Yozadigan paytlar keldi

Dunyoda nima ko'p — kasb-hunar ko'p. Bu xususda so'z ochilsa, hamma o'zi tanlagan, rizq-nasiba topayotgan kasbning mashaqqati, biror natijaga erishish uchun uzoq yillar tinimsiz yelib-yugurishga to'g'ri kelishi, ko'p halovatlardan kechishga majburligi haqida gapiradi. Necha ming yillik kasb egalari ham, keyingi qirq yil ichida dunyoda paydo bo'lgan uch yuzdan ortiq yangi zamonaviy kasblarni egallab, yangicha sharoitlarda javlon urayotganlarning fikricha ham shunday. Hamma kasbning noni qattiq. Hamma kasb tinimsiz mehnat, izlash-izlanish, hamkasblardan biroz oldinda bo'lish, sezgirlik, kuzatuvchanlikni talab etadi. Ayniqsa, jurnalistika…

Olimlar jurnalistikani kasb emas, ijodiy faoliyat turi, ijtimoiy vazifa deb hisoblashadi. Buni rad etish qiyin. Ammo bizda ustoz, malakali muallim maqomiga yetgan, o'ziga xos mahorat maktablarini yaratgan shunday hamkasblarimiz borki, ular muxbirlik, muharrirlikni sharafli kasb, taqdir, noyob inoyat darajasiga ko'tarishgan. Ijod umrining ko'p qismini muharrirlikda o'tkazgan va bundan halovat topgan Asqad Muxtor, Ibrohim Rahim, Zulfiya, Maqsud Qoriyev, Ahmad Ismoilov, Ismoil Sulaymonov, Ahmadjon Muxtorov, Erkin A'zamov, Abdusaid Ko'chimov, Jabbor Razzoqov, Muhammadjon Obidov, Abdulla Po'latov, Habibulla Olimjonov kabi ustozlar misolida bemalol shunday deyish mumkin. Boshqacha deyish o'rinsiz. Ularning har biri boshqalarnikiga o'xshamaydigan o'z “iz”lariga, san'at tili bilan aytganda, sozu ovozlariga ega.

Bu mutlaqo to'la bo'lmagan ro'yxatda samarqand­lik muharrir Farmon Toshev ham bor, albatta. Uning ijod umri, o'y-xayollari, ilhom buloqlari, quvonchu tashvishlari viloyat gazetalari orasida ancha yillardan beri karvonboshilikni qo'ldan bermay kelayotgan “Zarafshon” gazetasi, shu jamoada, uning atrofida ijodkor sifatida shakl­langan, shakllanayotgan yosh qalamkashlarning ayt­­sa aytgulik, yozsa yozgulik yutuqlari, boringki, taqdiri bilan bevosita bog'liq, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Rus adabiyoti tanqidchilaridan birining: “Bizning adabiyotda dunyo darajasida e'tirof­­ga arziydigan, boshqa tillarga o'girsa bo'ladigan pishiq-puxta asarlar ko'p yaratilgan, ammo ular beparvoligimiz bois izsiz qolib ketdi”, degan fikri bor. Bu gap ijodkorlikning jamiki yo'nalishlariga ham taalluqli. Bugun hatto oddiy muxbirlik bilan ham el-yurtga tanilgan kasbdoshlarimizning yutug'i shundaki, ularning ilk ijod qoralamalariga kimdir e'tibor bergan, yutuq-kamchiligini ko'rsatgan, kasbimizga xos sir-sinoatlardan boxabar qilgan. Bu gap boshqalar qatori menga ham taalluqli. Jurnalistikaning ne-ne sinovlarini ortda qoldirgan ustozlardan kasb darsliklarida yo'q ko'p saboqlar olganman. Bir suhbatda “Muharrir tahririyatga ming xijolat bilan, iymanib-tortinib kirib keladigan yosh havaskorning birinchi urinishini qaytarmasligi kerak”, degan edim. Keyin amin bo'ldimki, Farmon Toshevning muharrirlik uslubida ham bu fazilat bor ekan. Buning natijasida — “Zarafshon” gazetasi viloyat ijodkorlarining chinakam ijod maktabiga, mahorat darsxonasiga aylandi. “Zarafshon”chilar orasidan ko'plab muharrirlar, iste'dodli publitsistlar, shoir va yozuvchilar yetishib chiqdi.

Ushbu satrlarni qog'ozga tushirar ekanman, “Zarafshon” sahifalariga yana bir marta ko'z yugurtiraman. E'lon qilinayotgan maqolalarda mavzu va janrlar xilma-xilligi, tahlil va talqindagi o'ziga xoslik va, ayniqsa, bugun ko'p nashrlarda yetishmayotgan jur'at yaqqol ko'zga tashlanadi. Gazeta o'z so'zining ta'sirchanligi va samaradorligiga befarq emas. Ayni shu narsa muharrirning ish uslubi sifatida “Zarafshon”ni boshqa gazetalardan ajratib turadi.

Nima demoqchiman? Bugun jurnalistika nazariyasi bilan shug'ullanuvchi mutaxassislar orasida g'aroyib bo'linish paydo bo'ldi: g'arblik mutaxassislar matbuot tanqidiy maqolani e'lon qilsa bo'ldi, uning natijasi bilan qiziqishi shart emas, bu ish bilan boshqalar shug'ullanishi kerak, deyishadi. Bu qarash tanqiddan yuragi po'killaydiganlarga moyday yoqadi. Biz bo'lsak, yo'q, matbuot o'z so'zi, jurnalistning mashaqqatli mehnati qanday natija berganini e'lon qilishi, tanqid e'tiborsiz qolayotgan bo'lsa, mavzuga yana va yana qaytishi zarur deb hisoblaymiz. Shunday hisoblagichlarning boshida muharrir Farmon Toshev turadi. Uning qalamiga mansub tishli-jag'li maqolalarda quruq maqtov, hamdu sano deyarli uchramaydi, aksincha, chuqur, professional tahlil, kamchiliklarni ro'y-rost ko'rsatish, ishyoqmaslarni nomma-nom aytish, gazetxonni fikr-mulohazaga undash ustuvorlik qiladi. Bunga erishish oson deysizmi? Gazeta muharrirligi yumshoq kresloda qo'r tashlab o'tirish emas. Yelish, yugurish, viloyatning qon tomirlari qanday urayotgani, nafas olayotganidan xabardor bo'lish, mas'uliyati turlicha bo'lgan tepsa tebranmas to'ra-yu havaskor to'rachalar bilan yuzma-yuz kelish, ularga gap uqtirish, bahslashish, endi-endi urchiy boshlagan, ildiz otayotgan illatlarni sezish va oldini olish harakatlarini boshlashi kerak.

Bugun gazeta yoki jurnal jamoasiga boshchilik qilish uchun ijodiy iqtidordan tashqari, rahbarlik, tashkilotchilik, uyushtiruvchilik qobiliyati, muloqot mahorati ham bo'lishi kerak. Muharrir har bir xodimning qiziqish yo'nalishini yaxshi bilsa, uni mehnat natijalariga qarab rag'batlantirsa, samara, shubhasiz, bo'ladi. Farmon Toshev jamoa a'zolarini tarbiyalash bilan birga, “Zarafshon”dan uchirma bo'lgan ko'plab ijodkorlarning boshqa jamoalardagi faoliyati, hayoti, yutuqlari, ijodi, ijodiy tanlovlardagi ishtiroki bilan ham qiziqadi. “Zarafshon” homiyligida chop etilgan o'nlab she'riy, nasriy, publitsistik to'plamlarni varaqlang, bunga siz ham ishonch hosil qilasiz.

Farmon Toshevning o'z o'quvchilariga tortiq qilayotgan ushbu to'plamlaridan joy olgan maqolalarning har birida bugungi kunning xush-noxush manzaralariga duch kelasiz. Ko'pni ko'rgan otaxonlar bor gapni borligicha aytishadi: “Mustaqillik har kim o'z holicha, bir-biridan uzoqlashib yashashi kerak degani emas. Hayronman, gazetachilar nega jim? Bong urmaysizlarmi?! Birlashib yashash kerak, hamma o'z-o'zini uddalasin degani. Qaysi yosh oilaga qaramang, alohida yashayman, deydi. Bolaning erki uning alohida yashashi bilan belgilanmaydi. Shaharda oshxona, mashina tuzatish ustaxonasi ko'paygandan-ko'paydi. Chiqindini qayta ishlashni o'ylamaydi. Qish­loqlarda arava yasaydigan ustaxona bormi? Yo'q! Chunki uning mehnati og'ir. Ko'plar ishlamay, peshonani terlatmay daromad topsa-da!”

“Oriyat” deb nomlangan maqoladan iqtibos: “Bu ne qiyomat qoyimkim, ota degan zot o'zini o'ylab, farzandlarini bir-biriga tezlab tursa?! Ota degan zot o'g'lining tarbiyasizligidan mahallaga, davlat idorasiga peshma-pesh arz qilsa?! Bu ne bedodlikkim, ota o'z farzandi bilan ayol talashsa?!”

To'plamdan joy olgan maqollarning mazmuniga to'xtalib o'tirmayman. Ziyrak o'quvchi ularni o'qir ekan, muallifning muammolarni ko'ra olish qobiliyati-yu, yozuvda aks ettirish mahoratini aniq sezadi. Saidrizo Alizoda, Ahmadjon Muxtorov, Anvar Jo'raboyev, Akbar Narziqulov kabi fidoyi insonlar xotirasiga bag'ishlangan esselarni sog'inch hissi bilan o'qiydi. Ulug' yoshga yetsa ham ijod maydonida faollik qilayotgan Farmonboyning So'z qudratiga doir qalb kechinmalariga duch keladi:

“Quloqning eshitganini til elga oshkor qiladi. Jabrini yurak tortadi”.

“So'z iboli kelinchakka o'xshaydi. Uni asrashning birdan-bir yo'li ko'z-ko'z qilmay, ko'ngilda saqlashdir”.

“So'z — ko'ngil sirlaridan voqif do'st. Agar u og'izga ko'chsa, dushmanga aylanishi ham mumkin”.

“Muomala shisha idishga o'xshaydi. Unda insonning ichki dunyosi ko'rinib turadi”.

“Sukut kamtarinlik, ammo u loqaydlik belgisi bo'lishi ham mumkin”.

“Shirin so'z bo'l, ammo shirinso'zlardan ehtiyot bo'lganing ma'qul”.

“Tushunmaydigan odam yo'q, tushuntirolmaydiganlar bor”.

“Basharasi qiyshiq odamga yoqmoqchi bo'lsang, unga qiyshiq oyna tut”.

Bu quyma fikrlar har kimga ham kelavermaydi. Ularning har biri tag-zamirida behalovat umrning ibratli, havas qilsa arzigulik izlari, hosila-xulosalari bor. Farmon Toshev hamisha el ichida, yurt sha'ni va g'ururi qayg'usida yashaydi. Kimgadir to'g'ri yo'lni ko'rsatishdan, kimningdir og'irini yengil qilishdan halovat topadi. Topgan-tutganlarini kitoblariga jo qilib, yoshlarga uzatadi. “Zarafshon zarvaraqlari” butun mamlakatga yoyiladi. Murakkab vaziyatlarda o'zini ijodkor, mas'ul lavozim egasi sifatida erkin va dadil tutadi. Katta davralarda, kichikroq yig'inlarda, bahsli vaziyatlarda aytadigan so'zi va fikri bor. Kuzatuvda, tahlilda peshqadam. U bunday darajaga rosa ellik yillik zahmatli mehnati, izlanishi bois erishdi. Erishgan yutuqlariga bevosita guvoh bo'lganimdan xursandman. Yozadigan paytlar keldi, dil tubiga ingan tuyg'ular, katta hayotiy tajriba yuzaga chiqishi kerak. Ijod shiddatini bo'shashtirmang, muhtaram kasbdosh.

Ahmadjon MELIBOYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + thirteen =