, jamoa, talabalarning qalbiga yo'l topish — bu shunchaki oson ish emas-da. Bu yutuq, darajalarga erishishda, yo'g'ini bor qilib ko'rsatib, kam bo'lsa, o'rnini to'ldirib, qiyinchiliklarni turmush o'rtog'i bilan baravar tortgan kelinimiz Marhamatxonga tasannolar aytsak arziydi. Do's­timizning shu darajaga yetishiga ularning hissalari juda katta.

Vaqtning o'tishini qarang, kechagina biz uchun muqaddas maskan — universitet dargohida bir-birlariga gap bermay, gavjum auditoriyalarda ustozlarining saboqlarini tinglab, faxr-iftixor ila talabalik gashtini surib yurgan yoshgina yigit-qizlar bugun oltmish yoshni bosib o'tib, yetmishni qarshilab turishibdi. Bizning qadrdon kursdoshimiz, filologiya fanlari doktori, professor vazifasini bajaruvchi Yusufjon Hamdamovning ham o'zimiz o'qigan qadrdon dargohda ish boshlaganiga qirq uch yil bo'libdi. Bu shunchaki gap emas. Qirq yildan ziyod yoshlarga ta'lim-tarbiya, bilim berish, ziyo tarqatish yo'lidagi fidoyilik. Eng katta savob shu bo'lsa kerak.

Hayotning o'zi shunday qurilgan, yillar davomida yaxshi-yomon, xush-noxush voqealar boshingdan o'tar ekan. Muhimi, do'stimiz, o'ziga ma'qul bo'lgan ishini va obro'sini, iborali qilib aytganda, ana shu qutlug' dargohdan topdi. O'qidi, o'z ustida ishladi, tinimsiz izlandi, kam bo'lmadi va maqsadiga erishdi. Farzandlari ham ota-onalari izidan borib, ularning ishonchini oqlashayapti. Olim do'stimiz bir necha shogirdlar tayyorladi, har kuni kelajagimiz bunyodkorlari, bizning davomchilarimiz bo'lgan yoshlar davrasida bo'ladi, ularga saboq beradi, o'z navbatida, ulardan kuch-quvvat oladi. Inson uchun eng katta baxt — o'tgan umriga o'kinmaslik, vijdoni oldida qiynalmaslik, o'zi ekkan nihollari — shogirdlarining kamolini ko'rish bo'lsa kerak.

Qadrdon do'stimiz Yusufjon Hamdamov shu kunlarda ahil jamoasi, oilasi va yaqin do'stlari davrasida qutlug' 70 yoshini nishonlayapti. Tilagimiz — sog' bo'ling, ishlab, ijod qilishdan aslo charchamang. Hali sizni oldinda yangi tadqiqotlar, yozilajak kitoblar, shogirdlarning yangi tadqiqot ishlari kutayapti.

Alisher IBODINOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =