Ikki davr, bir taqdir

Taqdir ba'zan insonni ikki davr chorrahasiga olib keladi. Men ana shunday taqdir sohibiman. Bir tuzumda jurnalist bo'lib shakllandim, mustaqillik yillarida esa Vatan jurnalisti sifatida kamol topdim.

Inson umrining oltmishdan oshgan pallasida ortga bir qur nazar tashlar ekan, bosib o'tilgan yo'lning har bir bosqichi qalbda o'ziga xos iz qoldirganini anglaydi. Har bir davrning o'z nafasi, o'z ovozi, o'z haqiqati bo'ladi. Mening taqdirim ham ikki xil tuzum, ikki xil hayot, ikki xil jurnalistik muhit orasida shakllandi. Bir davrda qalam qo'lda edi-yu, ammo fikr erkin emasdi. Ikkinchi davrda esa qalamga ham erkinlik, ham yuksak mas'uliyat yuklandi. Bu ikki olam orasida butun hayotim mazmunini o'zgartirgan bir buyuk ne'mat borki, u ham bo'lsa — Mustaqillik!

Jurnalistikaga kirib kelgan ilk yillarim hanuz xotiramda. Gazeta sahifasiga chiqadigan har bir jumla bir necha bosqichli tahrirdan o'tar, ba'zi fikrlarni qog'ozga tushirishga esa jur'at yetmasdi. Aytilishi mumkin bo'lgan haqiqat bilan aytilmasligi lozim deb hisoblangan haqiqat orasida ko'rinmas, ammo mustahkam devor bor edi. Biz ko'pincha hayotni qanday bo'lsa, shunday emas, qanday ko'rsatish talab etilsa, shunday tasvirlashga majbur edik.

1991 yil… Bu sana men uchun shunchaki tarixiy voqea emas, balki kasbiy va insoniy taqdirimning burilish nuqtasidir. O'zbekiston davlat mustaqilligini qo'lga kiritganida, men jurnalist sifatida shakllanib bo'lgan edim. Ammo aynan o'sha kunlardan boshlab o'zimni haqiqiy ma'noda Vatan jurnalisti sifatida his etdim. Endi qalam nafaqat kasbim, balki xalqim va yurtim oldidagi vijdonimga aylandi.

Mana, istiqlolning o'ttiz besh yili ham ortda qolmoqda. Bu yillar ko'z oldimdan kinotasmadek o'tadi. Mustaqillikning ilk qadamlari, iqtisodiy qiyinchiliklar, xalqimizning matonati, ertangi kunga bo'lgan ishonch; keyinchalik barpo etilgan yangi maktablar, zamonaviy korxonalar, obod mahallalar, qiyofasi tubdan yangilangan shahar va qishloqlar… Bularning barchasi reportajlarim, ocherklarim, intervyularim va maqolalarim orqali gazeta sahifalaridan joy oldi. Bir paytlar orzu bo'lib tuyulgan ezgu niyatlarning hayot haqiqatiga aylanganini jurnalist sifatida kuzatish va uning solnomasini yaratish menga nasib etdi.

Jurnalistning eng katta boyligi arxivida saqlanayotgan sarg'aygan gazetalar emas, balki xotirasida muhrlanib qolgan hayot lavhalaridir. Mening xotiramda ham qora-oq suratlardek xira tortgan davrlar, ham istiqlol nurida ranglarga burkangan manzaralar yashaydi. Ilk mustaqillik bayramlari, bayrog'imiz g'urur bilan baland ko'tarilgan lahzalar, yurtning eng chekka qishloqlaridan tortib zamonaviy shaharlarigacha uchratgan fidoyi insonlar… Ularning ko'zlaridagi ishonch yil sayin mustahkamlanib, orzu-maqsadlari kengayib borganiga ko'p bor guvoh bo'lganman.

Bugun men yosh hamkasblarimga havas bilan qarayman. Ular erkin fikrlaydi, zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallagan, dunyo bilan hamnafas yashaydi. Ular uchun ochiq imkoniyatlar maydoni yaratilgan. Bu imkoniyatlar tasodifan paydo bo'lgani yo'q. Ular xalqimizning mustaqil taraqqiyot yo'lidagi mashaqqatli mehnati, sabr-matonati va ezgu intilishlarining samarasidir.

Hayotda ancha-muncha achchiq-chuchukni ko'rgan odam sifatida bir haqiqatni bot-bot his qilaman: inson uchun eng katta baxt — o'z Vatanining yuksalib borayotganini ko'rish, ana shu taraqqiyotga o'z mehnati bilan ozmi-ko'pmi hissa qo'shishdir. Men bugun nabiralarimning erkin fikrlaydigan, chet tillarni o'rganadigan, zamonaviy bilimlar bilan qurollangan, dunyoga ochiq O'zbekiston farzandlari bo'lib kamol topayotganini ko'rib, qalbim shukronalikka to'ladi. Ular ko'rmayotgan kechagi qiyinchiliklarni biz ko'rdik, ular bahramand bo'layotgan imkoniyatlarning qadrini esa biz yanada teranroq his qilamiz.

Bugun O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi nishonlanar ekan, qalamimni yana bir bor ehtirom bilan qo'limga olaman. Chunki men uchun qalam — kasb quroli emas, Vatan oldidagi mas'uliyat timsolidir. U orqali xalqimning quvonchini ham, tashvishini ham, ezgu orzu-intilishlarini ham xolis va samimiy yoritishni o'zimning muqaddas burchim deb bilaman. Shu bois istiqlol haqida har safar qalam tebratar ekanman, Vatanimning taqdiri bilan o'z taqdirim chambarchas bog'langanini yana bir karra his qilaman. Zero, umrini jurnalistikaga bag'ishlagan inson uchun mustaqillikning haqiqiy qadrini hayotning o'zi o'rgatadi…

Odiljon INOMOV,

“Namanganskaya pravda”

gazetasi bosh muharriri,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + nineteen =