Dorilfununning istiqbolli yo'li

Bugun mamlakatimizning barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta'lim tizimidagi o'zgarishlar haqida so'zlamaslikning iloji yo'q. So'nggi yillarda ta'lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo'yicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirganini e'tirof etish joiz.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek: “Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli bo'lib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, ko'plab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tug'iladi. Shunday ekan, Yangi O'zbekiston ostonasi ta'limdan boshlanadi desak, o'ylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qo'llab-quvvatlaydi”.
Ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qismini, albatta, oliy ta'lim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Xususan, O'zbekiston Respublikasida oliy ta'limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo'nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, oliy ta'limni modernizatsiya qilish, ilg'or ta'lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi sohadagi yangi islohotlar uchun debocha vazifasini bajarib bermoqda.
Jahondagi nufuzli oliy ta'lim muassasalari ilm-fanning yirik o'choqlari hisoblanishi hech kimga sir emas. Hozirda yangi-yangi oliy o'quv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda. Bugun yangi O'zbekiston ham jahon hamjamiyati safida o'z o'rniga ega bo'lib bormoqda. Mamlakatdagi har bir soha zamonga xos va mos tarzda rivojlantirilib, har bir sohada yangilanish nafasi ufurmoqda.
Keling, ta'lim sohasidagi islohotlar haqida muxtasar to'xtalaylik. Sababi, keyingi yillarda yurtimizda maktab, o'rta maxsus va oliy ta'lim tizimida raqobat muhitini shakllantirish, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy sektor resurslaridan keng foydalanish, aholining oliy ta'lim bilan qamrab olinishini rivojlangan davlatlar darajasiga yetkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Misol uchun, so'nggi 5 yilda mamlakatimizda 50 dan ziyod yangi oliy ta'lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, yurtimizda oliy o'quv yurtlarining soni qariyb 130 taga yetdi.
O'zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar O'zbekiston Milliy universitetida ham izchil amalga oshirib kelinmoqda. Binobarin, hozirgi paytda 93 ta bakalavriat yo'nalishi, 81 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha 35 mingga yaqin talabalar tahsil olmoqda, shuningdek, 98 ta doktorantura ixtisosliklari bo'yicha 1000 dan ortiq yosh tadqiqotchilar ilmiy ish bilan shug'ullanmoqda.
Sir emaski, ulkan ilmiy salohiyatga ega O'zbekiston Milliy universiteti ta'limning deyarli barcha fundamental yo'nalishlari bo'yicha O'zbekiston oliygohlari uchun respublikadagi tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. Ta'lim nazorati, ta'lim sifati va ta'lim natijadorligi haqida so'z ketganda O'zbekiston Milliy universiteti misolida yorqin faoliyat yuritilayotganini alohida ta'kidlashni istardim. Jumladan, 2023 yilda xorijiy ilmiy tadqiqot markazlari grantlari va xorijiy ilmiy fond mablag'lari tomonidan umumiy qiymati 328 000 AQSh dollari bo'lgan loyihalar bajarildi. Shu yili chop etilgan umumiy nashrlar soni 3635 tani, jumladan, 821 ta respublika ilmiy jurnallarida, 1321 ta xalqaro ilmiy jurnallarda, 1493 ta xalqaro va respublika ilmiy anjumanlarida chop etildi. Shuningdek, 2023 yilda 97 ta monografiya nashrdan chiqdi.
Milliy universitetimiz xalqaro maydonda ham salmoqli yutuqlarga erishib kelmoqda. Xususan, QS xalqaro reyting agentligi natijalariga ko'ra, otaxon universitet dunyoning TOP-500 oliy ta'lim muassasalari ro'yxatidan munosib o'rin egalladi.
Bugun universitetimizda 14 nafar akademik, 250 dan ortiq fan doktori va professorlar, 450 dan ziyod fan nomzodi, falsafa doktori va dotsentlar faoliyat ko'rsatmoqda, 1000 dan ortiq yosh olimlar ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ta'lim tashkilotlari uchun akademik va tashkiliy, shuningdek, moliyaviy mustaqillikning berilishi hamda Kengashlar vakolatlarining kengayayotgani ta'lim sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, sifatli ta'lim xizmatlarini ta'minlash va bu borada hukumatimiz tomonidan berilgan vazifalarni to'la-to'kis ado etish orqali mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab beruvchi salohiyatli kadrlar tayyorlashga keng imkoniyatlar yaratadi.
Oliy ta'lim tashkilotlarining milliy reytingi nufuzini oshirish maqsadida, milliy reytingda so'nggi 3 yil davomida doimiy ravishda birinchi 3 ta o'rindan birini egallab kelayotgan oliy ta'lim tashkilotlariga oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash bo'yicha akademik va moliyaviy mustaqillik berish hamda mustaqillik mezonlari Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq qabul qilinishi kabi ustuvor vazifalar belgilandi. Bu esa o'z navbatida bu sohadagi xalqaro amaliyot, shu jumladan, Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi standartlarini o'rganishni taqozo etadi.
O'rganishlar shuni ko'rsatdiki, dunyoda oliy ta'limning o'rni tobora rivojlanib bormoqda. Bugun jamiyatimizda universitetlarga katta umidlar bilan qarab, iqtisodiyotning o'sishi va bilimlar jamiyatining shakllanishiga yordam beruvchi keng ko'lamli vazifalarni bajarishni talab qiladi. An'anaviy ta'lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyati bilan bir qatorda oliy o'quv yurtlari mamlakat taraqqiyotida keng ishtirok etishga va uning intellektual va innovatsion salohiyatining uzluksiz o'sishini ta'minlashga undamoqda.
Oliy ta'lim asta-sekin bozor munosabatlarining to'laqonli sub'yektiga aylanib, akademik mustaqillik tamoyillari asosida faoliyat ko'rsatmoqda. Bu esa uning boshqaruv tuzilmasini faol o'zgartirishga, funksiyalarni o'zgartirishga, yangi moliyalashtirish manbalarini topishga, yangi ta'lim usullarini izlab topishga va bilimlarni nazorat qilishga undaydi. Oliy ta'lim muassasalarining faoliyati, binobarin, ularni boshqarish tobora korporativ tus olmoqda.
Ko'pgina mamlakatlarda oliy ta'lim muassasalarining o'rni o'zgarib borishi bilan ularning Markaziy hokimiyat organlari bilan munosabatlari xarakteri ham o'zgarib boradi. Davlat nazorati asta-sekin kamaymoqda. O'tgan o'n yillik mobaynida, deyarli butun dunyoda, oliy ta'lim tizimi raqobatbardoshligini yagona bir xil o'lchov sifatida namoyon bo'ladigan, ularga yanada erkinlik, dinamizm, moslashuvchanlik va samaradorlikni berish maqsadida oliy ta'limni boshqarishda tizimli va institutsional darajada keng ko'lamli islohotlar kuzatilmoqda.
“Boshqaruv” tushunchasining to'liq ko'lamiga qaramasdan, oliy ta'lim kontekstida har doim universitetlarning mustaqilligi, akademik erkinliklari va institutsional javobgarligi bilan bevosita bog'liq. Bugungi kunda oliy ta'limni boshqarish tizimlarining mustaqilligi, jamoaviyligi (kollegialligi) va shaffofligi butun dunyodagi eng samarali faoliyat ko'rsatayotgan ta'lim tizimlarining ajralmas xususiyatlariga aylandi.
Aksariyat ekspert va tahlilchilarning ishlarini umumlashtirib, institutsional mustaqillikning uchta asosiy shaklini ajratib ko'rsatish mumkin: boshqaruv, akademik va moliyaviy. Shu bilan birga shtatlar komplektatsiyasi erkinligi, ya'ni kadrlar mustaqilligi universitetning ma'muriy mustaqilligiga singdiriladi. Mazkur tasnif eng avvalo amerika oliy ta'lim tizimiga nisbatan qo'llaniladi.
Evropa ta'lim makonida kadrlar muhiti institutsional muhitning mustaqil elementi sifatida qaraladi.
Akademik mustaqillik — akademik dasturlar, ta'limning usullari va yo'nalishlari, fanlar, darajalar berish, tadqiqotning maqsad va usullari haqida qarorlar qabul qilish;
Moliyaviy mustaqillik — moliyaviy mablag'larni qabul qilish va tasarruf etish, talabalarning ta'lim uchun to'lovlari bo'yicha qarorlar qabul qilish, foydani jamg'arish;
Tashkiliy mustaqillik — tarkibiy bo'linmalarni tuzish va lavozimlarni tasdiqlash, shartnomalar tuzish, mansabdor shaxslar va boshqaruv organlarini saylash;
Xodimlar (kadrlar) mustaqilligi — ishga qabul qilish, rag'batlantirish va ish haqini belgilash.
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotining evolyutsiyasi va butun dunyodagi oliy ta'limning davlat siyosatiga bog'liq o'zgarishlar universitetlarni tashkil etish va boshqarishning an'anaviy shakllarini o'zgartirish zarurligiga olib kelishi tobora aniq bo'lib bormoqda.
Hozirda aksariyat mamlakatlarning davlat ta'lim siyosatida muayyan o'zgarishlarni ifodalovchi “oliy ta'limni tijoratlashtirish”, “oliy ta'limda menejment” kabi tushunchalar keng qo'llanilayotgani bejiz emas.
Negaki, mamlakatlar ichida ham, davlatlar o'rtasida ham universitetlar o'rtasidagi raqobat o'zgardi, yangi mazmun bilan to'ldi. Agar ilgari universitetlar talabalarni ma'lum bir miqdorda jalb qilishi mumkin bo'lsa, bugungi kunda “akademik globallashuv” va oliy ta'limni moliyalashtirish qisqartirilishi natijasida oliy o'quv yurtlari pullik asosda ta'lim oluvchi talabalar uchun kurashda yanada faolroq ishtirok etishi va tegishli qarorlar qabul qilishi zarur bo'ladi. Shu jumladan, eng iqtidorli o'qituvchilarni jalb etish va qo'llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar uchun tenderlar yutib olish.
Bu borada Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi tomonidan qayd etilgan akademik va moliyaviy mustaqillik mezonlarini keltirib o'tish mumkin:
Akademik mustaqillik mezonlari:
— oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish tartibi va talabalar sonini belgilash;
— akademik dasturlar mazmuni va ta'lim tilini belgilash;
— mutaxassisliklar bo'yicha ta'lim dasturlarini yaratish va yopish;
— ta'lim sifatini ta'minlash bo'yicha mexanizmlar va tuzilmalarni tanlash;
Moliyaviy mustaqillik mezonlari:
— zaxirani shakllantirish va davlatning moliyalashtirish profitsitini saqlash;
— ta'lim uchun to'lovni belgilash;
— moliyaviy bozorlarda qarz olish va investitsiya kiritish;
— aksiya va obligatsiyalarni chiqarish;
— universitet egallagan yer va binolarga egalik qilish va ularni tasarruf etish.
So'nggi bir necha o'n yilliklar mobaynida oliy ta'limni davlat tomonidan moliyalashtirish tizimi deyarli butun Yevropa maydonida o'zgarishlarga yuz tutdi. Avvalo, bu oliy ta'lim institutining iqtisodiy rivojlanishdagi rolining o'zgarishi va natijada universitetlarga ko'proq moliyaviy mustaqillik berish zarurati bilan bog'liq edi.
Eng asosiysi, jahondagi eng ilg'or ta'lim maskanlari standartlariga mos holda O'zbekiston Milliy universitetida sifatli ta'limni yaratish, yosh olimlar va iqtidorli talabalarni qo'llab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro reytinglardan mustahkam o'rin egallash, ta'lim uzluksizligini ta'minlash, maktablar, professional ta'lim muassasalari bilan faol hamkorlik o'rnatish, rivojlangan mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik olib borishdek katta maqsadlar yo'lida dadil odimlab bormoqda, deya ishonch bilan ayta olamiz.
Ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli vazifalar, o'zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko'lamda davom ettirish davr talabidir.
Shuhrat TOShMATOV,
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining o'quv ishlari bo'yicha prorektori,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor.