Kutubxonalarda korporativ tizimlar

Kutubxonalar qadim zamonlardanoq jamiyat hayotining ajralmas qismi hisoblangan. Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qo'lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbalar bizgacha yetib kelgan. Bundan tashqari, millat ravnaqi, mamlakat taraqqiyoti, ilm-fan rivojlanishi, kadrlar salohiyatini oshirishda kutubxonalarning o'rni beqiyosdir.

Hozirda ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) jadal taraqqiy etib borayotgan sharoitda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, ta'lim, tibbiyot, bandlik, qishloq xo'jaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm, kutubxona va boshqa sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun'iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish urfga kirmoqda.

Ta'lim muassasalarida zamonaviy bilimlar berish bevosita kutubxonalar faoliyatiga ham bog'liq. Kutubxonalarning zamonaviy jamiyatdagi o'rni, asosan, ularning ta'lim rivojiga qo'shgan hissasi bilan belgilanadi. Kutubxona deganda ko'p jabhalarda: ta'lim, madaniyat va davlat qurilishida yetakchi rol o'ynaydigan maxsus ijtimoiy muassasa tushuniladi. U ijtimoiy institut sifatida jamiyatning axborotga bo'lgan ehtiyojlarini eng yuqori darajada qondiradi. Agar yaqin vaqtgacha kutubxona an'anaviy madaniyat va ma'naviy merosning ramzi bo'lgan bo'lsa, endi u eng yangi texnologiyalar qo'llaniladigan asosiy joylardan biriga aylanmoqda.

Kitoblar elektron shaklga o'tkazilib, biror dastur ilovasi yoki alohida saytlarga joylashtirilishi foydalanuvchilarga ularni tezroq topish, bir vaqtning o'zida bir joyda turib, bir nechta kutubxona bazalari bilan tanishish, ulardan foydalanish imkoniyatini beradi, shuningdek, bosma kitobga ketadigan xarajatlarni kamaytirgan holda uning ko'proq foydalanuvchiga yetib borishiga xizmat qiladi. Yaxshi ma'lumki, nodir kitoblarning bosma nashrlari juda kam, ammo ularga talab bir necha barobar yuqori. Shu bois bosma nashrlar va nodir kitoblarni elektron shaklga o'tkazib, ularni kelajak avlod uchun asrab, saqlab qolish, kengroq targ'ib qilish uchun kutubxonalarda “Elektron kutubxona” deb nomlangan dasturlarga biriktirib qo'yilmoqda.

Butun dunyoda elektron kutubxona axborot texnologiyalarini joriy etishning ajralmas qismiga aylanib boryapti. Amerika universitetlarining kutubxonalari uzoq vaqtdan beri elektron kutubxonaga aylantirilgan. Elektron kutubxona bu shunchaki raqamlashtirilgan kitoblar, davriy nashrlar, audio va videomateriallar to'plami emas. Bular mavjud ma'lumotlarning barcha turlari (telefon, radio, televidenie, kino va bosma materiallar — kitoblar, jurnallar, gazetalar, ilmiy ishlar)ni birlashtirgan korporativ taqsimlangan axborot tarmoqlaridir. Bunday kutubxona so'rovga javoban turli bilim sohalaridan ma'lumotlarni olish imkonini beradi.

Korporativ tarmoq, bu — bir tashkilotning (korporatsiyaning) turli tugunlari va bo'linmalari o'rtasida ma'lumotlar, resurslar va aloqa almashish uchun mo'ljallangan yaxlit axborot tarmog'idir.

Korporativ tarmoq uskunalari ma'lumotlarni uzatish uchun barcha shaxsiy kompyuterlarni bitta jismoniy vositaga ulash uchun ishlatiladi.

Korporativ tarmoqlar global yoki mahalliy bo'lishi mumkin. Hozirda dunyo miqyosida kutubxonalar o'zlarining keng foydalanuvchilari uchun Internet global tarmog'idan korporativ tarmoq sifatida foydalanib, unda o'z korporativ saytlarini joylashtirmoqda. Bu faoliyat o'tgan asrning 90-yillaridan bosh­langan.

Korporativ veb-sayt kompaniyaning mahsulot va xizmatlarini mijozlarga, investorlarga, hamkorlarga, potensial xodimlarga elektron taklif qiladigan va ulardan hamkorlik qilish uchun onlayn arizalarni to'p­lashga yordam beradigan asosiy platformadir.

Korporativ kutubxona jamoaning yaxlitligi va kompaniyaning barcha xodimlarining yagona axborot bazasiga sodiqligi ko'rsatkichi sifatida xodimlar o'rtasida o'zaro tushunishni ta'minlash uchun yagona axborot muhiti sifatida tavsiflanadi.

Bu jarayonlar o'z navbatida O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari kutubxonalar fao­liyatida ham o'zgarishlarga olib keldi va natijada “Yagona ta'lim axborot muhitini rivojlantirish” maqsadida yagona “unilibrary.uz” korporativ sayti tashkil qilindi, u to'ldirilmoqda va takomillashtirilmoqda. Portalga qo'yiladigan muayyan talablar quyidagilardan iborat: 24 soat davomida ishlash; axborot resurslari ta'limning barcha darajalariga mos kelishi; sertifikatlangan resurslarni kiritish. Unga oliy ta'lim muassasalari kutubxonalari o'z bosma nashrlarini elektron shakl­­ga o'tkazib qo'shishmoqda. Chunki kutubxonalar fondidagi asosiy kitoblar ilgari nashr etilgan, ularni elektron shaklga o'tkazish kerak bo'lib, bu raqamlashtirilgan resurslarni qayta ishlash xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Bu jarayonda sifatsiz skaner qilingan kitoblar ustida ishlanadi, elektron ko'rinishda tozalanadi, rang beriladi. Kitob, gazeta, avtoreferatlar, nodir nashrlar elektron shaklga o'girilib, saytga joylanib, kitobxonga taqdim etilmoqda.

Natijada ta'lim muassasalari kutubxonalarining axborot resurslari yagona madaniy axborot-ma'rifiy makonining muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda, kutubxonalarning o'zi esa mahalliy va global axborot-resurslaridan foydalanish imkonini beruvchi axborot-ta'lim markazlariga aylanmoqda.

Yangi axborot texnologiyalari ta'lim muassasalarining mahalliy va global tarmoq darajasida o'zaro ta'sir o'tkazish imkoniyatini ochdi. Ular ta'lim sifatini sezilarli darajada oshiradi. Korporativ omil shaxslararo va kasbiy munosabatlarga tobora ko'proq ta'sir ko'rsatmoqda, ular o'zaro munosabatlarning yangi shakllari: assotsiatsiyalar, konsorsiumlar, turli kutubxonalar birlashmalari orqali amalga oshiriladi.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti axborot-resurs markazi xodimlari tomonidan institut professor-o'qituvchilari va talaba-yoshlarning kundalik hayot ma'lumotlari hamda turli savol va so'rovlarini elektron ta'minlash maqsadida “BuxMTI elektron kutubxonasi” rasmiy chat guruhi kanali faoliyat yuritib kelmoqda. BuxMTI elektron kutubxona saytida esa 9344 nomda darsliklar, o'quv qo'llanmalar, ma'ruza matnlari, o'quv-uslubiy ko'rsatmalar, badiiy adabiyotlar joylashtirilgan.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2022 yil 13 iyuldagi 225-sonli buyrug'iga asosan ARM fondidagi o'quv va ilmiy adabiyotlarni to'liq elektron shaklga o'tkazish hamda vazirlik huzurida yagona “Elektron kutubxona” platformasiga kiritish ishlari 2022 yil 5 avgustdan boshlandi. Hozirgi kunga qadar 11421 nomdagi adabiyotlar nusxa oluvchi qurilmalar orqali elektron shaklga o'tkazildi. “PDF” formatda “unilibrary.uz” platformasiga ixchamlashtirib kiritildi. Platformaga kiritish ishlari bo'yicha ARM xodimlaridan 6 nafari mas'ul etib tayinlandi. Institut professor-o'qituvchilari va talabalar platformadan qanday foydalanish va unga a'zo bo'lishlari bo'yicha video taqdimot tayyorlandi hamda telegram kanallariga joylashtirildi. Professor-o'qituvchilar va talabalarning vaqtini tejash hamda elektron resurslardan foydalanishlari uchun “Elektron kutubxona” platformasiga 9774 nomda o'quv qo'llanma va darsliklar, 1017 nomda ilmiy dissertatsiyalar, 630 nomda monografiyalar kiritildi. Foydalanuvchilar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi 136 ta OTM ARMlarining platformaga kiritilgan adabiyotlaridan erkin foydalanish imkoniyatlariga ega.

Shuni ta'kidlash kerakki, oliy ta'lim muassasasi kutubxonalarining ahamiyati ortib bormoqda va u nafaqat kutubxona fondi ko'rsatkichlari va obuna bo'lgan davriy nashrlar soni, balki axborotdan keng foydalanish bilan ham belgilanadi. Zamonaviy oliy ta'lim muassasa kutubxonasi murakkablik tamoyillari, an'anaviy va elektron resurslar turlarining oqilona kombinatsiyasi, foydalanuvchilarning axborot ehtiyojlarini qondirish, o'z faoliyatidagi dinamiklik va amaliylik bilan ajralib turadi, bu esa korporativ institutlarning samarali rivojlanishi va hamkorligi uchun barcha talablarga javob beradi.

Mavjuda HUSENOVA,

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti

Axborot-resurs markazi direktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − eleven =