Inson nima uchun aziz?
Yangi O'zbekistonimiz kelajagi uchun qilinayotgan tarixiy, ma'naviy va madaniy-ma'rifiy ishlarning qaysi birini aytay. Yaxshi ishlarimiz juda ko'p. Islohotlarda ijodkorlikni ko'raman. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so'zlarini vaqtli matbuotda eshitib, ko'rib, o'qib ruhlanib ketaman. Boshlangan ishlarning ishtirokchilaridan biri bo'lgim keladi. O'zimda qandaydir kuch, intilish paydo bo'ladi.
Yaqinda ko'chamizga asfalt yotqizildi. Prezidentimiz topshirig'ini tuman hokimligi o'z vaqtida bajarayotgani bizni xursand qildi. Buni Mirobod tumani hokimiga ham mamnun bo'lib aytdik. Hokim mahalladoshlarga shaxmat-shashka o'ynaydigan bir joy, o'sha yerda maktab bolalari uchun futbol maydonchasi qurib berishni ham va'da qildi. Faqat yer masalasini va qo'shnilar roziligini olib beringlar, xolos deb aytdi. Quvonchimizning cheki yo'q. Hokimga, yo'limizni asfalt qilgan ishchilarga rahmatlar aytdik. Men hatto televideniega intervyu berib, mahalla ahli quvonchini elga yetkazdim.
Ammo ba'zan ko'chaga chiqib, biror-bir tashkilot yoki korxonaga borganim zahoti o'sha shijoat o'rnini afsuslanish hissi egallaydi. Yaqinda o'zim istiqomat qiladigan tuman “Suvsoz”iga bordim. Mas'ul kishiga, yil yakuni bo'yicha qarzim yo'q, menga ma'lumotnoma bering, deb iltimos qildim. To'lov qog'ozlarimni ko'rdi, qarzingiz yo'q, ammo biz uyingizdagi hisoblagichni tekshirib ko'rishimiz kerak, dedi. Qisqasi, ular ertasiga uyga kelishdi, ko'rishdi, hammasi joyida ekan. Ertasiga ma'lumotnoma olaman, deb boshqarmaga bordim. Qisqasi, bir soatda olishim mumkin bo'lgan ma'lumotnoma uchun ikki kun ovora bo'ldim. Xodimlarning ishga sovuqqonligidan xafa bo'lib ketdim. Axir, hozir texnika asri-ku! Uyimdagi hisoblagichga shubhang bor ekan, oldinroq kelib tekshirmaysanmi? Qolaversa, iste'molchining to'lov holati kompyuterda turgan bo'lsa? Men-ku, sarson bo'lishga bo'ldim, o'sha layoqatsiz xodimlar boshqalarni ham qiynashmasin, deyman. Ko'chalarimiz go'zal, ammo piyodalar yuradigan yo'lkalar (tratuarlar) haqda rejali ishlar qilinishiga elning ehtiyoji bor. Chunki ko'pgina ko'chalardagi ko'p qavatli uylargacha bo'lgan maydonlarni temir panjarami, temir to'siqlar bilanmi o'rab olish yana odatga aylanyapti. Bamisoli bu joy o'sha xonadon egalarinikidek. Umumxalq joyi bamisoli xususiylashtirilganday. Oqibatda piyodalar yuradigan yo'lkalar torayib, yo'qolib boryapti. Mashina uchun mo'ljallangan va asfalt yotqizilgan ba'zi joylar xonadon sohiblari tomonidan katta yo'l beton to'siqlar bilan berkitib qo'yilgan joylar ham bor. Keyin betonli ariqlarning bittasida ham suv yo'q. Shinam yo'laklar yonidagi beton ariqlardan suv oqib turishi — mening orzuim.
Korxona va tashkilot rahbarlarining atrofdagi odamlar fikriga quloq solishi haqida juda yaxshi gaplarni eshitib xursand bo'lamiz. Ammo fikr bildirish uchun kichik bir tashkilot boshlig'ining yoniga ham kira olmaysiz. Qabulxonaga kirib taklifingizni aytsangiz, sizni kimgadir yo'llashadi. Kirsangiz, o'sha odam bu masalani faqat katta boshliq hal qiladi, pullik masala ekan, deb gapni buradi. O'sha boshliqqa kiray, desangiz hozir yo'qlar, bugun – erta bo'lmaydilar, deb gapni qisqa qiladi. Qo'lingizni qo'ltiqqa urib qaytasiz. Xat yozsangiz, umuman sizni qanoatlantirmaydigan javob olasiz… Keyin noiloj, bu muammolar ham hal etilar, deb o'z holingizcha yashayverasiz.
Umr bo'yi o'zim ishlagan matbuot sohasini olaylik. Bolalar matbuotining bugungi ahvoli menga tushunarsiz. Nima, bolalarimizga ommaviy axborot vositalarining xizmati kerakmasmi? Bolalar matbuoti taqdiri bilan kim shug'ullanishi kerak? Mutasaddi tashkilotlar bu masalada qachon uyg'onadi? Bolalar qo'liga “sotka” emas, kitob va gazeta tutqazishimiz kerak-ku! Meni o'ylantirgan narsa, bu ham shunga bog'liq, yoshlar tarbiyasiga juda kuchli ta'sir etuvchi masaladir. Bu borada vazirlar qabuliga kira olmadim. Ba'zilariga xat yozdim. Javoblarda va'dadan boshqa narsa ko'rmadim. Maktablarimiz kutubxonalaridan “Tong yulduzi” gazetasi, “G'uncha” va “Gulxan” jurnallarini izlab ko'ring. Topolmaysiz. Nega? Bolalarimiz orasida shunday nashrlarning ular uchun chiqayotganini bilmay katta bo'layotganlar bor. Axir, kitobxonlik shu bolalar nashrini o'qishdan boshlanadi-ku!
Tuman gazetalari-ku, chalajon bo'lib, yo'qolish arafasida. Hatto bir shahar gazetasi yo'qolib ketdi. O'z vaqtida “Toshkent oqshomi” – 140 ming, “Vecherniy Tashkent” – 80 ming nusxada chop etilgan. Afsuslanasan odam.
Benzin quyish shoxobchalarida narxlar har uch kunda o'zgarib turayotgan edi. Bu o'zgarish narx-navo keskin ko'tarilgani bilan to'xtadi. Toshkent shahrida mashinalar harakati kishini tashvishga qo'ymoqda. Har bir ko'chada “probka”. Yoqilg'i ketyapti, havo buzilyapti. Bu mashina haydovchilarining kayfiyatiga yomon ta'sir ko'rsatyapti. Odamlar salomatligiga koni ziyon — shifokorlarga ish orttiryapmiz. Dorixonalarga ehtiyojimiz ortaveradi bunaqada. Biror yo'lini topish kerak-da!
To'g'ri, ijobiy o'zgarishlar juda ko'p. Bundan quvonaman. Bitta Qoraqalpog'istonda, to'g'rirog'i Mo'ynoqda qilingan ishlar meni juda xursand qildi. Men bu elni yoqtiraman: mard, tanti xalq. Ularning fidoyiliklari haqida bir asar ham qoralaganman. Faqat uni qaerga olib boray? Vaqtli matbuot bu ahvolda. Kitob chiqarishning qiyinligi o'zingizga ma'lum.
Prezidentimiz faoliyat boshlashlaridan oldin “Xalq qabulxonasini tashkil etgandilar. Bugungi ijobiy o'zgarishlarning debochasi o'sha ish. Bu rahbarlarga, xalq bilan birga bo'linglar, degani. Endi xalqning bir vakili kichik bir tashkilot rahbarining oldiga kirolmasa. Bu qanaqasi? Nega ular xalq bilan suhbat qurishni istashmaydi? Nimadan qo'rqishadi? O'zim a'zo bo'lgan Partiya liderining oldiga (avvalgi ikkitasining yoniga ham)kirolmadim. Men salkam 20 yillik stajga ega partiya a'zosiman. Ammo men bormanmi yoki yo'qmi, ular bilishmaydi, bugungi ahvolim bilan qiziqishmaydi ham. Bunday partiya kimga kerak o'zi?! Bilmayman. Rosti endi bilishga ham qiziqmaydigan bo'lib qoldim. Hozircha o'sha partiyaning “o'lmagan o'lik” a'zosi hisoblanib turibman.
Yana korxona va tashkilot rahbarlarining “ish usuli”ga qaytaman. Avval qorovulga hisob berasiz, niyatingizni aytasiz, bir amallab kim bilandir uchrashishga erishasiz. Ammo suhbat o'sha “boshlig'imiz hozir yo'qlar”, degan gap bilan tugaydi. Dilingiz xufton bo'lib o'sha tashkilotning eshigini qattiq yopib chiqib ketasiz. Agar boshliqqa kirgan taqdiringizda ham va'da beriladi-yu, shu bilan tamom. Muammo hal etilmagach, xat bilan murojaat qilasiz. Bunday xatlarga javoblarni “pripiska” degan bo'lardim. Javob berildi, deyish uchun yoziladi. Bu javoblar bir xil: hal etilishi kerak bo'lgan muammo — bog'da, xatlarga javob — tog'da.
Bitta gazetada xatlarga shunday javoblar bo'yicha munosabat bildirildi. Bu O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi nashri “Ishonch, “Ishonch-Doveriya” gazetalaridir. Gazeta bosh muharriri bu olijanob ishdan charchamasin, boshqa gazetalarimiz ham shunday savobli ishga qo'shilishadi, deb o'ylayman va umid qilaman.
Hamma narsadan alamzada bu odamning o'zi kim, dersiz. Men nafaqadagi 82 yoshli keksa odamman, 2-guruh nogironiman. Matbuot sohasida sochim oqargan. Jurnalistik faoliyatimni musahhihlikdan boshlab, ko'p yillar muxbir bo'lib ishladim. Keyin o'nta gazeta va jurnalga bosh muharrir, yana ikkita nashriyotda Bosh muharrirning o'rinbosari vazifalarida ishladim. Ko'p yillar oliy o'quv yurtida talabalarga dars berganman. Bir vaqtlar vazirlar menga murojaat qilishardi. Endi ular bilan hatto salomlasholmayman. Bu qanday ahvol?
Bu gaplar bilan, bizda hamma narsa yomon, demoqchimasman. Aslo! Ammo ovqatingizga birgina tuzni ko'proq sepib yuborsangiz, uni iste'mol qila olmaysiz. Bitta joyda o'g'irlik, bir joyda g'irromlik, yana bir joyda hurmatsizlikni ko'rdingizmi, o'shanga qarshi kurashmoq har bir Yangi O'zbekiston fuqarosining ishi, demoqchiman, xolos. Ana shundagina biz ko'zlagan marrani zabt eta olamiz. Bugungi islohotlarning mazmun-mohiyati shunda. Shu umumxalq kurashida hamma halol odamlar faol bo'lsagina orzularimiz ushaladi, ona yurtimiz go'zal, fayzli mamlakatga aylanadi. Prezidentimiz jon kuydirib, yo'q narsalarni bor qilishga intilayotgan, kunni tunga ulab, dam olish kunlari ham tinim bilmay, farzandlari bilan bir davrada o'tirib rohatlanish o'rniga viloyatma-viloyat yurib, o'zgarishlardan quvonib, xato yoki kamchiliklardan kayfiyati xiralashib, quvonish o'rniga xafa bo'lib yurganlari haqiqat-ku! Nega o'z rahbarimizni ilhomlantiradigan ishlar qilishga harakat qilmaymiz. Biror tashkilot rahbarligiga munosib ko'rildikmi, o'zimiz ko'rib – bilib turgan, qo'limizdan keladigan ishlarni yaxshilab bajarib qo'ysak hamma xursand bo'ladi- ku! Nega qilmaymiz?
Xullas, har bir odam amali bilan emas, uning odamiyligi, bilimi, izlanuvchanligi, odobi, xalqchilligi bilan aziz. Kuyinib so'zlaganlarimning asl mohiyati ana shu.
To'lqin Muhiddin,
faxriy jurnalist