Mustaqillik baxti

Mana, kuni kecha eng ulug', eng aziz ayyom — O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami yurtimizda keng nishonlandi. Ushbu shodiyona shukuhi davom etmoqda.

Xo'sh, mustaqillik, istiqlol ne'mati deganda nimani tushunamiz?

Mustaqillik, istiqlol chin erkinlik, ozodlik, hurlik demakdir.

Yaqin tarixga nazar solamiz:

1970-1980 yillarni men shaxsan o'z ko'zim bilan ko'rdim, tahlil qila olaman. 1970 yillarda maktabda o'qirdim, paxta terimi uchun sentyabr oyining 10-sanasidan o'qish yopilib, toki dekabr oyi boshiga qadar paxta dalasida tinimsiz ishlardik. Dekabr kirgach, maktab bag'riga qaytardik, dars dasturini to'ldirish uchun 45 daqiqalik dars ichida 8-10 ta mavzu tez-tez o'tib ketilardi. Bunday “tezkor darsdan”, albatta, o'quvchilar chalasavod bo'lib qolishardi.

Eslayman, 1978-1979 o'quv yilidagi paxta mavsumida (1978 yil kuz payti) 20 dekabr kuni terim tugab, 21 dekabr kuni o'qish uchun maktabga keldik… Bu og'ir, qattol davrlar edi.

1991 yil avgust oxirida O'zbekiston ozodligini e'lon qilib ham, paxta balosi (majburiy mehnat) davom etdi, talabalar, o'quvchilar, vrachlar, o'qituvchilar, butun O'zbekiston xalqi paxta dalasiga kishanlandi, yil-o'n ikki oy tinimsiz paxta terishga majbur qilindi.

Faqatgina 2016 yildan boshlab Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Prezidenti vazifasida ish boshlagach, paxta qulligidan to'liq ozod bo'ldik…

Bolalar mehnati, kattalar mehnati uchun BMT O'zbekistonga qarshi sanksiyalar qo'llagan edi. Shu cheklovlar olib tashlandi.

Buning uchun, avvalo, Allohga shukrona aytamiz va ­Yurtboshimizga minnatdorlik bildiramiz.

Sobiq Ittifoq davrida armiyada xizmat qilgan keksa insonlar yaxshi bilishadi: armiyada ruslarning “dedovshina” balosi bor edi. Boshqa respublikalardan borib xizmat qilayotgan yosh askarlar rus millati vakillari tomonidan kamsitilardi, g'ururi oyoqosti qilinardi. Armiyadagi bu rus millatchiligini aslo oqlab bo'lmasdi.

Mana, hozir O'zbekiston armiyasida xizmat qilishni yigitlarimiz orzu qilishadi, bu oriyat belgisi hamdir.

Ko'ryapsizmi, mustaqillik bergan baxt, imkoniyatlarni yuzlab dalillar bilan isbotlab berish mumkin.

Shunday ekan, O'zbekiston mustaqilligining 35 yilligi xalqimizga muborak bo'lsin, ilohim!

Abduvali AHMAD

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + six =