“Effect.uz”ning yuzaki “effekti”

Odatda, saviyasi past odam saviyasi, obro'si, maqomi yuqori bo'lgan kishiga tuturiqsiz, noo'rin savol berganda, nima deb javob qilinadi? O'rinli javob qilinadi nochor. Lekin… shu yerda umumiy saviya o'zini namoyish qilmay qolmaydi, baribir.

Afsuski, ko'p joylarda o'zidan “jurnalist” yasab olganlar paydo bo'ldi. Ular kim, qaerda o'qigan, ma'lumoti qanday, birov bilmaydi… Bu esa shubhasiz matbuotning obro'sini tushirishda davom etaveradi…

Qarang, yaqinda bo'lib o'tgan bir matbuot anjumanida Effect.uz sayti muxbiri Mudofaa vazirligi vakiliga bitta savol va bitta taklif bilan yuzlanibdi (https://effect.uz/2857). Muxbirning ta'kidlashicha, “mudofaa vazirining tashqi hamkorlik bo'yicha faoliyati ommaga sirlidek tuyuladi. Vazir ko'p ham ko'rinish beravermaydi… uning tashqi hamkorliklardagi uchrashuvlarining yoritilishi qoniqarli emas”.

Savol esa shundan iboratki, “nega ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo'lgan Termiz shahri atrofida O'zbekis­ton harbiylari Afg'oniston hududidan o'qqa tutilgani to'g'risida asossiz xabarlarga Prezident matbuot xizmati munosabat bildirdi, bu ishni aslida Mudofaa vazirligi qilishi kerak emasmidi?”.

Fikrimizcha, Effect.uz muxbirining taklifi va savolining yuki o'ta yengil.

Chunki kerak bo'lsa, har bir davlat idorasining keng ommaga ma'lum qilinmaydigan ichki axboroti bo'ladi. Rasmiy aytganda davlat siri degan tushuncha ham bor. Bunday ichki axborot, ayniqsa, mamlakat ichki va tashqi xavfsizligini ta'minlovchi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ko'p bo'ladi. Mudofaa vazirligi ham shunday idoralar sirasiga kiradi. Binobarin, Effect.uz muxbiri taklifiga “Mudofaa vaziri Adliya, Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari kabi yoki Davlat soliq qo'mitasi kabi idora rahbari emaski, u keng ommaga tez-tez ko'rinish beraversa”, deb aytish mumkin.

Qolaversa, O'zbekiston harbiylari Afg'oniston hududidan o'qqa tutilgani to'g'risida yolg'on xabar yuzasidan birinchi bo'lib Mudofaa vazirligi emas, Prezident matbuot xizmati axborot berishi aslo mantiqqa zid emas. O'z-o'zidan tushunish mumkinki, Mudofaa vazirligi Prezident Administratsiyasiga haqiqiy ahvol yuzasidan ma'lumot taqdim etgan, shu ma'lumotga asosan rasmiy bayonot berilgan. Shunday ekan, vazirlikning o'zi alohida ma'lumot bermaganligi yoki Prezident matbuot xizmatidan keyin ma'lumot berganligining nima ahamiyati bor?

Effect.uz sayti nisbatan yangi sayt, u 2019 yil oxirida tashkil topgan. Bu sayt o'zbek media bozoridagi boshqa ko'pgina xususiy biznes-media tuzilmalari singari “shov-shuv”li axborotlarni tarqatish orqali odamlar e'tiborini tortishga, obro' oshishiga va shu yo'l bilan reklama beruvchilarni qiziqtirib, jalb qilib, o'z tashkilotchilariga ko'proq daromad keltirishga intilayotgan ko'rinadi. Eng yomoni, bu yo'lda ushbu sayt “ijodkorlari”, so'z erkinligini suiiste'mol qilib, axborot sohamizni tartibga soluvchi qonunlarimizdagi kamchiliklardan, axborot tarqatish borasidagi qonun talablariga rioya etilishi yetarlicha nazorat qilinmayotganligidan foydalanib, beodob, uyatli materiallarni e'lon qilishdan ham tap tortmayaptilar.

Masalan, 2021 yilning 5 aprelida Effect.uz bir material e'lon qilganki, uning sarlavhasini aytishga, yozishga har bir o'zini hurmat qiluvchi, es-hushi joyida bo'lgan odam jur'at eta olmasa kerak. Butun dunyo o'qishi, ko'rishi mumkin bo'lgan holda o'zbek tilida quyidagi sarlavha ostida bir aktrisa bilan videosuhbat e'lon qilingan (uzr, fikrimizga dalil sifatida keltirishga majburmiz): “Bola deganimda jinsiy a'zomga tepdi. Hattoki uyimga qizlarni olib kelgan”… (video)”. (https://www.facebook.com/effectuz/posts/876654049847301/). Nimayam derdik… Bir so'z bilan aytiladigan bo'lsa: ShAR-MAN-DA!

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlar, turli “professional” saytu yana nimabalolarda shu kabi behayoliklar “reklama”si avj olib bormoqda.

Xullas, “Effect.uz”chilarga maslahatimiz: davlat idoralariga taklif va savol berishdan oldin siz, avvalo, jurnalist kasbi qoidalari va odob-axloq doirasida axborot taqdim etishni o'rganib oling!

Matbuot va OAVlaridek ezgu sohada o'z o'rnida faoliyat yuritishi uchun ochiqlik bilan bir qatorda kim bo'lsa ham bilim, saviya va chuqur salohiyat ham zarur ekanligini unutmaslik kerak.

Farhod QURBONBOYEV,

iqtisod fanlari nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × four =