Bosh Qomusimiz — iqbolimiz garovi

2016 yilning ko'klam payti edi. Uzoq qish­loqdan Toshkentga, sobiq madaniyat vazirligi tizimida ishlash uchun kelganman. Vazirlik tizimidagi Xalq ijodiyoti markazi Navoiy-30 da joylashgandi. Bir tanishimning tavsiyalari asosida ishga kirdim. Yashash uchun esa uzoq qarindoshimizning uyiga, aniqrog'i Toshkent viloyati Chinoz tumaniga joylashdim.

Hali talaba ham emasman. Ketma ket o'qishdan 4 yil yiqilib, tushkunlikka tushib yurgan paytlarim edi. Har tugul shu ish mening chalg'ishimga, nimadir qilib ovunishimga, qolaversa poytaxtning hayot qozonida qaynab, toblanishimga sababchi bo'ladi deb umid qilganman.

Uydan chiqib ketayotganimda ota-onam shunaqangi xursand bo'lib kuzatishganki, go'yoki o'g'lining lotoreyasiga poytaxtdan ikki xonali uy va moshina chiqqandek.

Shunday qilib, ishga har kuni Chinozdan qatnardim. Qisqa muddatda ishxonam bilan bir oiladek bo'lishga ulgurdim. Bir nechta respublika darajasidagi tadbirlar, uchrashuvlarni o'tkazib, qizg'in ish pallasida edik.

Afsuski, xursandchilik uzoqqa cho'zilmadi. Ikki haftalar deganda, kechqurun ishdan qaytayotsam militsiya xodimlari to'xtatib mendan kerakli hujjatlarni so'rashdi. Pasportim doim yonimda turardi, darhol uzatdim. Tanishib chiqib mendan propiskamni so'rashdi.

Doimiy turar joyim Namangan viloyati Chust tumani ekanligi, bu yerga yaqinda ishga kirganim, tez orada vaqtincha propiskaga qo'ydirishimni aytdim.

Ular esa buni tushunishni ham istashmadi. Meni olib ketishi kerakligini, ikki haftadan beri propiskasiz poytaxtda yurganimni go'yoki qonunga xilof ravishda baholashdi.

Men esa ishxonamiz boshlig'iga, qarindoshimga telefon qildim. Meni olib ketishmoqchi ekanligini aytdim. Ular organ xodimi bilan telefon orqali gap­lashishdi. Uzoq tortishuv, muhokamalardan so'ng, mening “omadli lotoreyam” omadsiz yutuq bilan yakunlandi. “Bir kun muhlat, ertaga shahardan chiqib ket” degan dag'-dag'a bilan poytaxtdan “quvilgan” edim.

Cho'ntagimda uydagilar bergan uch to'rt so'mdan ortiqcha bir so'm ham yo'q edi. Boshim qotgan. Bir haftalik ishxonam ham, Chinozdagi uzoq qarindoshim ham yordam berisholmagan.

Shunday bo'lsa ham ertasi kuni ketmay, ikki, uch kun Qo'yliqda, bir sinfdoshimning akasining qo'lida, u aka ustachilik qilarkan, aravada qum tashib 80 ming so'm ishlaganman. Va uyimga yetib olganman. Taksida ketsam 20-25 ming so'm bo'ladi. Arzonroq bo'lsin deb 12 mingga “Damas”da, orqa o'rindiqda ketuvdim. Damas ham Toshkentga material, kiyim-kechak olishga kelgan sotuvchi ekan. Besh olti soat orqa o'rindiqda ketishni tasavvur qilavering endi.

“Tarvuzi qo'ltig'idan tushgan” boladek uyga kirib bordim.

Ham o'qishdan yiqilgan, ham poytaxtdagi ishidan haydalgan yigitning qalbida faqat bitta savol aylanar edi “Nahot o'z yurtimda propiskasiz erkin yura olmasam, ustiga ustak o'qishga ham kira olmasam, o'sha yili 226 ball bilan oliy o'quv yurtidan yiqilgan edim. Ochig'i, rosa alam qilgan. To'g'ri, boshqa joyga topshirsam kirib ketardim, lekin mening maqsadim Toshkentda o'qish, ishlash edi-da.

“Qalbdan so'rasang, yurakdan nola qilsang butun koinot sen tomon talpinadi” deganlaridek, 2017 yil davlatimiz rahbari tomonidan propiska tizimi bekor qilindi, oliy ta'limga o'qishga qabul qilish tizimi tubdan takomillashtirildi.

Bu go'yoki kaminaning   orzusi edi, aslida esa minglab yurtdoshlarimiz ayniqsa yoshlar, ijodkorlar uchun propiska tizimining olib tashlanishi katta yangilik bo'ldi.

Bir omad kelsa qo'sha-qo'sha keladi. O'sha yili Toshkentga, Prezident qarori bilan tashkil etilgan universitetga birinchilardan bo'lib o'qishga qabul qilindim va poytaxtda ish boshladim.

Hammasi shunday tez sodir bo'ldiki, ko'z ochib yumguncha hayot tarzim butunlay o'zgarib ketdi…

Mana 7 yildan buyon poytaxtda ishlab kelayapman. Birov hech narsa demaydi. Formalik akalar yo'lda to'xtatmaydi, hujjat so'ramaydi, propiska talab qilmaydi. Erkin ijodingni qilib, xotirjam nafas olib, kvartirangda bir piyola choyingni ichib yursang bas.

Hayot tasodiflarga, kutilgan va kutilmagan voqealarga to'la. Bir paytlar poytaxtdan propiskang yo'q deb quvilgan yigit 2021 yilda Prezident Farmoni bilan nufuzli davlat mukofoti sovrindori bo'ldi. Ikki marta ular ishtirokidagi respublika tadbirida ishtirok etdim…

Vatandoshlar, yangilanayotgan Bosh Qomusimiz—Konstitutsiyamiz, undagi inson qadri, uning sha'ni, qadr qimmati ifodalangan moddalar ana shunday to'siqlardan holi, yoshlar, ijodkorlar, qalam ahli uchun yangidan-yangi imkoniyatlar eshigi bo'lishiga ishonaman.

Yangi O'zbekiston taraqqiyotini, Uchinchi Renessans degan ulug' g'oyani amalga oshirish esa sizga, bizga, barchamizga bog'liq.

Keling, qo'lni qo'lga beraylik, birlashaylik, bir musht kabi jips bo'laylik! Zero, Vatan taqdiri, Millat ertasi barchamizga taalluqli.

Islom ASILBEKOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =