Birlashsak, bu ulug' vatanni yanada yuksaltiramiz

Hammamiz shu Vatanga jon-jonimiz, qon-qonimiz, ruhimiz, borlig'imiz, butun hayo­timiz, uning har bir lahzasi bilan bog'liqmiz. Tirikligimiz, tinchligimiz, farovonligimiz, boru yo'g'imiz uning zimmasida. Demakki, uning — butun bir xalqqa, ne-ne avlodlarga vatan bo'lgan ulug' yurtning, muqaddac zaminning — taraqqiysi, barqarorligi, daxlsizligi va gullab-yashnashi, rivoji hammamizga, har birimizga bog'liq. Yaratgan har bir insonga o'zgacha iste'dod, o'zgacha layoqat, o'zgacha qiziqish­lar va imkoniyatlar in'om qilgan. Bu in'omlar odamlarga xizmat qilish uchun berilgan, albatta, chunki yakka, uzlatda yashagan odamga, undagi layoqat, iste'dod qancha kuchli bo'lmasin, zarracha ahamiyati bo'lmasdi. Imkoniyatlarni o'z o'rnida tasarruf qilish, kerakli o'ringa yo'naltirish, shu jamiyat, shu xalq farovonligi yo'lida xizmat qildirish eng muhim vazifalardandir. Kimki kam mehnat qilib, to'qlikka yetishaman, desa, bu, so'zsiz, xato bo'ladi. Inson mehnat va tafakkur uchun yaratilgan. Bugun butun dunyoda tezkor taraqqiyot yuz bermoqda. Taraqqiyotning asosi esa uyg'oqlik, yangi tashab­buslar, yangi g'oyalar, yangi harakatlardir.

Insoniyat tarixida hech bir o'zgarish o'z-o'zidan yuz bermagan. Biror mamlakat yo'qki, aqlu zakosiz, mehnat va mashaqqatsiz bir yangilikka, bir yuksalishga erishgan bo'lsa. Mamlakat taraqqiysi hamma zamonlarda, har qanday sharoitlarda qalbi uyg'oq, xalqparvar odamlarga, ilmli, ziyoli kishilarga bog'liq bo'lib kelgan.

Xalqimiz, shu jumladan, barcha ziyolilarimizga ma'lumki, mamlakatimiz rahbari raisligida o'tgan yil 22 dekabr kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bedorlik, uyg'oqlikka chorlov bo'ldi bu yig'in. Insonni chuqur mushohada qilishga va shu zahotiyoq ona xalq, buyuk yurt uchun qo'ldan kelgan nimadir yumushga bel bog'lashga undadi bu katta anjuman.

Yig'ilishda mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish bilan birga, ma'naviyatimizni yanada yuksaltirishimiz lozimligiga alohida urg'u berilgani biz ijodkorlarni ruhlantirdi. Bu xalq, bu mamlakat uchun jonkuyar, o'tyurak, bedor, kuyunchak odamlar qancha bo'lsa, shuncha ko'p kerak ekanini mushohada qildik. Chindan ham, ta'kidlanganidek, bugun bizga ko'p sonli jadidlar kerak. Yoshlarni millatparvar etib tarbiyalash, ularning iste'dodini yuksaltirish va salohiyatidan to'g'ri foydalanishga bo'lgan sa'y-harakatlar aniq maqsadli bo'lishi lozim.

Bu borada “Jadid” gazetasining tashkil etilgani, barcha ziyolilar qatori, bizni benihoya quvontirdi.

Milliy ma'naviyatimizning ajralmas qismi bo'lgan madaniyat, adabiyot, san'at, ilm-fan, ta'lim va tarbiya ustuvor masaladir.

Maqom, baxshichilik, askiya san'ati rivoji yo'lida amalga oshirilgan ishlar ko'lami borasida ham to'xtalib o'tildi. Kelgusi yillarda bu ishlarni yanada rivojlantirish soha mutaxassislarining yuksak vazifasidir.

Yig'ilishda poytaxtimizda Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, hududlarda yangi ijod uylari qurilgani, samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan ta'minlangani aytib o'tildi. Ha, bu imtiyozlardan biz ham manfaatdormiz, uyimiz obod, mahallamiz ziyolilar mahallasi. Yurtimiz tinch bo'lsa, bizdan baxt­­li inson bormi?

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yosh ijodkorlarning ijodiy ishlari katta adadlarda chop etilgani, respublika yosh ijodkorlarining an'anaviy Zomin seminari tiklanib, qanchadan-qancha yoshlarni kashf etayotgani to'g'risida so'z borganida, ayni seminarning ichida bo'lganimdan, yosh ijodkorlar ijodini kuzatib, munosib nomzodlarni seminarlarga chorlash va boshqa ishlarda ishtirok etganimdan cheksiz g'urur tuydim.

Asosiy qonundagi fundamental prinsip­lardan kelib chiqib, Milliy g'oyani shakllantirish lozimligi ta'kidlanganida, ko'nglimizga o'z-o'zidan asriy qadriyatlar keladi. Sog'lom ma'naviy muhitni shakllantirish ishida agar har bir ziyoli o'z hissasini qo'shsa, biz ko'zlangan maqsadga yaqin yillarda yetamiz. Axir bu, albatta, hammamizning burchimiz. Bugungi kun, globallashgan zamonda biz uchun mavjud g'oyalarimizdan baquvvat, chuqur o'ylangan, mustahkam shakllantirilgan milliy-mafkuraviy g'oya zarur, albatta. Bu g'oya butun millatni bedorlikka, Vatan deb yonib yashashga undashi lozim. Unga asriy milliy qadriyatlarimiz, zamonaviy imkoniyatlar asos bo'lmog'i kerak.

Yig'inda juda ko'p masalalar o'rtaga tashlandi. Ko'nglimizning bir chetini xira qilib turgan, ammo mohiyatini o'zimiz ham unutib yuborgan kemtiklarimizning yaqin yillarda to'ldirilishi daragini eshitganda esa ko'zga beixtiyor yosh keldi. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining ahvoli ham bir necha yillardan beri ziyolilarni tashvishga solayotgan edi. Bu muzey mamlakatimizning eng nurli ma'naviyat maskanlaridan biri sifatida endi zamonaviy ko'rinish kasb etib, yurtdoshlarimiz va poytaxtimiz mehmonlarini adabiy merosimiz bilan tanishtiradi.

Millatning faxri, g'ururi bo'lgan o'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yurtimiz miqyosida oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratilgani esa majlisning yurak nuqtasi bo'ldi. Bu naqadar ahamiyatli masala. Endi o'zbek tilidan boshqa tillarda o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarda davlat tilini o'qitish soatlari ikki-uch soatga ko'paytiriladi. Qanday quvonarli yangilik! Milliy til sertifikatining qimmati oshirilgani esa yoshlarimizni davlat tilini chuqur o'rganishga chorlaydi. Milliy sertifikatga ega bo'lgan “O'zbek tili va adabiyoti” fani o'qituvchilariga kelgusi o'quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to'lanishi qayd etildi. Shuningdek, boshqa tillarda ta'lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o'rganishga rag'batlantirish choralari ko'rilishi ta'kidlandi. Endi bundan keyin o'zbek tili bo'yicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi. Bularning hammasi millatni jipslikka, birlikka chorlaydi, uning qadr-qimmatini oshirajak!

Ko'plab masalalar — kino sohasini rivoj­lantirish, allomalar va atoqli sarkardalar obrazini yaratish, “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli o'tmishiga bag'ishlangan filmlar ishlash, ko'p sonli aholimizning madaniy hordiq chiqarishiga ko'maklashish bilan birga, ularda yuksak qadriyatlarga hurmat ruhini kuchaytirish maqsadida milliy seriallar yaratish, bolalar adabiyotini yuksaltirish, bolalar tilida allomalar haqida kitob­lar yozish, muzeylar faoliyatini yaxshilash, kitobxonlik, nashriyot ishlari kabi ko'p­lab mavzularda to'xtalib o'tilar ekan, bularning barchasi negizida qutlug' so'z, adabiyot turganini yaxshi bilamiz. Adabiyot esa chegara bilmaydi, millat tanlamaydi.

Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyo­tining eng yaxshi namunalari ko'p nusxada chop etilishi, tarjimonlar qo'llab-quvvatlanishi borasidagi yangiliklar ijodkorlarni, tarjimonlarni juda mamnun qildi, ularni o'z ustida chuqurroq ishlashga, bildirilgan ishonch­­ga munosib bo'lishga undadi.

Aholi o'rtasida kitobxonlikni rivojlantirish va yoshlarni ilmiy-ommabop kitoblar mutolaasiga jalb etish davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. Mamlakatimiz rahbarining 2023 yil 28 noyabrdagi “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu boradagi xayrli ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi, deya ishonchimiz mustahkam. Ushbu loyiha o'z oldiga yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishni maqsad qilgan. U zamonaviy ilm-fanning so'nggi yutuqlari bilan yoshlarni tanishtirib borishni ko'zda tutadi. Mingta kitob, albatta, birdaniga tarjima qilinib, chop etilmaydi, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ekspertlarga tayanib ish ko'rilishi esa juda to'g'ri qaror. Qiziquvchan yoshlarga ayni ilmiy va intellektual mazmundagi, kashfiyotlar, tadqiqotlar haqidagi kitoblarni taqdim etishning qanday yo'llari borligi haqida ko'p o'ylar edik. Ushbu loyiha o'zbek fanining rivojiga ham ulkan hissa qo'shadi. Yoshlarimizni keng tafakkur qilishga undash, o'zi tanlagan sohadagi yangiliklardan doimiy xabardor bo'lish, sohani muntazam chuqur o'rganib borishga undaydigan platforma yaratilishi ham belgilangan edi ushbu qarorda. Adabiyotlarimizning elektron shakli mavjudligi tilimizni o'rganishga bo'lgan e'tiborni yanada oshirishga ham xizmat qiladi.

Bilimdon, zukko olimlarimiz, dunyo madaniyatiga hissa qo'shayotgan ziyolilar juda ko'p bo'lsa-da, ularning ko'pi bolalar dunyosiga yaqin emasligi ta'kidlandi. Chindan ham farzandlarimiz Xorazmiy, Beruniy, ibn Sino kabi allomalarning nomlarini eshitadilar, biror asarlarini o'qiy olmaydilar. Ularning yoshligi haqida kitoblar yozish, bolalar uchun mos asarlar yaratishga chaqiriq, albatta, barcha ijodkorlarni hushyor torttirdi.

Chindan ham o'zbek adabiyoti va kino san'ati hali ko'plab allomalar, mutafakkirlar, shoir va yozuvchilar, jadid harakati vakillari haqida filmlar yaratishdan qarzdor.

Nashriyot va matbaa korxonalarining imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ularning besh yil davomida hamma soliqlardan ozod qilinishi barchani ruhlantirdi. Bu badiiy adabiyotlar ko'plab chop etiladi, tarqatiladi, degani.

Tarjimonlar uchun Ogahiy nomidagi mukofot joriy etilishi ham bizning tarjimonlarimizni bu mashaqqatli ishda hushyor bo'lishga sergaklantiradi, Ogahiy nomiga munosib bo'lishga va xalq ishonchini oqlashga undaydi. Chet ellik tarjimonlar bilan hamkorlik qilishga davlat miqyosida e'tibor qaratilsa, albatta, natija juda ham yuksak bo'lishi shubhasiz.

Matbuot nashrlarining obunasi ham majlisda alohida ta'kidlandi. Gazeta va jurnallar, bu — chinakam ma'naviyat degani.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, xalq farovonligi, barqaror go'zal hayot qurish baxti nasib etishini istasak, bizlar bir-birimizni yanada hurmat qilishni, e'zozlashni o'rganishimiz kerak. Birlashsak, bobolardan meros yurtni yanada yuksaltiramiz.

Ma'mura ZOHIDOVA,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

O'quv-metodika va harbiy

vatanparvarlik bo'limi boshlig'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 6 =