Gap yoshda emas ekan…
yoxud Misrning bosh imomlaridan biriga imomlik qilganim haqida
Misr Arab Respublikasiga turli maqomda bir necha marta borganman. Bir gal, 1998 yilda Ahmad al-Farg'oniy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan tasvirchi Shuhrat Mirzakarimov ikkimizni Qohiraga yuborishdi. Biz buyuk olim hayotining so'nggi yillari va Misrda unga bo'lgan munosabat haqida turkum reportajlar tayyorlashimiz lozim edi.
Misr tashqi ishlar vazirligining MDH boshqarmasida bizni qabul qilishdi. Bir haftalik dastur avvaldan kelishilgan va tasdiqlangan. Unga ko'ra biz qachon, qaerda, kim bilan uchrashamiz, nimani tasvirga tushiramiz — barchasi soatma-soat belgilab qo'yilgan. Shunga qaramay, boshqarma boshlig'i iltifot yuzasidan bo'lsa kerak, yana qanday istagingiz bor, barchasini bajaramiz, deb qoldi.
Savol kutilmagan edi. Lekin men vaziyatdan foydalanmoqchi bo'ldim. Misrga bir necha bor kelsam-da, hatto Al-Azhar universiteti faoliyati bilan tanish bo'lsam-da, uning rahbari Shayxul Azhar bilan hech uchrasha olmaganman. O'sha paytda, 1998 yilda Muhammad Said Tantaviy Al-Azhar universiteti rahbari edi.
Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig'ining taklifiga binoan darhol shunday dedim:
— Imkon bo'lsa, biz Shayxul Azhar janoblari qabuliga kirsak, degandim.
Tarjimon so'zini tugatmadiyamki, boshqarma boshlig'i kulib yubordi. Bu diplomatiya axloqiga to'g'ri kelmagan gap edi. Mendagi norozilikni sezdi-yu, darhol uzr so'radi.
— Uzr, meni kechiring, janob jurnalistlar. Gap shundaki, Shayxul Azhar janoblarining kamida olti oylik vaqtlari kunma-kun band qilingan. Sizlar esa atigi bir haftaga kelib, audiensiya so'rayapsizlar. Buning hech iloji yo'q, shuning uchun…
Boshqarma boshlig'i ikki qo'lini yozib yelkasini qisdi. Aslida, shunday ekanini bilar edik. Ammo u barcha istagingizni bajaraman, degandi-da.
— Siz so'radingiz, biz aytdik, — dedim biroz norozi ohangda. — Istagimizni Shayx janoblariga yetkazsangiz, nasib qilmagan bo'lsa, noiloj.
— Albatta, albatta, — dedi misrlik mulozim. — Shu bugunoq Al-Azhar universiteti kanselyariyasiga iltimosnoma topshiramiz.
Bizga safarimiz chog'ida O'zbekistonning Misrdagi elchixonasida “maslahatchi” lavozimida ishlasa-da, aslida, maxsus xizmat vakili bo'lgan R.Qodirov hamrohlik qilar edi. Uch kun Qohira davlat universiteti, Fustot shahri qoldiqlari, qadimiy qabriston, Miqyosi Nil majmuasi kabi manzillarda tasvirga tushirish ishlarini amalga oshirdik.
Kechki payt elchi Shamsiddinxon Boboxonov chaqirib qoldilar.
Elchixona shahar markazi va Nil daryosiga yaqin eski mavzelarning birida. U ilgari Saudiya Arabistoni podshohi Fahd al-Saud hazratlarining Misrdagi rafiqalari uchun sotib olingan ko'rkam bino bo'lgan. Keyinchalik uni O'zbekistonga sotib yuborishgan.
Shamsiddinxon Boboxonovni o'tgan asrning 70-yillaridan buyon tanir edim. O'shanda ular Moskvada yashab, shu yerdagi Sharqshunoslik institutida ishlar edilar. Keyinchalik otalari Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hurmatidan bo'lsa kerak, Shamsiddinxon akani O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasining raisi, muftiy etib tayinladilar. Bir necha yildan so'ng esa ularni Misr Arab Respublikasiga O'zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi qilib yuborishdi.
Elchixona hovlisida qo'lini orqasiga bog'lab olgan Shamsiddinxon aka darg'azab holda u yondan bu yonga yurar edilar. Meni ko'rdilar-u:
— Nimalar qilib qo'ydingiz, Muhammadjon? — dedilar jahl otiga minib. — Men elchiman, ammo mana bir yildirki, haligacha Shayxul Azhar bilan uchrasha olganim yo'q. Sizni esa… ertaga qabul qilar ekanlar. Nega bemaslahat iltimosnoma kiritdingiz?
Men bir so'z aytolmay dong qotdim. Chunki bunday natijani hech kutmagan edim-da…
Shu kuni yarim kechgacha qabulga kirish, suhbat odobi, savollar muhokama qilindi. Bizga hamrohlik qilayotgan “maslahatchi” o'z xonasiga kirib, Toshkent bilan shu xususda gaplashib ham oldi.
Shu kecha uxlay olmadim. Men hayajonimni yenga olmasdim. Chunki Shayxul Azhar har kuni qaysidir musulmon davlati rahbari bilan uchrashar yoki qaysidir davlatga oliy darajada safar qilardi. Aytishlaricha, bunday tashriflarni oylab, hatto yillab kutar ekanlar. Bundan tashqari, musulmon olami diniy kengashi u bilan maslahatlashib qaror qabul qilar, fatvo chiqarar edi. Men kimmanki, Misrga keliboq uning qabulida bo'lsam?..
Uchrashuv tayinlangan soatda biz elchi “maslahatchi”si hamrohligida Al-Azharning darvozalaridan biri qarshisiga kelib kuta boshladik. Tayinlangan soatdan 15-20 daqiqa o'tdi hamki, kutib oluvchidan darak yo'q edi. Shunda “maslahatchi” bizga shu yerda qimirlamay turishimizni tayinladi va o'zi boshqa darvoza tomon ketdi.
Al-Azhar universiteti, aslida, bir kichikroq shaharga o'xshaydi. Unda ma'muriy bino, o'quv inshootlari, kutubxonalar, masjid va yalpi dars o'tiladigan zallar va bir necha darvoza bor. Shu payt o'rta yoshli, boshida salla, egnida yupqa, astarsiz chopon, ixcham soqoli o'ziga yarashgan bir kishi oldimga kelib, arab tilida bir nimalar dedi. U qo'limdagi mikrofon va tasvirchidagi kamerani ko'rsatib, “O'zbekiston”, “televizion” degan so'zlarni aytdi. Men uni tasdiqladim. Shunda u bizni darvoza tomon taklif qildi. Arab tilini bilmasam-da, bor tavakkal deb ingliz tilida hozir sherigimiz kelishini, ungacha kutib turishimiz lozimligini aytdim. Qarangki, u ham ingliz tilini mening darajamda bilar ekan. Biz bir-birimizni tushundik. Shu pallada peshinga azon yangradi. Vakil bezovta bo'la boshladi. Yana biroz kutdik, ammo elchi maslahatchisidan darak yo'q edi. Takbir aytilganidan so'ng, bizni kutishga kelgan vakil shu yerda, ko'm-ko'k maysalar ustida peshin namozini o'qib olishni taklif qildi. Men rozilik bildirdim. Vakil mendan 10-15 yosh kichik edi. Balki, shuning uchundir yoki iltifot yuzasidanmi, meni imomlikka o'tishga ishora qildi. Axir u mendan ancha yosh-ku, dedim-u, uning taklifini qabul qilib, yarim qadam oldinga chiqib, niyat qildim-u “Allohu akbar” deya quloq qoqdim. U ham mendan sal ortda, o'ng tomonimda menga iqtido qilib quloq qoqdi. Namozni tugatgach, ikki yonga salom berdim. Qarasam, chap tomonda R.Qodirov rangi quv o'chgan, tashvish bilan kuzatib turgan ekan. Men darhol uni vakilga, vakilni unga tanishtirdim. Ular arab tilida so'zlasha ketdilar. Keyin ma'lum bo'lishicha, tayinlangan darvozani yo biz, yo ular adashtirgan.
Shayxul Azhar bizni g'oyat iliq, iltifot bilan kutib oldi. So'zining boshidayoq nega bizni qabul qilganining sababini aytdi:
— Menga sizlarning iltimosnomangiz bilan shaxsingiz haqidagi ma'lumotni ham berishdi. Qarasam, sizlar islomning buyuk xizmatkori Burhoniddin Marg'inoniy shahridan ekansiz. Ul ulug' zotga bo'lgan cheksiz hurmatimiz haqqidan uchrashuvlarim davomiyligini qisqartirib, sizlar uchun vaqt topdim, — dedi Muhammad Said Tantaviy.
Bu avvalo yurtimizdagi buyuklar, ularga bo'lgan yuksak e'tibor hurmatidan edi. Shayxul Azhar 1998 yilda O'zbekistonda Imom Buxoriy ziyoratgohi tantanali ravishda ochilishini bilar, o'zi ham unga taklif etilgan edi.
Suhbat-intervyu yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, islom ulamolari ziyoratgohlarini tiklash, qayta qurish, diniy ta'lim o'quv yurtlari, yuzlab masjidlar ochilishi, hajga boruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida juda samimiy ruhda o'tdi.
Biz Al-Azhar universiteti binosidan chiqib, elchixona mashinasiga o'tirishimiz bilan elchi “maslahatchi”si sal bo'lmasa giribonimdan oldi.
— Siz kimga imomlik qilganingizni bilasizmi? — dedi jahl bilan. — Elchixonaga yetib olaylik…
Men hech narsani tushunmasdim. Universitet vakili keldi, namoz vaqti ibodatga chorladi va meni imomlikka o'tishga taklif qildi. Bor gap shu edi-ku.
“Maslahatchi” yo'l-yo'lakay Shamsiddinxon akaga qo'ng'iroq qilib, bo'lgan voqeani uzuq-yuluq aytdi. Meni “galvars jurnalist” deb atadi va Muhammad Ali poshsho masjidi imomiga imomlik qilib namoz o'qiganimdan norozi bo'ldi.
Elchixonada Shamsiddinxon akani xuddi kechagidek kayfiyatsiz holda uchratdim.
— E, birodar, yana nima qilib qo'ydingiz? Axir sizning ortingizda namoz o'qigan odam Misrning eng mashhur va mansabdor imomi bo'ladi. Hayit kunlari hatto bu mamlakat prezidenti ham uning ortida turib namoz o'qiydi!
Men juda hijolatda edim. O'z-o'zimni ayblar edim ichimda. Ochig'i, nimalar bo'lganini shu topda o'zim ham anglab yetmagan edim.
Elchi va “maslahatchi” bir necha daqiqa voqelikni o'zaro muhokama qildilar. Keyin bilishimcha, tayinlangan vaqtda tayinlangan darvozaga universitet vakili chiqqan. Ammo qandaydir tushunmovchilik tufayli biz boshqa darvoza oldida kutgan ekanmiz. Shunda vaqt tig'izligi tufayli Shayxul Azhar kotibiyati mudiri qabulxonada turganlarning barchasini universitetning barcha darvozalariga yuboribdi. Qohiradagi ahamiyati jihatidan ikkinchi o'rinda turadigan Muhammad Ali poshsho masjidi bosh imom-xatibi ham qabulxonada ekan. Undan biz turgan darvozaga borishni so'rashgan…
Shunday qilib, men o'zim bilmagan holda peshin namozida Misrning bosh imomlaridan biriga imomlik qilibman…
Elchi va “maslahatchi” bilan xonalarning biriga kirdik.
— O'sha yerda qanday namoz o'qigan bo'lsangiz, ovoz chiqarib uni takrorlang, — dedi buyruq ohangida “maslahatchi”. Men shunday qildim.
— Shunday o'qiganingiz aniqmi? — ishonqiramay so'radi “maslahatchi”.
Men ayb ish qilib qo'ygan yosh boladek arang tasdiq javobini berdim. Keyin u nimalardir deya norozi holda xonasiga kirib ketdi…
Oradan yillar o'tib, Shamsiddinxon Boboxonov bilan Toshkentda, keyin Farg'onada uchrashdik. U juda oliyjanob inson edi. O'sha men bilmay turib bo'lsa-da, qilgan odobsizligim voqeasini biron marta ham yuzimga solmadi.
Muhammadjon OBIDOV.
Toshkent — Qohira – Toshkent.
