Talabalikdagi “chantrimore” do'stim

“Chantrimore” filmi ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak. Bu filmda sodda o'zbek yigitining Toshkentga o'qish uchun ketgan sinfdosh do's­tini izlab, shaharga kelgani va boshidan o'tkazgan sarguzasht­lari juda oddiy ranglarda tasvirlanadi.

Film, ta'bir joiz bo'lsa, juda o'tkir tragikomediya usulida suratga olingan. Unda sodda qishloq yigiti — sinfdoshi, birga ko'cha changitib, birga mol boqib katta bo'lgan va Toshkentga o'qishga kirgan do'stini qidirib keladi. U bilmaydiki, Toshkentda o'qiyotgan do'sti ancha o'zgargan, qishloqdagi sodda va samimiy sinfdoshi emas, balki asta-sekin kibrga berilib borayotgan talaba edi.

“Chantrimore” esa o'sha sodda qishloq yigiti. Sinf­dosh do'stini topib, bolalarcha quvonadi. Xursandchilikdan yeru ko'kka sig'maydi, do'stiga bolalikdagi jaydari gaplar bilan hazil qiladi. Soddaligi, yurish-turishi, kiyinishi, samimiyligi bilan Toshkent ko'chalarida hammaning diqqatini o'ziga jalb qiladi. Bu esa qishloqdan o'qishga kelgan va bir aylanib “toshkentlik” bo'lib qolgan talabaga erish tuyuladi. Hatto sinfdosh do'stidan uyalib, undan o'zini torta bosh­laydi.

Albatta, men bu filmni bejiz eslayotganim yo'q. Chunki 1986-1991 yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning tarix fakultetida tahsil olgan bir guruh kursdoshlar orasida aytarli toshkentliklar yo'q edi. Biz hammamiz respublikaning turli viloyatlaridan bo'lib, hamma chekka qishloqlardan katta orzu-umidlar bilan o'qishga kelgan talabgorlar edik.

Oramizda andijonlik, qashqadaryolik, samarqandlik, sirdaryolik, buxorolik, xorazmlik, surxondaryolik va boshqa viloyatlardan kelgan “chantrimore”ga o'xshagan samimiy yigitlar ko'p edi. Ularni hanuzgacha eslasam, talabalikning hech bir narsaga alishtirib bo'lmaydigan davrlari yodimga tushaveradi. Haqiqatan ham “Oltin davr” deyishlari bejiz emas, talabalik davri hayot yo'limizning eng sermazmun va unutilmas davri sifatida bir umr yodda qoldi.

Hozirgacha kursdosh do'stlar bilan uchrashib turamiz. Bayramlarda bir-birlarimizni yo'qlaymiz. To'ylarimizda, quvonchli kunlarda, tashvishli damlarda imkon qadar birga bo'lamiz. Uchrashganimizda, talabalik davrlarni birga eslaymiz. Xullas, “chantrimore”ga o'xshab bir-birimizga nisbatan samimiy hazillarimizdan rohatlanib kulamiz. Lekin hech qachon qaysi lavozimda, qanday ishda bo'lmaylik, moddiy, ma'naviy, ijtimoiy ahvolimizni muhokama qilmaymiz. Bizning o'zaro samimiy munosabatlarimiz talabalik davrida qanday bo'lgan bo'lsa, bir xil maromda davom etib kelmoqda. Va hamisha shunday bo'lib qolishiga shubha yo'q.

Vaqtni bejiz oqar daryoga qiyoslashmas ekan. Qarang, bundan taxminan 40 yil avval Toshkentga o'qish uchun kelgan navqiron yigitlar bugun muborak 60 yoshni qarshi olmoqdamiz. Tasavvur qilish qiyin, Toshkentga ilm olish uchun kelgan yoshlar pensiya yoshiga yetib qolibmiz! Aytishga oson, biroq bu davr oralig'ida qancha yaxshi kunlarni, qayg'uli damlarni boshdan kechirmadik. Bir yigit orzu qilgan ko'p narsalarga erishdik, albatta. Biroq yo'qotganlarimiz topganlarimizdan kam emas. Yaxshisi, Toshkentga kelib topganlarim va yo'qotganlarim haqidagi esdaliklarimni keyinga qoldirsam. Hozir esa muborak yoshni qarshilab olayotgan samimiy inson, chin do'st, yetuk arxeolog olim, “Shahrisabz” davlat muzey-qo'riqxonasi bosh direktori, tarix fanlari doktori Nabi Xushvaqov, bir so'z bilan aytganda, haqiqiy “chantrimore” do'stimiz haqidagi o'ylarimni bayon etsam.

Biz Nabi Xushvaqov bilan yuqorida aytganimday ToshDU tarix fakultetiga 1986 yilda birga o'qishga kirgan bo'lsak-da, dastlab u bilan o'zaro munosabatlarimiz juda yaqin emas edi. Shunchaki kursdosh bo'lganimiz uchun salom-alikdan nariga o'tmaganmiz. Gapning ochig'i, dorilfunundagi o'qishimizning birinchi kursida, asosan, tayyorlov kursi orqali o'qishga kirgan talabalar bilan yaqin munosabatda edik. Chunki ular bilan tayyorlov bo'limi (podkurs)da birga o'qiganmiz va bir-birimizni oldindan taniganmiz.

Biz o'qigan davrlarda o'qish sentyabr oyida 5-10 kun davom etib, keyin hamma paxta yig'im-terimiga jalb etilar edi. Paxta mavsumining yaxshi tomoni, barcha talabalar bir-birlari bilan qiyin davrda yaqindan tanishishiga imkon berardi. Paxta terimi davri oson emas, antisanitariya sharoitida xo'jalikning tashlandiq bir shiyponida tarix fakultetining 5 ta kursida ta'lim olayotgan 300 dan ziyod talabalar o'rtasidagi munosabatlar chog'ida har kimning insoniy qiyofasi namoyon bo'lardi. Talabalar uchun katta ish rejasi belgilanib, hamma ham rejani bajara olmas, kechqurun shtabda “normasi”ni bajara olmagan talabalar bilan jiddiy va tanqidiy majlis o'tkazilardi. Qish­loqda voyaga yetgan talabalar uchun terim rejasini bajarish katta qiyinchilik bo'lmasa-da, ammo paxta terimida ilk bora ishtirok etayotgan shaharlik yoshlarga azob bo'lgan. Shunday pallalarda “qishloqi” bolalar o'rnak sifatida ko'rsatilardi. Endi shaharliklar va qishloqliklar orasida samimiy aloqalar boshlanib, aka-singildek munosabatlarga o'tib, oxir-oqibat sevgi-muhabbatga aylangan voqealar ham bo'lgan.

Xullas, bizning qadrdon kursimizda o'zimiz kashf qilgan “Chantrimore”lar ko'p. Hozir ham ular bilan yaqin do'stligimiz davom etmoqda.

O'tgan yili do'stimizning hayotida quvonchli voqea bo'ldi.

Tarix fanlari doktori, Qarshi davlat universiteti dotsenti, arxeologiya, O'zbekiston tarixi, muzeyshunoslik ixtisosligi bo'yicha yetuk mutaxassis, Qarshi davlat universiteti qoshidagi O'zbekiston tarixi ixtisosligi bo'yicha dissertatsiyalar himoyasi ixtisos­lashgan kengashi a'zosi, Amir Temur nomidagi moddiy-madaniyat tarixi muzeyi rahbari, “Moziydan sado” ilmiy jurnali tahrir hay'ati a'zosi, irodali, ishbilarmon, ajoyib notiq, o'z ishida tartib-intizomga qat'iy rioya etadigan, qadrdon do'stimiz Nabi Olimovich Xushvaqov Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida Prezident Farmoniga ko'ra “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Juda munosib taqdirlov! Qadrdon do'stimiz arxeolog olim sifatida 3 ta kitob muallifi, 40 dan ziyod ilmiy maqolalar, 60dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar muallifidir. U mana 28 yildirki, Amir Temur nomidagi moddiy-madaniy tarixi muzeyini boshqarib kelmoqda. 2019 yil shu muzey negizida “Shahrisabz” davlat muzey-qo'riqxonasi tashkil etilishida ham jonbozlik ko'rsatdi. Eng muhimi, “Shahrisabz” muze­yining xalqaro aloqalarini tiklab, uning jahon miqyosidagi obro'sini oshirish uchun tinimsiz mehnat qildi, yelib yugurdi. U chinakam san'atimiz fidoyisi desam, ishonavering.

Bir vaqtlar Toshkentga baxtini izlab, katta orzu-umidlar bilan o'qishga kelgan oddiy qishloq yigiti bugun 60 yoshda, ikki o'g'il, bir qiz va 4 nabiraning sevimli bobosi sifatida qishloqda yashab, Shahrisabz shahriga ishga qatnab umrguzaronlik qilayotganiga havasim keladi.

Biz zamon zayli bilan Toshkentda qolib ketgan kursdoshlar o'zaro gurunglarimizda qishloqda yashayotgan do'stimiz bilan faxrlanib gapiramiz. 60 yosh — aql yoshi, hamisha omon bo'ling, yuzga qarab yuring, “Chant­rimore!” — qadrdonim!

Abdumannob RAHIMOV,

yuridik fanlar nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − one =