Ma'naviy yuksaklikka chorlov

Bolaligidan gazeta-jurnal, kitob o'qib ulg'aygan avlod hayotda munosib o'rnini topgan. Ular tanlagan sohalari bo'yicha kasb-korli bo'lish bilan bir qatorda baxtli oilalar sohibi va sohibalariga aylangan. Balki shu boisdan ham hozir 50-60 yoshdan oshgan zamondoshlarimiz orasida oilaviy nizolar girdobida qolgan, qo'ydi-chiqdi ortidan baxtsiz bo'lib qolganlar yo'q hisobi… Ular hoyu havaslar girdobida ham qolmaydi, qandaydir oqimlar, buzg'unchi g'oyalar va boshqa xatarli yo'llardan ham yiroq yurishadi. Bunday insonlar erishgan baxtiga havas qilsa arziydi! Demak, oila tarbiyasi, maktab ta'limi bilan bir qatorda gazeta-jurnal, kitob mutolaasini kanda qilmaganlar ana shunday baxtga erishganlar!
Butun aholimiz yoppasiga gazeta-jurnal, kitob mutolaa qilgan paytlarda yozuvchi-shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar samarasi ham shunga yarasha bo'lardi. Avvalo, tadbir o'tkazilishi haqida e'lon berilgach, aytilgan vaqtdan ilgariroq katta-yu kichik o'zlari ishtiyoq bilan kelishardi. Hech kim birovni majburlamasdi, biror kimsa istar-istamas kelmasdi. Odamlar ishtiyoq bilan to'plangan davralarda she'rxonliklar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar shunga yarasha yuksak saviyada o'tkazilardi!
Afsuski, bugun internet, mobil telefonlar o'ta ommalashib ketayotgan zamonamizda gazeta-jurnal, kitob mutolaasi anchayin sustlashib qolgani sir emas. Xo'sh, bugun har 100 ta xonadondan nechtasiga kunda-kunora gazeta-jurnal kirib boryapti? 100 ta xonadonni qo'ying, har mingta xonadonda-chi, nechtasida oilaviy kutubxona bor? Qaysi ota-ona o'g'il-qizlari oldida gazeta-jurnal, kitob o'qib namuna ko'rsatyapti? Ming afsuski, bu “og'riqli” savollarga jo'yali javob aytish amrimahol. Biroq, hayot-mamotimizga aylangan bu savollarni har bir oila boshlig'i o'ziga o'zi berib turmog'i zarur. Ana shunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyat” degan purma'no so'zlari mohiyatini teranroq anglash mumkin. Bu ezgu maqsadlarga erishish yo'lida bugun Olmazor tumanidagi 5 ta oliy ta'lim muassasasi, 35 ta umumta'lim maktabi, 64 ta mahalla, 53 ta davlat va 29 ta xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari, 20 dan ortiq turli tashkilotlar, 5000 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarida vaqti-vaqti bilan shu mavzuda suhbatlar o'tkazilmoqda. Bu muassasalarda faoliyat ko'rsatayotgan xodimlar ham, avvalo, o'z oilasida — ota-ona! Ta'lim muassasalarida faoliyat ko'rsatishayotgan o'qituvchilar ham, asosan, ota-onalar bilan doimiy aloqada. Ular bilan yuzma-yuz suhbatlarda biz farzandlarimizni gazeta-jurnal, kitob o'qishga o'rgatish, ta'bir joiz bo'lsa, mutolaaga ko'nikma hosil qilish uchun eng avvalo ota-onalarning o'zlari mutolaa bobida o'rnak ko'rsatishlari lozim.
Tumanimizdagi so'lim Soybo'yi sohilida joylashgan Abdulla Qodiriy va Cho'lpon nomidagi ikkita kutubxona va har bir ta'lim muassasasi hamda mahallalardagi nurxonalar yosh kitobxonlarga muntazir. Bu kutubxonalar kitobxonlar bilan gavjum bo'lishi ota-onalarning, ustozlarning sa'y-harakatlariga bog'liq. Ochig'i, inson ma'naviy kamolotga erishishida gazeta-jurnal va kitob mutolaasidan kuchliroq qudratga ega vosita yo'q. Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy ta'biri bilan aytganda, kitob beminnat ustoz, bilim va ma'naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbaidir.
Internet, telefondan bosh ko'tarmayotgan avlodning kelajagiga havas qilib bo'lmaydi. Odamlarning aqli-hushini egallab, oxir-oqibat tuzatib bo'lmas dardu balolarga giriftor qiladi ana shu telefon deganlari. Bu mutaxassislarning xulosasi. Internet vositalaridan keragida va o'z o'rnida foydalanishni qachon o'rganamiz?
Shunday ekan, kech bo'lmasidan ma'naviy sarchashma manbalari bo'lgan, bugun kimlardir “nimaga kerak, zamoni o'tdi” deyayotgan bo'lishsa-da, necha asrlar davomida odamlarga faqat yaxshilik, ezgulik ulashuvchi manbalar — kitob, gazeta-jurnallar mutolaasiga qaytilmasa, keyin kech bo'lishi mumkin. “So'nggi pushaymon, o'zingga dushman” deganlari rost bo'lmasin!
Axir bugun gazeta-jurnal, kitob o'qiyman, degan odamga hamma imkoniyatlar mavjud. Kutubxonalarda ikkita alifboda chop etilayotgan nashrlar kam emas! Shu bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlar orqali qanchadan-qancha audiokitoblar taqdim etilmoqda. Eng muhimi, bugungi yosh avlodda ana shu nashrlarga va asarlarga ishtiyoq uyg'otib borishimiz zarur.
Muazzam ALIBOYEVA,
Respublika Ma'naviyat va
ma'rifat markazi
Toshkent shahar Olmazor tuman bo'linmasi
rahbari, Ma'naviyat fidoyisi.