So'zning boshi nima-yu, ishning boshi nima?

Dono xalqimizning teran aql-zakovati mahsuli bo'lgan xalq maqollari purma'no hikmatlar xazinasidir. Ular insonni komillikka, odobu axloqqa, bilimdonlikka, hayot falsafasini chuqur anglashga, umr yo'llaridagi chalkashliklarga to'g'ri yechim topib, qoqilmaslikka o'rgatadi.
Qolaversa, maqollar ayni hayot haqiqatlaridir: ming yillar sinovidan o'tgan va ming yillar hayotiy tajribalar xulosasi tarzida aytilgan dono kalomlar, bu — maqollar. Hayotda biron-bir ishga kirishishda yoki biron-bir xulosaga kelishda xatolikka yo'l qo'ymaslik uchun “Etti o'lchab, bir kes”, — deya o'git beradi hikmatli maqol. Kimdir yoki nimadir haqida noto'g'ri fikr bildirib qo'ymaslikka chaqiruvchi maqol esa: “Avval o'yla, keyin so'yla”, deya ogoh etadi. Birgina “Ota rozi — Xudo rozi” degan maqolda qancha ma'no, tarbiyat, oqibat, iymon-e'tiqod, ilmu zakovat mujassam.
Ya'nikim, Allohning qahriga uchramaslik uchun, avvalo, ota-onani rozi qilish, ularni ranjitadigan, norozi etadigan ishdan saqlanishga da'vat etishning o'ziyoq bir olam odob-axloq, tarbiya, ma'naviyat, madaniyat masalalarini qamrab oladi. Xullas, hayotdagi deyarli barcha masalalarda xalq donishmandligi namunasi bo'lgan maqollar bizga hamisha — ustoz, murabbiy, hayotiy dasturilamal. Ularni bilmaslik, anglamaslik, pisand etmaslik, amal qilmaslik arzir-arzimas barcha xatolarimizga sabab bo'ladi.
Yana bir maqol bor: intizom hamda juda muhim bir masala haqida. Aynan mana shu “juda muhim masala” haqida fikr-mulohaza bildirish zarurati bordek, nazarimda.
Agar e'tibor bergan bo'lsangiz, keyingi paytlarda so'z boshi va inson madaniyati ko'zgusi bo'lgan salomlashish odobiga jiddiy putur yetgandek.
“Avvalambor, assalomu alaykum”, deya salomlashadi aksar hozirgi yoshlarimiz, ozgina e'tibortalablik, biroz nopisandlik va biroz oliftanamolik bilan. Boshqacha aytganda, bu ibora insoniy munosabatlarning ibtidosi va a'losi bo'lgan salomlashish odobidan farqli o'laroq, bachkana ko'rinish va mazmun ola boshladi. Ko'cha-ko'yda, ibratxona bo'lgan ishxonalarda, katta-kichik tadbirlarda, hatto teleko'rsatuv va radioeshittirishlarda ham shu ahvol. Vaholanki, o'sha xalq maqolida: “So'z boshi — assalom, ish boshi — intizom” deya aniq-tiniq, lo'nda ifoda etiladi. Demak, “Assalomu alaykum!” kalomidan oldin hech qanday so'z yoki ibora qo'shish kerak emas, agar shunday qilinsa, “assalom”ning “so'z boshi”lik maqomiga putur yetadi. Intizomsizlik ishga qanchalik zarar yetkazsa, noto'g'ri salomlashish ham munosabatlar samimiyatiga putur yetkazadi. Salomlashish — insoniy munosabatlarining ibtidosi va eng a'losi ekan, bu masalaga aslo bepisand qarash mumkin emas.
Esingizdami? “…gar saloming bo'lmaganida, yetti yamlab bir yutardim”, — deydi dev ertak qahramoniga. Xalq donishmandligi ertaklarni yovuzlik va ezgulik o'rtasidagi beqiyos janglardagi yaxshilar, to'g'rilar va halollar g'alabasi ramzi sifatida ifodalab, ularni yosh avlod tarbiyasining o'ta muhim vositasi sifatida ijod etar ekan, bu voqelikni bejiz keltirmagan. Salom bermaslik, samimiy salomlashmaslik, kishining hatto halokatiga sabab bo'lishiga ishorat qilmoqda bu ertak voqeasi.
Afsuski, keyingi paytlarda hayotimizda “salomaleykum”, “avvalambor, assalom”, “salom” kabi bepisand, oliftanamo, odamning g'ashini keltiradigan salomlashishlar urchib, eng yomoni, ommalashib bormoqda. Taajjublanarli joyi shundaki, bu tarzdagi chuchmal salomlashishlar ayrim katta-kichik rahbar amaldorlar orasida ham uchrab turadi. “Hammaga salom” yoki “salomaleykum”, deydi ba'zi amaldorlar kibr bilan. Ana shunday rahbar, amaldorlar ishtirok etgan aksar hollarda esa ular boshlab beradigan yig'in yoxud tadbirlar avval boshidanoq kishi ta'bini tirriq qiladi: “Assalomu alaykum” degan ezgu va qutlug' kalomniki bepisandlik bilan buzib aytadigan kishining odob-axloqi-yu u boshqaradigan ish faoliyatining bequsurligiga ishonish qiyin. Chunki salomlashish imon-e'tiqodning mustahkamligi, odob-axloqning yuksakligini ifoda etadi.
Bu borada hazrat Mir Alisher bobomiz bejiz: “Til muncha sharaf bila nutqning olatidur va ham nutqdurki, agar nopisand zohir bo'lsa, tilning ofatidur”, demaganlar.
Endi bir zum yo'lda qarshingizdan chiqqan bolakayning qo'lini ko'ksiga qo'yib, “assalomu alaykum” deb o'tishi, boshqa birining esa “salomaleykum” deb bepisand o'tib ketishini ko'z oldingizga keltiring. Ularning biriga o'zingiz ham beixtiyor “va alaykum assalom, barakalla, otangga rahmat!” deb yuborganingizni sezmay qolasiz. Nariginisidan esa zavqlanish o'rniga ranjiysiz, ensangiz qotib, asabiylashasiz.
“Assalomu alaykum”! – sizga tinchlik va omonlik tilayman!
Qanday hayotbaxsh, yoqimli va sehrli kalom! Ezgulikka, xayrixohlik va samimiyatga to'la olijanob lutf bu! Uni buzib aytish, unga bepisand bo'lish qanday baholanishi kerak?! Bu kalomni buzib, bepisand talaffuz etayotganlar o'zgalarga nimani tilamoqdalar? Ularga kim e'tiroz bildirib, kim tanbeh beradi?! Kuniga yuzlab, minglab kerak-nokerak so'zlarni qalashtirib, valaqlashdan charchamayotgan yoinki chet tillarni hafsala bilan biyron chuldirashga odatlanayotgan qarich-qarich tillar nahot ota-bobolar, ajdodlar mehr va ixlos ila lutf etgan shu bir og'izgina qutlug' kalomni mas'uliyat bilan ayta olmaydi?
O'zbek she'riyatining sultoni Navoiy bobomiz: “Tilga ixtiyorsiz — elga e'tiborsiz” deganlarida aynan mana shunday tilga e'tiborsizlikni qoralamaganlarmi? Odob bilan, tavoze ila chin dildan salomlashish — bizga ota meros, milliy qadriyat. Unga bepisandlik esa mutafakkir bobomiz aytganlaridek, elga e'tiborsizlikdan boshqa narsa emas.
Ma'murjon BOZORALIYEV.