Tuzoq

Rossiyaga ish izlab ketib, Ukraina urushiga majburiy yuborilgan yigit qismati

Rossiyaga ish izlab ketgan o'zbekistonlik muhojir giyohvandlik aybi bilan qamaldi, keyin esa Ukrainadagi urushga yuborildi. Frontda yaralangach, u gospitaldan qochib, ikki davlat chegarasini yashirincha kesib o'tdi va O'zbekistonga qaytdi. Sud hukmi ushbu g'ayrioddiy taqdirning barcha tafsilotlarini ochib berdi.

Orzu ortidan boshlangan yo'l

Jinoyat ishlari bo'yicha Shahrisabz shahar sudida ko'rilayotgan bu ish birinchi qarashda Qonunning uchta moddasiga taalluqlidek edi. Ayblanuvchiga yollanma faoliyat, xorijiy davlat qurolli kuchlari tarkibida ishtirok etish va O'zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o'tish ayblovlari qo'yilgandi. Sud zalida o'tirganlar uchun bu navbatdagi odatiy jinoyat ishi bo'lib tuyulishi mumkin edi. Ammo sud hujjatlari varaqlangani sayin ularda oddiy mehnat muhojirining orzusi, xatolari, qo'rquvlari va bir qarori ortidan ikkinchisi kelib, oxir-oqibat uni urush maydonigacha yetaklagan og'ir hayot yo'li namoyon bo'lardi.

Sudlanuvchi Asilbek A. (ism-sharifi o'zgartirilgan — tahr.) aybini yashirishga urinmadi va suddagi ko'rsatmasini: “Rossiyaga ishlab pul topish maqsadida ketganman”, degan jumla bilan boshladi. Bu gapda g'ayrioddiy hech narsa yo'q, chunki har yili minglab o'zbekistonliklar aynan shu maqsadda xorijga yo'l olishadi. Asilbek ham ana shunday yoshlardan biri edi.

2024 yilning 9 avgustida u otasi bilan avtobusga chiqib, Qozog'iston orqali Rossiyaga jo'nab ketdi. Ularning rejasi juda oddiy edi: bir necha yil ishlab pul jamg'arish va uyga qaytish. Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi oyna ishlab chiqarish korxonasiga joylashishdi. Biroq bu reja ilk oylardanoq izdan chiqdi.

Korxona rahbariyati yigitni ishga qabul qilmadi. Sababi ham oddiy edi — mehnat patenti rasmiylashtirilmagan. Korxona egasi hujjatlarsiz ishlashga ruxsat berolmasligini, ammo yotoqxonada vaqtincha qolishi mumkinligini bildirgan.

“Yotoqxonada yashab, har kuni turli mavsumiy ishlarda ishlab yurdim”, dedi sudda Asilbek.

Bu davrda uning hayoti noaniqlikka aylangandi. Rasmiy ish yo'q, barqaror daromad yo'q, kelajak esa tobora mavhumlashib borardi.

Yil oxiriga kelib, Rossiyada migratsiya nazorati kuchaydi. Hujjatsiz yurgan muhojirlar uchun reydlar odatiy holga aylandi. Suddagi ko'rsatmalarga ko'ra, deportatsiyadan qochish uchun otasi hatto o'z nomiga 30 ming rubl kredit olib, o'g'lining hujjatlarini rasmiylashtirishga harakat qilgan. Biroq bu ham vaziyatni o'nglay olmadi.

Rasmiy ishsiz qolgan yigit uchun har bir kun yangi xavotir bilan boshlanardi. Keyinchalik sudda u o'sha davrni eslab: “Ish topa olmaganimdan so'ng, “Telegram” messenjerida ish kerakligi haqida e'lon bera boshladim”, deb ko'rsatma berdi.

Aynan shu e'lon uning taqdirini keskin burib yubordi.

Ko'p o'tmay unga noma'lum akkauntdan taklif tushdi. Yakutiyada kuryerlik ishi. Kunlik ish haqi — 20 ming rubl. Ishsiz yurgan yigit uchun bunday daromadli taklifni rad etish juda qiyin edi. Eng qizig'i, ish beruvchi bilan hech qachon yuzma-yuz uchrashuv bo'lmadi. Barcha ko'rsatmalar telefon orqali berildi. Taksi chaqirildi, manzil yuborildi. Ijara xonadon kaliti eshik oldidagi maxsus qutiga yashirilgan, uning paroli ham xabar orqali yetkazilgandi.

Boshida hammasi haqiqatan ham kuryerlikka o'xshardi. Telefonga koordinatalar kelar, u ko'rsatilgan joydan sariq yaltiroq qog'ozga o'ralgan qutini olar, keyin esa boshqa manzilga eltib qoldirardi. Qutini topshirgach, yangi koordinatalar kelardi. U bu ishni qariyb o'n besh kun davomida bajardi.

Bir kuni ichida nima borligini so'raganida, unga bu “maxsus idishlar” ekanini aytishadi. “Qutini ochmang, muhri buzilsa, tovarning narxi tushib ketadi”, degan ogohlantirish ham berilgan edi.

2025 yilning 15 marti ham avvalgi kunlardan farqsiz boshlandi. U navbatdagi manzilga bordi, o'ramni oldi va belgilangan nuqtaga olib keldi. Ammo bu safar uning yoniga maxsus formadagi xodim yaqinlashdi. Avval hujjatlarini tekshirdi, keyin esa qo'lidagi o'ramni ko'rsatib, ichida nima borligini so'radi. U ishonch bilan “maxsus idishlar” deb javob berdi. Xodim esa o'ramni ochishni talab qildi.

Asilbek rozi bo'lmadi. Rus tilini yaxshi bilmagani uchun fikrini to'liq tushuntira olmasdi. “Qutini ochsam, oyligimni ololmayman”, deb tushuntirishga urindi. Biroq bu gap hech kimni qiziqtirmadi. O'ram ochildi.

Ichida idishlar emas, ko'k rangli kukun solingan uchta xaltacha yotardi.

Sudda bu lahzani eslar ekan, u: “Bu narsani avval biror marta ko'rmaganman, nima ekanligini bilmasdim”, deb ko'rsatma berdi. Xodimlardan biri esa bu qandaydir “sol” (giyohvandlik moddasi) ekanini aytgan va shu zahoti uni avtomashina tomon olib ketgan. Mashina yonida yana ikki nafar maxsus formadagi xodim kutib turgandi. Bir necha daqiqadan so'ng u nazorat punktiga olib ketildi.

Keyingi voqealar sud materiallarida bosqichma-bosqich bayon qilingan: bir kunlik ushlab turish, tarjimon ishtirokidagi so'roqlar, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi bo'yicha qo'zg'atilgan jinoyat ishi. Tergovchilar undan bu o'ramlarni qaerdan olganini so'rashardi. U esa telefon orqali topshiriq bergan odamdan boshqa hech kimni tanimasligini aytardi.

“Ularga yukni topshirgan odam bilan qo'ng'iroq qilib gaplashishlari mumkinligini aytdim, lekin ular telefon raqamlari va profillar allaqachon o'chirib yuborilganini bildirishdi”, deya eslaydi u.

* * *

2025 yil 13 mart.

Aynan shu kundan boshlab Asilbekning telefoni jimib qoldi. Sudda so'roq qilingan onasining ko'rsatmasiga qaraganda, ungacha o'g'li deyarli har kuni internet orqali xabarlashib turgan. Biroq shu kundan keyin aloqa butunlay uzildi. Avvaliga ona bunga katta ahamiyat bermadi. “Balki ish bilan banddir, interneti yo'qdir”, deb o'zini ovutdi. Ammo bir kun, ikki kun, uch kun o'tdi. O'g'lidan hamon darak yo'q edi. Shundan so'ng u turmush o'rtog'idan surishtira boshladi:

— Asilbek qaerda?

— Hujjatlarining muddati tugab qolibdi. Qozog'istonga kirib-chiqish qilib keladi. Bir-ikki kunda qo'ng'iroq qiladi.

Ona kutdi. Eri aytgan kun ham o'tdi, lekin telefon hanuz jim edi. Yana so'radi:

— Nega hali ham qo'ng'iroq qilmayapti?

Bu safar eri boshqa bahona topdi:

— Hujjatlarida kamchilik chiqibdi, ushlab turishibdi. Tezda deportatsiya qilisharkan.

Bu gap ham onaga tasalli bo'ldi. Axir deportatsiya qilinsa, baribir uyga qaytadi-ku.

Lekin haftalar o'tdi. Deportatsiya haqida aytilgan muddat ham keldi, Asilbekdan esa hech qanday xabar bo'lmadi. Ona yana savol berdi:

— Qachon keladi?

— Yaqin orada.

— Qachon?

— Hali aniq emas. Kutib turaylik.

Suddagi ko'rsatmalarga qaraganda, shundan so'ng bu suhbat uyda qayta-qayta takrorlangan. Ona har safar bir xil savolni berar, eri esa har gal boshqa bahona topardi: goh hujjatlari bitmayotganini, goh tekshiruvlar davom etayotganini aytardi. Ammo aytilgan sanalar kelar va o'tar, o'g'lidan esa darak bo'lmasdi.

2025 yilning aprel oyida ona Umra ziyoratiga yo'l oldi. Muqaddas maskanda ham duolarining mazmuni o'zgarmadi — faqat farzandi sog'-omon yurtga qaytishini iltijo qildi.

Ziyoratdan qaytgach ham vaziyat o'zgarmadi: “Yana biroz kutish kerak”, “Tezda keladi”, “Hali deportatsiya qilishmagan”…

Biroq vaqt o'tgani sayin ona bir narsani anglay boshladi: uni eng ko'p qiynayotgan narsa o'g'lining qaerdaligi emas, balki nega hech kim uni o'g'li bilan gaplashtirmayotgani edi. 4 iyun kuni turmush o'rtog'i kutilmaganda Asilbekning harbiy xizmatni o'tagani haqidagi guvohnomasini so'rab qoldi.

— Bu hujjat nimaga kerak? — dedi ona.

Eri yana gapni boshqa tomonga burishga urindi. Ammo bu safar ayol chekinmadi:

— Menga rostini ayting. Asilbekka nima bo'ldi?

Sud hujjatlariga ko'ra, shu paytga kelib haqiqatni yashirishning iloji qolmagan edi. Turmush o'rtog'i yig'lab yubordi va Asilbek Rossiyada giyohvandlik moddalari bilan bog'liq jinoyat ishi doirasida ushlanganini aytishdan o'zga chora topa olmadi. Biroq bu hali hammasi emasdi. Oradan ko'p o'tmay ona yana bir og'ir haqiqatni bildi — o'g'li Ukrainadagi urushga yuborilgan edi.

Qamoqdan frontga

Suddagi ko'rsatmalardan ko'rinadiki, dastlab Asilbek Rossiya qonunchiligi bo'yicha javobgarlikka tortilib, keyin O'zbekistonga deportatsiya qilinishiga ishongan. Hatto onasi ham bir necha oy davomida shu umid bilan yashagan. Otasi har safar telefon qilganida “deport qilib yuborishar ekan” degan gaplarni aytar, ona esa o'g'lining uyga qaytishini intiqlik bilan kutardi.

Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, voqealar mutlaqo boshqa o'zanda rivojlanayotgan edi.

2025 yilning iyul oyida sog'lig'i yomonlashgani sababli uni kasalxonaga joylashtirishlarini aytib, bir nechta hujjatga imzo chekishni so'rashadi.

“Taxminan 11-12 ta hujjatga imzo chekdim. Keyin bilishimcha, ular Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan bir yillik harbiy xizmat shartnomasi ekan”, dedi u sudda.

Oradan ko'p o'tmay yana bir sud bo'lib o'tdi. Asilbekning aytishicha, unga tergov bilan hamkorlik qilgani va aybini tan olgani uchun yengillik berilishi, asosiy muhokama esa keyinroq davom etishi aytilgan.

Biroq shu payt kutilmagan voqea yuz berdi. Sud zaliga harbiy kiyimdagi ikki kishi kirib keldi va uning Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etdi. Sudya esa ertasi kuni yana muhokama bo'lishini ma'lum qildi. O'sha kechasi, tungi soat ikkilar atrofida, uning kamerasi eshigi ochildi. Ismini aytib chaqirib, tezda kiyinishni buyurishdi.

Shundan so'ng voqealar juda tez rivojlandi.

Uning aytishicha, hibsxonadan chiqqanida u yolg'iz emasdi. Xuddi o'zi kabi mahkumlardan iborat yana bir necha yigitlar maxsus avtomashinaga chiqarildi. Ikki soatlik yo'ldan so'ng ular aeroportga olib kelindi. Bu yerda har biriga metall jeton va harbiy guvohnoma berildi. Keyin esa ularni boshqa mahkumlar bilan birga harbiy samolyotga chiqarishdi. Qaerga uchayotganlarini hech kim izohlamadi.

Samolyot avval Chuniski degan joyga qo'ndi, keyin esa Xabarovskka yo'l oldi. Sudlanuvchining ko'rsatmasiga qaraganda, u yerdagi harbiy tayyorgarlik markazida birinchi marta o'zidan boshqa o'zbekistonliklarni ko'rgan.

“Taxminan o'ttiz nafar o'zbek bor edi”, deya eslaydi u sudda.

Undan tashqari turli millat vakillari ham yig'ilayotgan, bir hafta ichida umumiy hisobda uch yuzga yaqin odam to'plangan edi. Ularning barchasini bir narsa birlashtirib turardi: kechagina ularning aksariyati mahkum yoki tergovdagi shaxslar bo'lgan.

Oradan bir hafta o'tgach, guruhlarga ajratish boshlandi. Yoshi o'ttizgacha bo'lganlar alohida, yoshi kattaroqlar boshqa vzvodga taqsimlandi. Keyin harbiy samolyotlar ularni Rostov-Don tomon olib ketdi. U yerda fuqarolik kiyimlari yig'ib olindi. Harbiy forma, bronejilet, kaska va boshqa anjomlar tarqatildi. Telefonlar musodara qilindi. Atrofda esa aholi yashash joylari yo'q edi — faqat keng cho'l va harbiy baza.

U shu yerda birinchi marta o'zining haqiqatan ham armiya ichida ekanini his qildi. Ammo eng og'ir sinov hali oldinda edi.

Qurol tarqatish boshlanganda Asilbek uni olishdan bosh tortdi. Sudda bu haqda ochiq aytdi: “Qurolni olishni istamadim”.

Bu qarorning oqibati darhol sezildi. Asilbekni boshqalardan ajratib, alohida xonaga qamashdi. Keyin uch kun davomida psixologlar bilan suhbatlar boshlandi. Sud hukmiga ko'ra, unga xizmatdan bosh tortsa, avvalgi ayblariga qo'shimcha ravishda yana yetti yilgacha qamalishi mumkinligi aytilgan. Bu suhbatlar ko'proq ruhiy bosimga o'xshardi. Biroq u baribir rozi bo'lmadi.

2025 yilning avgust oyi oxirida 114-vzvod deb nomlangan bo'linmaga kiritilgan 33 nafar harbiy bir necha kunlik mashg'ulotlardan so'ng texnikalarga chiqarildi. Endi mashqlar tugagan, oldinda esa haqiqiy urush boshlanayotgan edi. Hech kim bu safardan qaytish bor-yo'qligini aytmasdi.

Keyingi manzil — Zaporojye yo'nalishi bo'ldi. U yerda Asilbek hayotida birinchi marta dronlar ovozi, portlashlar va o'lim bilan yuzma-yuz keldi.

Frontdagi 18 kun

Frontga kelgach, u xizmatga kim sifatida biriktirilganini ham sudda aytib berdi. Qo'liga avtomat berilgan bo'lsa-da, asosiy vazifasi hujum qilish emas, balki mudofaa chizig'ida navbatchilik qilish, o'q-dori va oziq-ovqat tashish hamda pozitsiyalarni qo'riqlash bo'lgan. Bu yerdagi manzara urush haqidagi kinolardan butkul farq qilardi: bir tomonda okoplar, ikkinchi tomonda vayron bo'lgan binolar, tepada esa deyarli tinmay uchib yuradigan dronlar… Har bir kun bir xil boshlanar, ammo qanday tugashini hech kim bilmasdi.

Uning suddagi ko'rsatmalarida front hayotining eng muhim jihati takror-takror uchraydi — bu qo'rquv edi. Har qanday harakat kuzatilishi, har qanday xatolik o'lim bilan tugashi mumkin edi. Shuning uchun askarlar, asosan, yerosti panohgohlarida yoki chuqur qazilgan okoplarda yashashgan. Kunduzi ko'rinmaslikka, kechasi esa imkon qadar tez harakatlanishga majbur edilar.

Sud hukmida qayd etilishicha, Asilbek frontda jami o'n sakkiz kun bo'lgan. Bu raqam katta emasdek tuyuladi. Ammo urush sharoitida o'n sakkiz kun ba'zan bir necha oyga tenglashadi. Bu vaqt ichida u har kuni portlashlar, artilleriya otishmalari va dronlar hujumi ostida yashadi. Sudda u o'z bo'linmasida halok bo'lganlar ham, og'ir yaralanganlar ham bo'lganini so'zlab berdi.

O'n sakkizinchi kun ham avvalgilariga o'xshab boshlandi. Bo'linma navbatdagi vazifani bajarayotgan paytda havoda yana dron paydo bo'ldi. Keyin esa kuchli portlash yuz berdi.

Sudda bu voqeani tasvirlar ekan, u qisqa gapirdi: portlashdan keyin hushini yo'qotganini, o'ziga kelganda esa gospitalda bo'lganini aytdi. Hukmda keltirilishicha, jarohat, asosan, oyoq qismiga yetgan. Avvaliga front yaqinidagi tibbiy punktga, keyin esa harbiy gospitalga evakuatsiya qilingan. Frontdagi jangovar harakatlar u uchun shu yerda tugadi.

Qochish

Samaradagi harbiy gospital Asilbek uchun frontdan keyingi vaqtinchalik panoh edi. Chap qo'li, o'ng tizzasi va qorin qismi jarohatlangan, boshi qattiq chayqalgan, chap qulog'i esa deyarli eshitmay qolgandi. Sudda bergan ko'rsatmasiga qaraganda, shifokorlar uni davolash bilan ovora bo'lgan bir paytda u boshqa reja tuzardi. Endi uning butun xayoli bir nuqtaga jamlangan edi: qanday qilib Rossiyadan chiqib ketish mumkin?

Dastlab buning iloji yo'qdek tuyuldi. Yaralangan harbiylar har kuni nazoratchi hamrohligida havo almashtirish yoki bozordan oziq-ovqat olish uchun tashqariga chiqarilar, keyin yana gospitalga qaytarilardi. Bir necha kun davomida Asilbek nazoratchi bilan munosabatni yaxshilashga harakat qildi. Sudda aytishicha, u buni bejiz qilmagan. Gospital yonidagi bozor atrofida Qozog'istonga qatnaydigan haydovchilarni ko'rib qolgach, qochish rejasi aynan o'sha yerda tug'ildi.

2025 yil 11 oktyabr kuni unga kutilmagan imkoniyat nasib etdi. Gospitaldan navbatdagi chiqish paytida nazoratchiga turmush o'rtog'i kelgani haqida xabar berishdi. Nazoratchi ishonib, unga: “Bozordan kerakli narsalaringni tezroq olib, kasalxonaga qayt”, dedi-da, o'zi uchrashuv xonasi tomon ketdi. Asilbek esa ortiga qaramadi. U bozor chetida turgan, avval hech qachon ko'rmagani — qirg'iz yoki qozoq millatiga mansub haydovchi tomon yugurdi. Bir necha daqiqa ichida boshidan kechirganlarini tushuntirib, yordam so'radi.

Haydovchi uzoq o'ylab turmadi. Uning talabi bitta edi — 300 ming rubl. Bu pul evaziga uni Qozog'istonga olib chiqishga rozi bo'ldi. Asilbek sudda haydovchi uni avtomashinaning yukxonasiga yotqizib, ustiga turli matolar tashlaganini aytdi. Shu ahvolda ular chegara tomon yo'l olishadi.

Ularning manzili Rossiya bilan Qozog'iston chegarasi yaqinidagi kichik qishloq bo'ldi. Bu yerda yana bir necha kishi kutib turgan ekan. Haydovchi ularga pul berdi, o'z tilida nimalardir dedi va Asilbekni yoshi ulug' qozoq otaxon hamda uning o'g'li yashaydigan xonadonga olib kirdi. Ular yigitni mehmondek kutib olishdi, ovqat berishdi va taxminan o'n kun uylarida saqlashdi.

Oradan o'n kun o'tgach, qariya uni chetga tortib, ikki nafar o'g'li ham urushda halok bo'lganini so'zlab berdi. Shu sababli Asilbekning ahvolini tushunishini va unga yordam berishni istashini bildirdi.

Qariya Rossiya va Qozog'iston o'rtasida sarimsoq savdosi bilan shug'ullangani uchun aylanma yo'llarni juda yaxshi bilardi. “Men seni olib o'taman”, degan va'da Asilbek uchun eng katta umidga aylandi.

Bu orada u onasiga qisqa xabar yuborishga ham ulgurdi: “Alloh menga yana bir imkoniyat berdi… Yaqin kunlarda uyda bo'laman”. Onasi bu xabarni o'qib, o'g'li gospitaldan ham, Rossiyadan ham qochib chiqqanini angladi.

21 oktyabrdan 22 oktyabrga o'tar kechasi ular mototsiklda yo'lga chiqishdi. Asosiy trassalar emas, odam deyarli yurmaydigan yashirin so'qmoqlar tanlandi. Qariya uni Qozog'istonning ichki hududigacha yetkazib qo'ydi. Keyin boshqa haydovchi paydo bo'ldi. U yana 30 ming rubl evaziga Asilbekni O'zbekiston chegarasi yaqiniga olib keldi va tanishining uyiga joylashtirdi. U yerda yana bir necha kun kutdi.

Ammo eng xavfli yo'l hali oldinda edi.

Qozog'istonda chegaradan o'tkazib qo'yish evaziga undan 700 ming tenge talab qilishdi. Bunday mablag' unda yo'q edi. Shunda vositachi ikki variantni taklif qildi: yo soxta pasport tayyorlash, yoki butunlay boshqa yo'lni tanlash. Keyin u xaritani ochib, chegara yonidagi choyxonadan O'zbekistonga o'tish mumkin bo'lgan joyni ko'rsatdi. Tungi soat ikkilarda naryad almashishini, shu vaqtda askarlar e'tibori susayishini aytdi. Eng muhimi, kanal ustida sim to'siqlar va kuzatuv kameralari borligi, ammo suv ichi orqali harakat qilinsa, kamera nazaridan chetda qolish mumkinligini tushuntirdi. Kiyimlarini ho'l qilmaslik uchun unga oddiy polietilen paket ham berishdi.

2025 yil 2 noyabr. Tungi soat taxminan 02:40.

Asilbek chegara simlariga yetib keldi. Kiyimlarini yechib, polietilen paketga soldi va muzdek kanalga tushdi. U suv oqimiga qarshi suzib, O'zbekiston hududiga kira boshladi. Masofaning har bir metri og'ir kechardi: qo'lida kiyimlari solingan paket, tanasida esa hali bitmagan jarohatlar bor edi. Taxminan o'n besh metr narida ko'prik ko'rindi. U yerga yetgach, ko'prik ostida ham sim to'siqlar borligini ko'rdi. Orqaga qaytish yo'q edi. Asilbek chuqur nafas oldi, suv ostiga sho'ng'idi va sim to'siqning tagidan o'tib ketdi.

U muzdek suvni tezda tark eta olgani yo'q. Yana yarim soatga yaqin kanal ichida harakat qildi. Faqat xavf ortda qolganiga ishonch hosil qilgachgina qirg'oqqa chiqdi. Atrofga qaradi: qabriston. Narida esa uylarning qorasi ko'rinardi. Polietilen paketni ochib, quruq kiyimlarini kiydi. Uning O'zbekiston hududiga o'tganini hech kim ko'rmagan edi.

Bir necha kundan keyin onasiga yana bir “SMS”-xabarnoma keldi: “Chegaradan zo'rg'a o'tib oldim”.

Hukm

O'zbekistonga qaytgach, u uzoq vaqt erkin yura olmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uni aniqlab, tergov harakatlarini boshladi. Tergovchilar uning Rossiyada qanday qilib harbiy xizmatga tushib qolgani, frontda nima ishlar qilgani, mamlakatga qanday qaytgani haqida batafsil so'roq qilishdi. Ish materiallariga Rossiyadagi hukmlar, harbiy shartnoma, boshqa hujjatlar va uning shaxsiy ko'rsatmalari ham ilova qilindi.

Sud majlisida Asilbek sodir bo'lgan voqealarni boshidan oxirigacha yashirmasdan so'zlab berdi. U Rossiyaga urushish uchun emas, ishlash uchun ketganini yana bir bor ta'kidladi. Qurolli mojaroga qanday aralashib qolganini, hibsxonada qanday hujjatlarga imzo chekkanini, frontga qanday olib ketilganini izchil bayon qildi.

“Qilgan ishlarimdan chin ko'ngildan pushaymonman. Suddan yengillik berishini so'rayman”, dedi Asilbek o'zining so'nggi so'zida.

Sud faqat ayblanuvchining ko'rsatmalari bilan cheklanib qolmadi. Sudya hukm chiqarishdan oldin guvohlarning ko'rsatmalarini, tergov materiallarini, moddiy dalillarni va boshqa hujjatlarni ham tahlil qildi. Ayniqsa, uning onasi bergan ko'rsatmalar ishning insoniy tomonini ochib beruvchi muhim epizodlardan biri bo'ldi.

Ona sudda o'g'li otasi bilan Rossiyaga faqat ishlash uchun ketganini so'zlab berdi:

“O'g'limning urushga ketganini keyin eshitdim. Buni avval bilmaganman”, dedi u.

Bu ishda e'tiborni tortadigan jihatlardan biri shuki, sud Asilbekning shaxsiga oid holatlarni ham inobatga olgan. Hukmda uning muqaddam sudlanmagani, aybiga iqror bo'lgani, qilmishidan pushaymonligi, tergovga yordam bergani va boshqa yengillashtiruvchi holatlar sanab o'tilgan. Shu bilan birga, sud uning xorijiy davlat qurolli tuzilmasida ishtirok etganini og'ir huquqiy oqibatlarga ega qilmish sifatida baholadi.

Asilbek O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 4 yilu 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Sud o'z hukmini chiqardi va u qonun talablariga muvofiq ijro etiladi. Ammo sud hukmining sahifalari orasida yana bir hikoya yashirin. Ish izlab chiqilgan yo'l uni qamoqqa, frontga, muzdek kanalga va nihoyat, sud zaliga olib keldi. Sud uning qilmishlariga huquqiy baho berdi. Qolgan xulosani esa o'quvchining o'zi chiqargani ma'qul.

Abubakr ODILJONOV

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =