Markaziy bank: “Yirik P2P o'tkazmalarini nazorat qilish g'oyasi Konstitutsiyaga zid”

Yirik miqdordagi P2P (kartadan kartaga) pul o'tkazmalari to'g'risidagi ma'lumotlarni soliq organlariga taqdim etish haqidagi taklif O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga zid keladi. Bu haqda Markaziy bank raisi o'rinbosari Abrorxo'ja Turdaliyev rasmiy izoh berdi.

Ushbu moddada har bir shaxsning mulk huquqiga ega ekanligi, bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar siri, shuningdek, meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qo'yilgan.

Regulyatorning ta'kidlashicha, pul o'tkazmalarini nazorat qilish bo'yicha ushbu tashabbus avvalroq jamoatchilik orasida ham keskin tanqidlarga sabab bo'lgan edi. Markaziy bank Soliq qo'mitasiga mazkur qaror loyihasi “Bank siri to'g'risida”gi qonun hujjatlariga zid ekanligini oldindan ma'lum qilgan.

Loyihaning amalga oshirilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilishiga, naqd puldan foydalanish hajmining ortishiga, mablag'larning bank tizimidan norasmiy muomalaga chiqib ketishiga va yashirin iqtisodiyot ko'lamining kengayishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, Markaziy bank ushbu cheklov naqd va naqdsiz hisob-kitoblar hajmi o'rtasidagi nomutanosiblikni kuchaytirishi mumkin, deb hisoblaydi. Regulyator, shuningdek, me'yoriy hujjat loyihasi Soliq qo'mitasi tomonidan ishlab chiqilganini, ma'lumotlarni uzatish uchun nima sababdan aynan oyiga 500 BHM miqdoridagi chegara tanlangani bo'yicha Markaziy bankning o'zida hech qanday asoslar mavjud emasligini ta'kidladi.

Shu bilan birga, Markaziy bank tizimda O'zbekiston qonunchiligiga muvofiq bank siri va shaxsiy ma'lumotlarning daxlsizligini ta'minlaydigan, axborotni himoya qilishning zamonaviy texnik va tashkiliy choralari allaqachon yo'lga qo'yilganiga ishonch bildirdi.

Manba: platforma.uz.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 12 =