“KAFOLAT TA'MIR”dan aholi rozimi?

Toshkent shahrining issiqlik ta'minoti tizimini 1,4 milliard yevroga modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda degan xabarni shu yilning avgust oylarida “Kun.uz” ijtimoiy tarmog'ida o'qigan edim. Unda Toshkent shahrida 9 165 ta ko'p qavatli uy, 3 475 ta ijtimoiy ob'yekt markazlashgan issiqlik ta'minotiga ulangan hamda magistral va tarqatish tarmoqlarining 72 foizi, markaziy qozonxonalarning hammasi, mahalliy qozonxonalarning 90 foizi eskirgan degan ma'lumot ham keltirilgan edi.

Nahotki, O'zbekistonning poyxtidagi ko'p qavatli uylarning isitish tizimi ahvoli shunday bo'lsa, degan achinarli fikr xayolimdan o'tdi. Lekin bu ayni haqiqat ekanligiga jonli guvohi bo'ldik. Shu yil Toshkent shahridan uy sotib olib, oila a'zolarim bilan ko'chib keldik.

Men poytaxtdagi ko'p qavatli uylarda kunning sovuq kunlarida muammo bo'lmasa kerak degan fikr­­da edim. Sababi, Olmaliq shahrida — biz yashagan ko'p qavatli uyda deyarli kunning sovuq, issiq kunlari bo'lishiga qaramay issiqlik tizimida va bir so'z bilan aytganda shirkat bilan bog'liq muammolarga duch kelsak tezda bartaraf etilar edi.

Yangi sotib olgan uyimiz santexnik holati ta'mirga muhtoj bo'lib qolgan ekan. Bizdan avval ijarachilar yashaganligi bois uyning holatiga qaramagan, ko'p qavatli uylarga mas'ul shirkatga ham murojaat qilmagan bo'lsa kerak degan fikrda edik. Qo'shnilarimizning aytishiga qaraganda uyimizda yashagan ijarachilar paytida issiqlik tizimi bilan bog'liq noqulay vaziyatlar bo'lgan ekan. Uyning santexnik tizimini ta'mirlamaslikning iloji yo'qligini bilib, Yunusobod tumani 19-mavzega qarashli uy-joy mulkdorlari shirkatiga qo'ng'iroq qildim.

Go'shakni operator olib, shirkat nomini “Kafolat ta'mir” deb aytdi va bizga santexnik kerakligini aytganimizda, manzilimizni yozib qoldi. Shirkat xodimi kelib, bu xizmat turi xonadon egasi tomonidan qilinishi kerakligi va shirkat vakolatiga kirmasligini aytdi.

So'ngra, mas'ul xodim “falon” so'm berilsa, shirkat tomonidan ta'mirlanib berilishini bildirdi. Buni eshitib ilgari yashagan uyimizda ham mana shunday ishlarga katta pul ketmagan edi-ku deb, o'ylanib qoldim.

Nahotki, “Kafolat ta'mir”dagilar noxush holat yuz bersa-da, o'z hududiga qarashli bo'lgan xonadondagi holatga, befarqlik bilan qarashsa? Axir, Prezidentimizning ko'p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimiga oid tegishli qaroridagi shirkatlar 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatini tashkil etishi zarurligi haqidagi bandlar ijrosi qaerda qoldi? Bugungi kunda qaror ijrosini ta'minlash maqsadida shirkatlarda qilinayotgan harakatlar nazarimda,“ko'z bo'yamachilik”, “xo'ja ko'rsin” uchun tashkil etilayotganday?

Shundan so'ng, men yashagan Olmaliq shahridagi ko'p qavatli uylarga xizmat ko'rsatuvchi “Mo'ynoq orol” shirkati rahbari Muhtaram Isoqovaga qo'ng'iroq qildim va bu borada ulardan mutaxassis sifatida maslahatlarini oldim. Dunyoda o'z kasbiga fidoyi, xalq xizmatini ular uchun iftixor tuyg'usi deb biladigan insonlar ham bor. Bu inson yordami bilan “falon” pulga emas, uyimiz oddiy oilaning cho'ntagi ko'taradigan mablag'ga ta'mirlandi.

Mayli bu uyimizdagi ta'mirga muhtoj holatga biz javobgardirmiz. Lekin “Kafolat ta'mir” shirkati aholiga ko'rsatayotgan xizmati bugungi zamon talabiga javob bermaydi, deb o'ylayman. Kunning qahraton sovuq kunlari kirib kelmoqda, afsus shirkat bunga tayyor emasday, issiqlik tizimi bir xonani yaxshi isitsa, ikkinchisida buning aksi.

Men shirkatning bunday kamchiligiga ko'z yumdim, ammo masalaning yana boshqa tomoni meni anchagacha o'ylantirdi. Shirkat mas'uli biz ular ayt­gan xizmatdan foydalanmaganimizga yoki boshqa sabab bilanmi, “Yurt­obod” mahalla fuqarolar yig'iniga qarashli profilaktika inspektorining aytishiga qaraganda ustimizdan arz qilib, murojaat etishibdi.

Profilaktika inspektori uyimizda ishlayotgan santexnik ustalarni   xizmat xonasiga olib ketib ruxsatsiz “erto'laga kirgansan, “erto'la eshigi qulfini buzgansan” qabilidagi tushuntirish xatlarini yozdiribdi. Vaholanki, shirkatga bir necha bor qo'ng'iroq qilib, ularni ogohlantirganmiz.

Qolaversa, yuqorida aytilgan kommunal sohasidagi muammolar o'z-o'zidan paydo bo'lmagan. O'z ishiga mas'uliyatsizlik bilan qarash oqibatida yuzaga kelgan desak yanglishmaymiz. Kichkina muammolar o'z vaqtida oldi olinmasa, yillar o'tib katta sarf xarajatlarni keltirib chiqaradigan katta muammoga aylanishi shubhasiz. Bundan esa odamlar jabr ko'radi. Istardimki, shirkatlarning noto'g'ri qadamidan, loqaydlik va sansalorlikka botgan ahvolidan xalq jabr chekmasin!

Lobar ShOMURODOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + twelve =