Faoliyat

Har kimning ilk bor ko'rgani yodida qoladi. O'sha xotira, oradan qancha yil o'tsa ham, kishi haqidagi fikru xulosalariga asos bo'lib turaveradi.

1971 yilning avgusti. Mening ToshDU (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakulteti devorlariga uchinchi bor bosh urib kelishim. Insho natijalarini kutyapmiz. Bir mahal qog'oz ko'targan yigit kelib: “Olimov, Olimov!” deb chaqirib qoldi. Bir qoragina yigitcha bo'y bergan edi: “Besh olibsiz”, deb yana kimningdir bahosini e'lon qilib, ichkari kirib ketdi. Men esa har yilgiday, yana bir amallab “el qatori” uchga ilingan ekanman…

Ammo bu yigit bekorga besh baho olmabdi: biz kabi orzumandlar to'rt-beshta “xabar”ni tuman gazetasida bir amallab chiqartirib kelgan bo'lsak, u — kechagi maktab o'quvchisi naq 187 ta maqola, xabar va lavha e'lon qilib bo'lgan, hatto sakkizinchi sinfni bitiriboq, Vobkent tuman gazetasi tahririyatida shtatga ishga kirib mehnat qilgan, xullas, tegirmonga tushsa butun chiqadigan ijodkor, tap-tayyor jurnalist ekan.

Haytovur, imtixondan keyingi baholar yaxshi bo'lib, talabalikka o'tdim. Ertaga birinchi sentyabr — o'qish boshlanadi, degan kuni boyagi Olimov ikkov eski shahardan bir ijaraxona topib, o'qishga birga qatnay boshladik.

O'sha qorachagina yigit bugun o'sib-ulg'aygan, ilm-fan sohasida o'z o'rnini topgan, filologiya fanlari doktori, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti sovrindori, professor Sultonmurod Olim bo'lib yetishdi. Birga darsga qatnadik, o'n yillab yonma-yon hovlilarda ijarada yashadik, O'zFA Til va adabiyot institutiga xodimlikka qabul qilindik, ilmiy darajalar yoqladik. Biz tanishgan vaqtda nafaqat ota-onalar, hatto bobolarimiz ham tirik edi, o'shalarning duolarini birga olganmiz, ya'ni Sultonmurod mening uchun ota qadrdon desam ham kamlik qiladi. Bugungi kundagi hayotimiz — ozdir-ko'pdir, o'sha yillardagi mehnatlar natijasi, Xudo in'om etgan taqdirimizga shukronadan iborat…

Iborat, deb yozib… o'ylanib qoldim. Iborat “yakun” deganday bir so'z. Xo'sh, buning ibrati-chi, birov o'rgansa, ulgu olsa arziydigan jihatlari-chi? Shunchaki ilmiy ish yoqlash, fan yo'lida xizmat qilish — ko'plarning nasibasi. Ammo Sultonmurodning o'ziga xosligi nimada? Men uning qay xislatlarini ta'riflamoqchi bo'laman? Shunga ba'zi narsalarni eslasam.

…O'ttiz yil bo'ldimikin yo ko'pmi, siz yaxshi taniydigan O'zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova televidenieda rejissyor bo'lib ishlardi. Sultonmurod esa o'sha paytda urfga kirayotgan Navro'z bayrami marafon ko'rsatuvlaridan biriga boshlovchilik qildi. Bizni ham taklif etishdi. U mahal efir to'g'ridan-to'g'ri ochiq, hozirgiday yozib olib uzatish qayoqda? Bir mahal Dilorom opa allaqaysi qirdagi qizg'aldoqlar, olisdagi tog' qorlari manzarasini qo'ydirib, “Sultonmurod, sharhlang, efir ulandi!” deb buyruq berdi. Boshqa odam bo'lsa, lol bo'lib o'tirib qolishi tayin. Buning ustiga, u qancha davom etishini ham hech kim bilmaydi. Sultonmurod… bir chechan til bilan sayrab ketdi, desangiz! Boyagi manzaralarga qarab talqin aytyapti, bayt-g'azallar keltiryapti. Ravon va burro! Har kimga ma'qul, fasohatli va ma'rifiy bir nutq bo'ldi. Go'yo avvaldan tayyor-u, o'qib berayotganday…

Ana o'shanda do'stimning sohibi hunar, sohibi tadbir ekaniga tan berdim. Necha millionlik auditoriya qarshisida dovdiramay, sira tutilmay, hammaga singisharli va yoqimli qilib kim ham so'zlab keta beradi? Kim bunday holatda eshkakni qo'liga dadil olib, kemani to'g'ri yo'lga solib yubora oladi?

Darvoqe, Sultonmurod Olimning nomzodlik ishi Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni, uning o'zga tillarga tarjimalari haqida edi. Munday o'ylab boqsam, Sultonmurodning o'zida ham Farhodga mengzasa bo'ladigan xislatlar borday. Yodingizdadir, asarning bir o'rnida Farhod: “Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tufroqqamu ketkumdir oxir?” — deya xitob qiladi. Chunki Farhod rasm chizish, tosh yo'nish, ilm bilan shug'ullanish, sehrlarni bartaraf etish kabi qirqdan ortiq hunar egasi. Bir yigitga qirq hunar ham oz, degan maqol aynan Farhod haqida aytilganday.

Ilmiy ishi ulgu bo'ldimi yo tabiatan shundaymi, Sultonmurodning ham kamida qirq fazilati bor: avvalo, dilkash hamsuhbat: gap­lashib to'ymaysiz. Omma oldida bo'ladimi yo yolg'iz o'tirib dunyoning ishlaridan gaplashasizmi — o'z fikri, uni chiroyli bayon eta oladigan o'z zikri bor. O'n yillab Respublika ma'naviyati peshvolaridan bo'lib yurganida, yurtimizning atoqli notiqlaridan biriga aylandi.

Yana yaxshi bir sozanda u — rubob chertib, davralarni gullatadi, davrada o'tirganlar beixtiyor sel bo'lib qo'shilib ketishadi. Yana sozgar usta ham: doira, rubob va boshqa cholg'u asboblarini tuzatib, parda qoplab, ularga tak­ror hayot baxsh etadi. Chalgani esa shunchaki sho'xchan kuylar emas, Buxoroning qadim mavrigi kuylarini eshiltira oladi. Tinglasangiz, o'tmish qa'riga singib borayotganday sezasiz o'zingizni.

Buxoro… Uni hali ham to'la ochilmagan bir ummon desa bo'ladi: talabalik chog'imizda to'ylarga borib qolsak, xuddi Afrosiyob devoridagi sarbozlar kabi qizg'ish soqolli otaxonlarni ko'rganman, ular bugun juda kam odam ko'rgan g'alati bir usulda raqs qilar edilar, buni qarangki, Sultonmurod o'sha raqslarni ham qiyomiga keltirib ijro eta oladi.

Buxoro farzandi bo'lgani bois, shiru shakar qilib ikki tilda: bir misrasi o'zbekcha, yana biri tojiki qilib she'rlar bitadi, ikkala tilda ilmiy maqolalar yozadi, ma'ruzalar o'qiydi. Buning ustiga, mirishkor dehqon: o'tgan yili shapaloqday tomorqasidan olgan kartoshka hosilining dovrug'i surxoniy kursdosh­larga qadar yetib bordi. Shunchaki egat olib urug'lik qadash emas, uni ekish muddatigacha biladi — boshqa vaqt eksangiz, shu hosilning yarmi ham bitmas emish. Ya'ni, har sohaga ilmiy yondashadi.

Etti xazinaning biri bo'lgan asalarichilikni ham shoiru yozuvchilar, olimlar orasida boshqa birov emas, Sultonmurod rasm qildi. Elliklab uyalarda ari boqib, botmon-botmon bol oldi. Hozir ham qachon arilarimizga dard yopishsa, “doktor Voyjonim” — Sultonmurodga borib elanib turib olamiz. Bo'lmasa, quruq asalari quti bilan qolishimiz tayin.

Mustaqillikning dastlabki o'n yilida Sultonmurod o'zbek diplomatiyasi taraqqiyotiga ham hissa qo'shdi — Tashqi ishlar vazirligining ikkinchi kotibi bo'lib ishlagan chog'ida o'zbekcha xalqaro shartnomalar tili va uslubining eng nozik jihatlarini ifodalash uning chekiga tushdiki, hozir ham yosh mutaxassislar ana shu “katta arava” yo'lidan iz bosib kelishayotir.

Darvoqe, til… U, bir qarasang, grammatika qoidalariga solingan, ikki karra ikki — to'rt deganday aniq bir fan. Ammo turmushda — nutq qo'llash jarayonida shunday hollar bo'ladiki, eng to'g'ri yo'lni topish aqliy yo'l bilan emas, shuur ichra hal qilinadi — ko'ngil aytadi. Ammo buning uchun tilning “ko'ngli”ni biladigan, eng nozik, aytib ifodalab bo'lmas hollarni his etish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak kishi. Shunday bo'ldiki, Til va adabiyot institutida ishlab yurgan chog'imiz, hali laborant edik, Mirzakalon Ismoiliy bilan uchrashuv o'tkazildi (rahmatli direktorimiz Matyoqub Qo'shjonovning shunaqa yaxshi tashabbusi ko'p bo'lardi). Mirzakalon domla gap orasida tilshunoslarga bir savol berdi: “U bolani yuzidan o'pdi” bo'ladimi yoki “U bolaning yuzidan o'pdi” deyish to'g'rimi?” Barcha tilchilar yakdil: “Bolaning” deyish kerak, chunki “yuzi” deganda “i” egalik qo'shimchasi bor, u “ning”ni talab qiladi”, deyishdi. Yozuvchi esa: “Bunday emas, chunki u bolani o'pdi, yuzidan o'pdimi yo qo'lidanmi, yelkasidanmi — farqi yo'q, shuning uchun “u bolani yuzidan o'pdi” desak, to'g'ri bo'ladi”, deb aytdi. O'shanda adibning fikrini to'g'ri tushungan va qabul qilgan uch-to'rtta tadqiqotchi ichida Sultonmurod ham bor edi. Gap shundaki, til — lingvistika hodisasigina bo'lib qolmay, ekstralingvistikaga ham mansub voqelik, boya aytilganidek, uning his etiluvchi jihatlariga ham yetib bora olish kerak. Sultonmurod Olim ana shunga qobil. Shuning uchun ham bugungi o'zbek publitsistikasi va filologiya ilmida Sultonmurodning o'z uslubi borki, bu juda oz tadqiqotchilarga nasib bo'ladigan bir fazilat.

Yigirma yilcha bo'lib qoldi, Avliyoquli Xojaquli otli turkman rejissyoriga hamkorlik qilib, “Qush tili” spektakli (Attor va Navoiy asarlari)ning matnini tayyorlashda ishtirok etgan edi. Biz, ha, bu ham bir havas-da, deb yursak, Sultonmurod Fitrat va Izzat Sulton kabi adabiyotshunoslar yo'lidan borishga ham jahd qilib, “Ko'ngil ovi” musiqali dramasi (2021) bilan Respublika pyesalari tanlovida birinchi o'rinni olib turganiga nima deysiz? Bundan tashqari, “Xamsa” librettosi (2017), “Bahouddin Naqshband” hujjatli filmi (2018), “Buzruk” maqomining buzruk maqomi (Al-Forobiy hayotidan lavhalar)” (2023) maqom spektakli ssenariysi singari turkum asarlarga mualliflik qilib, dramaturgiya yo'nalishida oltita asar yaratdi.

Sust odamlar bor: birovning joni og'risa, tabassum qiladi, o'zganing to'yida xomush o'tiradi. Sultonmurod esa boshqacha — shodmon bo'lsa, shunaqangi qah-qah uradiki, beixtiyor qo'shilib kula boshlaysiz, biron g'amgin teatr tomoshasi bo'lsa-chi, ko'zlari jiq yoshga to'lganini o'zi ham payqamay qoladi; ko'ngli uyg'oq bunday odamlarni Navoiy “ahli dil” deb e'zozlagan.

Istiqlolning ilk yillarida hali ko'p narsalar sho'ro zamonidagi kabi davom etar, ularning to'g'ri emasligi ham yodimizga kelmasdi. Mudroqlik sabab, aksar idoralarda 5 may — Matbuot kuni, 10 noyabr — Ichki ishlar xodimlari kuni… va hokazolar nishonlanardi, 23 fevral Sovet armiyasi kunigina emas, balki “erkaklar bayrami”, 14 fevral esa qariyb rasmiy ravishda “oshiq-ma'shuqlar kuni” bo'lib ketgan edi. Bularning har biri mohiyatini ochish uchun Sultonmurod o'nlab maqolalar yozdi, kitoblar yozib nashr ettirdi, shu tariqa istiqlol mafkurasining u yoki bu jihatlarini dalilladi, isbot qildi, boyagidaqa sanalar o'zgartirilib, kutgan natijalariga erishdi. Ammo u bularni siyosiy fanlar “nomzodi” yo “doktori” emas, bir olim, fidoyi bir publitsist sifatida xolisanlilloh bajardi, boyagi “mutaxassis”lar esa keyin bu g'oyalarni chaynab, “birinchidan, ikkinchidan, beshinchidan…” qilib guruhlarga ajratib, “ilm” qilishdi.

Sultonmurod esa, mafkurayu ma'naviyat borasida aytadiganini aytib bo'lgach, Navoiyga qaytdi, ammo bu shunchaki “qaytish” bo'lmadi, balki barcha navoiyshunoslar tomonidan yetuk bir olim sifatida allaqachon mavqe qozonib bo'lgach, “rasmiyat” tariqasida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Menimcha, bu to'g'ri yo'l: nafaqat Sultonmurod, balki har bir o'zbek olimi, ziyolisi millatimizning yo'lchi yulduzi, porloq quyoshi bo'lgan Navoiyga qarab yo'l bosishi, Navoiydan ayrilmasligi lozim. O'shanda manzildan adashmaymiz, inshoolloh.

Navoiy — ulkan, haybati cheksiz bir tog'. Unga birov kunbotardan qarasa, boshqa kishi kunchiqardan nigoh tashlab, baho beradi. Kimdir uni mutasavvuf deb bilsa, birovlar uning ash'oridan konkret hayotiy vaziyatlar ta'sirini qidirib topish harakatida. Bu fikr­-qarashlarning har birida muayyan mantiq bor, albatta. Shu jihatdan olganda, Sultonmurod Olim Navoiy ash'oridagi bosh falsafiy g'oya so'fiylik orqali namoyon bo'ladi, deb biladiganlar to'piga mansub. Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari mag'zida ana shu fikr sarbast turadiki, uni batafsil dalillab talqin etish ilmiy bir maqolaga mavzu bo'lajak. Unga navbatdagi yubiley sanalari oldidan urinamiz, inshoolloh.

Men sarlavhani rasmiy alfozda “Faoliyat” deb qo'ydim. Chunki o'ylab qarasam, Sultonmurod Olimning asosiy hayot tarzi — faoliyatdan iborat ekan: shunchaki yozmaydi, balki har bir maqolasi, kitobi yoki hatto jo'n bir taqrizi ham qaysidir amaliy ishga, natijaga qaratiladi, pirovardida erishiladigan naqd bir yechim ko'zda tutiladi.

Bir oila boshlig'i sifatida esa olim do's­timizga havas qilamiz: ikki o'g'li o'zidan avval fan doktori bo'ldi, umr yo'ldoshi fan nomzodi, ikki kelinposhsha esa shu kunlarda ilmiy ish yoqlash arafasida. Nevaralar ham bo'y ko'rsatib qolar edi, biroq hali maktabda o'qib yurishibdi-da.

Albatta, bu yigitning qirqtami, yetmishtami fazilatini birma-bir sanay bersam, o'qib charchablar ketasiz. Shuning uchun, barini emas, pirovardida hammamizga hech shak-shubhasiz ma'qul, maqbul va manzur bo'ladigan yana bitta hunarini ham qo'shib qo'yib, shu bilan bas qilsam, deyman. Gap shundaki, yetmish yoshini yetmishdan ortiq kitob yozib to'ldirayotgan Sultonmurod Olim asl Buxoro farzandi emasmi, o'sha yoqning ta'rifi ketgan og'zi tor, ichi keng mis qozonda pishiriladigan sofi oshni ham do'ndirib damlay oladi, buning uchun atayin yasalgan o'shandaychikin mis qazonlarigacha ketirib qo'ygan deydilo, ana shu kunlarda sultoniy olim qo'lida dam yegan yetmish kilolik sofi palavning bir kafgiriga ilhaqu muntazir bo'lib, adduoi birodaron, kamina:

Zuhriddin ISOMIDDINOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − two =