Dunyoni go'zallik qutqaradi
Siz-u biz asarlarini sevib o'qigan, hikmatlaridan bahramand bo'lgan ulug' ijodkor “Dunyoni go'zallik qutqaradi”, deganida naqadar haq edi. Men ham dunyoni qutqara olmasam-da, yaxshi so'z aytishni niyat qildim. Negaki, bugun har birimiz ko'zga to'tiyo qiladigan O'zbekistonimiz Mustaqilligiga 35 yil to'ldi. Kun sayin emas, daqiqa sayin o'zgarayotgan yurtimizga ko'z tegmasin. Eng muhimi, barcha qishloq, ovul va mahallalar ko'z o'ngimizda yashnamoqda. Odamlar yuzida tabassum ko'rayotganimiz quvonch, faxr bag'ishlaydi.
Alqissa, bundan 35 yil avval Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi Pakandi qishlog'ini — shu daryoning chap biqinida joylashgan maskanni, uning mard va tanti odamlarini, har kuni bo'ladigan katta kurashu ko'pkari to'ylarini tashlab, mustaqilligimizni mustahkamlashga hissa qo'shish niyatida poytaxtga kelganimga ham 35 yil bo'libdi. Shu bois, o'tgan davr mobaynida ko'rgan kechirganlarimga bir nazar tashlashni lozim topdim. Qolaversa, hayotining 40 yildan ortig'ini OAVda o'tkazgan jurnalist sifatida so'z aytgim keldi. Hayotimning eng go'zal damlari matbuot va televidenie bilan bog'liq. Ammo…
Ammo shu go'zallikni ko'ra olmaydigan, dunyoga egalik qilish hissi bilan yashayotgan, g'irromlikni o'ziga oshno qilib, demokratiya niqobi ostida yer yuziga jar solayotgan ayrim korchalonlarning xatti-harakatini ko'rib-bilib turib, og'zimga tolqon solib jim turolmayman. Ular o'z mamlakatini dunyoda buyuk qilamiz, deb hayqirmoqda. Butun jahon ko'rib turibdi. Ular nohaq, g'irrom yo'lni tanlagan. Shu sababli tinchliksevar xalqlarning nafratiga uchramoqda. Ularning davlatida har kuni qon to'kilmoqda. Aniqki, zo'ravonlik hukmron yurtda tinchlik bo'lmaydi, azizlar! Dunyoni o'zining kalta qarichi bilan o'lchaydiganlar adashadi. Chunki har kimning tug'ilib o'sgan yurti buyuk, kindik qoni tomgan tuprog'i oltindir! Zukko gazetxon gap nimada ekanini payqagan bo'lsa, ajab emas.
Shunday zolim, ammo kechalari tinch uxlayolmaydiganlarga aytar so'zim bor. Ular 2019 yilning 21 iyunida bo'lib o'tgan Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida nutq so'zlagan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning: “Biz o'z faoliyatimizni boshlagan dastlabki kunlardan e'tiboran Siz, hurmatli xalq vakillari bilan barcha muhim vazifalarimiz qatorida ikkita eng asosiy masalaga alohida ahamiyat qaratish haqida kelishib olgan edik. Bularning birinchisi — jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash bo'lsa, ikkinchisi — aholining sog'lig'ini muhofaza qilishdir. Hammamiz tushunamiz, tinchlik va sog'liq — bu har bir inson, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan o'lchab, baholab bo'lmaydigan buyuk ne'matdir…”, degan gaplarini o'zlariga shior qilsalar yutgan bo'lishar, xalqining mehrini qozona oladi. Bundan tashqari, mamlakatimiz rahbari ilk kunlardan e'tiboran inson qadrini ulug'lashni maqsad qildi. Yer yuzidagi har bir davlat rahbari Yurtboshimizning ushbu so'zlarini, ezgu g'oyalarini o'ziga bosh tamoyil qilib olsa, hali ham kech emas. Axir bu yorug' olamda umrguzaronlik qilayotgan har bir insonga tinchlik, sog'liq va qadri baland bo'lishdan boshqa yana nima kerak?
O'z davrining buyuk allomasi, hozirda ham dunyo tan olgan bobomiz ibn Sino: “Dunyoda agar chang bo'lmaganida edi, inson ming yil umr ko'rgan bo'lardi”, deya xitob qilgan ekan. Bugungi kunda shu changga inson o'z qo'li va aql-idroki bilan yaratgan qirg'inbarot qurollar ham qo'shilgani besh qo'lday ayon bo'lib turganda, inson umri yanada qisqarib boraveradi. Dunyoga hukmronlik qilishni orzu qilgan fashistni yer yuzi ahli juda yaxshi biladi. Ularning kaltabin orzusini chippakka chiqargan kishilar G'alabaning 80 yilligini qanday nishonlaganini ham ko'rdik: qo'rquv va hadik bilan shodiyona qilishdi. Xalqimiz bilib aytadi: “Gap unda emas, bug'doyda”. Shuning uchun bir-birimizga bug'doyso'z bo'laylik!
Dunyoga hukmronlikni orzu qilganlar internetdan samarali foydalanmoqda. Suyaksiz tillari bilan vaysab, videolarini ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda. Avom xalqning aksariyati ularga ishonsa, boshqalar “Esiz, esiz, ey, yeb to'ymaslar”, deb achinishmoqda, xolos. Oramizda ikki, ba'zan uch marta Makkaga bordim, deb maqtanadigan hojilar bemor qo'shnisining holidan xabar olmasa, dardmandga dori-darmon olib beradigan mard tadbirkorlarni barmoq bilan sanarli darajada kam topsak, ayb o'zimizda. Boshqalardan nolimasak ham bo'laveradi. Azizlar, har bir ishimiz, yurish-turishimiz go'zal bo'lsagina DUNYo BIZNI QUTQARADI. Shuning uchun vaqtida xulosa chiqaraylik…
Darvoqe, yaqin o'tmishdagi bir hayotiy haqiqat: koronavirus pandemiyasi butun dunyoni tashvishga solib, yurtimizda ham bu ofat kezib yurgan bir vaqtda yuz bergan voqea. Aynan men yashaydigan Qo'yliq massivida joylashgan ko'p qavatli uyimning yonida joylashgan 11-uyda yashovchi ayolda ilk koronavirus infeksiyasi aniqlanganiga ham hash-pash deguncha olti yildan oshibdi. O'shanda el boshiga tushgan dardni Prezidentimiz yashirmadi, vaziyatni sir tutmadi. Aytishga oson, bunday sharoitda to'g'ri qaror qabul qilish hayot-mamot masalasi edi. Zudlik bilan karantin choralari ko'rildi. Derazadan — to'qqizinchi qavatdan yon-atrofdagi 11-uyga qarayman: uy atrofini huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari kecha-yu kunduz o'rab, navbatchilik qilmoqda, uydagilardan hech kim tashqariga chiqarilmaydi. Qo'shnilarimga kerakli oziq-ovqat va boshqa zarur maishiy buyumlarni nazoratchilar keltirib beradi. Do'konlar, bozorlar faoliyati vaqtincha to'xtatildi (oziq-ovqat do'konlari va dehqon bozorlaridan tashqari), ta'lim masofaviy shaklga o'tkazildi.
Albatta, 2020 yilning 27 aprelida Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni e'lon qilindi. Unda O'zbekiston “Mahalla” xayriya jamg'armasi, “Saxovat va ko'mak”, “O'zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondlariga, shu jumladan, ularning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi bo'linmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo'llab-quvvatlovga muhtoj jismoniy shaxslar ro'yxatiga kiritilgan fuqarolarga beg'araz yordam berilishi ko'zda tutilgani koronavirus balosini yengishga ko'mak berdi. Bugina emas, ushbu Farmon bilan saxovatpesha tadbirkorlarga, aholini ish bilan ta'minlab, kambag'allikka qarshi kurashayotgan va mamlakatimiz byudjetini shakllantirishda yetakchi o'rin tutadigan korxonalarga ham beg'araz yordam ko'rsatildi. Chunki minglab saxovatpesha xalqimiz bilan birga aynan shu tadbirkorlik sub'yektlari Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va ko'mak” hamda “O'zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondlarining shakllanishiga munosib hissa qo'shgan edi. Elimiz bu sinovdan ham juda yaxshi o'tdi.
Hozir ham har kuni qaysidir davlatda notinchliklar, qonli mojarolar tufayli qancha-qancha begunoh kishilar, achinarlisi, ayollar va bolalar jon taslim qilmoqda. Ko'plab nufuzli davlatlar qirg'inbarot qurollar ishlab chiqarish bo'yicha kimo'zar o'yinini davom ettirmoqda. Qizig'i, ular bu kabi achinarli holatlarni ko'rib-kuzatib, hatto maqtanib ham qo'yishadi. Mamlakatimiz rahbari esa tinchlik va sog'liqni hech qanday qurolga almashmaydi. Buning o'rniga, omonlikni xush ko'radigan insonlar uchun go'zal va betakror imoratlar, ko'priklar, yo'llar qurishda bosh me'morlik qilmoqda. Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan 200 ga yaqin ishlab chiqarish va sanoat korxonalari faoliyatiga ham oq yo'l berildi.
Prezidentimiz eng avvalo qo'shnilarimizga, keyin turkiy davlatlarga, so'ng dunyodagi har bir mamlakatga tinchlik hamda o'zaro teng manfaatlar asosida hamkorlikni taklif etib, dunyo e'tibori va e'tirofiga sazovor bo'ldi. Kuni kecha AQShda yangi barpo etilayotgan oromgohga ko'rkam ayvonlar sovg'a qilinganida ham katta ma'no bor. Shu bog'da sayr qilib yurganlar mehnatkash xalqimiz qo'li bilan yaratilgan go'zallikni ko'rib hayratlansin, yayrab dam olsin!
Ustozlarim Saydi Umirov, Boybo'ta Do'stqorayev, O'rol O'tayev, Azim Suyun, Abdusaid Ko'chimov va Erkin Ernazarovlardan doim to'g'ri yashashni, rost va ochiq gapirishni o'rganganim rost. Aslida, bu xislatlar qonimda ham bor. 94 yoshga kirib, umrguzaronlik qilgan Esirgadi bobom ham, otam Toshtemir Esirgadiyev ham halol, mehnatkash kishilar edi. Padari buzrukvorim 40 yil paxta qator oralariga suv tarab, dehqonchilikning hadisini olgan, aniqrog'i, qishloq xo'jaligining katta bilimdonlaridan biri edi. Bundan tashqari mohir usta — Chiroqchidagi minglab uylarning tomini yopgan qo'li gul usta bo'lgan, beshik va do'mbira yasardi. Rahmatli 82 yoshida olamdan o'tdi. Hayotining so'nggi kuni, so'nggi daqiqasigacha tildan ham, oyoqdan ham qolmay jon taslim qildi. Bularni nimaga aytyapman? Hayotga to'g'rilik va yaxshilik bilan yondashsak, ezgulik marrasi bizniki, hammamizniki bo'ladi… ulug' adib Fyodor Dostoyevskiyning “Dunyoni go'zallik qutqaradi” degan gapini yaxshi ko'raman. Turmush o'rtog'im bilan besh farzandni halol luqma berib voyaga yetkazganimizdan quvonib yashayapmiz. Ularning hammasi oliy ma'lumotli. Hayotda jamiyatimiz uchun foydali kasblarni tanlab, o'z sevgan sohalarida faoliyat olib borishmoqda. Pirovardida, solih va soliha nabiralarni tarbiyalashmoqda. Shu emasmi bizni qutqarib kelayotgan go'zallik?
Yusuf Xos Hojib bobomizning “Kimning xalqqa foydasi tegib, shu foydasi tufayli halovat topsa, o'sha odam ezgudir”, degan hikmati hayotiy tamoyilimdir. Bugun shifokorlar, o'qituvchilar, dehqonu sohibkorlar, tadbirkorlarimiz jonfidolik qilayotgan bo'lsa, harbiylarimiz kecha-yu kunduz mamlakatimiz sarhadlarini qo'riqlashmoqda. Yurtimizda Yangi O'zbekiston, Yangi Toshkent kabi kentlarimiz osmonga bo'y cho'zmoqda. Eng muhimi, har birimiz ezgu maqsad sari birlashdik. Tunu kun g'ayrat bilan ishlayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu ishlar boshida barchamizga namuna bo'lmoqda. 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da har bir mahallada olib borilayotgan ibratli ishlarni OAV orqali guvohi bo'lib turibmiz.
Yana bir gap. Bugun dunyoga o'q-yoyi, dahshatli bombasi bilan vahm solib turgan mamlakatlar ham kichik bir zarra oldida bosh egib qolganini koronavirus balosi davrida ko'rdik. Dunyo hozir ham tinch emas. Turli yuqumli viruslar, og'ir kasalliklar urchigan zamonda yashayapmiz. Minglab begunoh odamlarning yostig'i qurimoqda. Shuning uchun Istiqlolimiz, tinchligimizning qadriga yetaylik. Uni har jihatdan yanada mustahkamlaylik. Eng muhimi, go'zallikka, go'zal yashashga intilib, bir-birimizga oqibatli, mehrli, jigarso'z bo'laylik! Darvoqe, men uchun muqaddas dargoh bo'lgan “Oynai jahon” tashkil topganiga 70 yil bo'ladi. Bayramlar bayramga ulanaversin!
Erkin ESIRGADIYEV,
O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi
Jamoatchilik fikrini o'rganish, telereyting tahlili va monitoring boshqarmasi
bosh mutaxassisi,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
a'zosi.
