Kitob ko'p, ammo…

Kitob deganda ko'z o'ngimizda badiiy, publitsistik, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy va boshqa mavzulardagi asarlar namoyon bo'ladi. Bir zamonlar bobolarimiz bejiz kitobga  “Qat-qat qatlama, aqling bo'lsa tashlama” deb ta'rif bermagan. Kitob – bu mo''jiza. Oltin yerdan, bilim esa kitoblardan qazib olinadi. Ular bizni ajoyib odamlar, g'aroyib olamlar bilan tanishtiradi.

Keyingi yillarda kitobxonlikka e'tibor, g'amxo'rlik davlat siyosati darajasida qaralayotganini qutlamoq kerak. Ammo kitob o'qishga bo'lgan qiziqish, ayniqsa, yoshlar o'rtasida susaygani ham bor gap. Bu holatga, ming afsuski, o'zimiz ham shohid bo'lib turibmiz. Fikrimizcha, bu  qator muammolar bilan bog'liq. Ko'pchiligimiz ijtimoiy tarmoqlardan ko'z uzolmay qoldik. Xo'sh, to'g'rimi bu? Albatta, yo'q! Internet bizni emas, biz uni boshqarishimiz kerak. Ana shundagina uning o'zimizga kerakli bo'lgan materiallarini o'qiymiz. Bu bizni internetdan foydalanish madaniyatiga rioya qilishga o'rgatibgina qolmay, vaqtni tejash va o'z sog'lig'imizni asrashga ham o'rgatadi.

Ikkinchi bir muammo – kitob narxining balandligi. Bitta kitobni 80-100 ming so'mga sotib olish talaba uchun og'irroq. Shu boismi, ko'pchilik yoshlar qimmatli vaqtini gadjet o'yinlariga sarflamoqda.

To'g'ri, biz texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan asrda yashayapmiz. Buning ustiga, texnologiyalar bizga emas, biz ularga qaram bo'lib qolyapmiz. Shuning uchun ham odamlarga kitobdan ko'ra turli gadjetlar, telefonlar va kompyuterlar qiziqroq, qulayroq tuyulayotganga o'xshaydi.

Ayrim yoshlar, hatto katta yoshdagilar ham vaqtini kitob o'qishdan ko'ra telefon o'ynashga sarflashni afzal ko'rishmoqda. Musiqa tinglaydilar, kino ko'radilar va ko'p vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlardagi “Reels” (qisqa videotasvir)larni ko'rishga sarflaydi. Bu juda achinarli. Axir kitob bizning har tomonlama rivojlanishimiz, eng muhimi, bilimli, keng dunyoqarashli, ma'naviyatli bo'lishimiz uchun juda-juda muhim va zarur.

Bugun dunyo adabiyotiga daxldor Yuy Xuaning “Yashamoq” asari, Fotih Dumanning “Men” kitobi, Knut Hamsunning “Ochlik” romani kabi asarlarni aksariyat yoshlar umuman eshitmagan, desak, xato bo'lmasa kerak. Aytishlaricha, “Yashamoq” asarini bir kunda 10-15 kitobxon xarid qilayotgan ekan. Kuzatishlarimizdan ma'lum bo'ldiki, bu asarni 20 dan 30 yoshgacha bo'lgan kitobxonlar qiziqib o'qiyapti, ammo o'ttiz yoshdan oshganlarda asar yaxshi taassurot qoldirmagan.

Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Abdulla Qahhor, Oybek, G'afur G'ulom, Said Ahmad, Pirimqul Qodirov, O'lmas Umarbekov, Odil Yoqubov, O'tkir Hoshimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Erkin A'zam, Xayriddin Sulton kabi bir qator yozuvchilarning asarlari kitobxonlarning doimiy e'tiborida ekanligi bilan ajralib turganligi esa g'oyat quvonchli. Shu mavzuda suhbatlashish uchun kitob sotuvchilar bilan muloqot qildik.

— Ayting-chi, bugun chop etilayotgan kitoblarga yarasha ularni xarid qilib,  o'qiydigan ashaddiy kitobxonlar ko'pmi?

— Ha, kitobxonlar bor, biroq kamroq. Hozirda ko'plab kitobxonlar  o'zlari bilmagan va tushuna olmayotgan kitoblarni xarid qilib, undan tezda zerikib qolishyapti. Shuning uchun ham xarid qilingan kitobni so'ngigacha o'qimay tashlab qo'ymoqdalar. Oqibatda kitobga bo'lgan qiziqish yanada pasayib bormoqda…

Bundan shunday fikrga kelish mumkinki, kitob xarid qilishda uning mazmun-mohiyatiga qarab xarid qilgan ma'qul. Aksincha, o'qib tushunmay, tahlil qila olmagan  kitoblarimiz bizga zerikarli tuyuladi. Ta'kidlash joizki, dunyo adabiyotidan tarjima qilinayotgan ayrim asarlarning to'g'ri va mantiqli tarjima qilinmayotganini ko'rishimiz mumkin. Kitobni tarjima qilgan tarjimonga ham juda ko'p narsa bog'liq. Asarni qanday bo'lsa shundayligicha tarjima qilish bilan maqsadga erishib bo'lmaydi. Tarjimon muallif bizga nima demoqchi ekanligini to'liq yetkazib bera olishi lozim. Hozir yoshlar orasida qanday asarlarga ehtiyoj katta va ular qanday kitoblarni sevib o'qimoqdalar? Buni o'rganish uchun Yunusobod tumani “Kelajak” markazining to'garak a'zolari (12-18 yoshdagi o'quvchilar)  orasida kichik bir so'rovnoma o'tkazdik. So'rovnoma natijasida  ma'lum bo'ldiki, 15 nafar o'quvchidan bor-yo'g'i 6 nafar o'quvchigina kitob mutolaa qilayotgan ekan. Jumladan, G'afur G'ulomning “Shum bola” asari, jahon bolalar adabiyotidan “Qora xolli qo'zi” hikoyasi, Yapon xalq ertaklaridan “Uch xazina”, Jonatan Sviftning “Gulliverning sayohatlari” asari, Abdulla Qahhorning “Ming bir jon” hikoyasi, dunyo bolalar adabiyotidan Ivan Krilovning “Oq qush, cho'rtanbaliq va qisqichbaqa” masali yosh kitobxonlarni o'ziga jalb qilgan.

Xo'sh, nima qilmoq kerak?

Bizningcha:

— o'qish madaniyatini, ya'ni mahalla, maktab va universitetlarda kitobxonlik to'garaklarini keng ommalashtirish;

— kitob muhokamalari uchun mualliflar bilan uchrashuvlar va adabiy tadbirlarni ko'paytirish;

— kutubxonalar sonini oshirib, ularni zamonaviy, qulay muhitga aylantirish. Elektron kitoblar va audiokitoblarni targ'ib qilish, mobil ilovalar orqali bepul yoki arzon kitoblar taqdim etish;

— maktablarda kitob o'qishni qiziqarli darslar, musobaqalar va loyihalar orqali rag'batlantirib, ijtimoiy tarmoqlarda kitobxonlikni targ'ib qiluvchi trendlar (masalan, “kitobchellenge”) yaratish orqali yoshlarni jalb qilish;

— ommaviy axborot vositalarida kitobxonlikning foydalari haqida ko'proq dasturlar va reklama kampaniyalari olib borish. Ota-onalarga bolalarda o'qish odatini shakllantirish bo'yicha maslahatlar berib borish;

— kitobxonlikni rag'batlantirish uchun stipendiyalar, sovrinlar va tanlovlar sonini oshirish. Kitoblarni interaktiv formatda taqdim etish. Mashhur shaxslar orqali kitobxonlik targ'ibotiga erishish. Ushbu yondashuvlar orqali kitobxonlikni nafaqat ommalashtirish, balki uni hayotiy zaruratga aylantirish mumkin.

Madina MIRALIYEVA,

Rustamjon VOHIDOV,

O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va

o'zbek filologiyasi fakulteti talabalari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − twelve =