Iste'dodlar jamlangan maskan

So'nggi yillarda milliy madaniyatimizni, yangi O'zbekistonning yangi tarixini yaratishda madaniyat va san'at sohasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'biri bilan aytganda, mamlakatimizda madaniyat va san'at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Qolaversa, taraqqiyot boylik yoki kuch-qudrat darajasi bilan emas, balki milliy madaniyatning naqadar yuksaklikka ko'tarilgani bilan o'lchanishi haqida bejiz aytilmagan.

Shu bois mamlakatimizda yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirish, ma'naviy yetuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, yosh iste'dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro'yobga chiqarish borasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, madaniyat va san'at sohasini rivojlantirish, jahon miqyosidagi ilg'or tajribalar asosida zamonaviy madaniyat va san'at muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkor ziyolilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash masalalariga davlatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.

Bu borada amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning yaqqol natijalaridan biri, bu — O'zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining tashkil etilishi bo'ldi. Bu esa davlatimiz rahbarining qoraqalpoq san'atiga va qoraqalpoq yoshlariga bo'lgan e'tibori va g'amxo'rligining ifodasi bo'lishi bilan birga, san'atsevar yoshlarimizga o'z iste'dodini namoyon qilishlari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.

O'zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali yaqinda tashkil topgan bo'lishiga qaramasdan, shu kungacha filial hayotida juda katta o'zgarishlar amalga oshirilib, yangi-yangi marralar zabt etilmoqda. Filial hayotidagi har bir kun yangiliklar bilan davom etayotgani quvonarli hol. Har bir professor-o'qituvchi va xodimlar o'z ishiga jonkuyarlik bilan yondashib, filialning yanada rivojlanishiga o'z hissasini qo'shmoqdalar. Jumladan, filialning ilmiy darajasini yuksaltirish maqsadida professor-o'qituvchilar tomonidan bir qancha o'quv va ilmiy adabiyotlar yaratildi, shu bilan birga ularning ilmiy unvonlari ham sezilarli darajada oshmoqda. Jumladan, O'zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali kengashi tavsiyasi bilan 3 ta professor, 5 ta dotsent ilmiy unvoni Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlandi. Professor-o'qituvchilarimiz o'zining ilmiy va ijodiy ishlari bilan birgalikda grant loyihalari ustida ham ish olib bormoqdalar.

Shuningdek, filialda o'quv jarayoni yanada takomillashtirildi va filial professor-o'qituvchilari tarkibi yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlandi. O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti professori, dirijyor Hikmat Rajabov, O'zbekiston davlat konservatoriyasidan Abdulloh Sayidxonov va V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi bosh o'qituvchisi Nodira Rajabova Toshkent shahridan kelib yosh iste'dod egalariga ta'lim berib kelmoqda.

Filialda ta'lim olayotgan talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish va filialning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda musiqa asboblari bilan ta'minlash maqsadida O'zbekiston davlat konservatoriyasidan kontrabas, fagot, trombon, truba, tuba, valtorn, litavra kabi 7 ta musiqa asbobi va besh yuzga yaqin o'quv adabiyotlari, o'n besh mingga yaqin elektron kitoblar olib kelindi. 2023 yil sentyabr oyidan boshlab 30 ga yaqin royal va fortepyano xarid qilindi va barcha xonalar musiqa asboblari bilan to'liq ta'minlandi.

Filialda professor-o'qituvchilar va talaba-yoshlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida ularning mahalliy va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishlari ta'minlandi, amaliy mashg'ulotlar bilan samarali shug'ullanish­lari uchun hamkorlikdagi konsert dasturlari uzluksiz yo'lga qo'yildi, ilmiy-ma'rifiy faoliyat va targ'ibot yo'nalishlari bo'yicha filial professor-o'qituvchilari “Do'stlik” ordeni, “Qoraqalpog'iston Respub­likasida xizmat ko'rsatgan yoshlar ustozi” faxriy unvoni, “Madaniyat va san'at fidokori”, “Vatan fidoyisi”, “Oliy ta'lim a'lochisi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlandilar.

Xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda ishlash, ular bilan mus­tahkam aloqalarni yo'lga qo'yishda ham ko'p­lab ishlar amalga oshirildi. Masalan, joriy yil mart-aprel oylarida bir necha professor-o'qituvchilarimiz bilan birgalikda Qurmang'ozi nomidagi Qozoq milliy konservatoriyasida, shuningdek, T.Sattorov nomidagi Tojikiston milliy konservato­riyasida bo'lib, bir qancha kelishuvlarga erishdik. Bundan tashqari, filialimizga jahonning turli mamlakatlaridan taniqli musiqachilar tashrif buyurib, talabalar uchun mahorat darslarini o'tib kelmoqda. Jumladan, fransiyalik va germaniyalik musiqachilar Maksim Zekkini fortepyano (organ)dan va Teo Bross violonchel cholg'u asbobidan, fransiyalik taniqli pianinochi va bastakor Joanna Goodali ishtirokida mahorat dars­lari va konsert dasturlari yuqori saviyada o'tkazildi.

O'zbekiston davlat konservatoriyasidan taniqli ustoz san'atshunoslarning tez-tez tashrif buyurib, o'qituvchilar va talabalar bilan uchrashuvlar, mahorat darslarini tashkil qilishi bizni juda quvontiradi. Ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarimizga taniqli shoir va yozuvchilarning tashrifi yoshlarimizning ma'naviy olami yuksalishiga zamin yaratadi.

Filialimizda tahsil olayotgan iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilgan “Xalq cholg'ulari” ansambli, “Xalq cholg'ulari” orkestri hamda “Simfonik orkestr” respublikamiz miqyosidagi tadbirlarda, shahar va tumanlarda o'tkaziladigan maxsus konsert dasturlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, ular sinf konsertlarini hamda o'z jamoalarining konsert dasturlarini o'tkazmoqdalar.

Talaba-yoshlarimiz malakali ustozlardan bebaho san'at sirlari haqida chuqur bilim va ta'lim-tarbiya olish bilan bir qatorda, nufuzli xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda, festivallarda munosib qatnashib, yuqori o'rinlarni egallab kelmoqdalar. Bunga misol qilib, ko'p­lab talabalarimizning yutuqlarini aytsak bo'ladi.

2023-2024 o'quv yilida nomdor stipen­diyalarga ega bo'lgan talabalarimiz: musiqashunoslik yo'nalishi 3-bosqich talabasi Guljayna Orazaliyeva Islom Karimov nomidagi, akademik xonandalik yo'nalishi 3-kurs talabasi Mohigul Gaipova Ibroyim Yusupov nomidagi, musiqashunoslik yo'nalishi 3-bosqich talabasi Ayzada Muratbayeva To'lepbergen Qayipbergenov nomidagi davlat stipendiati bo'lish baxtiga erishdilar.

Akademik xonandalik yo'nalishi 3-kurs talabasi Mohigul Gaipova 2023 yil sentyabr oyida Qirg'iziston Respublikasi Bishkek shahrida yosh ijrochilarning VII xalqaro tanlovida 2-o'rin sohibi va “Yoshlik bahori” res­publika ko'rik-tanlovi g'olibi; Nurmuxammed Esemuratov 2023 yil sentyabr oyida Qirg'iziston Respublikasi Bishkek shahrida yosh ijrochilarning VII xalqaro tanlovi dip­lomanti; xalq cholg'ulari yo'nalishi 2-kurs talabasi Aydana Jumamuratova 2023 yil sentyabr oyida Qozog'iston Respublikasi xalq artisti Azidolla Eskaliyev nomidagi VI xalqaro “Oltin do'mbira” nomidagi yakka do'mbirachilar ko'rik-tanlovi 3-o'rin g'olibi; 3-kurs talabasi Abbos Yo'ldoshev joriy yil Germaniyada bo'lib o'tgan “Zimnyaya zvezda” onlayn tanlovida Gran-pri g'olibi, Azizbek Tilepbergenov 1-o'rin, Karamatdin Tursinbayev 2-o'rin sohibi bo'ldi; xalq cholg'ulari yo'nalishi 1-kurs talabalari Azizbek Jetkerbayev, Ulbosin Matnazarova, 2-kurs talabasi Aydana Jumamuratovalar “Yangi yil yulduzlari” respublika ko'rik-tanlovida Gran-pri g'olibi bo'lishdi.

Har yili an'anaviy tarzda o'tkaziladigan “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilari respublika festivalida 2024 yil mart oyida akademik xonandalik yo'nalishi 3-kurs talabasi Abat Aljanov “Eng yaxshi erkak ovozi” nominatsiyasi g'olibi, 1-kurs talabasi Dilnaz Keunimjayeva “Eng yaxshi ayol ovozi” nominatsiyasi g'olibi bo'lishdi.

Bugun san'atga qiziquvchi iste'dodli yoshlarimiz juda ko'p. Ulardan ba'zilari allaqachon san'at sohasida o'z o'rniga ega bo'lib ulgurishdi. Biz, ustozlar yoshlarga to'g'ri yo'nalish ko'rsata olishimiz, ularni iste'dodi bo'yicha yo'naltirishimiz kerak. Aytish joizki, Qoraqalpog'istonda konservatoriyaning ochilishi iste'dodli yoshlarning kelajakda nafaqat qoraqalpoq, balki o'zbek madaniyati va san'atining haqiqiy namoyandalari bo'lishiga zamin yaratadi. Kelajakda ushbu dargohda bilim olgan yoshlar buyuk ustozlarimizning munosib vorislari bo'lib yetishishiga ishonamiz. Buning uchun bor kuch-g'ayratimizni ayamaymiz.

Joriy o'quv yilida qabul kvotamizni oshirish va bu jarayonni kelgusida bosqichma-bosqich rivojlantirish hamda filialda san'atning boshqa yo'nalishlari bo'yicha bo'limlar tashkil etish, o'quv muassasamizning ilmiy mavqeini yanada yuksaltirish singari ko'plab rejalarni amalga oshirish niyatidamiz. Asosiy maqsadimiz yoshlarimizga sifatli bilim berish, ularni o'z kasbining yetuk mutaxassislari, mohir ijodkor bo'lib yetishishini ta'minlash orqali milliy madaniyatimiz va san'atimiz rivojiga hissa qo'shishdir.

Rudakiy ALLANBAYEV,

O'zbekiston davlat konservatoriyasi

Nukus filiali direktori,

Qoraqalpog'istonda xizmat

ko'rsatgan artist,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 1 =