Adolatparvarlik – insonni sevish

Haqqoniyat deb ishda to'g'rilik, so'zda rostlikni aytilur. Inson bo'stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo'li ila chiqur. Insoniyatning ildizi o'lan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onosi haqqoniyatdir…

Abdulla AVLONIY

Kun.uz ijtimoiy tarmog'ida ikki farzandini yolg'iz o'zi boqib tarbiyalayotgan ayol haqida o'qib qoldim. U Chirchiq shahrida arzon ijara uyda yashab, farzandlarini har kuni Toshkent shahriga maktabga olib borib kelish zaruratidan “Damas” mashinasi sotib olibdi, haydovchilik qilarkan.  Juvonning hikoyasida shunday so'zlar bor:

“Bir kun Toshkentdan Chirchiqqacha odam oldim. Yonimdagi o'rin bo'sh edi, bittasi o'tirdi, o'sha paytda e'tibor bermabman – ichgan ekan. Yo'lda ketar ekanmiz, u menga gap ota boshladi. Bunaqa vaziyatda nima deyishni bilmayman. Birinchidan, orqada bolalarim, ikkinchidan, undan boshqa yo'lovchilar ham bor. O'zimni ko'rsatib, birovni sharmanda qilishga xohishim yo'q. Jim o'tirishini so'rasam, birpas tinchiydi va yana boshlaydi: erim bor-yo'qligi, ayol boshim bilan kira qilayotganim sababiga qiziqadi. Sabr qilib, tartibga chaqirdim. Chirchiqqa yaqinlashganda hamma tushib ketdi. Mashinada men, bolalarim va o'sha yo'lovchi qoldik. Sherigi ikkalasiga u pul to'lashi kerak edi. U paytda shilqimlik uchun jazo yo'q edi, yaxshiyamki, hozir shunday qaror chiqdi. Manziliga yetganda, “bo'pti” deb tushib ketyapti. Yo'lkirani so'rasam, “Sizga pul berish kerakmi?” – dedi. Alam qiladi – ayol boshingiz bilan uni ura olmaysiz, bolalaringiz oldida so'ka olmaysiz, chunki u paytda siz ham ishlab, ham bolalarga ona sifatida tarbiya berayotgan bo'lasiz. Jahlim chiqib, “Lafz bormi, yo'l haqini bering”, – desam, xuddi sadaqa qilganday yuzimga pulni otib yubordi. Ana o'shanda yig'ladim.

Eng og'riqlisi nima, bilasizmi? Yo'l davomida u menga gap otib kelayotganda, birorta yo'lovchi “Hoy, nima deyapsan?” demadi. Bir ayol xo'rlanadi, lekin atrofdagilar “menga nima?” deganday jim ketishadi”.

Ha, yuqoridagi vaziyatda oq bilan qorani ajratish qiyin emas: shilqimlikning iflosliginiyu ish ustida bo'lgan bir ojizani himoya qilish kerakligini erkaklik sha'niga ozgina da'vogarlar ham biladilar, ammo ular avvalo tarbiyasiz, nomussizning ixtiyoriga qarshi borib, uning kayfiyatini buzgilari, o'zlariga ortiqcha gap orttirgilari kelmaydi va ko'zlari ochiq bo'lsa-da, qalb ko'zlariga parda tushadi: “Menga nima? Qo'limdan nima kelardi?” Kuzatuvchi erkaklarning qariyb mushtarak bo'lgan mana shunday munosabati “ardog'i”da bezorilik yetti gaz sakraydi, ertaga bundan ham “avjli gullab, meva tugsa”, ajabmas.

Shunga o'xshash vaziyatlarga deyarli har kuni ko'chada, bozorda, jamoat transportida, ta'lim dargohlarida, ishxonada, sayru sayohat paytida ham duch kelishimiz odatiy bo'lib qolgan. Bu qalblarimiz bilan bog'liq illat desammi, kasallikmi… aksariyat holatlarda oilalardan bosh­lanadi.

…Besh yil oldingi bir voqea: Farg'ona shahrida ayollar o'rtasida Qur'on tilovati bellashuvining viloyat bosqichi o'tkaziladigan katta saroyning ichkari, tashqarisi, yo'laklari muxlis-tomoshabinlar bilan to'lib-toshgan. Tanlov boshlanishiga daqiqalar qolgan. Shu payt yig'ilganlar orasini yoshi ulug' bir ayol yorib markaziy sahna tomonga intilib kela boshladi. U bir qo'lida ko'zi ojiza yosh juvonni yetaklab, ikkinchi qo'lida esa katta xaltaga solingan brayl yozuvidagi kitoblarni ko'tarib olgandi.  “Bu juda ajoyib ayol, – tushuntirdi menga yonimda turgan viloyat otinoyisi Hilolaxon. – O'zi bosh bo'lib ojiza kelinini musobaqada qatnashtirdi. Anuvi katta xaltadagi kitoblar – Qur'oni karim. Kelini tumanda g'olib bo'lgandi, mana, viloyat bosqichiga olib kelyapti”.

Musobaqa yakunlangandan keyin o'sha qaynona bilan suhbatlashishni niyat qildim. Nimagadir oldindan dilimda: “Ayolning o'g'liyam ko'zi ojiz bo'lsa kerak”, – degan fikr bor edi. Lekin gap­lashganimizda ma'lum bo'ldiki, farzandi har jihatdan sog'lom yigit ekan. Farg'ona pedagogika universitetining tarix fakultetida o'qiyotganda, o'zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi – hozirgi rafiqasi bilan tanishgan, unga uylanish niyatini onasiga aytgan ekan. “O'shanda bolamdan bitta narsani, ya'ni ojiza xotin bilan hayoti oson kechmasligini aytib, “keyin pushaymon bo'lmaysanmi?” deb so'radim. O'g'limning: “Ona, aniq bilamanki, bu qizga mendan yaqin birorta erkak zoti yo'q. Menga shuning o'zi kifoya”, – dedi. O'g'limning mana shu gapi roziligim uchun yetarli edi.

— Bolalarim ikkkita farzandli bo'lishdi. Hozir kelinim maktabda o'qituvchilik qiladi, – dedi kelini musobaqaning viloyat bosqichida ham yuqori o'rinlardan birini egallaganidan quvonib, hayajonlanib turgan qaynona.

Bir tasavvur qiling: ko'zi umuman ko'rmaydigan ayolning oila va davlat ishlarini bajarishi osonmi? O'sha kelinning, o'zimizchasiga aytganda, “Kelin olib orzu-havaslar ko'raman, endi rohatda bo'laman”, – degan yoshi ulug' qaynonasiga-chi? Kiyim, yurish-turish, so'zlashlari soddayu sipo bo'lgan o'sha qaynonaning gap-so'zlarida faqat rozilik, nur, go'zallik ko'rdim. Ang­ladimki, ularning oilasida kimlarningdir xohish-istagi emas, adolat mezoni ustuvor. Shu sababli o'g'li ko'zi ojiz qizga uylanish orzusini ikkilanmay aytgan. Taqdirning bu tuhfasidan oila a'zolarining hammasi shukronada.

Har gal xonadonning o'tidan kirib, suvidan chiqayotgan, “oyijon, nima yeysiz?” deb parvona bo'layotgan keliniga ham chimirilgan, bir kulib qarashniyam ravo ko'rmagan qaynonalarni ko'rganda, yuqoridagi voqea yodimga tushadi.

Afsuski, oilaviy kelishmovchiliklar, ajrimlar, fojialar yildan-yilga ko'payib, ularning sabablari bora-bora yengil-elpilashib bor­yapti. Bu sabablarning to'qson foizi asosida kimningdir kimdandir noroziligi (hech birimiz farishta emasmiz, albatta, ammo… M.U.) yotadi. Ba'zida oilaning buzilishiga-da olib kelayotgan bunday noroziliklar nechog'li adolatli yoki adolatsiz ekanini anglab turganlar ham ko'pincha indamaydilar. Hatto topganini ichkilikka, harom-harish yurishlarga sarflaydigan yoki sabab-besabab xotini, bolalariga tinmay zulm qiladigan erkaklarni ona tovuqday bag'riga olvolib, qovog'ini uyib, qoshini chimirib, bu haqda biror kishining “churq” etishiga yo'l qo'ymaydigan qaynonalar yo'q emas.  Bu nosog'lom vaziyatni isloh etishga jur'atli, tadbirkor, tahlilkor yo topilmaydi, yo yolg'iz qolib u ham indamaslar qatoriga o'tadi. “Jilovdorlar” hamisha kayfiyatni qurol qilib boshqalarni boshqaradilar. “Tikish-bichishga emas, musiqaga borasan, dadang shuni xohlaydi”. “Bolam, unaqa ovqat pishirmaymiz, buvingga yoqmaydi”. “Muncha kitobga yopishvoldi bu kelin, o'qib shahar olib berarmidi?” “Otasi, keliningizning fe'lini bilasiz-ku. Bolalarini urishganda, aralashmang. Bo'lmasa, alamini yana shu go'daklardan oladi”. “Voy, biz ham homilador bo'lganmiz, bola ko'rganmiz… Bu kelin asabga tegib muncha yotoqchilaydi?..” – bunaqa gaplarning oxiri yo'q. Yillar va hatto umr bo'yi shu kabi kayfiyatlarning tutunli o'ti o'chmaydi…  qanchadan-qancha orzu-intilishlar, qiziqishlar, iqtidorlar, tashabbuslar, chiroyli fazilatlar unga qo'shilib “tutab yotadi, tutab ketadi”.

Oilalarda haqqoniyat ildizi qirqilib-qirqilib borishi, kattalarning bunga roziligi; kimdir yoshi ulug'ligi, kimdir tili o'tkirligi, kimdir toparmon-tutarmonligi, kimdir kasalmandligi, kimdir erkatoyligi bois gapini har qanday holatda o'tkazishi ulg'ayib kelayotgan yosh qalblarni xolislikka, to'g'ri so'zga, hammaning haq-huquqlarini muhofaza qiladigan odil to'xtamga emas,  hukmron kayfiyatga (uning nechog'li to'g'ri, foydali, yaxshi oqibatli yoki aksincha ekanligi to'g'risida o'ylab ham o'tirmay) so'zsiz itoat etish sabog'ini beradi. Bunday muhitda mulohazakorligi “tug'ilmay o'lgan”, ichidagini oshkor aytishdan mahrum bo'lgan bolaning mustaqil fikrlashi, tashabbuskor bo'lishi, o'zini va o'rni kelsa boshqalarniyam himoya qilishi, bir ibora bilan aytganda, jamiyatda bag'ri butun, qadru qaddi baland shaxs bo'lib ulg'ayishiga nechog'li ishonch bor?

Oilada ildiz otib barg yozgan bu “qalb illati, kasali” ostona hatlab maktabga, oliy o'quv dargohlari, ishxonalarga  kirib boradi.  Dunyo ijtimoiy falsafasida aksioma sifatida e'tirof etiladi: adolat tamoyiliga emas, qo'li yoki tili uzunning xohishi, kayfiyatiga ommaviy tobelik hayotning hamma sohalari taraqqiyotiga eng xavfli “kishan”lardan biridir.

“Faqat insonni sevish orqaligina adolatparvar bo'lish mumkin”, – deb yozadi farang faylasufi.

…Bozor pattachisi yoki ichki ishlar idorasi xodimi bozorda javlon urayotgan yuzlab puldan pul chiqararlar orasidan o'tib, hovlisida pishgan mevani chelakka solib chiqib bir chekkada ozgina pulga sotib ketmoqchi bo'lgan onasi (otasi) tengi insonni tergaydi, bozordan siqib chiqarmoqchi bo'ladi va unga “kunda shunda”lar jo'r bo'ladilar; dars o'tishiga tinmay xalaqit bergan o'quvchisining qulog'ini tortib qo'ygani uchun o'sha o'quvchining  hayotda maktabga qadam bosmagan otasi ertasigayoq darsni buzib kirib kelgani, o'g'liga ustozni teptirgani yashin tezligida barcha ota-onalarga tarqalib, qumga singigandek “singiydi”; sinchalakdekkina joni bilan o'z vazifasini qoyillatib, jamoat ishlarida ham eng faol bo'lgan ayolning mehnatini xolis taqdirlash vaqti kelganda, tog'dek erkaklar “tillarini yutib” o'tiradilar; bosh­liqning kayfiyatini buzmaslik (aslida, o'z boshini omon saqlash) uchun bitmagan ishlar devorlar, pardalar, yolg'on hisobotlar bilan “yopib qo'yilgani”ga ba'zan ommaviy tomoshabin bo'lamiz… –  yana misollarmi? O'zingizning xayo­lingizda ham shunga o'xshash ko'rgan-kuzatganlaringiz jonlangan bo'lsa, ajabmas. Bunday paytda burchak-burchakda adolatsizlik bo'layotganini gapiradiganlar, muhokama qiladiganlar, balki bir necha muddat o'zining jur'atsizligidan vijdoni qiynalib yuradiganlar topiladi. Ammo ular o'zlarini oqlaydigan sabablar (“tirikchilik, ishlamasam, boshliq bilan til topishmasam bo'lmaydi”)ga asta-sekin “o'rnashib oladilar”. Bunday “muhokamalardan”, “vijdon qiynoqlari”dan jamiyatga nima foyda, nima o'zgaradi, nima yaxshilanadi? Bunday indamasliklar hayot hikmatlarining ko'z oldingda poymol bo'layotganini olqishlash, qo'llab-quvvatlash emasmi? “To'xta, shu masala yozilgan va yozilmagan insoniy qonunlar, talablarga muvofiq hal etilishi, elga nafi tegishi, yolg'on bolalamasligi, bu kabi ko'zbo'yamachiliklarning oldini olish uchun kamchilikni bor holicha tan olaylik-da, uni tuzataylik”, – deydigan bitta-yarimta bo'lsa, uning “nodonligi”dan kulib, sal nari yuradiganlar… eh-he!

Ayrim satirik, yumoristik asarlar qahramonlari ishxona qabulxonasidagi kotibadan: “Bosh­liqning kayfiyatlari qanday? Hozir kirsam, ishim bitadimi?” – deb so'rasa, uning ahvoliga kulamiz. O'zimiz-chi? “Mana bu ish qancha tezroq bitsa, oldinga yurishsa, shuncha yaxshi: ko'pchilik shundan manfaat oladi (yuz berishi mumkin bo'lgan salbiy oqibatning oldi olinadi)”; “Mana bu joyda noxolislik ro'y beryapti, shuni yaxshilab mulohaza qilib ko'raylik” qabilidagi jonkuyarlik bilan rahbarning qosh-qovog'ini o'ylamay, dadil harakat qilishga jur'atimiz bormi?

Bundan o'ttiz besh yillar muqaddam… asosan xotin-qizlar jamoasi bo'lgan bir idoradan homiladorlik ta'tiliga chiqishiga ikki oygina qolgan ayol ariza yozib ishdan bo'shab ketishga majbur bo'lganini eshitib qoldim. Qonun bilan taqiqlangan bu holatdan aqlu idrokim lol, hayron edim. Ma'lum bo'ldiki, rahbar shuni xohlabdi. Men ikki oydan keyin ko'zi yoradigan, butun vujudi mehru himoyaga muhtoj, o'sha kunlarda guldan ham nozik bo'lgan ayol necha yillik ish jo­yidan badarg'a etilgani haqidagi buyruqni olib o'sha idoraning uzun yo'lagidan tashqariga qanday chiqib ketganini tasavvur qilolmasdim. Chidolmadim, uni kuzatib qolganlarning ba'zilariga yorildim: “Qanday qilib indamay qarab qoldilaring? Ikki oydan keyin ta'tilga chiqib ketardi-ku, shuni siz – ayollar ayol rahbaringizga aytsangiz bo'lardi-ku!” Javobiga kim yerga qaradi, kim yelka qisdi, “Mening o'z hayotim, tashvishlarim bor”, – dedi yana kimlar. Hech kim: “O'zi sababchi, o'zi aybdor”, – demadi, chunki bu haydalishning sababi xodimning ishbilmasligi emas, balki rahbarga qay bir jihati yoqmay qolgani edi.

O'tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda “Ming so'm bering” nomi bilan mashhur bo'lgan yetti yashar bola yodingizda bo'lsa kerak. Bola o'z nomi bilan bola… ammo uni o'rtaga olib, “Ming so'm bering, deb qo'y” deya o'z ko'nglini xushlaganlar, bolani so'ktirib “maza qilganlar”, bolaning tuppa-tuzuk tilanchiga aylanganini ko'rib  zavqlanganlar, unga namoyishkorona pul bergan saxovatpeshalarni olqishlab duo qilganlar… “Bu kimning bolasi? Yosh bola bozorda nima qilib yuribdi? Maktabga bormaydimi?..” – na ko'chadagilar, ijtimoiy tarmoqda bir necha kun aylangan bo'lsa-da, na bolalarning ijtimoiy himoyasiga mas'ul idoralar xodimlaridan, na ijtimoiy tarmoqdagi fikrlar orasida bu kabi savol eshitmadim. “Axir bu bolakay sen bilan mening farzandimizga o'xshagan inson-ku. O'z jigarimizga shunaqa “sarguzashtni” ravo ko'ramizmi? Uning kelajagi nima bo'ladi, tarbiyasini to'g'ri yo'lga solish kerak”, – deganlar, balki,  bo'lgandir, ammo men uchratmadim…

Yuqoridagilar jamiyatda o'zi bir ishni tuzuk-quruq eplab uddalay olmagan odam – mening fikrlarim. Ko'z yumib bo'lmas – ko'rib, bilib turganlarimizni va ularning barchaga oshkor oqibatlarini  yozdim. Vatan, kelajak, hammaga bir martagina beriladigan umrimiz oldidagi burchimiz, mas'uliyatimizni bajarish, mamlakatimizdagi barcha (ha, barcha!) inson hayotdan ko'ngli to'lib yashashi uchun ijtimoiy adolat yo'liga g'ov bo'ladigan shaxsiy ojizliklarni tahlil etib, ulardan qutulmoq sari intilmoq qalblarimizga tonglar bilan egizak kirib kelsaydi!

“Yaxshilikni ochiq chehrali kishilardan kutinglar”, – deyiladi hadisi sharifda. Adolat haqida ham shunday deyish mumkin: nafrat, g'azabga to'lgan, bemehr odamning adolat qilishi qiyin.

Shavkatli Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, g'azal va ruboiylari, maktub­larida o'z-o'zini jiddiy taftish etishi, xato-kamchiliklarini yashirmay tan olishi va ulardan astoydil pushaymonlikni har gal o'qirkan,  xayoldan: “Mardlik bilan adolatparvarlik qo'shqanotga o'xshaydi. Hindiston tarixining hind xalqi va dunyo har jihatdan yuksalish davri deb tan olishiga Boburning haqparvarlikdan quvvat olgan jasoratli  boshqaruv usuli tamal toshi qo'ygan bo'lsa, ajabmas. Yo'qsa, Javoharla'l Nerudek faylasuf o'z yurtini bosib olib, hukmronlik qilgan Bobur mirzoni “dilbar shaxs” deb atarmidi?” degan quvonch-iftixor o'tadi.

Mutafakkirlar aytganlar: “Adolatparvar odamning axloqiy xislatlari  bemalol qonun o'rnini bosa oladi. Qonun – qonun bo'lganligi uchun emas, balki unda adolat aks etganligi uchungina qimmatlidir”.

Muhtarama ULUG'OVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 1 =