Ijod va izlanish baxti

Farg'ona jurnalistikasi va adabiyotida Tolibjon Nosirovning o'ziga xos o'rni bor. Kamtar, kamsuqum ijodkor   hayot yo'lining qariyb 40 yili   jurnalistika, adabiyot bilan hamohang kechmoqda.

U ko'hna Rishton tumanidagi Zohidon qishlog'ida, ziyoli oilasida   kamolga yetdi. Ilm olishga bo'lgan intilishlari uni Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetiga yetakladi. Ushbu oliygohni 1985 yili muvaffaqiyatli tamomladi.

Turkiyadagi Egey universiteti doktoran­turasi va Farg'ona davlat universiteti aspiranturasini bitirib,   Farg'ona viloyatidagi turli gazeta-jurnallarda samarali mehnat qildi.

Ayni kunda “Rishton haqiqati” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari,   37-umumta'lim maktabida ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Tolib Nosir 1994 yilda Turkiyaning Anqara shahrida “Altin Kalem” (Oltin qalam) tanlovi g'olibi bo'ldi. Uning 2001 yilda “Buyuk ajdodlarning vorislarimiz” (“Farg'ona” nashriyoti), 2018 yili “Boburnoma”dagi forsiy she'rlar tarjimasi” (Tarjumai ash'ori forsii “Boburnoma”) kitob­lari o'quvchilar hukmiga havola qilindi.

Kitobda “Boburnoma”dagi 75 ta, Bobur devonidagi 48 ta forscha, 1 ta forscha-hind­­cha, 1 ta o'zbekcha-hindcha shiru shakar she'rlar tarjimasi hamda “Bobur rubobi” (Rubobi Bobur) she'rlar turkumi o'rin olgan. Ushbu   badiiy risolaga afg'onistonlik professor Burhonuddin Nomiq, turkiyalik professor Bilol Yujel, professor Saidbek Hasanov, adabiyotshunos olim Jaloliddin   Jo'rayev, filologiya fanlari doktori Habibullo Jo'rayev va boshqalar taqriz, so'zboshi yozib, kitobning Bobur hayoti, boy ma'naviy merosini o'rganish, talqin qilishdagi o'ziga xos o'rni va ahamiyati katta ekanligini e'tirof etishgan.

Tolib Nosir turk, fors va o'zbek adabiy aloqalarini tadqiq etib kelmoqda. U bir qator turk, fors-tojik adib va shoirlari asarlarini o'zbekchaga o'girgan. Umar Xayyom ruboiylarining asl ohangini saqlagan holda aruz vaznida tarjima qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 10-11 iyun kunlari qardosh Tojikis­ton diyorida bo'lganlarida o'zbek va tojik xalqlarining azaliy do'stligi, Jomiy – Navoiy munosabatlariga bag'ishlab asarlar, kinofilmlar yaratish haqida ikki xalq ziyolilariga taklif bergan edi. Bundan ilhomlangan ijodkor   “Navoiy jomi – Jomiy navosi” (“Jomi Navoiy – Navoi Jomiy”) nomli badiiy tarjima risolasi, “Tarjima zamzamasi” bayozi hamda “Boburning forsiy taronalari” (“Taronahoi forsii Bobur”) singari to'plamlarini nashrga tayyorladi.

Tolib Nosir sayohatlari davomida Umar Xayyom, Jaloliddin Balxiy-Rumiy, Sulaymon Chalabiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini yig'ib, undan o'rin olgan sara asarlarni tadqiq etish,   kelajak avlodga yetkazish yo'lida samarali izlanishlar olib bormoqda.

Qadim Rishton va uning buyuk farzandi — “Sohibi Hidoya” nomi bilan dunyoga tanilgan Abulhasan Ali Burhoniddin ar-Rishtoniy al-Marg'inoniy haqida “Boburnoma” sahifalarida ajoyib qaydlar bor. Tolib Nosir Rishton tumanida “Bobur hujrasi” (kutubxonasi bilan) bunyod etish g'oyasini ko'tarib chiqqan ziyolilardan.

Uning adabiy tadqiqot, badiiy tarjimalari yuksak did va zakovat bilan bajarilgani bilan ko'pning e'tibori, e'tirofiga sazovor bo'lmoqda. Xalqlar do'stligi, diniy bag'rikenglik, turkiy va forsiy adabiyotlar mushtarakligi g'oyalari o'ziga xos tarzda talqin qilingani bilan e'tiborni tortadi. Bu kitobxonning ilmiy salohiyati, mutolaa madaniyatini oshirish va dunyoqarashini boyitishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.

Umrini, hayotini ijodga, jurnalistikaga bag'ishlagan inson sifatida u hamisha izlanishda, mehnat qilish zavqi bilan yashaydi.

Bugun shoir va tarjimon Tolib Nosirni qutlug' 60 yoshi bilan muborak etish bilan birga, kelgusidagi ijodiy faoliyati yanada mazmunli va yangi asarlarga boy bo'lishini tilab qolamiz.

Dilorom DADABOYEVA,

Ma'naviyat va ma'rifat markazi

Rishton tuman bo'limi rahbari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 10 =