Gulshaniy merosini qachon o'rganamiz?

Kunlarning birida bir ijodkor tanishim kuyinib aytib qoldi:

Yaqinda tumanda o'tkazilgan adabiyot fani o'qituvchilarining yig'ilishida qatnashishga to'g'ri keldi. Men o'qituvchilardan “Abdulla Gulshaniy haqida ham o'quvchilarga ma'lumotlar berasizlarmi?” — deb so'radim. Avvaliga ular ajablanib, bir-birlariga qarab olishdi. Keyin esa ko'ksiga a'lochi nishonini taqqani dedi:

— Anovi “Zarbulmasal”ni yozganni aytyapsizmi?..

Men indamadim. Ammo ich-ichimdan xafa bo'lib ketdim. Ey, do'stim, mana, yurtimiz istiqlolga erishganiga ham o'ttiz besh yildan oshdi. Avvallari sho'ro tuzumini ayblardik. Endi-chi? Ayting, qachon loqaydlik degan bu balodan qutulamiz-u, o'zligimizni anglaymiz?

G'azalxon shoir, tarjimon, aruz va muammo ilmining bilimdoni Abdulla Gulshaniy 1898 yil mart oyida Shahrisabzning Zingaron mahallasida kosib Abdurahmon Fozil o'g'li oilasida tug'ilgan. Olti yoshdan tog'asi mulla Meylining maktabida o'qib, Qur'oni karimni yod olgan va mudarrislarning sinovidan o'tgach, “qori” darajasiga erishgan.

U 18 yoshga yetgach, Buxoroga borib, Mir Arab madrasasi tolibi bo'lish bilan birga, o'zi ham Gulshaniy taxallusi bilan g'azallar yozgani sababli tez orada yaxshigina shoir bo'lib taniladi. Abdulla Gulshaniy do'stlari bilan eng yaxshi g'azallarni jamlab, “Tuhfat ul-ahbob” (“Do'stlar sovg'asi”) nomli devon tuzishgan.

Yosh Abdulla Gulshaniy Buxoroda Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Mahmudxo'ja Behbudiy, Hamza Hakimzodalar bilan tanishib, jadidlar harakatining faol a'zosiga aylanib ulguradi va taraqqiyparvar yoshlarni yangicha g'oyalar bilan tanishtiradi. Ularning bosh maqsadi amirlik tuzumini isloh qilish, mamlakatni oq podsho qaramligidan qutqarib, mustaqil davlatga aylantirish, yoshlarni xorijga o'qishga yuborib, har tomonlama savodxon milliy mutaxassislarga ega bo'lish, xotin-qizlarni o'qitish, usuli savtiya, usuli jadidiya maktablarining sonini ko'paytirish, tijorat ishlarini rivojlantirib, chet el sarmoyasini kiritish kabi ishlarni amalga oshirish edi.

* * *

Abdulla Gulshaniy madrasadagi tahsilidan ta'tilga chiqib, Shahrisabzga kelgan paytida esa do'stlari va tanishlari — shoir Fayzulla Ravnaqiy, mulla Shoymardonqul saotsoz, Qori Tursun Abdullayev, Abdulhamid hoji Abdulhakimov, Ahmadjon Aminjonov, Shodibek Xo'jaqulov, Sobir Maxsumov, Mirza Karomatilla Tursunov, Qori Oston Hazratqulov, Qori Faxriddin Nizomov, kitoblik Egamberdi Gusbandlardan iborat guruh tuzishga ham erishgan. Mulla Islomqul To'qsabo ushbu guruhning yetakchisi bo'lgan. Guruh Buxorodan Fitrat, Samarqanddan Behbudiy va Toshkentdan Abdulla Qodiriylar bilan aloqa qilib turar edi. Urgutga kelib, muallimlik qilayotgan asli buxorolik Rajab Sulaymoniy Turkistonda chiqadigan jadidlarning “Qutulish” gazetasini Shahrisabzga yuborib turar edi. Gulshaniy esa Shahrisabzdagi guruhning ahvoli haqida Buxoroga ham xabar berib turardi.

Amirlik ayg'oqchilari 1919 yilning bahorida uni otasining uyida qo'lga olib, Shahrisabz begi Said Akromxon to'raning zindoniga tashlaydi. Chunki u amirga atab mana shu tanqidiy she'rni bitgan edi-da…

Siz birla bizning zikrimiz — siz bir taraf,

biz bir taraf,

Bir-biriga ziddir fikrimiz — siz bir taraf,

biz bir taraf.

Siz yangilikka qarshisiz, biz eskilikka qarshimiz,

Shul ikki maqsad ustida siz bir taraf, biz bir taraf.

Har eskilik botil erur, tushunmagan johil erur,

Har yangilik qobil erur, siz bir taraf, biz bir taraf.

Zindon bilan qo'rqitmangiz, urmoq bilan hurkitmangiz,

So'zga kirar deb kutmangiz, siz bir taraf, biz bir taraf.

Istibdodga yetdi futur, xalq isyoni Vatanda zo'r,

Endi bo'lmas sizga huzur, siz bir taraf, biz bir taraf.

Haddin oshibdir dardu g'am, har bir ko'ngilda ming alam,

Tokaygacha bundog' sitam, siz bir taraf, biz bir taraf.

Bizlarga maqsad e'tiqod, mehnat eli bo'lsin ozod,

Maktabimiz bo'lsin obod, siz bir taraf, biz bir taraf.

Gulshan aytur sizga bul so'z, buni bilgay elu ramz,

Sizni yenggay ohi dil so'z, siz bir taraf, biz bir taraf.

 

Abdulla Gulshaniy 1917 yilning yozida Shahrisabzdagi o'zi tahsil olgan “Maliki ashtar” madrasasining mudarrisi bo'lgan mulla Xudoyqulning qizi Hikoyatxonga uylanadi. Hikoyatxon ham boshlang'ich ta'limni uyida otasidan oladi, so'ngra mahallasidagi Risolatbonu otinning qizlar maktabida o'qiydi. Hatto g'azallarini to'plab, devon tuzgan degan taxminlar bor.

* * *

O'sha yillarda ikki sevishgan dilning bir-biriga yo'llagan ishqiy maktubi el-ulus orasida mashhur bo'lgan.

Hikoyatxon:

Sizga yozib yubordim ishqimning dostonini,

Bilmamki, bu xatodir yoki savob bo'lg'ay?

Abdulla:

She'ringizni o'qiganda hayratda qolmagan kim?

Tahsinu ofarinlar ham behisob bo'lg'ay.

Hikoyatxon:

Ko'ksimdagi muhabbat o'ti sharoralikdur,

Har damda mavj ursa, dillar kabob bo'lg'ay.

Abdulla:

Hajringning dostonin yozsam ado bo'lurmi?

Birlab kitob emas, minglab kitob bo'lg'ay.

Hikoyatxon:

Muncha shirin so'zingiz, magar masih erursiz,

Jonsiz tanimda lazzat jondek sharob bo'lgay.

Abdulla:

Zulfing qarosidin oydek yuzingni ko'rsat,

Toki bu dardmanding mastu xarob bo'lg'ay.

* * *

Ammo ikki yoshning visol onlari uzoqqa cho'zilmadi.

Amirlik ayg'oqchilari 1919 yilning bahorida uni otasining uyida qo'lga olib, Shahrisabz begi Said Akromxon to'raning zindoniga tashlaydi. Abdulla zindondaligida qora niyatli kimsalar Hikoyatxonga “Abdullani zindonda osib o'ldirishdi”, degan xabarni yetkazishgan. Sevganidan ayrilgan 19 yoshli suluv kelinchak zahar ichib, joniga qasd qiladi.

Abdullani esa besh oydan so'ng otasi dala hovlisini sotib, yetmaganiga qarindoshlaridan qarz olib, kafillik evaziga zindondan olib chiqishadi. Gulshaniy Hikoyatxonga atab o'tli g'azallar bitgan.

Men ul oy husnu jamolin ko'rmasaydim, koshki,

Bir ko'rib Majnuni shaydo bo'lmasaydim, koshki,

Furqatiy ishq ichra bundog' kuymasaydim, koshki,

G'urbatu dard ichra bundog' to'ymasaydim, koshki,

Yo ani ko'rgan bilan ham suymasaydim, koshki.

Naylayin, ey Gulshaniy, ishqida bo'ldim mubtalo,

Otashi hajri firoqida kuyib, bo'ldim ado,

Zori nolan, ohi afg'on, bir ishim subhi so,

Bul erur nahil qismina, qismati bo'ldim rizo,

Yoki man ro'zi azalda bo'lmasaydim, koshki,

Yoki bul qismatga ul dam ko'nmasaydim, koshki.

* * *

Hokimiyat sho'rolar qo'liga o'tgach, uni ishga chaqirishgan. U bir muddat Shahrisabzdagi hukumat idorasida, keyin Qarshi, Samarqand, Namanganning chekka tumanlaridagi idoralarda ishlagan. Bir necha yil Qorako'l tumani “Chorvador” gazetasi muharriri ham bo'ldi. 1927-1929 yillarda Toshkentdagi O'rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)da o'qiydi.

Abdulla Gulshaniyni 1939 yilda yangi tashkil etilgan Qamashi tumaniga ishga yuborishadi va 1957 yilda pensiyaga chiqadi. U 1978 yilning 28 dekabriga qadar Qamashi shahrida yashagan va 80 yoshida vafot etgan.

Abdulla Gulshaniyni 1962 yilda Toshkentga O'zFAning Til va adabiyot institutiga ishga taklif etishgan. U qisqa muddat ichida Abdurahmon Jomiyning “Risolai manzuma” asarini forschadan o'zbek tiliga tarjima qildi. Shuningdek, Alisher Navoiy qalamiga mansub “Majolis un-nafois” asaridan 1000 baytli, “Xazoyin ul-maoniy” asaridan 600 satrli muammoni yechadi. Bundan tashqari, M.Nishopuriyning “Muammo fani qoidalari haqida” kitobidan 6654 satr, “Muammo qoidalari” risolasidan 1340 satr, “99 nomli muammo” kitobidan 650 satr muammoli she'rni o'zbek tiliga o'girgan.

Abdulla Gulshaniydan 2 jildlik “Gulistoni Gulshaniy” devoni, 3 jilddan iborat tojikcha she'rlar to'plami, o'zining muammo va chistonlari jamlangan “Muammiyot” asari, “To'yu to'yona”, “Ariza”, “Kunlarim” dostonlari meros bo'lib qolgan. Shoirning jami 16 ming 854 misradan iborat adabiy merosi Toshkentdagi Qo'lyozmalar institutida saqlanmoqda.

Taniqli adib, marhum Sa'dulla Siyoyev 1971 yilda Qamashiga kelib, Abdulla Gulshaniy bilan uchrashib, suhbat qurgan va “Hukumatning avliyosi” degan maqola yozib, Guliston jurnalida e'lon qilgan. Keling, o'sha maqoladan iqtibos o'qiylik:

“Sa'dulla Siyoyev: — Shuncha qo'lyozma kitoblar yozibsiz. Bularni biror yerda bostirsangiz bo'lmasmidi?

Gulshaniy: — Mana, oqqa ko'chirib, tayyorlab qo'ydim. Kimga kerak bo'lsa, chiqarib olar…”

Shoirning istehzoli javobidan shu narsa sezilib turibdiki, ovoragarchiliklar bilan zahmat cheksa-da, asarlarini kitob qilib nashr ettira olmagach, o'zi qo'lbola majmua-to'plamlar tayyorlagan va kelajakda ijodi bilan kimlardir shug'ullanib, asarlari nashr etilishini orzu qilib yashagan.

* * *

El-ulus orasida esa Abdulla qori nomini olgan shoirning bashoratchi va karomatgo'yligi haqida ham gap-so'zlar yuradi.

Mana shulardan bittasi:

1970 yil bahor qurg'oqchil kelib, ekin-tikinlar, ayniqsa, paxta qovjiray boshlagan. Qamashi tuman firqasi birinchi kotibi Abdulla Gulshaniyni chaqirib, qachon yomg'ir yog'ishini so'raydi. Abdulla qori hisob-kitob qilib: “Kelayotgan juma kuni peshindan so'ng kuchli jala bo'ladi”, deb javob beradi. Aytilgan kuni tushdan so'ng yomg'ir yog'a boshlagan. Kotib ham mardlik qilib, qori boboni “Jiguli” mashinasi bilan mukofotlagan ekan.

Qamashi shahri yaqinida Qamay deb nomlangan qishloq bor. Qishloq o'zining dostonchi baxshilari va tilimi tilni yoradigan qovunlari bilan mashhur. Qamayliklar esa Abdulla Gulshaniy qalamiga mansub “Ko'rdim Qamayda bir pari” g'azalini hamon to'ylarda, bazmlarda aytib yurishadi.

Abdulla Gulshaniyning shogirdlaridan biri — jurnalist va adib Abdivoy Rahim Qamashi tumani gazetasida ishlab yurgan kezlarida g'azalxon shoir bilan ko'p bora uchrashib, suhbat qurgan va xotiralarini yozib olgan. Oradan yillar o'tib, domlaning yelib-yugurishlari tufayli Abdulla Gulshaniyning “Alvido” nomli g'azallar to'plami va “Abdulla Gulshaniy” nomli xotiralar kitobini kam nusxada nashr ettirgan. Ustozining hayoti va ijodi haqida maqolalar, “Tongda so'ligan lola” pyesasini ham yozgan.

Kunlarning birida domla qo'limga bir nechta varaq tutqazib, dedi:

— Shularni kompyuterda ko'chirib bersang. Bilasanmi, yanagi bahorda Abdulla Gulshaniy boboning tug'ilganiga 120 yil to'ladi. Shahrisabz hokimiga xat tashlamoqchiman. Axir shahri Kesh allomaning tug'ilgan shahri. Bir o'ylab ko'rishar…

Oradan ancha kunlar o'tib, domlani yana uchratib qoldim.

— Mashina yollab, Shahrisabzga bordim. Afsus, hokim qayoqqadir ketgan ekan. Yordamchisiga xatni tashlab, tayinlab keldim. Biror natija bo'lib qolar…

Abdulla Gulshaniyning boy merosi hali o'rganilgan emas. Poytaxtdagi O'zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy tekshirish instituti katta ilmiy xodimi Abdusattor Jumanazardan bu haqda so'radim.

— Abdulla Gulshaniy ajoyib g'azalnavis shoirgina emas, yetuk olim, tarjimon va yana islom ilmining bilimdoni bo'lgan. U kishining ilmiy-adabiy merosini bir nechta olimlar o'rganishga harakat qilishgan. Ammo uni keng ommaga yetkazish, ya'ni kitob qilib chop etishga qolganda, yana o'sha qurg'ur mablag' masalasi muammo bo'lib turibdi-da…

Ha, Abdulla Gulshaniy Qashqa vohasidan yetishib chiqqan yetuk ijodkor edi. Abdulla Gulshaniydek allomaning merosini elimizning adabiy mulkiga aylantirish va uning asarlarini to'plab nashr etish haqida mutasaddi idoralar amaliy ishlarni bajarishlari lozim degan fikrdamiz.

O'rolboy QOBIL,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 14 =