Loqaydlik balosi

yoki hammani o'ylantirayotgan muammolarning yechimi qaerda?

 

Mening bolalik va yoshligim qish­loqda o'tgan. Yarim asrdan buyon shaharda yashayotgan bo'lsam-da, tug'ilib o'sgan yurtimning aziz va muqaddas bo'lib qolgan har bir qarich yeri, har bir giyohi, fasllarining o'ziga xos chiroyi va yoqimli havosi, ko'm-ko'k suvga to'lib va o'ynoqlab oqadigan katta-kichik ariqlari, ufqlarga tutashib ketgan yam-yashil dalalari, eng muhimi, tongdan shomgacha tinim bilmaydigan, ammo na hayotidan, na turmushidan va na ro'zg'oridan nolishni bilmagan beg'ubor, ochiqko'ngil, samimiy, benihoya kamtar, halol mehnat bilan shukur qilib yashashni odat qilgan mehridaryo, o'ynab gapirsa ham o'ylab gapiradigan odamlari, ayniqsa, ko'pni ko'rgan nuroniy otaxonu onaxonlari xayolim ko'zgusida namoyon bo'lmagan kun kamdan-kam.

Biri o'qituvchi, biri shifokor, biri muhandis, biri bog'bon, biri paxtakoru biri pillakor, tarbiyachi bo'lgan qishloqdoshlarimni u yoki bu sabab bilan yodga olib, qiziqdan-qiziq suhbatlarini, urush yillari va ke­yingi tiklanish davrida ko'rgan-kechirganlarini eshitganlarimni eslab, bugungi avlod — o'g'il-qizlarimizu nabiralarimizga ibrat bo'ladigan hikoyalari qalbimda sog'inch tuyg'ularini jo'sh urdiribgina qolmay, xush kayfiyat baxsh etar va bu o'zimga ham yaxshigina saboq bo'lmay qolmaydi. Chunki, bizning yoshligimiz ana shu ajoyib odamlar orasida — ularning ko'z o'ngida o'tdi. Ayniqsa, ularning salomimizga yuzu ko'zlaridan nur yog'ilib alik olganlari, tabassum bilan “Iloyim, ulug' insonlar bo'­linglar!”, deya duo qilib, mehr bilan ish o'rgatganlari, kezi kelganda odob-axloq, mehr-oqibat, yaxshilik va yomonlik haqida jon kuydirib aytgan gaplari-yu pandu nasihatlari hamisha ongu shuurimda bong urib, ularni yosh avlod ta'lim-tar­biyasiga singdirishga da'vat etib turadi. Bu xayrli va savob ishni burchim bilib, uni vijdonan bajarishga harakat qilib kelyapman. Ammo… Ha, hamma gap ana shu “ammo”da. Chunki shiddat bilan rivojlanayotgan axborot-texnologiyalari nafaqat yoshlarimiz, balki kattalarimizu keksalarimizning ham qo'llariga mobil telefoni tutqazib, undan bosh ko'tarmaydigan qilib qo'ydi. Xo'sh, buning foydasi ko'proqmi yoki zarari? Shubhasizki, bu mobil telefonidan qanday foydalanishga bog'liq. Me'yoridan oshirmay-toshirmay maqsadli foydalanilsa nur ustiga a'lo nur. Lekin unga tunu kun yopishib olib, bo'lar-bo'lmas o'yinlarga g'arq bo'lish, farzandlarimizning axloq-­odobu tarbiyasiga mutlaqo yot bo'lgan xorijiy filmlarga vaqt sarflash nafaqat ma'naviy, balki jismoniy jihatdan ham koni zarar. Bu tibbiyot tomonidan ham bot-bot ta'kidlanmoqda. Ikkinchidan, mobil telefoni “ta'lim-tarbiya”sidan katta-yu kichik “bilag'on”ga aylanmoqda. O'quvchi va talabalarimizni kitob o'qib, chuqur bilim olishini susaytirib, tayyoriga ayyorlik qilishga o'rgatmoqda. G'arb yoshlariga ergashishga, ularning madaniyatimiz va ma'naviyatimizga rahna soladigan xatti-harakatlariga taqlid qilishga da'vat etmoqda. Uchinchidan, aksariyat yoshlarimiz o'tirsalar ham, tursalar ham mobil telefonidan xorijning mantiqdan yiroq bo'lgan qo'shiqlarini hayosiz kliplarda ham tinglab, ham tomosha qilib, milliy mumtoz kuy va qo'shiqlarimizdan uzoqlashib borishmoqda.

 

Bas, bunday mashg'ulotlar ularni millatimizning minglab yillardan buyon sayqallanib, yangicha mazmun kasb etib kelayotgan sharqona odob-axloq, muomala, kiyi­nish, yurish-turish madaniyatidan tortib, urf-odat va an'analarimizgacha bo'lgan milliy qadriyatlarimizdan xamirdan qil sug'urgandek o'z bag'riga tortishiga aslo   yo'l qo'yib bo'lmaydi. Masalaga loqayd qarash ma'naviyatimizga bo'lgan befarqligimizning alomatidir. Bu esa oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari, mahalla va korxonalarda son va hisobot uchun shunchaki o'tkaziladigan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'rniga yoshlarimizni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga, mustaqil fikrlashga, g'ururli bo'lishga, bahs-munozaraga undaydigan, ularning ongu shuurini milliy va diniy qadriyatlarimiz durdonalari bilan sug'orishga xizmat qiladigan qiziqarli va ta'sirchan uchrashuvlarni yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Endi mana bu fikrlarga quloq tuting!

Bugun dunyoda kechayotgan voqea–hodisalar, turli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy “o'yinlar”dan tortib, katta-kichik urushlargacha televidenie hamda internet tarmoqlarida peshma-pesh namoyish etib turilibdi. Bularning hammasi shubhasizki, odamlar ruhiyati, ongi, axloq-odobi, madaniyati-yu, ma'naviyatiga ma'lum darajada ta'sir etmay qolmaydi, albatta. Ayniqsa, ayrim mamlakatlardagi ayol va erkaklarning kurakda turmaydigan hayvoniy qiliqlari hammasidan oshib tushmoqda. Buni keng targ'ib qilishga bag'ishlangan o'ta jirkanchli lavhalarga ko'zi tushgan sharm-hayoli, dinu diyonatli-yu, iymonli inson borki, nafratlanmay turolmaydi. Agar, har kuni necha yuz minglab yigit-qizlarimizning internet tarmoqlarida ishlashini ko'z oldimizga keltiradigan bo'lsak, bu masaladan tashvishlanmay bo'lmaydi. Afsuski, bu ma'naviyat va ma'rifat tizimlarini boshqarayotgan ayrim rahbarlarning yetti uxlab tushiga ham kirayotgani yo'q. Chunki, ko'pgina ta'lim muassasalarida, tashkilot va idoralarda ma'naviyatdan yiroq bo'lgan, yillar davomida bitta badiiy asar o'qish u yoqda tursin, qo'l ostida bo'lgan davriy nashrlar va jurnallarni varaqlab ham ko'rmaydigan, sohadagi yangilik va o'zgarishlardan bexabar, faqat rahbarining topshirig'ini bajarish bilan kun o'tkazadigan kishilar savlat to'kib o'tiribdi. Bunday “ma'naviyatchi”lardan izlanish, yangilikka intilish, natija uchun ishlash, tashabbus kutib bo'ladimi?! Qiyin, ha, juda qiyin.

Samarqand viloyatida xorijda ishlayotgan xotini bilan telefonda janjallashib, rashk tufayli o'zining voyaga yetmagan uch o'g'lini o'ldirgan L. ismli kimsa mahallada istiqomat qiladimi, mahallada! Namangan viloyatida o'z erini bo'lak­larga bo'lib, tillo tishlarini qoqib olib, arzimagan pulga sotgan ayol mahallada yashaydimi, mahallada! O'qituvchini urib, afti-angorini qonga belagan surxondaryolik odam mahallada yashaydimi, mahallada! Mahallalarda sodir etilayotgan bunday dahshatli jinoyatlar internet tarmoqlarida deyarlik har kuni e'lon qilinmoqda. Ey mo'min-musulmonlar, qani ayting, bunday johillik, bunday shafqatsizlik qaerdan paydo bo'ldi? Yonimizda bo'lgan bunday kimsalarni ko'z ko'rib, quloq eshitmagan jinoyatga qo'l urishga nima majbur qilmoqda? Ular ham shu zaminda tug'ilib, ota-ona tarbiyasini olgan, maktab ko'rgan, baxtli yashash niyati bo'lgan shu qutlug' yurt farzandlari emasmi? Xo'sh, yana ko'plab keltirish mumkin bo'lgan bunday savollarga kim javob beradi? Xalqning xohish-istagini sariq chaqaga olmay o'ziga ma'qul bo'lgan loqayd bir kishini mahalla raisi lavozimiga o'tqizib qo'ygan hokimmi yoki o'z burchini tasavvur ham qilolmaydigan oqsoqolmi? Balki, afsusdan bosh chayqab o'tirgan mahalla ahli-yu, uning faollari bir nima der? Mahallada ro'y berayotgan bunday jinoyatlarning asl sabablarini Markaz rahbarlari, sohaga aloqador vazirliklar, uning viloyat, shahar va tumanlarda faoliyat ko'rsatayotgan quyi tizilmalari rahbarlari qanday izohlar ekanlar? Agar, tizimni boshqaradigan nufuzli tashkilotlar ham, rahbar kadrlar ham, ularning xodimlari-yu, sharoit ham yetarli ekanligini tan olib aytadigan bo'lsak, unda nega mahallalarda jinoyat ko'payayapti? Mahalla rahbarlarining loqaydligidanmi yoki ma'naviy-ma'rifiy ishlarning o'z holiga tashlab qo'yilganidanmi? Menimcha, unisi ham, bunisi ham. Chunki, odamlari ahil, bir-birining og'ir-engilidan, boru yo'g'idan xabardor bo'lgan mahallada o'zbekning imon, insof, vijdon, or-nomus, andisha,   uyat, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat tushunchalari har qadamda bo'y ko'rsatib turadi. Tabiiyki, bunday mahalla obod va farovon bo'ladi. Odamlari bir-biriga hasad bilan emas, havas va shukronalik bilan yashaydi.

Bugun ahli olamning xulq-atvori, ongi-shuuri, dunyoqarashi, bir-biriga bo'lgan munosabati, talab va ehtiyoji keskin o'zgarib, ayniqsa, okean orti va g'arb davlatlarida ma'naviyat bir chetga surib qo'yilib, turli yo'llar bilan boylik orttirishga, ko'ngil tusaganini qilishga zo'r berilmoqda. Bu jarayonni turli din, turli millat va elatga mansub bo'lgan xalqlar internet tarmoqlari orqali kuzatib, birlari nafratlanayotgan bo'lsalar, birlari ko'r-ko'rona taqlid qilmoqdalar. Hatto, ayrim davlatlar bundan o'zlarining siyosiy va iqtisodiy manfaatlari yo'lida foydalanmoqdalar. Televidenie va internet tarmoqlari buni keng targ'ib qilmoqda. Bu oqimning yoqimsiz shabadasi bizni ham chetlab o'tayotgani yo'q. Ayniqsa, uning ta'siri tamagirligu poraxo'rlik, davlat mablag'larini o'zlashtirish, ko'zbo'yamachilik, talon-torojlik, shuningdek, katta-kichik jinoyatlarning ko'payishida yaqqolroq ko'rina boshladi. Bunday illatlarning avj olishi ozmi-ko'pmi ma'naviyatimizga ham chang solmay qolmayapti. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, ayrim oilalarda ona bilan qizning, ota bilan o'g'ilning gapi-gapiga to'g'ri kelmay qoldi. Ajralish­lar ko'paya bordi. Qo'lida diplomi bo'la turib ish topa olmagan yosh mutaxassis jinoyatga qo'l urdi. Ishga joylashish esa “sizdan ugina, bizdan bugina”siz bitmaydigan bo'ldi. Ayrim yoshlar ota-onasini qaqshatib, xorijga yo'l oldi. Biri yodiga tushganda hol-ahvol so'rasa, biri shuni ham ep ko'rmadi. Boshqa birovi dom-daraksiz ketib, ota-onasini kuydirdi. Hatto, otasining janozasiga kelmagani ham bo'ldi. Aslida bu og'izni to'ldirib, g'ururlanib aytadigan gaplar emas. Bu juda-juda achinarli hol. Ota-onalar ham, mahalla-ko'y ham, hokim ham, ma'naviyatchilar ham bosh qotiradigan va qat'iy bir qarorga keladigan masalalar. Ros­tini aytganda, loqaydligimiz tufayli bunday muammolar ancha chetga surilib qoldi. Ayrim mutasaddilar esa “topshiriq”ni bajarish, qog'ozbozlik, hisobotlar yozish bilan band. Nachora, sabrning tagi oltin degan ekanlar. Niyatimiz oltinga yetmoq bo'lsa, sabr qilamiz-da!

Albatta, besh barmoq barobar bo'lmaganidek, chet elda ishlab, topganini   ota-onasiga, oilasiga yuborib, duosini olgan, ro'zg'orini butlab, uy-joy qilib, oila qurgan yoshlar ham oz emas. Bunday yoshlarimizga boshing ko'klarga yetguncha tahsinu tasannolar aytging keladi. Shu bilan birga oramizda manmanlikka boribmi yoki harom yo'l bilan orttirgan lavozimu boyligiga ishonibmi, ko'cha-ko'yda, ta'lim-tarbiya, ma'naviyat va ma'rifat maskanlarida izzat-hurmat bilan bitadigan ishni janjalga aylantirib, jinoyatga qo'l urayotganlar ham yo'q emas. Masalan, bolalar bog'chasi, maktab yoki mahallada nojo'ya ish qilib qo'ygan bolaga birov tanbeh bersa, uni tartibga chaqirsa baloga qoladigan bo'ldi. Yo koni haqoratni eshitib, kayfiyati buziladi. Yoki kaltak ostida qoladi. Atrofdagilar esa tomoshabin. Og'zi yoki qo'liga erk bergan odamni o'rtaga olib uyaltirish, uzr so'rattirish o'rniga shov-shuv uchun mobil telefonlarini ishga soladilar. Birovning nohaq haqoratlanayotgani yoki musht yeyayotgani bunday loqayd kimsalarni zig'ircha bo'lsin, tashvishga solmasligi kishiga alam qiladi. Qani aytingchi, o'quvchining o'qituvchiga qo'l ko'targanini qaysi zamonda ko'rgansiz? Farzandiga ta'lim-tarbiya berayotgan o'qituvchining yoqasiga yopishgan ota-onani-chi?! Shumi bizning ustoz deb atalmish ulug' zotga bo'lgan cheksiz hurmat va muhabbatimiz? O'qituvchiga bunday bepisandlik qilish ta'lim-tarbiyaning susayishiga, o'qituvchining o'z tinchini o'ylab, o'quvchisiga nisbatan “menga nima, bilganini qilmaydimi?” deyishiga, loqaydlik kasaliga mubtalo qilmaydimi? Nega bu haqda lom-mim demaymiz? Nahotki, qo'limizni yuvib qo'ltig'imizga urib bo'ldik? Yoki bemorga chaqirtirilgan “Tez yordam” shifokorining kech kelding bahonasida tepkilanishiga nima deysiz? Pulning qud­rati bilan bir begunoh bechorani noqonuniy jazoga tortish-chi?   Bizning avlod bunaqasiga duch kelish u yoqda tursin, hatto eshitmagan ham. Shumi bizning mehr-oqibatli millatimiz urf-odat va an'analariga sodiqligu sadoqatligimiz? Shumi bizning insonparvarligimiz, madaniyatu ma'naviyatimiz? Axir, bu borib turgan sharmandalik-ku! Xo'sh, shifokorning aybi nima? U bemorga yordam bergani kelganmidi yoki do'pposlangani? Kech kelganini bahona qilib, e yo'q, be yo'q, uni haqoratlab urish qaysi qonunda yozilgan? Nega qonun doirasida tegishli idoralarga murojaat qilmay, og'zimiz bilan qo'l-oyog'imizga erk beramiz? Nega?! Shu o'rinda achchiq bo'lsa-da, bir haqiqatni ham aytishni istardik. Bunday paytda qonunga tayanib ish ko'rish xayolimizga ham kelmaydi. Chunki o'zimizga tegishli bo'lgan qonunlarni bilmaymiz. Sababi o'qimaymiz. Buning ustiga haligacha qonunlarni tizimli o'rganishning mexnizmi ham yo'q! Agar har qanday jinoyatga jazo muqarrarligini har bir fuqaro bilganida biz keltirgan misollarga o'xshash jinoyatlar ro'y bermagan bo'lur edi. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni hokimiyat, vazirlik va ma'muriy idoralarning fuqaro murojaatiga hamon befarq qarashi. Masalan, hokim yoki vazir nomiga yozilgan ariza ro'yxatga olinib, bir pog'ona quyiga tushiriladi, u yerdan yana pastroqqa… Oxir-oqibat murojaat qiluvchi quyi tashkilotlardan biridan yoki   masalaga mutlaqo aloqasi bo'lmagan boshqa bir idoradan mujmal javob oladi. Ma'muriy idoralarda ham shu tartib. Buni bor otangga, bor onangga deydilar. Ichki ishlar vaziri nomiga profilaktika inspektorining noqonuniy xatti-harakatlari bayon etilgan shikoyat xatiga Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vaziri o'rinbosarining osmondan olib yozgan javobiga kulasizmi, kuyasizmi? Agar, fuqaro murojaat qilgan kishisidan qoniqarli javob olmasa, uni sarson-sargardon qilishning nima keragi bor?! Har kuni poytaxtga ne-ne umid va ishonch bilan viloyatlardan kelayotgan yuzlab odamlar ariza qoldirib, shunday ahvolga tushishini bir tasavvur qilib ko'ring-a! Bundan arizani quyiga tushirib yuborganga foydami yoki vaqt va pul sarflab, idorama-­idora yuraverib tavbasiga tayangan fuqarogami? Axir, har bir arizada inson taqdiri turibdi-ku! Murojaatga bepisandlik insonga hurmatsizlik emasmi? Insonga hurmatsizlik qilish ma'naviyatimizning nochorligini ko'rsatmaydimi? Mana endi o'zingiz ayting, bu muammomi? Muammo! Quyidan yuqorigacha jiddiy o'rganilishi va samarali tizim yaratishga asos bo'ladigan muammo. Bu muammoning ijobiy hal etilishi minglab odamlarni sarsongarchilikdan qutqarish, salomatligini asrash, vaqt va pulini tejash imkonini beribgina qolmay, muammo va shikoyat xatlarining keskin kamayishiga ham olib kelishi shubhasiz. Shu bilan birga odamlardagi loqaydlik, tomoshabinlik, “men senga tegmay, sen menga tegma” kayfiyati o'rnini ogohlik, befarq bo'lmaslik, savobli ishga shoshilish, yomonlikdan tiyilib, yaxshilik qilish va bel bog'lash kabi xislatlar hayotiy zaruratga aylanishi aniq. Chunki, norozilik o'rnini rozilik, ishonchsizlik o'rnini ishonch egallaydi. Bu odamlarni jinoyatni ko'rib ko'rmaganlikka olishdan, tomoshabin to'nini kiyib, uni mobil telefoniga muhrlab, dunyoga doston qilishdan tiyinishga ham undaydi. Avval o'ylab keyin so'ylashga, yetti o'lchab bir kesishga o'rgatadi.

Men gapni bolaligim va yoshligim qish­loqda o'tganligidan boshlagan edim. O'n yetti yil mobaynida nimalarni o'rgandim-u, nimalar qalbimda muhrlanib qoldi? Hozircha bu savolning maqolaga oid qismiga javob berish bilan cheklansam, ushbu yozganimdan ko'zda tutilgan maqsad yanada oydinlashar degan umiddaman. Shunday qilib, men ta'lim-tarbiyani uch joyda — maktabda, oilada va kolxoz dalasida, mehnat quchog'ida olganman. Tushgacha maktabda bo'lsam, tushdan keyin kolxozchilar bilan yonma-yon dalada ishlar edim. Kechqurun maktabda berilgan uy vazifalarini bajarardim. Maktab bir olam bo'lsa, dala boshqa bir olam, oila esa maktab bilan dalaga aslo o'xshamagan uchinchi bir olam. Biroq, bularning hammasida bitta qoida: “TARTIB-INTIZOM, TALAB, IJRO VA NAZORAT” baralla bong urib turardi. Nazarimda, bu qoida hali eskirmaganga o'xshaydi.

Nuriddin OChILOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + sixteen =