Gulmira, sizga aytsam…

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Gulmira MUSAJONOVAga

Gulmira haqida o'ylasam, ko'nglim yorishib ketadi. U haqda ko'p marotaba yozmoqchi bo'lganman. Lekin yozganlarimning birontasi ham oxiriga yetgan emas. Ammo bu gal menimcha bunaqa bo'lmadi…

Ilk uchrashuv

Bir ming to'qqiz yuz to'qsoninchi yil birinchi marotaba o'tkazilgan “Yoshlar” telemarafonida sizning dastlabki ko'rsatuvingizni ko'rganman. Televidenie rahbarlaridan biri o'shanda aytdiki: “Bu qizning kelajagi yorug'”.

Biz yosh edik, orzularimiz ko'p va kelajakka katta umidlar bilan qarardik. Va bunga harakat qilardik. Oldinda sirli, ulkan hayot o'z eshiklarini ochib turardi. Va biz qadamma-qadam shu sirli olamga kira boshladik.

Aslida, mening talaba bo'lishim juda ham tilsimli voqea. Lekin bu gal buni yozmoqchimasman.

O'sha yili sentyabr kunlarining birida navbatdagi “Yoshlar” telemarafonida Gulmira birinchi marta paydo bo'ldi. U ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti uchinchi kursida o'qir ekan. To'g'risi, ko'zgu oldidan o'tib ketayotgandim, keyin birdan yana o'zimni ko'ra boshlaganday bo'ldim. Gulmira menga qarab turgan ekan. Bu haqda keyinroq. Bu — genetika.

Kecha ishim ko'p bo'lib, ajoyib bir sanani unutib yuboribman. 2007 yil 16 mart. Shu kuni nomzodlik dissertatsiyamni himoya qilgandim. O'n besh yil bo'libdi… Bu ko'pmi, kammi, bilmayman, menga hozir juda uzoq o'tmishga o'xshayapti, boshqa odam edim tamomila!

Onam boshidan oxirigacha yig'laganlari esimga tushyapti. Keyin aytishlaricha, tarjimai holimni o'qiganlarida, “…faqat bir ish joyi qayd etilgan. O'zbekiston televideniesi” degan yozuv juda qattiq ta'sir qilgan ekan ularga. Aziz Qayumov, Shuhrat Abbosovdek mashhurlar, Edvard Rtveladze, Rafael Toqtosh, Nigora Ahmedova singari aksariyati Moskva va Leningrad maktablarida shakllangan buyuk olimlardan tashkil topgan ilmiy kengashda himoya qilganman. Bundan faxrlanaman. Akademik Naim Karimov va kinoshunos Saodat Xo'jayevalar opponentlarim bo'lishgandi.

Bugun bu insonlarning ko'plari olamdan o'tib ketishdi. Demak, haqiqatan ham juda katta vaqt o'tibdi-da. Dilfuza opam 11 yil o'tgach, doktorlikni himoya qilganlar. O'zimda o'sha paytda shunday orzu, havas bor edi… Ustozlarimda ham… shularga yaqin qandaydir bashoratlar bor edi, har holda. Lekin men keyingi bosqichga o'tolmadim. Hayotimni telba-teskari qilib yuborgan voqeadan so'ng yana qayta dunyoga yangi qadam tashlashim, uni idrok etishim qanchalik qiyin bo'lgan bo'lsa, kutilmaganda yangi bir to'siq — Ajdarho komiga yuzma-yuz keldim.

Zamondoshimiz To'lqin Eshbek “Facebook”da yozibdilar: “O'shanda Sizga judayam nohaqlik qilingani yodimda. Doktoranturada bitta joy kuyib ketsa ketdiki, o'sha joyning Sizga berilishiga yo'l qo'yishmadi. Kimlargadir bir teran fikrli olima chiqqanidan ko'ra chiqmagani, undan ko'ra o'sha joy kuyib ketgani ma'qulroq edi, shekilli… Ming afsuski, u paytlari Sizga yordam qo'limni cho'zishga naqadar ojiz edim…”. To'lqin aka, ushbularni yozishimga shu so'zlaringiz ham ta'sir qilgandir. O'shanda nainki siz, hamma ojiz edi, qishning sovuq kunlarida goh Milliy universitet, goh jahon tillari universitetlari rektoratlarida qolib ketarkan, kun bo'yi suv totmayman, bir iliq mujda eshitmoq uchun jonimni hovuchlayman. Hamma mening ahvolimni ko'rib turibdi, yordam bergisi bor, lekin sas chiqarolmaydi.

Oradan ko'p vaqt o'tmay, menga aytadilarki: “Bu siyosiy masaladir. Eringiz tufayli siz fan doktori bo'lishingiz mumkin emas…”

O'zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron aytdilar o'shanda: “Ilmira, nima bo'lsa ham yozing”. Teleradiokompaniyamizning raisiga  xat yozdim: arxivdan foydalanishga ruxsat so'radim. Hech kimga berilmagan ruxsatni berdilar. Televidenie ko'rikxonalari yopilgungacha ko'rsatuv ko'rib o'tirardim.

Menimcha, u vaqtlar hozirgiday kuchli bo'lmagan bo'lsam kerak. Lekin ichimda qandaydir bir tuyg'u bor edi ya'ni meni harakatga keltiradigan nimadir. Keyin… o'zim izlagan haqiqatlarim dunyoni foniy tushunishim ortidami, bilmayman, qaylargadir sarson bo'lib ketdi. Keyin hayot haqiqatlarini ko'rsatuvlarim dunyosidan, qahramonlarimdan axtara boshladim. Dunyoning foniyligini, odamzod umri qisqaligini anglay boshladim, odam nimaga bu dunyoda yashashini tobora tushunmay boraverdim. Men bugun bunday bo'lmaganini, bu shunchaki sun'iy to'qib chiqarilgan gap ekanligini tushunaman. To'g'risi, ko'p yillar menga buning izi qorong'i bo'lgan… Lekin hayot juda g'alati narsa ekan — o'sha zotlardan biri kelib bor iqrorlarini aytmagunlariga qadar… nimalarni o'ylaganim o'zimgagina ayon.

Yaqinda bizning Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri bilan “Zoom”da bo'lgan uchrashuvimizda davlatimizning ilm-fanga qilayotgan g'amxo'rligini ko'rib, to'lqinlanib ketdim. Hayotimni o'zgartirib yuborgan yangi davrdan minnatdorchiligim bor, albatta.

Mensiz ham dunyoda doktor ko'p, agar himoya qilmasam ham, bu hayotimdagi muhim voqea emasligini, dunyoda boqiy mujdalar borligini, o'shalarga umrimni bag'ishlayotganim afzalligini ham tushunaman. Balki, bo'larman ham, bilmadim…

…Televidenie kamerasi misoli rentgen: bu yerda samimiy bo'lishga majbur inson. Keyin hayotda ham. Juda ko'p samimiy va yaxshi insonlar bilan ishlashga to'g'ri kelgan bu maskanda. Lekin men uchun yana bir samimiy inson borki, u bilan soatlab gaplashish, jimgina bahslashish, yuragingni ochish, uning nihoyatda baland mezonlarda qad rostlagan hayoti yo'llarida yonida birga turib Haqiqat uchun, Adolat uchun, bu yorug' olamda Inson bolasi bo'lib, Munosib hayot kechirish uchun fikrlar dunyosiga g'arq bo'lging keladi.

Juda ko'plar bizni qiyofamizdanmi, nimagadir o'xshatishadi. Shu qadar xursand qiladi meni bu so'zlar va, nazarimda, bizning o'xshashligimiz (rostdan ham o'xshasak agar) ota-onalarimizning qiyofalari, siyratu suratlari bilan bog'liqdir, deb o'ylayman. Gulmira oddiy, kamtarona yashashga odatlangan, shu bilan halollik butun vujudlariga singib ketgan o'zbek ziyoli xonadonida tarbiya topgan.

Hayotda har xil voqealar bo'lib turadi — hayot-da bu: shodliklar, tushunmovchiliklar. Birinchi bo'lib Gulmiraga telefon qilaman. Gulmira meni shu qadar yaxshi biladi va tushunadiki, mening og'riqlarimni shu qadar o'ziga yaqin oladiki, gohida yig'lab yuborishga ham tayyor turadi. Mening oilam, undagi g'alabalarimiz shu qadar xursand qiladiki uni, quvonchi, shodligini sayyoralar ham, yulduzlar ham eshitishadi.

Bu o'tkinchi dunyoda yaxshi bo'lishdan ortiq baxt yo'q, aslida. Ijodkor uchun, ayniqsa… Imon va E'tiqod butunligi… juda muhim kasbimizda. Bu so'zlarni bayramimiz bahonasida ham yozyapman, chunki Gulmiraning ayni shu sifatlaridan yoshlarimiz ibrat olishlarini juda-juda istayman. O'xshasa, Gulmiraga o'xshasin har bir ijodkor.

Yomg'irlarda qoldi hislarim…

Ishchilar shaharchasi eng ko'p ko'rsatuvlarim yozilgan makon bo'lgani uchundir, ehtimol yoki bolaligimning shirin xotiralarini yana eslagim keldimi, kechagi 96-maktabdagi tadbirdan yarim soat avval borib, may yomg'iri dilbar va sokin qo'shiqlarini aytib turgan lahzalarda ko'chalarni aylandim.

To'rt yoshimda xolamning to'ng'ich farzandlari tug'ilganida, beshik to'yi munosabati bilan borganimiz, tog'amning qizlari bilan ko'chani aylanib, mahallani o'rganishga kirishganimizni yodlash uchun bordim, aslida. Bolalikning dunyosi g'alati: o'ng tomondagimas, chap tomonda yashaydigan qo'shni xonadon qiziqtirar biz ikkita jamalaksoch qizni… bir-birimizga pichirlab: “Derazalarga parda tutishmas ekan”, “Birov rasm chizib o'tiribdi”, “Tavba, gilam ham solishmas ekan”, “Nega bular tuflida yurishadi?” deb aytganimiz ham xuddi kechagidek yodimda. Inson xotirasi g'alati narsa. Bizning Eski shahardagi hayotimizdan tubdan farq qiladigan bu nihoyatda zamonaviy turmush tarzini qabul qilmaganimizdandir, derazani taqillatib qochardik… Qachon borsak, shu ishni doimiy qilganmiz ham… Derazalarga parda tutilmaydigan, gilam solinmaydigan uyda birov rasm chizib o'tirishi, tag'in yarqillagan tuflida yurishini, tabiiyki, bizning bolalik tasavvurimiz qabul qilolmagan. Keyin ko'p vaqt o'tmay, bir yoshgina go'zal qiz chiqib: “Karimochka, tvoi rodstvenniki ne dayut pape rabotat” mazmunida bizni tartibga solish uchun shikoyat qilardi. Go'zal edi o'sha qiz… Sportchi edi… Nazokat bilan yurib kelishlari, qulog'i oldidagi jingalak gajaklari bizni o'ziga rom etardi… va o'sha tartibga chaqirishlari ham tabiiy, bir mehr bor edi… Bilmayman, menga shunday tuyulardi. Chunki keyingi gal borganimizda yana uning chiqishini istardik ko'ngildan… O'zbekiston xalq rassomi Aleksandr Vinerga (keyin bilganman ism-shariflarini), ijod qilayotgan ijodkorga xalaqit berganimizni oqlamoqchimasman. Keyinchalik Irina Viner — ayni o'sha bizning ortimizdan chiqadigan go'zal qiz ekanini bilishim uchun juda ko'p vaqt o'tdi. Biz bu xonadondan juda uzilib ketgandik… Qolaversa, turmushga chiqqach, to'rt farzandim… o'zim bilan o'zim ovora bo'lib ketganman.

Bolaligimning shirin xotiralariga ergashib bordim bu ko'chaga. Bog'iravon 2-tor ko'chasi bo'libdi. Buvim, xolalarim, ularning qizlari, katta tog'alarimning rafiqalari, uzoq-yaqin qarindoshlar bilan kelib-ketib yurgan kunlarimiz, kelinoyilarim, hammalarini eslab, biroz yig'lab ham oldim… Yomg'irlar yuvdi ko'z yoshlarimni. Xolamning qaynonalari Oftob opani esladim. Uzun ayvonda o'tirib, baland-baland ovozda rus tilida so'zlardilar, qo'llarida hamisha sigareta bilan o'tirardilar… Goh u farzandini kutib olar, goh bu farzandini (keyinchalik ishim sabab ular bilan ko'p uchrashdim. Hammalari katta-katta lavozimlarda ishlashar, nihoyatda mag'rur, aqlli kishilar bo'lishgan) kutib olar, so'zlashardi ular bilan, qattiqqo'lligi sezilib turar, nazarimda, turmush o'rtoqlariga ham qattiqqo'l edilar… Xonadon sohibi, sochlari oppoq, nihoyatda savlatli inson, general-mayor… O'zbekiston Ichki ishlar vazirining birinchi o'rinbosari lavozimida ishlaganiga qaramay, xotinini tinglar, uni tinglardi… Ubaydulla Saidov, sizning ham joylaringiz jannatda bo'lsin!

Bordim… bolaligimni eslash uchun, o, qancha yayov yurganimni bilsangiz edi! 33-uy eshigini taqillatdim. Qudrat aka koviddan vafot etganlari, hozir hech kim yo'qligini, qizlari kelib-ketib turishganini aytishdi…

Uzoq turdim. G'ala-g'ovurli, serfarzand xonadon, uning yorug' va ko'rkam kishilari… Hozir esa hech kim yo'q… Hayot g'alati narsa-da, o'tib ketaverarkan. Yonidagi uy ikki qavatli qilib qurilibdi, baland archalar derazalarini berkitib turibdi. Yana bo'lsa, derazasini taqillatib qochardim. Lekin bunday qilib bo'lmaydi… Qo'riqchilari ham insoniy bolalar ekan, hikoyalarimni tinglab, menga xayrixoh bo'lishdi.

Yomg'irlarda qoldi mening hislarim…

 

* * *

Menga boshqa hech narsa kerakmas.

Qadrdon hovlimizdan Navro'z bahona bir dasta binafsha terib keldim. Sal kechroq… Shunga qaramay, guldasta qilishdan o'zimni chetga tortolmadim… baribir shirin tuyg'ular beradi menga. Binafshaning isi 8 mart arafasida juda nafis bo'ladi, yonidan o'tib ketolmaysiz… Juda ham beozor gul, chamandek ochilib yotaveradi.

…2-sinfdaman, shanba kuni darsdan keyin buvimnikiga boradigan bo'ldim. Maktabimizning orqa eshigidan chiqib, Xo'jalik degan ko'cha yoqalab, Kommunistlar qabristonining yonidan o'tib, Chig'atoydagi bozorchadan non sotib olib, buvimnikiga ketyapman… Shoshib-chopib, chopib-shoshib…

Buvimni eslashga harakat qilyapman hozir: meni kutib olsalar ham, kuzatsalar ham, yig'lardilar. O'shanda tushunmasdim “nega yig'layveradilar?” deb. Mayin qo'llari bilan sochlarimdan silardilar, qo'llarimdan silardilar. Menimcha, nazarlarida bizdek nabiralaridan chiroyliroq qizlar o'zi dunyoda yo'q edi. Har bir xatti-harakatimga qarab turardilar, dasturxon atrofidamanmi… ko'proq yeyishim kerak edi. Lekin choyni ham tezroq ichishim kerakligini aytib turardilar. Kelinoyilarim-chi… Voybo', bu iltifotni ko'rmabsiz… Kelib-ketguningizgacha ming marta aylanib o'rgilishardi, uylaridagi eng chiroyli narsa sizniki bo'lardi. Choyni dam-badam piyolaning tagida uzatib, kuzatib o'tirishar, birlari “Nastinka” deb erkalashar, ikkinchilari o'tirgan ko'rpachamni, yostig'imni tekislashar, nima qilishsa-yu meni xursand qilishsa…. Men-chi, men nima bilan qaytardim shu odamlarning mehr, muhabbatlarini… Arziydigan biror ish qilolganim yo'q, aslida. Azob beradi shu narsalar…

Ertasi kuni yakshanba tushlikdan keyin meni kuzatish marosimi bo'lib, unga hamma chiqib, meni kuzata boshlashdi… Endigina ko'chaga ketayotganimizda, buvim voyvoylab qoldilar: “…Abdulla, sen yugur, lopatkani olib kel, binafshadan olib ber… Habibulla, sen yalpiz ko'chatidan olib ber…” Keyin Abdulla amakimning mototsikllariga o'tqizishgan, kelganman, qo'limda buvim menga ilingan selofanga o'ralgan ko'chatlar. Shunday xursand bo'lib kelyapman… Chunki bir umr havasim kelardi hovlisida binafsha o'sadigan sinfdoshlarimga. Endi menam olib boradigan bo'ldim-da ularga.

Shu-shu hovlimizda binafsha o'sadigan bo'ldi. Maktabda o'qib yurganimda “Binafsha” degan she'r yozganman va u “Lenin uchquni” gazetasida chiqqan. Hamza Imonberdiyev (Oxiratlari obod bo'lsin) juda hayratga tushib o'qib berganlar, Abdusaid aka Ko'chimovga ham juda yoqqan ekan, ushbu gazetada mas'ul kotib ekanlar o'shanda, aytdilar-da borganimda: “Yaxshi she'r bo'lgani uchun ikkita katta shoirning she'rlari o'rtasiga qo'yib chiqardik…”

O'sha binafshalar, yalpizdan bugun bizning Ko'kchadagi hovlimizga ham kelgan. Halima opaning bir lutflari bo'lar edi: “Har bir maysaga “Salom” degim keladi” degan.

“Salom, binafshalar!”, “Salom, yalpizim!” deyman ularga qarab…

Buvimning joylari jannatdan bo'lsin! Omin!

 

* * *

Bu qanday qaro kun bo'ldi? Ibrohim Haqqul bizni tashlab ketibdilar. Tongim boshlanuvdi bir ajoyib… So'zlarimni aytmoqchiydim… bir orzularimni! Xursand bo'ladilar, deb o'ylabman…

Navoiy ideallarini dajjollik oddiy a'molga aylanib qolgan, shafqatsiz, adolatsiz zamondan izlagan ustozimiz, nahotki bizni tashlab ketdingiz?!.. Endi kimga aytamiz dardimizni, yuragimizni?

Bu avlodni “yomon sovetlar” tarbiya qilgandi, “mustaqillik” uchun kurashganlar shular edi, jonini berganlar shular edi. Mustaqillik esa ularning boshlarini kundaga olib tiradi, kunduzlarini tunga aylantirdi, hayotlari har kuni qil ustida turardi, so'zni ham o'ylab gapirishardi, farzandlari boshini ko'tarolmay yashadilar, eng sevimli farzandlari esa…

Ey, siz, boshlarini yerga urib dodlagan ayollar, bugun tutinglar azani!

Avlodlar, ko'zlaringni ochinglar! Yig'laganda shular uchun yig'langlar, bizni o'zining nafsi yo'lida sotgan, salomingga ham alik olmaydigan, “g'oyaviy dushman” deb bilgan…larga ham yig'lab-siqtab yozib o'tirasizlar ba'zan. Bunaqa yaxshi bo'lmanglar. Bir ajoyib avlod birin-ketin ketyapti.

Ulug' inson ketyaptilar bizni tashlab.

Adam hayot bo'lganlarida…

Kecha kun bo'yi ko'nglimga qil ham sig'madi. Uyga kirdim, hovliga chiqdim, rayhonlarim qarshisiga cho'kdim… “Adam tirik bo'lganlarida, kechagi kunni ko'rganlarida” deb…

Ikki kun avval Dilfuza opamlarning tavallud kunlarini nishonladik. Bu qutlug' sanaga Dilfuza opa imonli, e'tiqodli turmush o'rtog'i, mehribon, butun qalbi bilan sizga joni achiydigan tavozeli qudalar, aqlli, mehnatkash kuyov, shodligi ham, quvonchi ham sizniki, kuysangiz sochidan boshlab to yerga tekkuncha kuyadigan mehribon kelin, bir-biridan asal nabiralar, minglab shogirdlar, “fan doktori, professor” unvoni bilan yetib keldilar.

Kecha esladik yana… birinchi sinfda o'qituvchimiz Sofiya opa Dilfuza opamga qirq nafar o'quvchining siyohdonini ishonganini, kechga yaqin ularni stolga tizib, hammamiz siyoh quyib chiqishimiz, keyin ertalab ularni bir sumka qilib olib ketishlarini… Esladik, maktabimiz direktori, urush qatnashchisi Hamidulla akaning oltin medal topshirish marosimidagi so'zlarini: “Hayotimda birinchi bor shunday voqeaga duch kelishim, jurnallarni qarab chiqdik. Dilfuza biron kun ham dars qoldirmagan, biron marta ham “4” baho olmagan ekan”, degan so'zlarini.

Nimasini aytasiz, bizning jamiyatimizda fan doktori, professor bo'lish… juda qiyin, juda ham qiyin… Qirq yoshdan o'tar-o'tmay fan doktori bo'ldilar opam. Sharof Rashidov “o'ttiziga bormay professor bo'ladigan qiz ekan” degan ekanlar dastavval ko'rganlarida va topshiriq berganlar Oqilxon Salimovga: “Shu qizga qaranglar”, deb… Shunga ham qirq yil bo'ldi…

Dilfuza opam Surxondaryoning Denov tumanidagi Hazarbog' sovxozida tug'ilganlar. Bir kun ilgari buvim boribdilar Toshkentdan, yakshanba kuni bo'lgan — adamlar Termizga borib kelganlar va erta tongda bomdod namozi o'qilayotganda dard boshlangan va ikkalalari sekin yo'lga tushishgan. To'rttagina xonasi bor doyalik punktida. Shu qadar issiq bir kunda. Tepalikda ekan bu doyaxona, Amudaryo ko'rinib turarkan, u yog'i Afg'oniston… Menga bir umr shu voqea qiziq bo'lib ko'rinardi. Adamlardan so'rardim: “Ada, u yog'i Afg'onistonda, siz dushmanlardan qo'rqmadingizmi, nega tepalikka chiqardingiz, nega daryoning oldiga bordingiz, sizni otib tashlashsa nima qilardim?” deb kuyinib o'tirardim.

Hozir o'ylayman musofirchilikda ota-onamga naqadar qiyin bo'lganini. ToshMI diplomini olib, adam Surxondaryoga ketganlar, keyin uylanib, opamlarni ham olib ketganlar. Tasavvur qilolmayman hozir bu holatni, yuz nafar qarindosh-urug'larimiz kuzatgani chiqishgan ekan vokzalga. Ular ikki yosh qirq kunlik chaqaloqni olib, poezdga o'tirishgan, tunda yetib borgan poezd Denovga, stansiyada tunab qolishgan, notanish odamlar uylariga olib kirib ketishgan, notanish odamlar o'zlariga va chaqaloqqa qarashgan. Ketar chog'larida bir sumka sovg'a-salom bilan kuzatishgan o'sha notanish odamlar. Keyin hech qachon ko'rishmagan bir-birlarini. Opam dasturxonni har gal mehmonlarga solganlarida, shuni eslar: “Buni menga Denovdagi stansiya yaqinida turadigan ayol sovg'a qilgan”, derdilar… Menimcha, hali ham bor shu dasturxon… zig'ir tolasidan tayyorlangan hashamdor dasturxon… Oppoq dasturxon…

Ming bir qiyinchiliklar bo'lgan musofirchilikda, shu qiyinchiliklarni ko'rib ulg'ayishgan opalarim… Juda ko'p qiyinchiliklar… Shuning uchun ular irodaliroq, sobitroq, jasoratliroq mendan ko'ra.

Adam hayot bo'lganlarida… Ehhe, qancha quvonardilar, dedim, Dilfuza opamni ko'rib.

Joylari jannatdan bo'lsin!

Dilfuza opamga uzoq umr, yangi zafarlar, “akademik”lik matlabini ham tilab qolaman.

 

* * *

“Men kimman?” deb o'ylayman doim.

Odamlar meni judayam kuchli ayol deb bilishadi: kuchliligim ko'pincha qo'rqitadi, hayiqtiradi, holbuki, men bunday ko'rinishni sira istamagandim. Nozikligimni tushunishlarini istab yashayman. Chunki juda ham inja, judayam nozik ko'ngilli odamman.

Aslida, butun hayotim uy yumushlarini a'lo darajada bajarish, jiyanlarimni katta qilishda opalarimga ko'maklashish, yaqinlarimga qo'limdan kelgancha yordam berishga intilish bilan o'tdi. Bular mening fe'limga ham singib ketgan. Agar ko'chada ikki-uch soatdan ko'proq qolib ketsam, farzandlarim oldida ham, uyim, oilam oldida ham gunohkordek sezaman o'zimni. Yig'lab yuborishim ham mumkin.

Hayotim xavfsizligi muhtaram shaxslar, buyuk insonlarni o'zimdan ham ko'ra ko'proq o'ylantirgan. Bugungi kungacha siyosatning “katta o'yinlari”ni hamon tushunmayman. Tushunishni istamayman ham. Hayot meni ko'proq yig'latdimi, quvontirdimi, bilmayman buni ham. Shuni bilamanki, baxtli odam ekanman! Qadrlaydigan, sevadigan, meni hech qachon sinishimga yo'l qo'ymaydigan qadrdonlarim bor! Insonlarni tushunishni, go'zallikni idrok etishni, baxtga faqat va faqat to'g'ri yo'ldan borishni xohlayman — shu!

Oshxona va kutubxona orasida umrguzaronligim… Boshqa narsalarni orzu qilmayman.

Sayohat qilishni va Kuzni sevaman.

Va Toshkentni…

 

* * *

Yuqorida Gulmira Musajonova — dardimni to'kib solishim, uzoq suhbatlar qurishim mumkin bo'lgan aziz hamkasbimga aytmoqchi bo'lgan dil izhorlarim bahonasida beixtiyor o'z ko'ngil kechinmalarim-da qog'ozga tushdi…

Ilmira Rahmatullayeva.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + six =