Qonun “hushtagi”ni kim chaladi?

Nima uchun ko'cha harakati qoidasini buzgan

kishiga militsiya hushtak chaladi-yu,

butun bir tilni buzayotgan odamlarga

hech kim hushtak chalmaydi?

Abdulla QAHHOR

 

“Tilga ixtiyorsiz, elga e'tiborsiz”.

Buyuk Navoiy bobomiz qalamiga mansub bu yoniq hikmatning qadr-qimmati, nufuzi-yu, qudrati necha asrlardirkim, xalqimiz ma'naviyati-yu, ma'rifati, ilm-fani, adabiyot va san'ati ravnaqida alohida o'rin tutib, tilimizning har bir so'ziga hurmat va ehtirom bilan qarashga, mazmun-mohiyatiga gard yuqtirmaslikka undab kelmoqda. Yangi avlodni elparvar-u, yurtparvar, mehr-oqibatli, buyuk Navoiy tiliga cheksiz muhabbat ruhida komil insonlar qilib kamol topdirishda ulug' bir maktab vazifasini o'tamoqda. Yaratilayotgan badiiy asarlarda ona tilimiz o'zining butun go'zalligiyu jozibasi bilan namoyon bo'lib, dunyo xalqlarini o'ziga maftunu mahliyo etmoqda. Ularning tillarida o'zgacha bir ohangda yangrab, o'zbek tilini o'rganishga bo'lgan qiziqishlarini orttirmoqda.

Afsuski, sho'rolar davrida Navoiy tiliga bo'lgan buyuk hurmatni, uni o'rganishga bo'lgan qiziqishni susaytirishga astoydil bel bog'landi. O'zbek tiliga e'tibor yuzaki bo'lib, amalda qizil saltanat siyosatidan chiqilmadi. Tilimiz ochiqdan-ochiq kamsitilib, barcha sohalarda rus tili ilgari surildi, keng targ'ib-tashviq qilindi. Hujjatlar rus tilida rasmiylashtirildi, nutqlar shu tilda so'zlandi. Hatto, arizadan tortib, konvert ustidagi manzilgacha rus tilida yozish qoidaga aylantirildi. Majlislarda o'tirgan bitta-ikkita rusiyzabon hurmati uchun rus tilida gapirishga undaldi. Ular esa o'zbek tilini o'rganishni xayoliga ham keltirmadi. Yuqori lavozimlarda o'tirgan o'zbeklar esa o'z millatdoshlari bilan ham ruscha gaplashishni odat qildilar. Keyin-keyin bu yuqoridan quyiga tushib, yoshlar o'rtasida ham quloch yozdi. Suhbatdoshing o'zbekcha gapir­yaptimi, ruscha gapiryaptimi, bilmaysan. Uchta so'zi o'zbekcha bo'lsa, ikkitasi ruscha. Bu holat bugun ham davom etayotganligini oqlab bo'lmaydi. To'g'ri, rus, ingliz, arab va boshqa tillarni bilish juda yaxshi. Ayniqsa, bugungi kunda bir necha tilni mukammal bilishni hayotning o'zi taqozo etmoqda. Lekin bu ish insonning o'z tilini unutishi yoki uning sofligiga putur yetkazishi hisobiga bo'lmasligi kerak. Kimki o'z ona tilini chin yurakdan sevsa, qadrlasa, uning talaffuz qoidalariga amal qilsa, bilingkim, u boshqa tillarni ham xuddi shunday hurmat qiladi va qadrlaydi.

1989 yilning 21 oktyabr kunini hamisha o'zgacha bir g'urur, o'zgacha bir faxr bilan tilga olamiz. Juda katta sa'y-harakat va jasorat bilan O'zbekiston Res­publikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan bu kun tarix sahifasiga oltin harflar bilan yozilib, xalqimizning ongu shuuri-yu, qalbida mangu muhrlanib qoldi. Bu qonun O'zbekistonning, o'zbek xalqining mustaqillik sari qo'ygan birinchi qadami edi. Bu qadamni qo'yish esa oson bo'lgani yo'q. Ayniqsa, sho'rolar hukmronlik qilib turgan bir paytda o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berish uchun nafaqat otning kallasiday yurak, balki metin iroda, mardligu matonat, jur'atu jasorat ham kerak edi. Ne-ne sinovlardan mardona o'tgan xalqimiz o'zining nimalarga qodirligini o'shanda yana bir bor amalda ko'rsatib, butun dunyoni hayratga soldi, quvontirdi, olqishlar oldi. Ko'p o'tmay O'zbekiston Res­publikasining Davlat mustaqilligi e'lon qilinib, ona tilimizga qayrilmas qanot baxsh etdi, uning o'zini to'la namoyon etishi, nimalarga qodirligini ko'rsatishi uchun keng yo'l ochib berdi. Nihoyat, O'zbekiston Respub­likasi Konstitutsiyasi o'zbek tilida yaratilib, ona tilimizning nufuzi, qadr-qimmati osmon qadar yuksalishi uchun huquqiy asos­lari belgilab berildi. Ayni chog'da O'zbekis­ton Respublikasi Davlat madhiyasi ham o'zbek tilida yangray boshladi. Bularning hammasi o'z-o'zidan bo'lmaganligini hammamiz yaxshi bilamiz. Shunday ekan, “Tilga e'tibor – elga e'tibor” ekanligini doimo yodda tutmoq, uning sofligiyu ravnaqi uchun qayg'urmoq har birimizning burchimiz bo'lmog'i shart. Shu nuqtai nazardan qaraganda o'tgan yillar mobaynida ona tilimizning yuksalishi yo'lida juda katta ishlar qilindi. Eng avvalo, uning mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo'lganligining o'zidan juda ko'p narsani anglash mumkin. Shuningdek, keyingi yillarda tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti hamda yosh iste'dodlarning ijod maktablari o'zbek adabiy tilini har tomonlama taraqqiy ettirishga qaratilganligidan dalolatdir.

Davlatimiz rahbarining O'zbekiston Res­publikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risidagi 2019 yil 4 oktyabrda qabul qilgan qarori hamda O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun 21 oktyabrni “O'zbek tili bayrami kuni”, deb e'lon qilish haqidagi Farmoni, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida “Davlat tilini rivoj­lantirish departamentini” tashkil etish taklifi — bularning hammasi ona tilimizga bo'lgan cheksiz hurmat va muhabbatning, uni mavjud imkoniyatlardan to'la foydalangan holda har tomonlama yuksaltirish yo'lidagi sa'y-harakatlarning amaliy ko'rinishi bo'ldi. Bu esa xalqimizni benihoya quvontiribgina qolmay, zimmasiga tilimizning sofligi uchun kurashishdek ulkan vazifani ham yukladi.

“…Har birimiz, — dedi Prezidentimiz, — davlat tiliga bo'lgan e'tiborni mustaqillikka bo'lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

Haq gap. Agar, har birimiz mana shu fikr­­ni o'zimizga suv va havodek zarur bilib, uni ongu shuurimizga jo etib, eng avvalo, unga o'zimiz amal qilsak va boshqalarni ham da'vat etsak, dunyoda bizning tilimizga yetadigan til bo'lmaydi. Ming afsuski, ona tilimizning targ'ibot va tashviqot o'chog'i hisob­langan televidenie va radioda ko'rsatuv va eshittirishlarni davlat tilida olib borishga, ishtirokchilarni ham shunga o'rgatishda hamon sustkashlikdan qutula olmayapmiz. Ochig'ini aytganda aksariyat ko'rsatuvlar shevada. Vaholanki, hali ona tilimizga davlat tili maqomi berilmagan zamonda respublika teleradiokompaniyasi ko'rsatuv va eshittirishlarida sheva so'zlari qo'shilmas, suxandonlar ham, efirga chiqadigan jurnalistlar ham adabiy til qoidalariga to'la amal qilar, bu nafaqat o'zbek tilining nufuzini, uning boshqa tillar oldidagi qadr-qimmatini oshirishga ham xizmat qilar edi. Xo'sh, bugun bu masalada televidenie mutasaddilarining qo'lini birov ushlab turibdimi?! Insof bilan aytganda, bu haqda ko'p va xo'b gapirildi va gapirilmoqda. Afsuski, o'zgarish umuman ko'rinayotgani yo'q.

Ayniqsa, “Zo’rTV”, “Mening yurtim” singari qator telekanallarda har kuni, hatto har soatda ona tilimizga hurmatsizlikning oliy namunasini ko'rish odatiy holga aylanib ulgurdi. Eng ajablanarlisi, bu holga hech kim lom-mim demaydi. O'zlaricha turli “shou”lar deb atagan va soatlab davom etayotgan bu “sahna”larda masxarabozlik bilan birga ona tilimizning ustidan kulish, uni toptash avjiga chiqib bormoqda.

Jonajon ona tilimizga, adabiy til normalariga nisbatan bo'layotgan bu “haqorat”larga qachongacha chidash mumkin?!

Axir bunday sharmandachiliklar shundog'am qo'liga uzoq yillar davomida gazeta-jurnal ushlab ko'rmagan nafaqat yosh avlodning, balki katta-kichikning ham ongini zaxarlab, o'z salbiy ta'sirini ko'rsatayotgani sir emas-ku!

Agar, davlat va nodavlat telekanallari ijodkorlarida milliy g'urur bo'lganida, “davlat tiliga bo'lgan e'tiborni mustaqillikka bo'lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat”, deb bilgan va allaqachon o'zbek tili qoidalariga amal qilib, shevabozlikka chek qo'ygan bo'lur edilar. Ammo ularning shevabozlik bayrog'ini yanada baland ko'tarayotganliklaridan yaqqol ko'rinib turibdiki, Prezidentimiz tomonidan ona tilimiz haqida aytilgan bu bebaho fikrlar go'yoki nodavlat telekanallariga dahli yo'qdek. Ularning jurnalistika, til va adabiyot fakultetlarini bitirgan hamda san'at institutida sahna nutqi madaniyati bo'yicha tahsil olgan ayrim boshlovchi, muharrir va muxbirlari hatto o'zbek adabiy tili ko'chasidan o'tmaganga o'xshaydilar. Ayting-chi, xorijcha nomlangan ko'rsatuvlarni shevada poyintar-soyintar olib borish bilan xalqimizni o'zbek adabiy tilida so'zlashishga o'rgata olamizmi? Bu juda qiyin. Shu o'rinda biz atoqli yozuvchi Abdulla Qahhorning tilimiz sofligini asrash bo'yicha aytgan gap­larini bejizga epigraf sifatida keltirmadik. Bizningcha tilimizni buzayotganlarni qonun hushtagi bilan to'xtatadigan fursat allaqachon kelgan. Zero, “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qilar” deganlaridek, bu ishni paysalga solish, o'z oyog'imizga o'zimiz bolta urishimiz bilan barobardir. Bilasiz, ona tilimizning qaramlikdan qutulganiga o'ttiz to'rt yil bo'ldi. O'ttiz to'rt yildirki, olimlarimiz, yozuvchi, shoir va jurnalistlarimiz tilimizning sof, go'zal va ulug'vor bo'lishi uchun ter to'kmoqdalar. Agar, biz bugun ana shu davrda qilingan mashaqqatli mehnatni qadrlamasak, boshlangan xayrli ishlarni izchil davom ettirmasak, adabiy tilimizning parvoziga qanot bo'lmasak, Navoiy, Bobur, Qodiriy, Fitrat, Cho'lpon, Avloniy, Hamid Olimjon, G'afur G'ulom, Qahhor va Oybek singari ona tilimiz bayroqdorlari ruhlarini chirqiratish bilan birga uning o'zimizdan, ayniqsa, yosh avloddan asta-sekin uzoqlashib borishiga sababchi bo'lishimiz mumkin. Bunga mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydi.

“Ona tilimiz, — deydi Prezidentimiz, — milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog'idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko'rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir”.

Chindan ham o'z ona tili bilan faxrlangan, qadr-qimmatini ko'klarga ko'targan kishi unga hech qachon befarq bo'lmaydi, aksincha, uni asrashni, boyitishni burch deb biladi, shu bois kitob o'qiydi, ma'naviyat va ma'rifat, ta'lim-tarbiya ishiga mehr va mas'uliyat bilan qaraydi. Buni teran ang­lagan davlatimiz rahbarining yoshlarimizni kitobxonlikka o'rgatish masalasida qayta-qayta jon kuydirib gapirayotgani, qaror va farmonlar qabul qilayotgani, kitobxonlik tanlovlarining tashabbuskori bo'layotgani   bejiz emas. Chunki, ona tilimizning boyligi, ulug'vorligi-yu, sehru sinoatini, jozibasi-yu, go'zalligini, tarovati-yu, ko'rki-kamolini, jarangdorligi-yu, qudratini bo'y-basti ila qalbiga singdirmoqqa intilgan odam borki, o'zining ma'naviy hayotini badiiy adabiyotsiz tasavvur qilolmaydi. U o'qiydi. O'qimasdan turolmaydi. Bunday kishilar bamani, mustaqil fikrli, o'z ona tilini e'zozlaydigan, uni o'qigan kitoblari orqali targ'ib qiladigan bo'ladi.

Kezi kelganda shuni ham aytish joizki, adabiy tilimiz badiiy asarlarda qolib ketmasligi kerak! U butun borlig'i bilan xalqimizning dilida, tilida hamisha va hamma joyda baralla yangrashiga erishmog'imiz shart! Buning uchun ona tilimiz oilamizda ham, bolalar bog'chasida ham, maktab va oliy o'quv yurtlarida ham, mahalla va ko'cha-ko'yda ham, xullas, hamma-hamma joyda o'z ohorini, o'z ohangiyu latofatini, betakroru beqiyosligini yuksak tutish har birimiz uchun ham qarz, ham farz bo'lmog'i kerak! Bu haqda har yili faqatgina til bayrami kunlaridagina emas, har kuni bong urmog'imiz, bu hayotimizning mazmun-mohiyatiga aylanmog'i lozim! Bu borada ommaviy axborot vositalari tashabbuskor va fidoyi bo'lsalar, so'zimiz bilan ishimiz bir bo'lsa, erta bir kun uyalib qolmaymiz.

Nuridin OChILOV,

O'zbekiston Milliy universiteti

jurnalistika fakulteti

o'qituvchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + 15 =