Ustozlar yo'lin tutib…
Yurtimizda qalam tebratayotgan iste'dodli ijodkorlar ko'p. Ular baholi qudrat ijod qilib kelishyapti. Shular safida Namangan viloyatining Chustidan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, bir qator ajoyib kitoblar muallifi Yusuf Fayzullo ham bor. U maktabda o'qib yurgan kezlaridayoq ijodga qiziqdi va qo'liga qalam olib, turli mavzularda maqolalar yozib yurdi. Yozganlari tuman, viloyat gazetalarida chop etila boshlandi. Bu esa uni yanada ko'proq izlanishga undadi. Bunday orzu-havas jurnalistikaga qiziqishiga sabab bo'ldi va Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetining kechki bo'limiga hujjatlarini topshirdi, sinovlardan o'tib, talaba bo'ldi. O'qish kechki bo'lgani uchun qurilish tashkilotiga ishga kirdi.
O'qib yurgan chog'larida malakasini oshirish uchun kasbi bo'yicha ishlash kerak edi. O'sha davrda gazeta-jurnallar soni hozirgiga o'xshab ko'p emasdi. Ishga kirish qiyin edi. Ammo yaxshi insonlarning ko'magi bilan “Sharq yulduzi” jurnaliga dastlab musahhih yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi. 1990 yili o'qishni muvaffaqiyatli tamomladi va jurnalda o'z faoliyatini davom ettirib, texnik muharrir va mas'ul kotib lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Eng muhimi, Yusuf Fayzullo ustozlar — O'tkir Hoshimov, Nosir Fozilov, Tohir Malik, Omon Muxtor kabi adiblarning o'git, yo'l-yo'riqlarini oldi. Bu ajoyib insonlar yosh qalamkash yigitga yo'lchi yulduz bo'lib, hayotda o'z yo'lini topishida yordam ko'rsatishdi. Bu esa o'z mevasini berdi: Yusuf Fayzulloning ketma-ket hajviya va hikoyalari respublika gazetalari va jurnallarida chop etila boshladi. U 2008 yili “Tong yulduzi” gazetasiga ishga o'tdi. Gazetaning deyarli har bir sonida maktab hayotiga bog'liq hikoyalari, maqolalari chop etilardi. Shu tarzda ko'zga ko'rinib, uni bo'lim mudirligiga, keyinroq esa bosh muharrir o'rinbosari lavozimiga tayinlashdi. Shu tarzda jurnalistika charxpalagida toblanib bordi.
Yusuf Fayzullo o'z ishiga mehr, sadoqat bilan xizmat qildi. Buni esa uning noyob insoniy fazilatlaridan biri deyish mumkin. Bu ham har kimning qo'lidan kelavermaydi. Gazetada ishlaganida yoshlarimizni bilimini oshirishda, ma'naviyatini yuksaltirishda yuzlab maqolalari va hikoyalari chop etildi. Ijod — tinimsiz mehnat, izlanishni taqozo etadi. U tinmay yozar edi. Bir nechta qissalar yozdi. Ularni to'plab, kitob holiga keltirdi. Kitob qo'lyozmasini ko'rib chiqish esa kaminaga topshirildi. Men uni avval obdan o'qib chiqdim, qissalar 2013 yili “O'zbekiston” NMIUda “Lafz” nomi bilan kitob bo'lib chiqdi. Ayniqsa, yozuvchining qissalaridan ko'nglim to'lgan, pishiq-puxta voqealar biri-biriga zanjirdik bog'langan, ortiqcha, keraksiz tafsilotlar yo'q edi. Ularda sevgi-muhabbat, sadoqat, insonlarning bir-biriga bo'lgan lafzida turishi badiiy bo'yoqlarda sodda, o'ta hayotiy tasvirlangan. Bu ijodkorning yuqorida eslatilganidek ustozlar tarbiyasini olganligidan dalolat berardi.
Taqdir taqozosi bilan 2016 yildan boshlab Yusuf Fayzullo “O'zbekiston” nashriyot matbaa uyida muharrir lavozimida ishlay boshladi. Ushbu nufuzli nashriyotda ish boshlash, albatta, tajribali ijodkor uchun ko'p ham qiyinchilik tug'dirmadi. Chunki nashriyotga keladigan qo'lyozmalar tematikasi rang-barang, ularni chop etishga yaroqlilarini o'z vaqtida tahrir qilib, bosmaxonaga topshirish ham muharrirdan mahorat va bilimni talab qilishi ma'lum. Aytish kerakki, Yusuf noshir sifatida ham o'z o'rniga ega bo'ldi. Yozuvchi bu ishlar bilangina cheklanib qolmadi, barakali ijod qilishda davom etdi. 2018 yili uning “So'nggi iltijo” nomli qissa va hikoyalar to'plami chop etildi. Shuning o'zi ijodkorning yana bir pog'ona yuqoriga yuksalganidan darak beradi. O'sha yili “Poligraf Niso” nashriyotida bolalarga bag'ishlangan “Boyvachcha bolakayning sarguzashtlari” kitobi ham chop qilindi. Kitob bolajonlar tomonidan yaxshi kutib olingani uchun ikkinchi marotaba yana ko'p nusxada bosildi.
Iqtidorli adib yana bir savobli ishga qo'l urib, xalqimizning mashhur yozuvchilari O'tkir Hoshimov, Nosir Fozilov, Omon Muxtor, Tohir Malik, Najmiddin Komilov, Alinazar Egamnazarov kabi insonlarning hayoti va ijodi haqida maqolalar yozib gazetalarda chop ettirdi. O'zi birga ishlagan, yaqindan tanigan ijodkorlar haqida hamma ham bunday zabardast maqolalarni yozavermaydi. O'sha ustozlarga mehr bo'lsa, sadoqat bo'lsagina bunday maqolalarni yozadi. Yusuf Fayzulloning ana shunday ajoyib fazilatlari bor.
Vaqt — yugurik deydilar. Hayot tashvishlari, dunyo charxpalagi aylanib kechagina shogird bo'lgan insonning o'zi ham bugun muborak yoshlarga yetdi. Ijodkor do'stimizga qutlug' yoshingiz muborak bo'lsin, deymiz. Uch qiz va bir o'g'ilning hamda qator nabiralarning bobosi Yusuf Fayzullo bugungi kunda bir nechta yangi kitoblarini nashrga tayyorlamoqda. Farzandlari va turmush o'rtog'i oliy ma'lumotli. Ikki qizi esa fan doktori darajasini qo'lga kiritgan. O'g'li ham mohir tarjimon va jurnalist. Havas qilsa arziydigan oila, shunday emasmi?! Shunday ulug' baxt, ezgu saodat har bir insonga nasib etsin!
Izzat AHMEDOV,
O'zbekiston
Yozuvchilar uyushmasi
a'zosi