Ta'limda adolat bosh mezon bo'lmoqda

Bugun yangi O'zbekistonda oliy ta'lim tizimidagi ijobiy o'zgarishlar rivoj­lanib, yangilanib boradigan jarayonga aylandi. Sohadagi islohotlarni jadallashtirish, belgilangan marralarga yetish Davlatimiz rahbarining doimiy diqqat-e'tiborida ekaniga guvoh bo'lib turibmiz.

Qayd etish lozimki, maktab bitiruvchilarini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini oshirish, qabul jarayonini takomillashtirish va boshqa shu kabi masalalarning yechimi borasida ulkan qadamlar tashlandi. 2017 yilgacha O'zbekistonda yoshlarni oliy ta'lim bosqichiga qamrab olish ko'rsatkichi 9-10 foizdan oshmagan bo'lsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ko'rilgan chora-tadbirlar tufayli 2017-2021 yillarda bu raqam oldingi 9 foizdan 28 foizga yetdi. Oliy ta'lim muassasalari soni 2017 yilda respublikamiz bo'yicha 78 ta bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda ularning soni 210 tani tashkil etmoqda. Talabalar soni 2017 yilda O'zbekistonda 300 ming nafar edi, 2024 yilga kelib bu raqam 1 million 350 ming nafardan ortiqni tashkil qilyapti. O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida esa oliy ta'lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish belgilangan.

Buning uchun Yangi O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayonini takomillashtirish, qabul kvotalarini oshirish, kirish imtihonlarida ayrim toifa abiturientlarga imtiyozlar berish, oliy ta'lim sifatini yangi bosqichga ko'tarish borasida muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.

Xususan, joriy yilning fevral oyida Prezident qarori bilan tuzilgan “Ta'lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tomonidan o'tgan qisqa vaqt ichida vazirliklar bilan birga o'quv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, ta'lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko'tarish bo'yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqildi.

Jumladan, shu yilning 6 may kuni Prezident huzurida oliy ta'lim yo'nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan taqdimotda sohaga oid muhim takliflar ilgari surildi.

Hozirgi globallashuv va bozor iqtisodiyoti sharoitida yuksak salohiyatli, bilimli, mas'uliyatli, raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish har qachongidan dolzarb masalaga aylangan. Har qanday davlatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yuksak malakali kadrlar muhim o'rin tutishi hech kimga sir emas. Shundan kelib chiqib, ta'limning xalqaro tasnifi, ilg'or xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yo'nalishlarini qayta ko'rib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori bo'lgan sohalarda yangi yo'nalishlar ochish bo'­yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, yangi o'quv yilidan boshlab oliy o'quv yurtlarida ta'lim jarayonlarini raqamlashtirgan holda dekanatlar va boshqa ma'muriy tuzilmalarni optimallashtirish orqali yangi tizimni joriy etish bo'yicha berilgan ko'rsatmalar kelgusida oliy o'quv yurtlariga zamon bilan hamnafas va yangi raqamli imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatini beradi. Boshqaruv uchun yangi imkoniyatlar yaratib, o'quv dasturlarini, professor-o'qituvchilarni, xodimlarni va resurslarni boshqarishni osonlashtiradi.

Prezident huzuridagi taqdimotda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirgan holda, oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilishda o'tkaziladigan kirish test sinovlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, yoshlarning ta'lim olishga bo'lgan ishtiyoqini rag'batlantirish, qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yo'naltirish borasida ilgari surilgan taklif yoshlarni yanada ruhlantirdi, desak, yanglishmaymiz. Har qanday sohada bo'lgani kabi, ta'limda ham raqobat bo'lmasa, rivoj­lanish bo'lmasligini bugun barchamiz anglab turibmiz. Yangi tizim talabaning bilimiga, fanlarni sifatli o'zlashtirishiga va eng asosiysi, adolatga bo'lgan ishonchining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Yangi tartibga ko'ra, muayyan bir yo'nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to'plagan abiturient, tanlagan oliy ta'lim muassasasidan qat'i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya'ni, yuqori ball olgan yoshlar o'qishga kirmay qolmaydi. Davlat granti esa 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Qabul qilinayotgan yangi tartib talaba-yoshlar o'rtasida adolatli raqobatni yuzaga keltirib, talabaning izlanishi, kelgusida jamiyatda o'z o'rniga ega bo'lishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda tizimli va izchil ravishda olib borilayotgan ta'lim sohasidagi islohotlar o'z natijasini ko'rsatishi shubhasiz. O'zbekiston oliy o'quv yurtlari zamon talablariga moslashadigan hamda bugungi kun va kelajak uchun zamonaviy bilim va yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatiga egadir. Amalga oshirilayotgan islohotlarning shu tarzda davom ettirilishi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ko'rsatib o'tilgan oliy ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalar ijrosi sifatli ta'minlanishi — mamlakatimizda ta'limning yuqori cho'qqilarga chiqishiga va eng asosiysi, yoshlarimiz xalqaro miqyosda raqobatbardosh bo'la oladigan, mehnat bozorida o'z o'rnini topa oladigan, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan malakali kadr bo'lib yetishishiga xizmat qiladi.

Dilnoza XODJAYEVA,

Qo'qon davlat pedagogika

instituti rektori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + nine =