Fayzli umr sohibi

Ilm inson umrini bezab turuvchi nurdir. Bu nurning salmog'i, qamrovi shunchalikki, u avlodlar, yuzlab, minglab shogirdlar hayotiga kirib boradi. Yarim asrlik ilmiy-pedagogik faoliyat hamda salmoqli umrni ifodalovchi muborak 80 yosh esa olim kishi uchun egallagan jamiki ilm qaymog'ini shogirdlariga qizg'in ulashadigan davrdir.

Ilm nuri ila zamondoshlari bilan hamqadam, hamnafas bo'lib yurgan shijoatli inson Toshkent viloyatining farzandi, geologiya-mineralogiya fanining yetuk mutaxassisi, olim, yuzlab shogirdlar ustozi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali dotsenti, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi Isomatov Yusuf Po'latovichni biz bugun chindan fayzli umr sohibi, deya e'tirof eta olamiz.

Oddiy dehqon oilasida tug'ilib, olimlik darajasiga erishish, o'z sohasida yetuk­likka yetishish oson ish emas, aslida. Buning uchun kuchli iroda, og'ir mehnat, ilm­ning mas'uliyatini his qila bilishdek yuksak did kerak. Qahramonimiz Isomatov Yusuf Po'latovich esa dala sharoitida geologik jarayonlarni, hodisalarni kuzatish davomida tabiiy qonuniyatlar mavjudligi to'g'risida fikr yuritib, bu qonuniyatlarni o'rganib, ularni hisobga olgan holda inson ona zamindan o'z faoliyati jarayonida foydalanishi mumkin deya hisoblab, o'zini aynan shu sohaga baxshida qiladi.

Bo'lajak olim dastlab akasi, geologiya­mineralogiya fanlari doktori, professor Po'latov Karimboy hoji Po'latboy o'g'li, ke­yingi davrda esa akademik G'.Mavlonov, O.Ak­ramxodjayev, X.Boymuhammedovlardan geologiya ilmi va geolog zimmasidagi katta mas'uliyat xususida chuqur bilimlarga ega bo'ldi. Shundan so'ng, egallagan nazariy bilimlarini amaliyotda qo'llay boshlagan fidoyi mutaxassis kelgusi yillarda Qashqadaryo viloyatida joylashgan neft va gaz konlari ekspeditsiya­sida faol mehnat qildi. Olimning mazkur viloyatda o'tkazilgan geologik-qidiruv ishlari, xususan, Qarshi dashtining markaziy qismi geologik sharoiti chuqur o'rganilishida hissasi katta va bu tadqiqotlar alohida e'tirofga loyiq.

Shu o'rinda aytish joizki, Yusuf Po'latovich mehnat faoliyatining 50 yildan ortiq davri mobaynida yoshlarga ta'lim-tarbiya berib, ularni yetuk mutaxassis sifatida tayyorlashga o'zining salmoqli hissasini qo'shgan ustoz hisoblanadi. Bu inson faoliyati davomida nafaqat yosh avlodga ziyo tarqatish, balki talabchan rahbar va mohir tashkilotchi sifatida ham o'zini ko'rsata bilgan.

Ustoz Yusuf Po'latovichning ilm-fanga bo'lgan cheksiz qiziqish va e'tiborini Toshkent viloyatidagi yagona Geologiya muzeyini tashkil etganidan ham anglash qiyin emas. Respublikamizning turli hududlarida mavjud bo'lgan  tog' jinslari — ruda va minerallarni  to'plab, ularning xossalarini jamlab, juda katta ma'lumotlar bazasini yig'ish katta mehnat bo'lishi bilan birga  fidoyilikni, iroda va salohiyatni ham talab etar edi.

TDTU Olmaliq filialida o'tkazilgan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar olimlari mazkur muzeyga, unda to'plangan tog' jinslari klassifikatsiyasiga yuqori baho berdilar. Ayniqsa, Germaniya Respublikasi Frayberg konchilik akademiyasi professori Karsten Drebenshted muzey eksponatlariga juda katta qiziqish bildirgan.

Ustozning geologiya-mineralogiya sohasini rivojlantirishdagi mehnatlari yuksak taqdirlanib, I, II va  III darajali “Konchilik shuhrati” medallari va “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko'krak nishoniga munosib ko'rilgan.

Fidoyi ustoz kibrni sindirib, ilm yo'lida toliqishning achchiq suvlaridan ho'p­lab, umri davomida izzat-ikrom topgan olimlardan. O'zi yaxshi ko'rib tanlagan sohaning chinakam egasi. Shu kunga qadar izlanayotgan, kashfiyotga intilayotgan, o'qiyotgan va o'qitayotgan, o'rganayotgan va o'rgatayotgan insonlardan biri. Hozirda domlaning mashaqqatlari rohatga, ilm yo'lidagi qiyinchiliklari lazzatga aylanganligini umr daftarini varaqlab anglash mumkin.

Iqtidorli inson har sohada iqtidorli, degan gap aynan shu kishi uchun aytilgandek. Negaki, oliy ta'lim tizimida pedagog bo'lib ishlasa-da,  turmushning turli xil sohalari bo'yicha ham maslahat olish, o'rganish mumkin bo'lgan jihatlari bisyor.

Buyuk shaxs, ustozlik maqomining eng go'zal bosqichlarini bosib o'tayotgan Yusuf Po'latovichning yubileyi munosabati bilan TDTU Olmaliq filialida “Mineral xomashyolar va texnogen chiqindilarni samarali qayta ishlashning muammolari, istiqbollari va innovatsion yondashuvlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tdi. Ushbu ilmiy-­amaliy anjumanga respublikamizning ko'p­lab oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlaridan vakillar, ustozning hamkasblari va shogirdlari tashrif buyurishdi.

Filial miqyosida tashkil etilgan anjuman o'z oldiga iqtidorli yoshlarni tanlash, ularga shart-sharoit yaratish, ilmiy izlanishlarga keng jalb etishni maqsad qilgan. Shu bilan birga filialda muhandis-texnolog kadrlar tayyorlashni hisobga olgan holda eng yaxshi innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, iqtidorli ixtirochi, injener-konstruktor, dasturchi va ratsionalizatorlarni tanlash hamda ke­yingi bosqichlarga yo'naltirish anjumanning asosiy maqsadi bo'ldi.

Ilmiy-amaliy anjuman avvalida geologiya-mineralogiya sohasining yetuk namoyandasi Yusuf Isomatovning qutlug' yoshi munosabati bilan tabrik va qutlovlar yang­radi. Bugungi kunda yirik ishlab chiqarish korxonalarida, jamiyatimizning bosh­­qa sohalarida xizmat qilayotgan shogirdlarning ustoz haqidagi dil so'zlari chin ma'noda minnatdorlik belgisi bo'ldi.

Muqaddas ERGAShEVA,

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali matbuot kotibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 12 =