Kitob – eng ulug' murabbiy

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir videoga ko'zim tushdi. Unda o'zini bloger deb atagan qiz kitob va mutolaa haqida so'rovnoma o'tkazdi va bir talaba yigitga savol berdi:

— Juda ko'p kitob o'qiganman, dedingiz, sizningcha, kitob insonni tarbiyalaydimi?

— To'g'risi, ko'pchilik shunday hisoblaydi, ammo men bu fikrga qo'shilmayman. Tarbiya kitobdan olinmaydi. Lekin kitob dunyoqarashni boyitadi, deb o'ylayman…

Bu javobdan ochig'i biroz xafa bo'ldim va bu “kreativ suhbat”ni oxirigacha tinglashga menda toqat qolmadi. Chunki, nazarimda, bu javob kitobga tuhmatdek, kitobga hurmatsizlikdek tuyuldi. Dunyoning “sakkizinchi mo''jiza”si, xazina deb tan olingan kitobga berilgan bu “baho” ba'zilarga bahslidek tuyulgan bo'lsa-da, mening nazarimda, noto'g'ri edi.

Chunki sarvari olam Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Allohdan ilk bor kelgan xabar — “Iqro” (“O'qi”) emasmidi? Butun musulmon olamini Allohning kalomi bo'lgan Qur'oni karim tarbiyalamadimi?

Qolaversa, nega odamzod hali qog'oz kashf etishga ulgurmasdanoq hayotdan olgan saboqlarini tosh-u terilarga yozib, avlodlariga bilganlarini o'rgatishga intilgan?

Agar kitoblar bo'lmaganida, insoniyat jaholat botqog'ida qolib ketgan, dunyo tamadduni yuz bermagan bo'lmasmidi!

Adabiyot — odobi kulliyot. Tarbiya odobdan boshlanmaydimi?..

Jadid bobolarimizning millatni tarbiyalashdagi asosiy quroli ham kitob emasmidi? Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari, ehtimol, shu bois hanuzgacha ham ardoqlidir. Abdulla Qodiriyni aynan u yozgan kitoblar uchun “millat tarbiyasini buzishda” ayblashmaganmidi?

Miyamda tegirmon toshidek aylanayotgan savollar gapni nimadan boshlashimga xalaqit berardi. Najot izlab, ishxonamdagi javonlardan menga mo'ltirab qarab turgan kitoblarga tikildim. Beixtiyor ulardan biriga qo'l uzatdim. Rus yozuvchisi Maksim Gorkiyning “Tanlangan asarlar”i ekan. Qadrdonim kitobning ilk varag'idayoq “O'zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman” degan ishtibohga ko'zim tushdi. Ichimdagi g'alayon biroz bosilgandek bo'ldi. “Rahmat senga, kitobjon”, deya kitobni bag'rimga bosdim…

Ijodkor kitob o'qib, hayot qozonida qaynab, tafakkuri kengaygach, o'zi ham qilgan xulosa-yu o'zlashtirgan tarbiyasi tufayli kitob yozgan, qahramonlar yaratgan. Odamzod hamisha ma'naviyatga muhtoj. Ma'naviyat esa, asosan, kitoblar, adabiyotdan boshlanadi. Ongning shakllanishiga, tafakkurning paydo bo'lishiga, ilm-fanning rivojiga hissa qo'shgan yuzlab allomalarning kinoyali nigohlari ko'z oldimda namoyon bo'ldi. Bu nigohlar, nazarimda, meni shoshqaloqlikda ayblayotganday edi.

Chindan ham ehtimol kitobxon talaba javobni boshqacharoq bergandir. Axir dunyoqarashni shakllantiradi, dedi-ku, demak, u o'zida dunyoqarashni o'stirishga ehtiyoj sezgani uchun ham ustoz sifatida kitobga murojaat qilgandir? Chunki dunyoqarashni shakllantirish degani qalbni tarbiyalaydi, ruhni oziqlantiradi, degani emasmi? Balki, talaba tarbiyani boshqacharoq tasavvur qilar. Ammo tarbiyaning asosi qalbdan boshlanmaydimi? Qalban tarbiya esa axloq-odob tarbiyasi-ku.

Kitobxon biror asarni o'qir ekan, o'zi istasa-istamasa, ijobiy qahramonni sevib qoladi, salbiy qahramondan nafratlanadi. Bir so'z bilan aytganda, donodan nima qilishni, nodondan nima qilmaslikni o'rganadi. Kitobning, badiiy asarning asosiy vazifasi shu-ku, aslida. Inson ma'naviyati bilan haqiqiy insonga aylanadi. Odamiylikni, ezgulikni, jasorat va matonatni ma'naviyat shakllantiradi. Kitob bilim olish, hayotni bilish, o'rganish uchun o'qiladi.

Andijonning Izboskan tumanida Ikkinchi jahon urushida ikki oyog'idan ajralib kelgan, keyinchalik kolxozda traktorchilik qilgan qahramon jangchi Isomiddin Arabov bilan suhbatlashganman. “Qaerdan buncha jasorat, irodani olgansiz? Axir ikki oyog'i bus-butun yigitlar ham traktor haydashga jur'at qilavermaydi-ku”, — deb so'raganman hayrat bilan.

U kishi biroz o'ylanib turgach: “Kitobdan olganman sabr va irodani. Gospitalda yotganimda, havo jangi paytida ikki oyog'idan ajralgan harbiy uchuvchi Aleksandr Maresyev jasorati haqida front gazetasida jangchi muxbir Boris Polevoyning asarini o'qigandim. Yozuvchi bu ocherki asosida keyinchalik “Chin inson haqida qissa” kitobini yozdi. Yozuvchi qahramoni familiyasini Maresyev emas, Meresyev deb o'zgartirgan, xolos. Aniq bilaman, oyoqqa turishimda, o'zimga ishonib harakat qilishimda, avvalo, qayta-qayta o'qiganim ushbu asar menga ibrat bo'lgan.

Nogiron bo'lib qishloqqa qaytdim. Qishloqda ahvol og'ir edi. Kolxozda ishchi kuchi yetishmasdi. Avji kuchga to'lgan yigitlarning aksariyati jangga ketgan. Keksa kishilar, xotin-qizlar traktor minishga jur'at qilishmasdi. Erkaklar esa kam. Shunda yana ko'z oldimda yasama oyoqlar bilan ham samolyot boshqarib, dushmanning dodini bergan uchuvchi Aleksandr Maresyev namoyon bo'ldi. Yuragim bir qalqib, qonim qizidi. “Mening undan qaerim kam? Hatto undan yosh bo'lsam! Men ham, albatta, traktor haydashni uddalayman”, degan qarorga keldim. Hech kimga aytmay, protez oyoqlarimda tekis yurishni mashq qildim. Olti oyda oyoqqa turdim. Dalaga ishga chiqdim. Brigadirga maqsadimni aytdim. Avvaliga ishonmadi. Lekin ishonishga majbur bo'ldimi, tavakkal qildimi, har qalay, rozi bo'ldi. Meni keksa traktorchi Madamin akaga shogirdlikka berdi. Men traktor ruliga o'tirdim. Shu o'tirganimcha naq yigirma ikki yil uni hech kimga bermadim.

Nafaqat qishloqda, balki butun respublikada ilg'or traktorchi bo'lib tanildim. Hukumatimiz “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirladi. Bugun faxriy pensionerman. Hozir ham kutubxonamda Boris Polevoyning rus va o'zbek tilidagi o'sha kitobi turibdi. Rus tilini urushda o'rganganman. Avval bolalarimga, endi esa nabiralarimga bu asarni ham takror-takror o'qib berar ekanman, ko'z oldimda o'sha suronli yillar gavdalanadi. Hayajonlanaman. Menga namuna bo'lgan uchuvchiga minnatdorlik bildiraman. Kitob tarbiyachigina emas, o'zingni anglashga o'rgatadigan tajriba maktabi ham. Shu bois bolalarim qalbida kitobga muhabbat uyg'otganman”, — dedi ko'zlari chaqnab.

Bilim va tajriba — tarbiyaning uzviy bir qismi. Shuning uchun ham odamlar kitobni nondek aziz bilishadi. Shuning uchun ham g'animlar bostirib kelganda kishilar, tarbiyali, bilimli kishilar jonlarini xatarga qo'yib bo'lsa-da, kitoblarni asraganlar. Qabristonlarga, devor tokchalari orasiga berkitib, suvab tashlaganlar.

Akademik Sabohat Karimova bilan bo'lgan suhbatimizda ko'zda yosh bilan shunday degandilar: “Poytaxt yaqinidagi qabristonlardan birida tarixiy, arab tilida bitilgan nodir kitoblar ko'milgan ekan. O'sha qabrni topdik. U yerda ulkan temir sandiq bor ekan. Temir sandiqni ochganimizda, maxsus shoyi matolarga avaylab o'ralgan ellikdan ortiq kitobga ko'zimiz tushdi. Shoyi ancha eskirgan ekan. Bir necha daqiqa ularga tikilib, g'aflatda qoldik. To'satdan esgan shamoldan cho'chib, o'zimni sandiq ustiga tashladim. Ammo kechikkan edim, shamol va ochiq havo ta'siridami, kitoblar ko'z ochib yumgunimizcha tuproqqa aylandi. O'sha voqea uchun hanuzgacha o'zimni kechirolmayman. Chunki biz ilm-fanimiz, adabiyotimiz, ma'naviyatimizni boyitishga xizmat qiladigan bebaho xazinani qo'ldan boy bergandik. Zero, yaxshi kitob qachon yaratilganidan qat'i nazar, aslo ahamiyatini yo'qotmaydi”.

Yaqinda Buxoro amiri Abulg'ozi Bahodirxonning Buxoro tarixiga oid kitobini o'qigach, kitobning inson tarbiyasi, uning jamiyatda munosib o'rin egallashidagi qudratiga yana bir karra iqror bo'ldim. O'n to'qqizinchi asrda qonxo'rligi bilan nom qozongan, Qo'qon malikasi — shoirai davron Nodirabegimning qotili sifatida tarixda qolgan amir Nasrulloxon amirlikda fuqarolar faqat uni qadrlashini, unga tobe bo'lishini istar ekan. Ammo keyingi paytlarda tez-tez mudarris Ahmad hoji degan kishi haqidagi e'tiroflar qulog'iga chalina boshlabdi. U bundan rosmana g'azablanibdi. Oddiy mudarrisning bu obro', bu martabaga ega bo'lish sababini bilmoqchi bo'libdi. Va xos kishilariga o'sha hojinikiga mehmonga bormoqchiligini aytibdi.

Podshoh — amri vojib. Hoji amirni izzat-ikrom bilan kutib olib, mehmon qilibdi, sovg'a-salom bilan siylabdi. Biroq amir saroyga qaytayotganda navkarlariga hojining uyini yoqishni, o'zini mudarrislikdan quvib chiqarishni amr qilibdi. Mulozimlar hayron bo'lib, sababini so'rashganida: “Hojining uyida kattakon kutubxonasi bor ekan. Uning bilim va tafakkurini boyitgan, xalq orasida obro'sini oshirgan o'sha kitoblardir”, degan ekan g'azab bilan. O'sha ziyofatdan so'ng Nasrulloxon amirlikdagi kutubxonalardan ham barcha nodir kitoblarni oldirib, yoqtirib yuborgan ekan.

Demakki, amirlik inqirozida ana shu johil Nasrulloning hissasi katta bo'lgan.

Xalqimizning kitobga bo'lgan hurmati, e'tiqodi va bilimga, o'rganishga tashnaligi bizga bobomeros. Kitob o'qigan, kitob yaratgan yuzlab alloma bobolarimizni, oradan ming yillab vaqt o'tgan bo'lsa-da, dunyo unutgani yo'q. Ular yaratgan nodir asarlar, ulkan kashfiyotlar hali ham qadrlanmoqda. Dunyo tamadduniga ulkan hissa qo'shgan xalq sifatida millatimiz e'zozda.

To'g'ri, ma'lum muddat xalqimiz kitobdan uzoqlashib qoldi. Bunga butun dunyoda kechgan iqtisodiy taqchillik ham, texnikaning rivojlangani ham sabab bo'ldi. Yoshlarimiz kitob o'qib, vaqt yo'qotishdan ko'ra oson va qulay bo'lgan, tafakkurini va bilimini qisqa fursatda keragicha oshira oladigan internet ma'lumotlariga ruju qo'ydi. Biroq ular bir narsani — bu “dastyorlar” qalbda hissiyot va tuyg'ularga zarurat va o'rin qoldirmayotganini sezishmaydi. Tuyg'ularsiz odamni esa insoniylik ham tark etadi.

Ming shukr, bugun yana kitobga qaytdik. Yosh avlodni axborot xurujlaridan, turli yot mafkuralardan asrash, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.

Prezidentimizning tashabbusi bilan bu borada Farmon, qaror va milliy dasturlar qabul qilinmoqda. “Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo'yicha 5 muhim tashabbus”ning to'rtinchisi aynan kitob va kitobxonlikka bag'ishlanadi. Kutubxonalarga katta e'tibor qaratilmoqda.

Ushbu e'tibor samarasida yiliga 20 mingdan ziyod nomdagi yangi adabiyotlar chop etilmoqda. Nashriyotlar soni 3,5 barobarga oshdi, 5 milliondan ortiq faol kitobxon paydo bo'ldi.

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan 700 ga yaqin nashriyot kitobxonga ma'qul bo'ladigan mavzulardagi kitoblarni nashr etmoqda, o'quvchining vaqtini tejash maqsadida ularning elektron variantlari yaratilmoqda.

— Bugun bitta kitob o'qigan bola ertaga o'nta kompyuter qarshisida o'tirgan bolani o'ziga ergashtiradi, — dedi Prezidentimiz. Ha, kitob tafakkur qanoti, u o'quvchini ham tarbiyalaydi, ham do'stona maslahat beradi, ham kelajagi yorqin bo'lishiga pishiq poydevor yaratadi.

Kecha kitobxonlikda o'zini ko'rsatgan yoshlarga avtomobil sovg'a qilinayotgan edi. Bugun Yurtboshimiz eng zo'r kitobxonga beshta avtomobilning pulini hadya qilishni o'ylayapti. Endi ayting, bu e'tibor nima uchun, kim uchun?

Kitob — najotga, yuksaklik sari oydin yo'lga  aylanmoqda!

Ayting, qaysi yurtda, qaysi yurt Rahbari tomonidan kitobxonlikka bu qadar jonkuyarlik qilinmoqda?

O'ylab ko'ring.

Balki, yuqorida bloger qizning savoliga javob bergan talaba yigit ataylab shunday degandir yoki bor tushunchasi hozircha shudir. Yoki bu bilan tengdoshlarining kitobga munosabatini bilmoqchi, qalblarida kitobga qiziqish uyg'otmoqchi bo'lgandir? Chunki men alloma bobolar nigohida kengroq ma'noni uqiyman. Kitob — eng sodiq do'st, eng ulug' murabbiy. U murabbiy ekan, demak, tarbiyachi hamdir. Tarbiyachi ekan, albatta, tarbiyalaydi ham.  Siz-chi, aziz o'quvchi, bu fikrimga qo'shilasizmi?

Muhabbat HAMIDOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + four =