Matbuot kerak deymiz, ammo…

Bu haqda juda ko'p gapiriladi. Matbuot kerak deymiz. Matbuot o'lmaydi deymiz. Ammo…

Gap shundaki, borgan sari, kun o'tgan sari gazeta va jurnallarga munosabat g'ariblashib, sarg'aygan gazetalardek yanada sarg'ayib bormoqda. To'g'ri, bugun internet zamoni, bir lahzada istalgan ma'lumotni, yangilikni undan olish mumkin. Lekin nega, ha, nima uchun ana shu internet deganlari misli ko'rilmagan darajada rivoj topgan Yaponiya, AQSh, Angliya, Fransiya, Xitoy, Hindiston singari mamlakatlarda bosma nashrlar har kuni yuz minglab nusxalarda chop etilmoqda? Nima u yerda yashayotgan millionlab odamlar bizdan ko'ra orqada qolib ketdimikin?

Shubhasiz, bugun yurtimizda ko'p va xo'p xayrli ishlar amalga oshirilayotgani bor gap. Ammo ikki-uchta hukumatga qarashli yoki saylov va boshqa siyosiy tadbirlar bois partiya nashrlariga ko'rsatilayotgan yordam, ko'mak tufayli sanoqli nashrlar gurkiramasa-da, qaddini tiklab turibdi. Lekin mamlakatdagi boshqa nashrlar-chi, ularga nima bo'ladi, ularga kim ko'mak beradi?

Matbuot nashrlari jamiyatning ko'zgusi ekan, ular mustaqil va hur ekan, nega endi davlat ko'mak berishi kerak?, — dersiz. Haqsiz. Ammo OAVga munosabat jamiyatda teng va adolatli bo'lishi ham kerak-da!

Hozir poytaxtimizda sanoqli gazeta do'konlari qoldi. Ularda ham hukumat va Prezident siyosatini yoritadigan nashrlarni topib bo'lmaydi. Sotuvga chiqmaydi bu nashrlar. Viloyatlarda, tumanlarda matbuot do'konlarini chiroq yoqib axtarish kerak.

Shunday ekan, ma'naviyat elchisi, jamiyat shifokori bo'lgan nashrlar faoliyatiga jiddiy e'tibor qaratish zarur va bu bugunning og'riqli muammosiga aylanib ulgurdi. Xo'sh, matbuotni kim qutqaradi? Kim ularga obuna bo'ladi? “Majburiy obuna” deb ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik”, —deya ochiq va kuyunchaklik bilan aytgan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. Agarda matbuotda e'lon qilinayotgan dolzarb chiqishlarga e'tibor kuchaytirilsa, soha jonli qo'llab-quvvatlansa bundan jamiyat, odamlar juda katta manfaat ko'radi. Bunga shak-shubha yo'q.

Xuddi shunday bo'lishiga, albatta chora topilishiga umid qilamiz shaksiz!

Egamberdi XO'JAMURODOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + thirteen =