Millat kamolotidan muhimroq ishning o'zi yo'q!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Yangi O'zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g'oya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. So'nggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog'i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o'quv qo'llanmalari yaratildi.
O'qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, o'tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o'rtacha 2,5 baravar oshdi.
Jumladan, chet tili, axborot texnologiyalari, matematika, kimyo, biologiya bo'yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o'qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to'lov joriy etildi.
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida yangi o'quvchi o'rinlari yaratildi. Oliy ta'limda ham qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytirildi.
Ma'lumki, Prezidentimiz raisligida 2023 yil 28 avgust kuni maktablarda ta'lim sifatini oshirish, o'quvchi o'rnini ko'paytirish va o'qituvchilarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan maktablarni ham mazmun, ham sharoit jihatidan yaxshilash bo'yicha qator topshiriqlar berilgan edi.
Jumladan, kasb-hunar egallash istagidagi o'quvchilarga maktabning o'zida tayyor mutaxassis bo'lib yetishish imkoniyatini yaratish, darslarning mazmunini tubdan o'zgartirish, 1-sinfdan kompyuter savodxonligi, yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslarini joriy etish belgilangandi. Shuningdek, maktab ta'limida boshqaruv tizimini ham o'zgartirish tashabbusi ilgari surilgandi. Unga ko'ra, endi direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanadi va muddatli shartnoma asosida ishga olinadi. Direktorlar va uning o'rinbosarlari har besh yilda bir marta sertifikatsiyadan o'tadi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi sohasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasiga qarashli 558 ta ta'lim maskani, 14 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat olib bormoqda. Ayni kunda viloyatdagi umumiy o'rta ta'lim maktablarida 266 796 nafar o'quvchi ta'lim olyapti.
Ta'lim 5 tilda o'qitilmoqda. 539 ta maktab o'zbek tilida, 21 ta maktab rus tilida, 3 ta maktab qozoq tilida, 15 ta maktab qirg'iz tilida, 6 ta maktab tojik tilida ta'lim beradi.
Bundan tashqari, 954 nafar o'quvchi uyda yakka tartibda ta'lim oladi. Ular aqliy rivojlanishdan orqada qolgan, tayanch harakatida nuqsoni bor va boshqa turdagi kasalligi mavjud bolalardir.
Viloyatimizda 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari, Prezident maktabi, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktablari faoliyat yuritadi.
Mazkur ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan o'quvchilarga malakali o'qituvchilar hamda xorijiy xalqaro toifali mutaxassislar saboq beryapti.
2023 yilda jami 141 ta ta'lim muassasasida qurilish, ta'mirlash va jihozlash ishlari olib borildi. Shundan 2 ta yangi qurilish, 14 ta rekonstruksiya va 85 ta mukammal ta'mirlash va 19 ta joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Bunda 9 458 nafar o'quvchi o'rni uchun shart-sharoitlar yaratildi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 105,0 mlrd so'm mablag' yo'naltirilgan.
2023 yilda ta'lim muassasalarida o'quvchilarning ilg'or texnologiyalar asosida sifatli bilim olishlari uchun umumiy o'rta ta'lim maktablariga 3 557 dona eng zamonaviy kompyuter texnikasi yetkazib berildi.
Bundan tashqari, ko'plab umumiy o'rta ta'lim maktablari elektron doska, o'ndan ortiq o'quv dargohlari esa robototexnika vositalari bilan ta'minlandi. Viloyatda jami 558 ta umumiy o'rta ta'lim maktablari doimiy internet tarmog'iga ulangan.
2023 yilda jami 9 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlarida yangi qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 40,3 mlrd so'm mablag' ajratildi.
2023 yilda 490 quvvatga ega 4 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, 995 quvvatga ega 7 ta davlat xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta'lim tashkiloti va 5 125 quvvatga ega 205 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etildi.
Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirishda birinchi navbatda pedagog kadrlar bilan ta'minlash va ularning sifat tarkibi alohida ahamiyatga ega.
2023 yilda umumta'lim maktablarida faoliyat olib borayotgan jami 1 943 nafar chet tili fani o'qituvchilardan 904 nafari (50 foiz) xalqaro til bilish sertifikatini qo'lga kiritgan.
2023-2024 o'quv yilidan boshlab viloyatdagi har bir tuman (shahar)da 1 tadan jami 13 ta maktabda ikkinchi xorijiy til o'qitilishi yo'lga qo'yildi. Shundan 4 ta maktabda fransuz tili, 6 ta maktabda nemis tili, 2 ta maktabda xitoy tili va 1 ta maktabda koreys tili ikkinchi xorijiy til sifatida o'qitilmoqda.
Shuni alohida ta'kidlab o'tish kerakki, joriy yilda umumiy o'rta ta'lim maktablarini bitirgan bitiruvchilarning 543 nafari xalqaro chet tili sertifikatini qo'lga kiritgan. Bu ko'rsatkich 2021 yilga nisbatan 329 nafarga oshdi.
2023-2024 o'quv yilidan boshlab o'nlab umumta'lim maktablarida kasb-hunarga o'rgatish amaliyotini joriy etish ishlari boshlandi. Ushbu maktablarda hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib hududga mos kasblar va tadbirkorlikka o'rgatilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqqa asosan, 2024 yil 1 yanvardan boshlab 24 ta umumiy o'rta ta'lim maktabida kasb-hunarga o'rgatish amaliyotini joriy etishga kirishildi.
Viloyatdagi umumta'lim maktablarida yuqori sinf o'quvchilarining qobiliyati va tanlovi asosida ta'lim jarayonlarini tashkil etish yo'lga qo'yildi.
Tanlov fanlari joriy etilishidan asosiy maqsad ta'lim jarayonini tashkil etishda zamonaviy yondashuvlarni va ilg'or xorijiy tajribalarni qo'llash, o'quvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda ta'lim berish hamda yuqori sinf o'quvchilarining fanlarga ixtisoslashuvini kengaytirish va ularni oliy o'quv yurtlariga yo'naltirish uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Joriy o'quv yilidan boshlab umumta'lim maktablarida ixtisoslashtirilgan maktablarning o'qitish metodikasi va baholash tizimlari joriy etildi va ushbu maktablarga viloyatdagi mavjud 13 ta ixtisoslashtirilgan maktablar biriktirildi.
2023-2024 o'quv yilidan yangi tashkil etilgan 3 ta umumiy o'rta ta'lim maktablarining rahbar va pedagog xodimlarini tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etildi. Ushbu ta'lim muassasalariga viloyatdagi mavjud oliy ta'lim muassasalari ta'lim sifatini oshirish bo'yicha biriktirildi.
2022-2023 o'quv yilining yakunlari bo'yicha maktab bitiruvchilarining 6 752 nafari (41 foiz) oliy ta'lim muassasalariga qabul qilindi.
So'nggi besh yilda umumiy o'rta ta'lim maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatkichlari 40,0 foizga oshdi.
Bitiruvchilarning oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatkichlari bilan bir qatorda davlat test sinovlari asosida test topshirgan bitiruvchilarning o'rtacha ball ko'rsatkichlari ham yildan yilga oshib bormoqda.
O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq Davlat Test markazi) tomonidan o'tkazilgan test sinovlari asosida O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatkichlari 2020 yilda 9,4 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2023 yilga kelib 27,1 foizga oshdi.
Joriy yilda Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning ilg'or ish tajribali xorijlik mutaxassislari tomonidan haftaning har shanba kuni umumta'lim maktablari o'qituvchilari uchun master klasslar o'tkazish tizimi yo'lga qo'yildi. Bu tajriba Baxmal, G'allaorol tumanlarida o'tkazildi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda talabalarning haftalik o'quv mashg'ulotlari “4+2” tartibida umumiy o'rta ta'lim muassasalarida amaliyot o'tash tartibida olib borilishi tizimi yo'lga qo'yildi.
Viloyatdagi mavjud ixtisoslashtirilgan maktablarga reyting ko'rsatkichlari eng oxirida qolib ketgan va qizil toifadagi umumiy o'rta ta'lim maktablarini biriktirish amaliyoti joriy etildi. Reja asosida barcha yo'nalishlar bo'yicha ushbu maktablarga metodik yordam ko'rsatish tizimi yo'lga qo'yildi.
Vazir jamg'armasi hisobidan 2023 yil davomida viloyatdagi ilg'or ish tajribasiga ega malakali pedagog xodimlar rag'batlantirildi. Bunda har bir o'qituvchiga 9 oy davomida 5 mln so'mdan ustamalar to'lab berildi.
Joriy o'quv yilida “Zo'r” (“Klass!”) loyihasi doirasida 5 nafar xorijlik mutaxassis viloyatdagi umumiy o'rta ta'lim maktablarida ta'lim berib kelmoqda.
Xullas, ta'lim tizimiga joriy etilayotgan islohotlar o'z natijasini beryapti. Boshlanish arafasida turgan yangi o'quv yilidagi rejalarimiz yanada katta.
Masalan, umumiy o'rta ta'lim muassasalari direktorlarini menejerlik o'quv kurslarida o'qitish tashkil etiladi, umumta'lim maktablari o'qituvchilari va o'quvchilari mahalliy va xalqaro ommaviy ochiq onlayn kurslarda (“Yosh dasturchi” (code.org), “Bir million o'zbek dasturchilari” va boshqalar) o'qitiladi. 2024 yilda respublika mablag'lari hisobidan 70 ta umumta'lim maktabiga 1 190 ta, mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan 35 ta umumta'lim maktabiga 595 dona zamonaviy kompyuter yetkazib berish ko'zda tutilgan. Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiali tashkil etiladi. O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish hamda maktabni tamomlagandan so'ng ularning bandligini ta'minlash yuzasidan hokim, ota-ona va maktab direktori o'rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish joriy etiladi.
Shu bilan birga Maktabgacha va maktab ta'limi tizimida malaka oshirish jarayoni muvofiqlashtirilib, o'qituvchilar malakasini tabaqalashgan holda oshirish tizimini joriy etish;
— umumta'lim muassasalari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tizimini yo'lga qo'yishni rejalashtirganmiz.
Maqsadimiz — yagona ta'lim sifatini yildan-yilga oshirish. Yangi O'zbekistonimizga munosib farzandlarni tarbiyalab, ta'lim berib voyaga yetkazish. Mana shu ezgu niyatni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilmoqdamiz.
Albatta, kelajagimiz egalari bo'lmish yoshlarni bilimdon, zakiy, tarbiyasi, odob-ahloqi mustahkam, havas qiladigan darajada kamolga yetkazish oson ish emas. Bu hamisha mashaqqatli mehnat, tinimsiz o'qib-izlanishni taqozo etadi. Bu borada qancha muammolar, kamchiliklar borligi ham sir emas. Xususan, pedagog-kadrlarning bugungi davr talablariga javob bera olishi, bilimi, saviyasi, kerak bo'lsa ma'naviy darajasi qay ahvolda? Muallimlarimizning hammasi ham yuksak talab darajasidami? Afsuski, bu savollarga to'la-to'kis “ha” deb ayta olmaymiz. Chunki o'qituvchining o'zi hurmatga sazovor bo'lmog'i uchun shunga munosib bo'lishi lozim. Zero, millat tarbiyasi, kamolotidan muhimroq vazifaning o'zi yo'q. Har bitta bola — bitta nihol. U to'g'ri o'sishi, ko'kka adl bo'y cho'zishi, ertaga kutilgan hosilni berishi ushbu niholga o'z vaqtida parvarishni, e'tiborni talab etadi. Ana shu yo'lda jamiki ishlarni, yumushlarni, harakatlarni bajarish — bizning burchimiz.
Sanobar SUYaROVA,
Jizzax viloyati Maktabgacha va
maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i.