Bolangiz bilan nimalar haqida gaplashyapsiz?

Qotgan yoxud biroz mog'or bosgan nonni, uvoqlarni axlat qutisiga tashlayotgan kelinchak… Yo'lda yurib ketayotgan holida nimadir iste'mol qilib, qog'ozu qutilarini atrofiga uloqtirayotgan o'spirin… Axlatxonalarda yotgan kitob va gazeta-jurnallar… Ko'z oldingizda namoyon bo'lgan ushbu manzaralar nafaqat xunukligi bilan, balki buyuk ne'matlarning uvol qilinayotgani bilan dilingizni g'ash qiladi. Shunday emasmi?

Beshavqat urush yillarida bolaligi o'tgan rahmatli bobom bir voqeani qayta-qayta esga olardi. Tasavvur qiling: urush yillari, ocharchilik, tanqislik, yo'qchilik, odamlar bir burda nonga zor bo'lgan davrlar… Bobom sinfdosh o'rtoqlari bilan maktabga — darsga borar, hammaning qorni och, qorniga qo'shilib ko'zi ham ochlik pallasi. “Bitta nonni bir kishining o'zi yeb qo'yardi”, derdi bobom o'sha paytlarni izohlab. Shunday sharoitda sinfxonaning bir burchagida joylashgan maktab partasining tagida ikki barmoqning bir bo'g'inicha keladigan bo'lak nonga ko'zi tushib qolibdi. Hech kim ko'rmasdanoq olib og'ziga solish ilinjida o'sha parta tomon yuribdi.

Non bo'lagiga qo'l uzatgan zahoti boshqa bir bola uni olib qo'yibdi. Non parchasini olgan bola ustiga ikki bola tashlanibdi. Shunday qilib, bir parcha nonning ustida bolalar yoqalashib ketishibdi. Alqissa, bobomning ko'zi non bo'lagiga tushganida, qolganlar ham uni ilg'ab qolgan ekan. Hamma qanday qilib bo'lmasin, shu uvoqni og'ziga solish uchun kurashgan ekan. Ammo to's-to'palon sabab haligi non bo'lagi kimga nasib etganini bilisha olmay qolibdi.

Bobom shu voqeani goh kulib, goho esa jilmaygancha aytib berarkan, ich-ichida nimadir uni bezovta qilayotgani shundoqqina sezilib turardi. O'sha tuyg'u, o'sha kechinma, o'sha dardni oradan qancha yillar o'tib, mana endi anglayotgandekman. Bular bobomlar orzu qilgan va Yaratgan nasib etgan tinchlik ne'mati, to'qchilik va to'kinlik davriga shukronalik hissi ekan. Non uvog'i haqidagi tez-tez yodga olinadigan va biz ertak, deb qabul qiladigan hikoya esa yosh avlod uchun tarbiya, bilim va ulkan hayotiy tajriba ekan.

Bugun-chi? Oila davrasida qaysi mavzularda suhbat bo'lyapti? Bobo va buvilar nabiralariga nimalarni aytib berishayapti? Ular aytib beradigan hayotiy hikoyalar, ibratli voqealarni eshitadigan yoshlar topilyaptimi? Ota-onalar farzand tarbiyasiga vaqt ajrata olishyaptimi? Ushbu savollar atrofida fikr yuritsak, javobini har birimiz o'zimiz uchun anglaymiz. To'g'ri, hozir davr boshqacha, hamma yoqda zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari. Bolalar va yoshlarning vaqti behuda o'tmasligi uchun turli xil to'garak va klub­lar faoliyat ko'rsatadi. Lekin bir narsani unutmasligimiz kerak, nazarimda: bola paytimiz bobo-buvimiz va ota-onamiz aytib bergan ertaklarni jon-qulog'imiz bilan eshitganmiz, to'g'rimi? Bolalarimiz ham ularga e'tibor qilsak, mehr bersak, bizni, albatta, eshitishadi. Sababi ularga aytib berilayotgan har bir mavzu yodida bir umrga muhrlanadi. Ishonmasangiz, sinab ko'ring: bolaga non va uvoqlarini isrof qilsa nima bo'lishi, ko'chaga, yo'lga turli narsa va qoldiqlarni uloqtirishi qanday oqibatlarga olib kelishi, kimlarningdir ko'z nuri singgan, aslida boshqa xunuk maqsadlar uchun emas, ilmu ma'rifat ulashish maqsadida xizmat qiluvchi kitob yoki gazeta-jurnallar haqida tushuncha bering, farzandingiz kelgusi safar shunday vaziyatga duch kelganida, albatta, gaplaringizni eslaydi. Va ishonib ayta olamizki, bu borada ijobiy qaror qabul qila oladi.

Hulkar UZOQOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − five =