Navqiron avon

Do'stim Dilmurod Qirg'izboyev, ota buvalari, asli aravonlik. Soqol mo'ylovlarining kuzalishi o'ziga juda yarashgan, pokiza, oriyati shundoq yuz-ko'ziga tepchib turadigan, zavqiyu ziyosi o'zidan oldin yuradigan Kenjaboy muallimning o'g'li.

Dilmurod bilan biz o'tgan asrning to'qsoninchi yillari “Sovet O'zbekis­toni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasiga ishga o'tganimda tanishganmiz. Otasi Kenjaboy akani va jonsarak, ko'zlaridan nafaqat o'g'li Dilmurodga, balki uning do'stlariga ham mehr va jonfidolik yog'ilib turadigan volidasi Xosiyatxon aya bilan u uylangan 1986 yilda qadrdonimning nikoh to'yiga borganimda ko'rishganmiz. O'shanda Kenjaboy muallim o'zimning otam bilan aka-ukaday o'xshashligini ko'rib, hayron qolgandim…

Jaydaricha aytsam, Dilmurod ham menga o'xshab, qachonlardir orzu havas­lariga ergashib poytaxtga kelib qolgan toshkentliklardan. Nazarimda u Toshkentga ne maqsadlarni ko'zlab kelgan bo'lsa, aytarli, barchasiga erishgan omadli kishilar sirasiga kiradi.

Ha, Dilmurod omadli ekan. Jurnalistikani tugatib, Toshkentda qoldi. Turli tahririyatlarning “erka bolasi” bo'lib ishladi. Eliga ham, jamiyatga ham nafi tegadigan ocherklar, publitsistik maqolalar, tahliliy va tanqidiy maqolalar, felyetonlar yozdi. Uning “Xazon bo'lmas bahorim bor”, “Chinor shohidagi sinchalak” nomli kitoblari ham o'quvchilarga yaxshi tanish. O'zini namoyon qilish uchun jiddu jahd bilan tirishdi, zarur bo'lsa kurashdi. Tez orada tilga ham, nazarga ham tushdi. Soha mutasaddilarining ko'zida kelajagi bor, tirishqoq, ushlagan joyini uzib oladigan jurnalist sifatida shakllandi.

Uning ajralib turadigan insoniylik fazilatlaridan yana biri ustozlariga juda sadoqatli ekanligi. Maqsud Qoriyev, Ne'mat Yoqubov, Xurshid Do'stmuhammad kabi taniqli muharrirlarni pirim deb etagidan mahkam ushlagan.

Ish faoliyatini jurnalistikaning eng kichik xizmat pog'onasidan boshlagan bu yigit qator markaziy gazetalarda turli lavozimlarda ishladi. “Milliy tiklanish” gazetasining bosh muharriri vazifasini ham bajardi.

Shuni ham aytish kerakki, u bugungi maqom mavqeini qozonish, qishlog'idan diliga tugib chiqqan orzularini amalga oshirish uchun nima ish qilsa astoydil qildi, o'zini ham, qalamini ham ayamadi. Hayotda bir   haqgo'y jurnalist sifatida turli savdolarni, tuxmat va hasadlarni, borinki og'ir-engil kunlarni, sarhad oshib kelganlar uchun begona bo'lmagan noxush g'avg'olarni ham boshdan o'tkazdi…

U bugun mening tasavvurimda har qanday sharoitda ham o'zini, o'zligini saqlay oladigan, haqligini isbotlay biladigan, chayir iroda egasi sifatida gavdalanadi. Davralarda, idoralarda o'z ishining ustasi, mutaxassis kadrlardan biri sifatida tilga olinadi, qadrlanadi va izzatlanadi.

Dilmurod haqiqatan baxtli inson ekan. Unga Xudo chin ma'nodagi sadoqatli yor ato etdi. Sapuraxon sing­limiz o'z paytida O'zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida dovrug' qozongan, mamlakat chorvachiligi, parrandachilik sanoati rivoji uchun katta xizmatlar qilgan, Oliy Majlis deputati bo'lgan rahmatli Xoshimjon aka Teshaboyevning suyukli qizi. Men kasb taqozosi bilan Xoshimjon aka bilan ham bir necha bor muloqotda bo'lganman. Va, u kishining biz ijodkorlarga alohida xayrixohlik bilan qarashi, bajonidil intervyular berishi ham aynan kuyovi Dilmurodjon tufayli ekanligini doim his qilib turganman.

Dilmurod bugun oilasida ham, ish joyida ham suyukli, kerakli, ko'p yaxshi insonlar, har so'lim va solim davralar sog'inadigan, qayga borsa fayzi fasoxati bilan kirib boradigan maqomga erishdi. U odamlarga yaxshilik qilib zavqlanadiganlar toifasidan. Men uning saxovatpeshalik bilan bog'liq bir qancha xayrli ishlarini ham zimdan bilaman. Lekin   bandasining bandasidan yashirib qilgan yaxshiligini oshkor etish ham hikmatdan emas… uning yaxshi amallarini Alloh ijobatli ehson sifatida dargohida qabul qilsin!

Kamina Dilmurodni xayolimda doim 40-45 yoshlar atrofidagi kuch-g'ayratga to'lgan navqiron yigit deb yuraverarkanman. Yaqinda “Aka, men ham oltmishga kiryapman”, desa rosti ishongim kelmadi. Bundoq qarasam, yolg'onga o'xshamaydi. Bu ishtibohimni unga aytdim:

– Aka, o'zi shunaqa bo'ladi. Ko'ngil yaqin odamlar bir-biri uchun doim yosh bo'lib qolaveradi, – deydi.

Ana sizga donishmandlik! Bu endi uning yana bir qirrasi, faylasuflarcha fikrlashidan darak. Aytishicha, men ham yetmishga kirsam ham uning uchun, doim o'sha ilk tanishgan chog'imizdagi Abdunabi aka ekanman.

Aravonlik ko'ngli yaqin ukam. Olt­mish yoshlik navqiron avon muborak bo'lsin!

Abdunabi BOYQO'ZIYEV

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi, shoir

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 19 =