Fidoyi muharrir, jonkuyar ustoz
![](https://uzhurriyat.uz/wp-content/uploads/2023/12/Soliya-Dilbarjon-kopiya.jpg?lang=lat)
O'tgan asrning 80-yillari…
Tuman, viloyat gazetalari adadi davriyligi bo'yicha eng yuqori nuqtaga chiqqan davr. Jurnalistikaga havas qilgan o'smirlar, kasbga juda qiziqib, ammo taqdir taqozosi bilan boshqa kasbni egallab, biroq “yozib” turadigan “shtatsiz” muxbirlar uchun gazetalar tahririyati – mo''jizalar makoni, tahririyat xodimlari esa chin ma'nodagi mo''jizakorlar edi.
Qanchalik katta hajmda yozsak-da, lekin gazeta sahifalarida kichkinagina joyda chop etiladigan maqolalarimiz bilan faxrlanib yurgan kezlarimiz.
Urganch shahrida mahalliy gujumlar salobati bilan yashirib turgan bino – “Xorazm haqiqati” — “Xorezmskaya pravda” gazetalari tahririyati (hozir bu binoda Urganch shahar soliq inspeksiyasi joylashgan)ga ilk kirib borganimda, jurnalist opa 13-14 yoshlardagi bolaning yozganlarini birin-ketin o'qib, sinchkovlik bilan ko'rib, keyin esa yoziladigan materialning vokelikka qarab, xabar, lavha yoki reportaj kabi janrlardan biriga mos bo'lishini oddiy tilda tushuntirganlari kechagiday yodimda. Shunda bilganman men oddiygina xabar ham katta hajmlarda yozilishini.
Asoslanmagan ma'lumotdan hech qachon foydalanmaslik, yozishda so'zga xasis bo'lish, shaxsiy muhabbat va nafratni faoliyatga aralashtirmaslik qoidalaridan saboq bergandi o'shanda ustoz opamiz.
…Oradan yillar o'tdi. O'sha jurnalist ayol bugun 70 yoshda!
Ha, Soliyajon Rahimberganovaning jurnalistika sohasidagi faoliyatiga yarim asr bo'lib qoldi. To'g'ri, jurnalist dastlab “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasida 10 yil ishlab, keyinchalik Toshkent shahridagi rahbar mutaxassislar tayyorlash oliy maktabida tahsil oldi. 4 yil viloyat partiya qo'mitasida mas'ul xodim, 6 yil Urganch shahar hokimining o'rinbosari lavozimida ishlagan bo'lsalar-da, bir kun ham jurnalistikani, yozishni to'xtatib qo'ymadi.
Albatta, gazetachilik mashaqqatini shu sohada ishlaganlar juda yaxshi bilishadi. Faqat fidoyilar, butun mehrini, borlig'ini matbuotga baxshida qilganlargina ana shu ish o'rinlarida qolishadi. Kasbga shunchaki havas qo'yganlar esa faoliyat turini o'zgartirib qo'ya qoladilar.
“Xorazm haqiqati”ning bir necha o'n yillik taxlamlarining har bir sonida Soliyajon Rahimberganova maqolalarini o'qish mumkin. Viloyatning bironta mahallasi yo'qki, jurnalist bormagan, ana shu hudud odamlari bilan gaplashmagan bo'lsin.
— Bizning hudud viloyat markazidan 180 km uzoqda joylashgan bo'lib, bundan 40 yillar oldin yerlarni o'zlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish va bunyodkorlik ishlari boshlangan. Ana shu jarayonlarda Soliyajon opani tez-tez uchratardik. Yozganlari bizni o'shanda juda ruhlantirib turgani ham bor gap, — dedi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, tuproqqal'alik qishloq xo'jaligi xodimi — Bahodir Bobojonov.
Bugun Xorazm viloyati matbuot va OAVlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ko'pchiligi “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyatida, Soliyajon Rahimberganova maktabida shakllangan. Jumladan, Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKAning Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig'i Dilbar Bekchanova, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti katta inspektori, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Dilrabo Quryozova, O'zbekiston Milliy axborot agentligi Xorazm viloyati sharhlovchisi Ahmadjon Shokirov, Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi bosh muharriri Husan Sobirovlarning oliy ta'limdan keyingi dastlabki ishxonasi, aynan shu gazeta tahririyati bo'lgan.
2010 yilda “Xorazm haqiqati” gazetasining 90 yilligi, 2020 yilda esa 100 yilligi viloyat miqyosida keng nishonlangan edi. Muhim sanalar munosabati bilan gazeta bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova rahbarligida “Voha solnomasi” nomli ikkita kitob nashr qilindi. Gap shundaki, har ikki kitob Xorazm viloyatining siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy voqeliklarini aks ettirgani, qamrovi bilan muhim manba bo'lib, kelgusida ilmiy tadqiqotlar uchun ham nodir qo'llanma bo'lib qoldi.
— “Xorazm haqiqati” deganda ko'z oldimda ustoz Soliyajon Safayevna gavdalanadi. O'ylab ko'ring, bir oyda kamida 10 marta gazeta chop etiladi. Opaning odati, navbatchi muharrir bilan yonma-yon turib, ishlarini yakunlab, keyin uyiga ketadilar. Bu degani, ba'zida yarim tungacha ishda qolib ketish. Ustoz har qanday turmush tashvishlari, turli yumushlardan mas'uliyatni ustun biladi, — deydi “Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri, “Shuhrat” medali sohibi Sherjon Masharipov.
Ba'zida sohaga endigina kirib kelayotgan yosh jurnalistlar charchoqdan nolib qolishadi. Ham gazeta tahririyatini boshqarish, ham viloyatning ijtimoiy-madaniy hayotida faol bo'lib turli tadbirlarda qatnashish, tahririyat nomidan “Yosh jurnalistlar” mahorat maktabi mashg'ulotlarini muntazam o'tkazib turish uchun qanchalar shijoat talab etiladi!
Ha, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, ikkinchi darajali “Mehnat faxriysi” va ko'plab esdalik, ko'krak nishonlari sohibasi Soliyajon Rahimberganova ana shunday fidoyi, tinib-tinchimas ayol.
Xalqimiz yaxshi biladi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Urganch shahri markazida buyuk vatanparvar Jaloliddin Manguberdining ot ustidagi mahobatli haykali va xiyoboni barpo etildi. Majmua har kuni yarim tungacha odamlar bilan gavjum. Uning shundoqqina ro'parasida esa “Xorazm haqiqati” — “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati joylashgan. Soat 22:00. Binoning 5-qavatidagi bosh muharrir ishxonasida chiroq o'chirilgani derazadan ko'rindi. Sal o'tmay bino yo'lagida ikki kishi paydo bo'ldi. Bu ustoz jurnalist Soliyajon opa va uning o'g'li, yosh jurnalist Otaxon.
Demak, bugun gazeta chop qilindi. Ertalab mushtariylarga yetib boradi…
Matbuotimizning ana shunday fidoyilari hamisha omon bo'lsin!
O'tkir MATQURBANOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Xorazm viloyati bo'limi raisi.