MAHALLADOShLARIM ARZIGA QULOQ TUTING

Mahalladoshlarim Toshkent shahrining Yunusobod tumaniga qarashli “Bobodehqon” mahallasidagilar “Siz mahallamizdansiz, shu yerda tug'ilib, shu mahallaga kelin bo'ldingiz. Iltimos, “katta”lar o'qishsin, ahvolimizni yozing”, — deb sira qo'yishmadi. Qolaversa, o'zim ham buvimning hayoti tak­rorlanmasin-da, deb behad xavotirdaman. (Bu haqda quyiroqda aytib o'taman).

Axir, o'g'lim pandemiya paytida ro'zg'ordan qisinib, ustalarga yollanib, uyimiz etagidagi bitmagan bino ustiga 13×7 hajmli uy ko'tardi va Abduvahob degan tadbirkor yigitga topshirdi. Abduvahob katta yo'l bo'yigacha bir sotixlik yerga asfalt yotqizdi, uchta o'choq va ikkita tandir qurdi.

Bularning bari — falon pul. Pulni “ijara” hisobiga qoplashga kelishdik. Ammo “o'choqni buz, davlat yerini “zahvat” qilib, qurgan soyabonlaringni yo'qot”, deb kelishdi.

O'g'lim ne-ne orzu o'yda atrofni gullar bilan bezab, soyabon qilgan ustunlarni arralab, besh-o'nta “zontik” sotib olib, besh nafar so'qoqlik somsapazlarni yollab, “So'qoq” va “Mador” somsasi yoptira boshlagandi. Katta yo'l bo'yimasmi, qolaversa, uch ayol va ikki erkak ishli bo'lganidan xursand, nom chiqarga ishlaganidanmi, oshxona oldi gavjumlashdi. Yana tandir qurdi. Bu safar yangiyo'llik somsapaz er-xotinni chorlab, ularga ham ish berdi.

Ona-bola tatar ayollar ham kelib, “gumma”, “blinchik”, “cheburek”lar pishira boshladi. Mahallamizdagilar ham xursand edi, sotuvchilaru ish beruvchi ham. Ammo yana Yunusobod tuman prokuraturasidanman deb bir yigit kelib, hamma oshpazlarni quvib yubordi.

Ko'cha chetida ayron, go'ja sotuvchilar, tarvuz-qovun sotib kun ko'ruvchilar, Namangandan kelib taxta so'ri sotib tirikchilik qiluvchilar, archachilar — barisi bilan yoqalashgudek bo'lib,   hammasini haydashdi.

Mahallamizdan ikki qavatli uy boshlagan Olim, avtoservisga mo'ljallab o'n nafar ustalarga ish berib imorat qurayotgan Akbarning ishlari hech qanday rasmiy hujjatsiz, xat yoki hokimiyat qarorisiz to'xtatildi. “Turkiston” restoranining oynavand qishki bog'i ham buzilib, katta yo'l yoqasi xarobaga aylandi. Endi yangi gap: “Uch qahramon”dan Toshkent davlat Agrar universitetigacha bo'lgan uylarning falon metrigacha buzilib, Toshkent halqa yo'li kengaytirilarmish!

Ota-bobolarimiz dehqonchilik qilib uy-joy qurish uchun olgan yer uchastkalari yillar o'tib, zurriyodlar ko'payib, hovli-joylarga aylangan. Hamma uy, qurilgan binolar buzilsa, albatta, odamlarga yer yoki pul beriladi.

Tayyor, chiroyli uylarni buzmay, ishsiz, zo'rg'a kun ko'rayotganlarni alamzada qilmay, ko'cha shahar tarafdanmas, Toshkent tumani dalalari atrofidan o'tsa bo'ladi-ku. To'g'ri, u tarafda ham bir-ikkita do'kon va bekatlar bor. Lekin aholi zich yashaydigan hovli-joy, imoratlar yo'q-da u tomonda.

Bu gaplarni mahalladoshlarimning fikridan uqib yozyapmanu,   ammo ich-ichimdan shig'il hosilidan ko'z yashnatib shira tortishga shaylanayotgan uzumzorimizni, qancha kuch va mablag' ketgan ikki qavatli oshxonamizni ko'z oldimdan o'tkazib, buvijonimning hayoti mahalladoshlarimda ham tak­rorlanmasaydi, deb turibman.

Aytishlaricha, o'tgan asrning o'ttiz uchinchi yilida Abduazim bobomning hovlisiga bir erkak va ayol kirib kelgan va “bog'ingiz “Ilich zavodi” kengayishi uchun buziladi”, degan. Bobom rahmatli: “Besh farzandimning og'zi mevaga tegsin, g'o'ra uzumlarim pishguncha sabr qilinglar”, desalar-da bog'ni buza boshlashgan.

Hali u buzuvchining, hali bu buz­g'unchining yoniga borib “axir, shundan boshqa daromadimiz yo'q” — deb dod solgan bobom oyoq-qo'li ishlamay,   duduqlanib, “insult” bo'lgan! Bir hafta o'tmay ishsiz, hunarsiz xotiniga go'daklarini tashlab olamdan o'tgan…

Aynan, hozirgi hovli-joyga buvimning tog'alari ko'chib kelgan. Murg'ak bolalar kolxozda boshoq tergan, kattaroqlari kartoshka ekkan. Qo'shnilarimning ham o'z tarixi bor. Birining farzandi nogiron, boshqasining kelini kasalvand. Birining tayinli ishi, yana birining boquvchisi yo'q.

Aslida bu “buza-buz”lar “Boshplan”ga kirganmi yoki boshqa mo'ljal bormi, hayronmiz…

Prezidentimiz hamma narsa qonuniy bo'lsin, odamlarni rozi qiling­lar demoqda. Yunusobod tumanidagi mutasaddilar esa hech kimning arzini eshitayotgani yo'q.

Umida ABDUAZIMOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat hodimi,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 4 =