Do'stimning umr yo'li
Istam bilan universitetda birga o'qiganmiz — kursdoshim bo'ladi. 1980 yil Moskva olimpiadasi sababmi yoki boshqa vajdanmi bor-yo'g'i bir oyni paxta dalasida o'tkazganmiz. Shu bir oyning o'zi talabalarning bir-birini yaqindan tanishi, do'stlashishi uchun yetarli bo'lgandi.
Esimda, Istam yoshiga nisbatan ancha jiddiy, biroz o'zini ko'pchilikdan chetga tortib yuradigan, kamtar bir yigit sifatida menda ilk taassurot qoldirgan. Uning she'r yozishini keyin bilganman. Suhbatlari yoshlikka xos bo'lgan maqtanchoqliqdan yiroq, lekin ancha maroqli va yoqimli. Samarqand davlat universiteti o'zbek filologiyasi fakulteti qoshida tashkil etilgan, professor Nuriddin Shukurov rahbarlik qiladigan “Shalola” ijodiy klubining faol a'zosi edi. Omon Matchon bitiklarining haqiqiy ixlosmandi, Abdulla Oripov she'riyatini yoddan bilar, o'sha payt otilib chiqayotgan yosh shoirlarning ijodidan ham yaqindan tanish edi. “Shalola” klubiga bizlarni ham bildirmasdan targ'ib qilib, yetaklab borgan edi.
She'rlari haqida uzoq to'xtalish niyatida emasman. Faqat uning qisqa, lo'nda yozishga intilishini, bitiklarida falsafiy mushohada yuritishga moyillik borligini ta'kidlamoqchiman. Mana, “Haqiqat” sarlavhali she'ridan to'rt satr:
Terakni kesdilar. Qayta o'sdi tik.
Kim xursand,
kim befarq boqdi naridan.
Kesdilar g'azabnok, yana o'sdi u.
…Yig'lab yubordilar alamlaridan.
Oddiy bir terak timsolida haqiqatning bukilmas qiyofasini o'ziga xos yo'sinda chizib bergani ijodkor iqtidoridan darak beradi, albatta.
Istam universitetdan so'ng jurnalistika sohasida mehnat qildi. Dastlab Navoiy viloyati “Do'stlik bayrog'i”, keyin o'zi tug'ilib o'sgan G'ijduvon tuman gazetasi, keyin esa Buxoro viloyatining “Buxoronoma” gazetasida faoliyat yuritdi. Mana, 15 yildirki, “Xalq so'zi” gazetasining Buxoro viloyati bo'yicha muxbiri vazifasida ishlamoqda.
Qutlug' 60 yosh ostonasida turgan do'stimizning oilaparvar, mehnatkash, halol inson ekanligini ham ta'kidlamoqchiman. Oilasiga ham havas qilsa arziydi. O'zi, turmush o'rtog'i va o'g'li Ilhomjon davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani bejiz emas.
Istam Ibrohimovning “Xalq so'zi” gazetasi va uning rasmiy saytida e'lon qilingan “Obidalar ohini kim tinglaydi?”, “Aldagani ko'zi ojiz yaxshimi?”, “Chorchinorning chinori qani?”, “Rang ko'r, hol so'r”, “Buxoroning tarixiy qiyofasi saqlab qolinadimi?” singari qator tanqidiy-tahliliy maqolalarida dolzarb muammolar o'rtaga tashlangan. To'g'ri, jurnalistika kun tarixini yoritadi, amerikalik olim U.Djones aytganidek, “tezkor adabiyot” hisoblanadi. Lekin Istamning har bir maqolasi o'z dolzarbligini yo'qotmagan, zamonamiz qahramonlarining dardu-o'ylari, turli ijtimoiy muammolari ortiqcha jimjimalarsiz, ehtiroslarsiz yoritib berilganki, ularni maroq bilan o'qiysan, kishi. Undagi voqealar esa — o'tmishimiz va bugunimiz haqida. Ochlik, qahatchilik paytida urushdan qaytmagan otasining hidi ufurib turgan kostyumini bozorga chiqarib, “Ilohim, birov olaman, deb qolmasin-da” (“Urushdan qaytmagan otaning kostyumi”) deb turgan qahramonning his-tuyg'ulariga beixtiyor sherik bo'lasiz.
Yoki “Birovning haqqidan qo'rqaman” degan jajjigina lavhani oling, unda shukronalik bilan yashayotgan oddiy odamlarning hayotiy falsafasi ta'sirli yoritilgan. Norjon buvi kaftdekkina tomorqasida yetishtirgan rezavor ko'kat ekib uni arzongina baholarda sotadi, bunga chidayolmagan olib sotar ayol momodan ko'katlarni arzonga xarid qilib, keyin uni ikki baravar narxda oshirib sotmoqchi bo'ladi. Shunda Norjon momo “Qizim, ko'tarasiga berganimda hovlimdanoq olib ketishardi. Men shunday sinovli kunlarda odamlarga harna bo'lsa-da nafim tegsin deb ko'katlarni arzon sotayapman. Siz ko'tarasiga olmoqchi bo'lgan barra piyozning har bog'ida kimningdir haqqi bor. Men ko'pning haqqidan qo'rqaman”, – deya javob beradi. Har qanday jamiyatning mustahkamligi va abadiyligi unda yashayotgan oddiy odamlarning insoniy fazilatlariga bog'liq. Bejizga Frans Kafkadek buyuk yozuvchi “Toshkent — non shahri” asarini o'qiganida “Bunday insoniylikka ega bo'lgan xalqni mavh etib bo'lmaydi” deb hayqirmagan edi.
Do'stim Istamning “Derazani sindirgan bola” maqolasida kitob mutolaasi bilan bog'liq g'ayritabiiy voqeani tasvirlaydi. Quruq pand-nasihatdan yiroq ushbu kichik lavhada otasi kitob javoni bor uyni qulflab ketganda o'g'li uyning derazasini sindirib kirib, u yerdan kitoblar olib o'qiganini maroq bilan hikoya qiladi.
Bu kabi lavhalarni bee'tibor o'qiyolmaysiz. Ularning har birida oddiy mehnatkash insonlar taqdiri, maishiy-ijtimoiy muammolari, o'y-tashvishlari, qolaversa, hayotiy falsafasi va qarashlari o'z aksini topgan. Istam o'z jurnalistik nigohini doim mehnatkash, zahmatkash, Chingiz Aytmatov ta'biri bilan aytganda “…Zaminni yelkasida tutib turgan” odamlarga qaratadi. Garchi, u hajman kichik voqeaviy lavhalar, esselar yozgan esada, undagi qahramonlar portretini kam so'z ishlatgan holda esda qolarli qilib chizib beradi.
Kamina bo'lajak jurnalist kadrlarga qariyb 35 yildan beri dars berib kelaman. Jurnalistikaning asosiy vazifalaridan biri zamonamizning real qahramonlarini kashf etish va uni ommaga tanitish hisoblanadi. Abadiy va o'tkinchi hodisalar doimo to'qnashib turadigan bugungi kunda afsuski, haqiqiy qahramonlar o'rnini antiqahramonlar egallab olmoqda. Istam Ibrohimov esa o'zining maqolalariga qalban mehnatkash, ichki ma'naviy dunyosi boy, zamonamizning qaysidir jihatlarini o'zida mujassamlashtirgan kishilarni qahramon sifatida tanlaydi. Muallif go'yo bu bilan maqolalarida tasvirlangan oddiy, sodda, mehnatkash insonlar taqdiriga keng jamoatchilikning, boshqacha aytganda elu xalqning mas'uliyatini yana bir karra eslatib qo'yayotgandek.
Ha, Istamning maqolalari ana shu jihatlari bilan o'quvchini befarq qoldirmaydi, uni o'ylashga, mulohaza yuritishga undaydi. Qadrdonimizning ijodiy ishlariga yanada muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Akbar NURMATOV,
O'zbekiston Jurnalistika va
ommaviy kommunikatsiyalar universitetining
Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent