Qirq yil ortga qaytib…
Kursdosh jo'ram, taniqli fotojurnalist Alimurod Mamadaminov (Muhammad Amin) bilan mashinani avtoturargohga joylashtirib, Talabalar shaharchasining sokin, salqin piyodalar yo'lagi bo'ylab Milliy universitetning bosh korpusi sari yo'l oldik. Azim dov-daraxtlar, o'yingoh, kutubxona, yotoqxonalarga bir-bir ko'z tashlab, qirq yil oldingi manzaralar bilan chog'ishtirib, sekin odimladik. Ikkimizning ham ichimizda quvonch, hayajon — hozir kursdoshlar bilan uchrashamiz. Nigohlarimiz to'qnashishi bilan shodon qahqaha otgancha bir-birimizni bag'rimizga bosamiz.
Bundan qirq yil avval biz navqiron yoshlar edik, yon-verimizdagi voqea-hodisotga xolislik bilan qaraydigan, tasvirlaydigan, klassik an'analar chegarasiga daxl qilayotgan va botinimizda hamma narsa boshqacha bo'lishiga orzumand — modern hayotga oshna tutinayotgan, ammo sevgi-muhabbatga oshufta yigit-qizlar edik. Uzundan-uzun bahsu munozaralarimizning adog'i bo'lmasdi. Har kim o'z fikrida sobit qolardi, hech kim bo'yin bergisi kelmasdi. Ammo g'o'r g'urur mushohada qilish, yangi-yangi ma'lumotlardan zavqlanish hissini yashira olmasdi.
Vaqt mashinasi yelday uchib boryapti, mana, bugun har birimizning oilamiz, yutuq va g'alabalarga, xato va kamchiliklarga to'la o'z hayot yo'limiz bor. Yo'llar orasida zavq-shavq, yoshlik sururini birga totgan, beg'ubor, tug'yonli damlarni birga o'tkazgan talabalik yillari yuragimizga o'zgacha hislarni qoldirib ketgan.
Bizning uchrashuvimiz an'anaviy yo'sinda boshlandi. O'zbekistondagi barcha ilmgohlarning onasi — birinchi raqamli “alma mater”i bosh korpusi yonida to'planib, bir-birimizga ijod namunalarimizni, kitoblarimizni in'om etib, qirq yil avval tahsil olgan auditoriyamizni, o'quv korpusini ko'rgali chog'landik. Hayhot, yangi iqtisodiy hayotning yangi epkinlari jurnalistika fakultetini ham chetlab o'tmabdi: “jurfak” va “filfak” birlashtirilibdi. Dekanning aytishicha, jurnalistlar ijtimoiy fanlar fakulteti talabalari bilan birgalikda boshqa binoda tahsil olarkan.
O'zimiz o'qigan auditoriyaga kirganimizda bizni yangi fakultet dekani qarshi oldi. Dekan biz bilan suhbati davomida bugun dorilfununga fransiyalik mehmonlar kelayotgani, jurnalistika bo'limining ikki nafar talabasi bilan dutorda repetitsiya o'tkazayotganini aytib berdi va qizlardan bizning tashrifimiz munosabati bilan mumtoz kuylardan parchalar ijro etib berishni so'radi. Bo'lajak kasbdoshlarimizdan g'urur tuyishimiz barobarida nemis klassik yozuvchisi Lion Feyxtvangerning mashhur iborasi yodga tushdi: “Iqtidorli odam har jabhada iqtidorli bo'ladi”.
Auditoriyadagi uzun ellips stol atrofini to'ldirib o'tirgan kursdoshlarga bir-bir ko'z tashlayman. Qarangki, biz vaqti kelib uzun qora sochlarimiz oqarishi, chehralarimizga tolim ajinlar tushishi, soqol qo'yishimiz, ro'mol o'rashimiz haqida gurunglashmasdik. Reallikka dam urayotgan idealistlar edik. Xayolan biz hech qachon qarimaydigandek edik. Mana, yoshlik ham ortga qaytmas bo'lib, o'tdi-ketdi.
Endi bunday katta auditoriyalarni nabiralarimiz to'ldirish yoshiga yetib keldi. Endi biz shirin xotiralar og'ushida yashaymiz. Yoshlik kechinmalari bebaho boylik, hayot eliksiri; ruhiyatimizni salim etadi, hayotga muhabbat uyg'otadi, bugungi yoshlar lahjasida aytsak, yashashga motivatsiya beradi. Inchunin, Oksford olimlari yoshlik xotiralarini tahlil qilar ekan, yorqin xotiralar kayfiyatimizni ko'taradigan, xushchaqchaq etadigan dofamin degan kimyoviy modda ishlab chiqarishini, ko'tarinki, shodon kayfiyat, isyonkor hissiyotlar esa stress va tashvishlarni kamaytirishga yordam berib, hayotimizni mamnun va qoniqish bilan o'tkazish tuyg'usini baxsh etishini isbotlashgan ekan.
Bundan chiqdi, kishining vaqti kelib sayru sayohat qilish, tengdoshlari bilan suhbatlar qurish orzusi, bolaligi o'tgan kengliklarga talpinishi, har ikki gapning orasida yoshlik chog'laridagi yorqin lahzalarni eslashi tabiiy ehtiyoj ekan. Biz sobiq kursdoshlar bugundan o'tmishga qaytib, zanjirli voqealar olamiga singib, ich-ichimizni ajib bir jo'shqinlik, shijoat, oldinga undovchi bir “pozitiv energiya” chulg'ab olgandi.
Hozir rahmatli Qurbon Eshmat va Baxtiyor Asad safimizga kelib qo'shilib qolsa bormi, “bo'ldi, bas” demaguncha to'xtatmaydigan bayt-baraklarini boshlab yuborarmidi? Ular bizni quvvai hofizasi bilan hayron etar, she'rlarni mavzu va yo'nalish izchilligini saqlagan holda bir-biriga mohirona, ekspromt bog'lay olishi bilan tong qoldirardi.
Xotira — bu bizning mavjudligimiz, ildizlarimiz. U bizga mushkul damlarda tayanch, suyanchiq bo'ladi, hayot talotumlarida ratsional yo'l topishimizga yordam beradi.
— Asqar, — dedi Gulbahor, — Qarshiga borganda yo'qlamaysiz ham, — deya gina qilgan bo'ldi.
Esimda, Gulbahor avval ham bir-ikki marta telefon qilib, Qarshining Otchopar mahallasida turishini aytib, astoydil mehmonga taklif qilgandi. Xo'jayini menga tumandosh, qamashilik me'mor yigit edi.
— Xo'jayinimni eslaysiz-a? Diplom himoyamni nishonlaganimda Baxtiyor (Asadov) bilan Beshyog'ochda, “Komsomol” ko'lidagi ijara uyimizda osh pishirgandinglar.
Eslashga urinayotganimni sezib: “Balki, menga bir sumka kitob sovg'a qilganingizni unutmagandirsiz, — dedi. — Yaxshi kitoblar ekan, haliyam kutubxonamda turibdi”.
Biz hammamiz zamonning qulimiz. Ish, vaqt tig'izligini ro'kach qilib, oddiy odamiylikni unutib qo'yamiz, bu omonat dunyoda yaqinlar ko'nglini ololmaymiz. “Ish hammadan qoladi, diydor g'animat”, deb hikmat to'qib, o'zgalarni oqibatga chorlaymiz-u, o'zimiz amal qilmaymiz. Bizga munofiqlik chikora?! Xo'sh, safarga chiqqanimizda besh-o'n daqiqa ajratib, choyini ichmasak ham do'stu yoronlardan birrov ko'ngil so'rab o'tsak, asakamiz ketadimi? Nachora, o'z-o'zimizni qaytadan oqibatga o'rgatishimiz kerak.
“Odamlar suratini bezatsa, sen siyratingni beza. Odamlar boshqalar aybidan so'z ochsa, sen o'z qusuringni o'yla”, deydi mavlono Rumiy.
Bir vaqt Dilorom gavdasini ortga tashlab, nash'a bilan xoxolab qoldi. Hamma hayron. Keyin uzun barmoqlarini Gulbahorning yelkasiga qo'yib, kula-kula: “Gulbahor, esingdami, Salomat uchovimiz Xorazmga borganda, Shovot kanalida cho'milganimiz? Men ziragimni yo'qotib qo'ygandim…”
Hamma kursdoshlar Diloromning og'ziga qarab, hikoyaning davomini kutyapmiz. Dilorom buni payqab, tushuntira ketdi:
— Men, Gulbahor va Salomat Xorazmni bir hafta maza qilib aylandik. Qaytar chog'imiz Salomatning taklifi bilan Shovot kanaliga cho'milgani bordik. Tinchgina cho'milish o'rniga bir-birimizni suvga pishishni boshlab yubordik. Qiy-chuv qilib, olishib-turtishib cho'milayotganimizda Salomat qo'qqisdan: “O'ng qulog'ingdagi ziraging tushib qolibdi”, deb qoldi. Qo'limni shartta qulog'imga qo'ysam — tilla ziragimning bir poyi yo'q. Bir zumda shalvirab qoldim. Zahrimni Salomatga sochdim. Salomat aybni o'zimga ag'dardi. Xullas, zirak yo'qoldi! Izlashga tushdik. Koshki, loyqa, shiddat bilan oqayotgan suvdan topib bo'lsa!.. Bezovtaligimizni sezib, yonimizga gurros odamlar to'plandi. Gap nimadaligini bilib, izlashga kirishishdi. Yo'q, bisotimdagi birdan-bir boyligim suvga oqdi-ketdi!
O'pkam to'lgan, ko'zyoshimni bazo'r tiyib turibman. Ammo ich-ichimda paydo bo'lgan ilinj meni suvda tutib turibdi. Bir payt Salomat zirakni izlayotgan o'nlab odamlarni oldiga chorlab, zirakni topganga 25 so'm suyunchi berishini e'lon qildi. Odamlar g'imirlab qolishdi, damodam suvga sho'ng'iy boshlashdi. Biron soatlar vaqt o'tdi hamki, zirak topilmadi. Bu orada kimdir uyiga borib, o'rdakoyoq andozali suzgichini, yana biri suzuvchilarning ko'zoynagini olib kelib, ziragimni izladi. Bir vaqt zirak izlovchilarni yoshi kattaroq, so'zi o'tar bir kishi oldiga chaqirdi. “Yakka otning changi chiqmas, changi chiqsayam dong'i chiqmas. Mana, ikki soat bo'lyaptiki, yakka-yakka qidiruvlarimiz naf bermadi. Kelinglar, endi hammamiz yonma-yon saflanib, birvarakay sho'ng'iymiz, qo'llarimiz bilan paypaslab ketaveramiz. Bittamizning oldimizdan chiqar-da”, deb hammani yana kanalga boshladi. “Og'a, — dedi oftobda jizg'anagi chiqib kuygan yigitlardan biri. — Bu kanal ne-ne jonzotlarni oqizib ketgan, jimitday zirak nima bo'pti unga?” — deb yaramga tuz sepdi.
Men bechora nafasim ichiga tushib, umidim bir so'nib, bir jonlanib behol o'tirardim. Kimdir yonimga kelib: “Mehmon qiz, qaerda yo'qotganingizni aniq aytolmaysizmi?” — deb so'rasa, boshqasi katta-kichikligini surishtiradi. “Topiladi”, deb ko'nglimga taskin berardi. Yana birlari ziragimning ko'zi bor-yo'qligi-yu “proba”sini so'raydi. “Hoy, bandai mo'minlar, buning zirak topilishiga nima aloqasi bor?” — deb alamimni olgim keladi. Tishimni tishimga bosib, nariroq borib o'tiraman. Boshqa birovi: “Mehmon qiz, qani, sherigini ko'rsating-chi, bu yerdan topilmasa, do'kondan topilar, eltib beramiz”, deb iltifot qiladi.
Bir vaqt… bir vaqt Salomatning Yorqinoy degan o'quvchi singlisi: “Mana, topdim!” — deya suv tagidan otilib chiqdi.
Kursdoshlar “xayriyat-e!” deb bir xo'rsinib olishdi.
…Biz bugun hayotiy maqsadlarini aniqlab olgan, yuragida shijoat, o't chaqnab turgan yoshlik damlariga qaytgan edik. Bu damlar xotiralarimiz qatiga cho'kkan voqea-hodisalarni jonlantirar, qalblarimizga ajoyib shukuh va kayfiyat bag'ishlardi.
Mana, talabalik davrimizdagi hazil-huzullar, shum-sho'xliklar esga olinmoqda. Kurs oqsoqoli O'rozali og'a imtihonga tayyorlanayotgan Gulzodaga domlaga sezdirmay yordam berishi uchun kissasidagi shpargalkani olib uzatsa, u qo'liga bir urgani va olmagani, bundan xafa bo'lgani haqida so'zlarkan, O'rozali, aslida, qog'ozga qaramasdan, shpargalka yonida turgan bir so'mlik pulni adashtirib uzatganini kula-kula aytib berdi.
Yonimizda Shukur Sodiq (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) bo'lganida bormi, albatta, o'zining sho'rdanak operatsiyasini so'zlab berardi. Qishki sessiya arafasida ikkiqat bir domlamiz Shukurni buxorolik bilib, unga Buxoro sho'rdanaklari haqida ta'rifu tavsif berib ketadi. Shukur: “Domla, tushundim”, deb zudlik bilan o'rtoqlari orqali Buxoro sho'rdanagidan keltirib, sovg'a qiladi. Domlaning sovg'ani olganidan mamnun bo'lib, bu haqda o'ziga yaqin bilib, aslida, buxorolik, qomati o'ziga tortadigan, oq-sariqdan kelgan Baxtiyorga aytadi. Shukur domlaga qilgan iltifoti evaziga imtihondan o'tishiga ishonchi komil bo'lib, tayyorgarlik ko'rmaydi. Baxtiyor ham imtihonga tayyorlanmay keladi va domladan tanbeh eshitadi. Shunda Baxtiyor: “Domla, ko'nglim notinch, bugun Buxoroga borib kelmasam bo'lmaydi”, deb uzrxohlik qiladi. Shunda domlaning esiga sho'rdanak tushadi, shekilli: “E-ha”, deydi-da, “zachyotka”siga katta to'rt baho qo'yib beradi. Shu tariqa Shukur oladigan bahoni Baxtiyor ilib ketadi.
— Asqar, — dedi qizlardan biri, — sochingiz uzun bo'lardi… domlamiz sochingizga lenta taqishingiz kerak, deb kesatiq qilardi.
Qarang-a, kelbatli, qoramag'iz, linotiplar, kegllar, shriftlar, shponkalar, klishelar, ranglar, bir so'z bilan aytsam, bosmaxona jihozlari haqida dars berguvchi domlamiz… onda-sonda xayolga kelardi-yu, lekin soch masalasidagi kesatiqlari esimdan chiqqan ekan. Nima derdim, bu ayrim domlalarga tekkan kasallik: ularning dars o'tishga xushi kelmasa, yo auditoriyani ushlab turishni eplolmasa, bir para dars vaqtini o'tkazish uchun nimadir o'ylab topishadi. Eslang, darsga jinday kechiksak yo darsga kelmay qolsak, dars qolib, odob-axloqdan ma'ruza o'qir, qo'ng'iroq chalinishi bilan dars mavzuini yana bir bor eslatib, sumkasini qo'ltiqlab, auditoriyadan g'izillab chiqib ketardi.
Ayni chog'da bizni rosmana bilim olamiga chorlagan, qattiqqo'l va prinsipiallik ortida jonkuyarligini yashirgan ustozlarimiz Ochil Tog'ayev, Begali Qosimov, Boybo'ta Do'stqorayev, Omonulla Madayev, Najmiddin Komilov kabi hassos olimlarni mamnuniyat bilan bir-bir esladik. Duoi fotihalarimizda ularning muborak nomlarini yod etdik.
Kursdoshlar uchrashuvga kasb mahoratidan saboq bergan ustozlarni taklif etish eslariga kelmagani, shu bahona ularni ziyorat etishmagani, bu bir katta xatolig' ekanini o'kinch bilan tilga olishdi.
Qirq yil burun matbuot dunyosiga sho'ng'igan bitiruvchilar bugungacha o'z kasbiga sodiq qolganini, kasbiy tanlovidan mamnun ekanliklarini yashirishmaydi. Bu ob'yektivlik, oqilona qarorlar qabul qila olishi uchun jamiyatga haqqoniy va rost axborotlarni yetkazib berish, halolligimiz, ijtimoiy mas'ullik prinsiplariga sodiqligimiz e'tirofi, nazarimda.
O'rozali og'a Reyimov so'ylaydi: “Menga birinchi porani benzin quyuvchilar taklif etishgan. Ularning taklifini rad qilganimdan so'ng boshlig'i meni oldiga chaqirib, o'qishni qachon bitirib kelganim, qaerdan, kimlardan bo'lishimni surishtirib: “Manovini olib qo'y, bugun bo'lmasa, ertaga baribir olasan, o'rgan”, deb ishonch bilan gapirgandi”, deya eslaydi. “Tak chto, vijdonim toza”, deydi kaftini ko'ksiga urib.
Yonimda o'tirgan Gulsara o'g'lining suratini ko'rsatib: “Izimdan ergashdi, TVda prodyuserlik qiladi”, deydi.
— Do'stlarim, — dedi qashqadaryolik telejurnalist Gulbahor Musayeva dasturxon ustida, — hayotda nimagaki erishgan bo'lsam, jurnalist kasbim ortidan erishdim. Uch nafar farzandimni uyli-joyli qildim. Qarshida viloyat televideniesini tashkil etishda qatnashganimdan faxrlanaman. Xizmat ko'rsatgan jurnalist unvoniga sazovor bo'ldim. Har bayramda shogirdlarim meni yo'qlab xonadonimga kelsa, ko'nglim osmon bo'lib ketadi, umrim behuda o'tmaganini sezaman.
Uning ortidan adiba Salomat Vafo so'z olib, qaysi bir g'arb faylasufining yozuvchi bo'lib shakllanishida bolalik kuzatuvlari muhim o'rin tutishi haqidagi fikrini misol qilib: “Asarlarim yuzaga kelishiga, dunyoqarashim, kuzatishlarim kengayishiga, voqelikka turli rakurslardan yondashuvlarimda sizlar bilan o'tkazgan muloqotlarim samara berdi. Sizlarning fikrlaringiz, muomalalaringiz, voqelikka munosabatlaringiz, xatti-harakatlaringiz… asarlarim, men yaratgan obrazlarga ko'chib o'tgan”, deb minnatdorlik tuydi.
Shoir Hayitmuhammad Mo'min kursdosh qizlarga bag'ishlagan bir juft she'rini jo'shib o'qidi. Oq yaktak kiygan Abdurashid domla imom Rumiy to'rtliklaridan o'qib, hammamizga ushbu kitobdan xarid qilishni tavsiya etdi. Mahfuzaxon esa sumkasidan sarg'aygan yondaftarcha chiqarib: “Hurmatli kursdoshlarim, bu talabalik paytimda tutgan yondaftarcham, — dedi. — Bunda ajoyib do'stimiz Abdurahmon Akbarning o'z qo'li va imzosi bilan menga sovg'a qilgan “Soat” she'rini asrab kelaman”, deb barchaga o'qib eshittirdi.
Nazarimda, na o'ngga, na chapga bir qadam tashlaydigan Mavluda Ibrohimova (adiba Nigina Niyoz)dan taqimiga uradigan sochlarini nega kesib tashlaganini so'ramagan kursdosh qolmadi-yov. Mana, shu kuni u menga ikki jildlik “So'nggi kun” kitobiga dastxat yozib, sovg'a qildi.
O, Mavluda bu asarini qirq yil burun yozganida bormi, taqdiri ne kechishini bilmadim-u, beshak, u bugun adabiyotimizning yorqin yulduziga aylanardi. Nega deysizmi, kitob spiritizm — xos odamlar yordamida narigi dunyodan kelgan odamlar, marhumlarning ruhlari bilan muloqotlar haqida ekan. Talabalik davrimizda bu yo'nalishdagi kitoblar yakkam-dukkam bo'lib, ularni yo bukinistlardan, yo Chilonzordagi qora bozordan sotib olish mumkin edi. Bizdagi tasavvur Tolstoy, Dostoyevskiy, Edgar Po asarlari, Murod Xidir, Mahkam Mahmud, Hojiakbar Shayx, Tohir Malikning hikoyatlari doirasida qolib ketgandi.
Mavluda qizg'in fikr almashuv manbaiga aylanadigan ushbu asarini yozish o'ziga oson bo'lmaganini aytdi. Kitobdagi voqealarning aksariyati o'zi ko'rgan, guvohi bo'lgan voqealardir. Ularni izlash yoki to'qib yozishga hojat bo'lmabdi. Qabrda tirilgan bola, tirik ko'milgan deb faraz qilingan otin ayol, sufiylik tariqatida yuqori maqomatga erishgan qorining hayotda real yashab o'tgan kishilar ekanini aytdi.
Nega bu asar shov-shuv bo'lmadi. Bunga, birinchi navbatda, Mavludaning o'zi aybdor. Tabiatidagi kamsuqumligi bois kitobi taqdimotini o'tkazmagan, birovdan yordam so'rab bormagan, xos tadqiqotchilar qo'liga tutqazmagan. Muomalayu madora tijoratlashib ketgan zamonda kamsuqumlik xislat emas, aksincha, qusur sanalib qoldi.
O'zining burchini “asarni o'qib, voqealarni oxirat nuqtai nazaridan talqin etishni o'rgangan bo'lsangiz, shugina men uchun yetarlidir”, dedi u. Buyog'i endi o'ta kamtarlik.
O'zaro samimiy suhbat, muloqotlar davom etar ekan, kursdoshlarning yubiley uchrashuvlarini o'tkazish an'anasini davom ettirish, unga yangicha shakl berish borasidagi mulohazalari ham o'rtaga tashlandi.
— Kelinglar, endigi uchrashuvimizni Kitobda o'tkazsak, — dedi Farhod. — Dam oladigan joylar ko'p, ajoyib ziyoratgohlar bor. Qolaversa, yonimizda Shahrisabz.
Bu taklifni Gulbahor ham ma'qulladi.
Andijonning Xo'jaobodidan bo'lgan Mahfuzaxon esa “Bizni Anjanda ham yaxshi manzillar bor, — dedi. — Borsanglar, ko'rkam dam olish uylarimiz bor. Maza qilib hordiq olib qaytasizlar”. Samarqandlik Dilorom Ibrohimova ham tek turmadi: “Kattaqo'rg'on suv omboriga oboraman”.
Safar uchrashuvlari taklifi qizg'in muhokamaga aylandi. Har kim arqonni o'zi unib o'sgan tomon tortardi. Ma'lum bo'ldiki, jurnalist bo'lib, Buxoro-yu Samarqandga, ko'hna Xivaga bormaganlar talaygina ekan. Uchrashuv bahona ziyorat qilib kelish imkoni paydo bo'ladi.
Bu gap kaminaga ham xo'b ma'qul tushayotgandi. Axir o'n ming yillik tarixga ega Navoiydagi bahavo Sarmishsoy darasi qoyatoshlariga o'yilgan rasmlarga tegish, mushohada qilish necha yillik orzuim. Qoraqalpoq eliga uch bor borgan bo'lsam, har safar paysallayverib, hansirayotgan Orol bo'ylarida bo'lolmadim, tabiat bilan yakkama-yakka qolib, xayol surolmadim, eramizdan oldingi asrlarda yaratilgan qal'alar qo'yniga kirish hozircha armon bo'lib turibdi. Ko'ngil lolarang ufq qo'ynida yastanib yotgan dengizning so'lg'in nafasiga quloq tutmoq, ko'k-shafaq tusli mavjlarning qirg'oqqa ohista shalp-shulp urilishini ko'rmoq, qumloq sohil bo'ylab yalangoyoq suv kechib yurmoq istaydi.
Qaydam, bunday safarlar sobiq bitiruvchilarning do'stona aloqalarini yangilar, oilaviy bordi-keldilariga, bolalarini tanishtirishiga, ular o'rtasida samimiy munosabatlar o'rnatilishiga sababchi bo'lib qolar!
Muloqot davomida bunday dilxush damlarni tez-tez uyushtirishga undovlar, takliflar yangradi. Endigi uchrashuvlarni viloyatlarda o'tkazish, shu bahona yurt kezish, uning tarixi va buguni, urf-odatlari bilan tanishib, yangi kechinmalarga oshno bo'lish istagi bildirildi.
Do'stlar, mening sizlarga aytar tilagim shu: kelinglar, yoshlik zavqi bilan yashashda, porloq rejalar tuzishda davom etaylik, o'zimizga bo'lgan ishonchimiz sobit qolaversin!
Asqar ERNAZAR.
