Yangi tahrirdagi konstitutsiya muallifi —xalqimiz!

To'g'risini aytsam, dastlab O'zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasini yangilash to'g'risidagi masala tilga olinganida o'ylanib qolgandim. Amaldagi Konstitutsiyamizning o'zi binoyidek emasmi? Bosh Qomusimizni targ'ib qilgandik, hatto “Konstitutsiya saboqlari” degan cho'ntakbop kitob yozish nasib qilgandi. Ammo… Keyinroq Konstitutsiyaga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqidagi takliflar bilan tanisha boshlagach, fikrim butunlay o'zgardi. 1992 yilda qabul qilingan Asosiy Qonunimiz yillar o'tib yangilanishi kerakligini hayotning o'zi taqozo etgan ekan.

Siyosatdonlardan uzr so'rab aytmoqchimanki, Konstitutsiyamizga o'zgartirishlar kiritilayotganini xonadonlarimizda an'anaga aylangan uy ko'tarish yumushiga o'xshatmoqchiman. Chunki uy ko'tarishda ham ko'p vaqt mobaynida eskirgan, nobop materiallar chiqarib tashlanadi, o'rniga yangi, mustahkamlari qo'yiladi. Demak, o'ttiz yillik hayot davomida Konstitutsiyaning qaysi moddasi yoki bandi zamon talablariga javob bermasa, ularni yangilash fursati kelgan. Buning uchun bir yarim yillik muddat berildi. Muhokamaning muayyan bosqichiga kelganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Kons­titutsiyaviy komissiya a'zolari bilan muloqot qilib, jarayon bilan qiziqdi.

Komissiya a'zolari o'z fikrlarini aytishganda davlatimiz rahbari bir taklif bildirdi: Konstitutsiyaning yakuniy matnini umumxalq referendumiga qo'ysak. Agar Konstitutsiya xalqimizning oq fotixasini olsa, ajoyib ish bo'lar edi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Referendumdan bir yarim oy oldin matbuotda e'lon qilindi. Shu mavzuga bag'ishlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi yig'ilishida e'tiborli takliflar bergan oddiy yurtdoshlarimiz ham ishtirok etdilar. Ular o'z fikrlari inobatga olinib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilganidan benihoya minnatdor bo'lishdi.

Yurtimizda tarkib topgan so'z erkinligi sharoitida har kim o'z fik­rini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda oshkora bayon etmoqda. Hamkasblarimizdan biri bildirgan fikrni “Ozodlik” radio­­si e'lon qildi. Unda: “Konstitutsiya o'zimizniki” deyilyapti. Nima, uni birov olib qo'ymoqchimi? Tinchlikmi?”— deydi. Bu istehzoli luqmaga shunday javob bermoqchimiz: Hozir ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh kishilar har xil bo'lgan-bo'lmagan gaplarni yozishgacha, aytishgacha borishyapti. Ochiqchasiga g'alamislik qilishmoqda. Lekin endi yurtdoshlarimiz, Prezidentimiz aytganidek, “kechagi odamlar emas!” Bugungi O'zbekiston ham — kechagi O'zbekiston emas. Hamma o'z fikriga ega, erkin va hur insonlar. Shu bois Bosh Qomusimizning yangi tahriri chinakkam xalq xohish-irodasini namoyon etmoqda. Buning bahosini shubhasizki, xalqimizning o'zi beradi. Joylarda o'tkazilayotgan turli anjumanlarda Qomusimizga bo'lgan mehru-muhabbati, munosabati, fikri yakdil ekanligi yaqqol ko'rinib turibdi. Buniyam “uyushtirilgan” deyishyapti. To'g'ri, bunday tabirlarni haqiqiy vatanparvar yurtdoshlarimiz tashkil qilmoqda. Bordi-yu aholining ko'pchilik qismi bu muhim tadbir arafasida Konstitutsiyani yoppasiga qo'llab-quvvatlab fikr bildirsa, buning nimasi yomon ekan?! Butun yurtimiz bo'ylab bir gap aytilyapti: Konstitutsiyaning muallifi — xalq. Xalqning xohish-irodasiga qarshi borish mumkinmi? Aslo.

Yaxshisi, xalq hukmiga havola etilayotgan Konstitutsiyaviy qonun lo­yihasiga nazar tashlaylik. Har bir moddani o'qiganda o'z o'zimizga shunday savol qo'yaylik: “Xo'sh, bu modda mamlakatimiz fuqarolarining ertangi yorug' kuniga, ahil va hamjihat bo'lishiga xizmat qiladimi, yo'qmi? Vatanni sevgan inson shu moddalarda bayon etilgan qoidalarga qo'shiladimi yoki yo'q?” Javob o'z-o'zidan ma'lum: Yangilanayotgan Konstitutsiya sog'lom fikrli va ezgu niyatli insonlar orzu-o'ylarini ifoda etadi. Shunday xulosaga borish uchun har bir insonning qalbida tug'ilgan zaminiga mehr bo'lishi kerak. Shunday Konstitu­siyani qo'llab-quvvatlamaslik uchun odam qanchalik, uzr so'raymanku-ya, nodon bo'lishi kerak.

Avvalgisiga nisbatan 65 foizi yurtdoshlarimiz takliflari asosida yangilangan Bosh Qomusimizda inson huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlikka yuqori maqom berish, o'qituvchilar mavqeini mustahkamlash kabi yangi moddalarning kiritilgani har bir fuqaroning ko'ngliga mamnunlik baxsh etadi. Bu xalqimiz tabiatidagi bag'rikenglik, donishmandlik fazilatlarining amaldagi namoyonidir.

Ba'zan shunday bo'ladi: eskirgan tartibotlardan qutulish uchun inson ko'ngli yangi o'zanlarda yurishni tusaydi. Yangi qadamlar yangi manzillarga yetaklaydi. Biz Yangi O'zbekistonda yangi zamonda yashaymiz deyar ekanmiz, Konstitutsiyamiz ham yangi va pishiq-puxta bo'lishi kerak. Inson hayotini Bosh qonunimiz kafolatlari asosida yangi bosqichiga qadam qo'yishimizni anglatadi. Aks holda bunday nurli marralarga O'zbekistonda istiqomat qilayotgan butun xalqning yakdilligi, jipsligi tufayli erishamiz. Ana shu birdamligimiz yangilanayotgan Konstitutsiyamizni qo'llab-quvvatlashda ifoda topishi lozim.

Tilimizda “loyi pishitilgan” degan ibora bor. Biron yumushni bajarishda katta tajribaga tayanilgan har bir ishni tarozi pallasida o'lchaydigan, qayta-qayta tafakkur chig'irig'ida baholanadigan xulosani shunday ta'riflashadi. Konstitutsiyaviy qonun matni ham ana shunday mezonlar talabiga javob beradi. Bunda milliy mentalitetimiz, jahon andozalari har tomonlama hisobga olingan. Axir bir yarim yil mobaynida necha-necha takliflar adolat ko'zgusida o'z bahosini oldi. Natijada chin ma'noda xalq Konstitutsiyasiga ega bo'lish arafasidamiz desak yanglishmaymiz. Uning umumxalq referendumiga qo'­yilishi muhim hujjatning nufuzini oshiradi.

Ba'zilar ba'zida aytishganidek: xo'sh, bu Konstitutsiya mukammal va pishiq-puxta bo'lgani bilan ertaga— hayotda amal qilinishiga kafolat bormi? Albatta-da. Axir Prezident Konstitutsiya garovi hisoblanadi-ku!

Yana bir gap. Biz aytmoqchi bo'lgan fikr hozirgi paytda emas, ehtimol oradan ancha yillar o'tgach yuzaga kelar. Ya'ni, o'shanda yoshlar o'zlaridan kattalardan so'rashadi: Konstitu­siyamiz qanday qabul qilingan? Shunda ajib bir g'urur bilan 2023 yilda xalqimizning hohish-irodasi bilan qabul qilingan deb aytamiz. Shu tarixiy voqeada ishtirok etishimiz bugungi avlodga iftixor baxsh etmoqda. Ana shunday quvonch bilan Referendumda faol bo'laylik. Keyinchalik bilamizki, bu baxt hammaga ham nasib etavermagan.

Darhaqiqat, elimizning qalbidan, ongu shuuridan joy olgan Asosiy Qonunimiz baxtimiz, ertamiz, kelajagimizga yorug' mayoqdir. G'urur va iftixor ramzi bo'lgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ovoz beraylik!

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 5 =