Kaltakni yetim yer ekan-da…

(yoki Hakim Sattoriyga ochiq xat)

Assalomu alaykum!

Sizning “Hurriyat” gazetasida shu yil 31 may kungi № 21 (1345)-sonida e'lon qilingan “Nuqtai nazar” rukni, “Tuman gazetasi nega yopildi?” sarlavhali maqolangizni o'qib, matbuot sohasida 35 yildan buyon (shundan 25 yili – 1998 yildan keyin) fao­liyat yuritayotgan inson sifatida o'z fikr­mulohazalarimni bildirishni burchim, deb bildim.

Avvalo ta'kidlamoqchimanki,  gazetachilikning hozirgi nochor ahvoli haqida juda ko'p mulohazalar bildirilyapti. Ularning aksariyatida, ayrim mualliflarning  chiqishlarida quyi matbuot, ya'ni viloyat va tuman gazetalari faoliyatining bosh aybdori qilib shu joyda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar olinyapti.

Siz ham garchand ko'pdan-ko'p mushohadalar, ya'ni gazetachilik tarixi, sobiq sho'ro davridagi gazetachilik haqida atroflicha fikr yuritgan bo'lsangiz-da, maqolangizning xulosasini “Mabodo, umuman olganda, qaysi davlatda bo'lsa-da, matbuot umuminsoniy mezonlardan chekinib, o'z qobig'ida o'ralashib qolgan ekan, bunga sohani emas, o'sha soha odamlarini ayblash lozim bo'ladi. Bizda tarixiy tajribalar asosida rivojlanayotgan, qonuniy asoslari mustahkam milliy matbuot mavjud. Davr talablari esa endi eski qoliplar doirasida ishlab bo'lmasligini ko'rsatayapti” degan jumlalar bilan yakunlagansiz. Ya'ni inqirozga uchragan boshqa nashrlar kabi Asaka shahar gazetasining yopilishiga shu jamoa jurnalistlarining almisoqdan qolgan talablardan qutula olmasligi, bugungi gazetxon qiziqadigan mavzularni ko'tarib chiqishga qurbi yetmayotganligi sabab qilib ko'rsatilgan. Ehtimol, sizning xulosangiz ham to'g'ridir. Agar shunday bo'lsa, nega unda sizning o'zingiz maqolangizda Asakadagi bor holatni boricha yozishni ep ko'rmadingiz yoki chuqur o'rganmadingiz?

Aytmoqchi bo'lganim, Asakaga borib, yopilgan gazeta jamoasi bilan dildan suhbatlashsangiz, ularning ohu-nolasini eshitsangiz (har holda ular gazeta yopilganidan xursand bo'lib bayram qilmayotgandir?) Gazeta taxlamlarini varaqlab, unda chiqqan mavzularni tahlil qilsangiz, gazetani yopish qarorini chiqargan hokim janoblarining fikrini olsangiz, yana shahar aholisi bilan ham suhbatlashsangiz va borini-boricha qalamga olsangiz bo'lardi-ku!

Men bilganim — Asaka mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati baland shaharlaridan biri. Undagi birgina “UZAUTO MOTORS” aksiyadorlik jamiyatida o'n mingdan ortiq odam ishlaydi va ular yaxshigina maosh olishsa kerak. Nahotki, hech bo'lmasa, shu korxona rahbariyati yopilish darajasiga kelgan gazeta ja­moasiga yordam qo'lini cho'zib, 1000-2000 obunachi topishga yordam bera olmasa?

Gazeta muassisi bo'lgan hokim janoblari-chi? Yana u kishining padari buzrukvorlari o'sha gazeta muharriri bo'lgan ekanlar.

Hokim janoblari uchun otalarining hurmati ham shu ekanmi? Bir qaror bilan gazeta faoliyatiga nuqta qo'yib, aholini siz maqolangizda ta'kidlagan “respublika uchun malakali xodimlar tayyorlab beradigan ustaxona”dan mahrum etsalar!

Vaziyatni chuqurroq o'rganish uchun matbuotga oid qonunchiliklarimiz ijrosiga mas'ul mansabdorlar fikrini ham olsangiz yomon bo'lmas edi.

Axir muhtaram Yurtboshimiz mamlakatimizda fikr erkinligini ta'minlash uchun qancha imkoniyatlar yaratyaptilar-ku? Siz asakalik gazetachilar misolida vaziyatni aniq ma'lumotlar asosida yechish o'rniga, osongina yo'l tutib, aybni eng quyi bo'g'inda, eng nochor ahvolda ishlovchilar bo'yniga qo'yibsiz. E, rahmat-e, Sizga!

Bu borada mo''tabar gazeta minbarida chiqishdan oldin nahotki bir o'ylab ko'rmadingiz? Gazetachilikdagi muammolarni ularning kichkina, nochor jamoasi yecha bilsa gazeta tahririyatlari birin-ketin yopilarmidi?

Mabodo “nochor” deganda darrov menga biron-bir noshukurlik tamg'asini bosishga shoshilmang. Men noshukur odam emasman. Ammo bor narsani yashirmay, boricha aytishni va yozishni xohlayman. Maddohlik qo'limdan kelmagan va kelmaydi ham.

Nochor deganim bugun gazeta jurnalistlari ular tahririyatda ikki kishimi, uch kishimi yo bundan  ko'pmi, ozmi, ishqilib, o'zlarini o'zlari boqishlari kerak. Ya'ni iltimosu iltijo qilib obunachi topishlari, obuna pulini yalinib-yolvorib tahririyat hisob raqamiga tushirishlari, bosmaxona topishlari, nashr qilingan gazetani obunachilarga yetkazishlari (agar obunani o'zlari orqali tashkil etsalar yaxshi. Ammo pochta bilan ishlasalar, muammo yana ko'payadi. Chunki obuna pulini olish qiyin) kerak.

Ana endi o'ylab ko'ring, obunachi izlab boshi eshikdan-eshikka uriladigan jurnalistning sillasi qurimay, kimning sillasi qurisin?!

Oilasi tugul, o'ziga ham durust sharoit yarata olmaydigan jurnalist qanday qilib “yangi parvozlar” bilan ijod qiladi?!

Quyi matbuot jurnalistlarining mahorati pastligini pesh qilgansiz. Xo'sh, yuqori matbuotning mahoratli jurnalistlari ibrat ko'rsatishyaptimi? Shu o'rinda bir fikr: Prezidentimizning tashabbuslari bilan O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ochildi. Uning bitiruvchilari “salohiyati” haqida o'zingiz ham maqolangizda yozgansiz. Axir shu universitet o'qituvchi-professorlari mamlakat jurnalistlarining malakasini oshirishni o'z zimmasiga olsa bo'lmaydimi?

Masalan, meni 1998 yilda qayta gazeta muharrirligiga tayinlashgan edi. O'tgan chorak asrda na meni va na xodimlarimizdan birini malaka oshirishga, hatto 2-3 kunga o'z hisobimizdan chaqirishgan emas. Yoki onlayn tarzda o'qish tashkil etishganini ham bilmayman.

Aytmoqchimanki, biz kabi boshqa tuman gazetalari tahririyatlari jamoalari ham o'z yog'lariga o'zlari qovurilib yotibdi.

Siz sobiq sho'ro davri matbuotini “qo'rquv mashinasi” deb atabsiz. To'g'ri, sho'ro tuzumining noqobil qonun-qoidalari ko'p edi. Shuning uchun u 70 yilda tum-taraqay tarqab ketdi. Yakson bo'ldi. Jumladan, matbuotda senzura hukmronlik qilar edi. Ammo bu matbuotda hamma ishlaganlar ham o'sha tuzum shotirlari emasligi ham aniq. Matbuotda dadil, jasoratli chiqishlar ko'p bo'lgan.

Abdurauf Fitrat, Cho'lpon, Abdulla Qodiriy singari jasoratli insonlar ko'p edi. Ularning barini sanab o'taman desak sahifalar yetmaydi. Ular boshlarini kundaga qo'yib o'sha matbuotdan xalq baxt-saodati, Vatan ozodligi yo'lida foydalangan edilar. G'afur G'ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Komil Yashin, Hamid Olimjon kabi xalqimiz qalbidan joy olgan ko'plab adiblarimiz ham siz boshiga mag'zava to'kkan o'sha matbuot bag'ridan yetishib chiqqan edilar-ku. Yoxud Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov, Said Ahmad, Ibrohim G'afurov kabi O'zbekiston Qahramonlari-chi?

U davrlar “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Fan va turmush”, “Saodat” kabi jurnallar eng chekka qishloqlarga ham kirib borar edi. Gazetalar, ayniqsa, o'quvchilar gazetalari yuz ming­lab nusxalarda nashr etilardi. Odamlar gazeta do'konlarida kunlik matbuot nashrlarini sotib olish uchun navbatga turishgan. Ana shu gazeta va jurnallarda siz maqolangizda “to'pponcha” osib yurgandek edi”, deya ta'rif bergan jurnalistlar ijod qilishardi. Bu haqiqat emasmi?

Xo'sh o'zingiz e'tirozlaringizdan asl muddaoingiz ne demoqchimisiz?

Yuqorida yozganimdek, oldin 10 yil, ke­yingi 25 yildan buyon tuman gazetasida muharrirman. Hozir men bilan birga to'rt ijodiy xodim ishlaymiz. Gazetamiz A-3 formatda, 8 sahifali, ko'p rangli, har donasi 2788 so'm bilan obunachilarga nashrdan chiqqan kunining o'zida yetkaziladi. Lekin baribir boshqa tuman gazetalari boshidagi tashvish bizlarga ham tegishli.

Shu o'rinda maqolangizni kasb bayramimiz arafasida chop etgan “Hurriyat”chilardan ham rozi emasligimni aytmoqchiman. Bu biz — gazetachilar boshimizga quyilgan muzdek sovuq suvdan-da azob!

Bu yil xalqaro “Oltin qalam” milliy mukofoti tanlovida ham biror gazeta jurnalisti g'olib bo'lmadi. Mukofotni asosiy blogerlaru internetchilar ilib ketishdi. Nahotki, butun mamlakat bosma matbuotida ishlovchi jurnalistlardan biror kishi g'oliblikka munosib bo'lmasa?!

So'zim xulosasida aytmoqchimanki, mamlakatimizda islohotlar jarayoni barcha soha qatori gazetachilik sohasida ham o'z natijasini berishi aniq. Faqat masalaning yechimini kabinetlarda o'tirib, balandparvoz gaplar bilan emas, jurnalistlarning ishxonalaridan, aholi bilan ochiq-oydin suhbatlardan izlash kerak. Ana o'shanda matbuot sohasida mavjud qonunlar ijrosi sustligi sababli aniq ochiladi.

Rahim MAQSUDOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va

Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,

xalqaro “Oltin qalam”

milliy mukofotining sovrindori,

“Mehnat faxriysi”,

1-darajali ko'krak nishoni sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + 5 =