Matbuot nashrlari har bir xonadonda bo'lsa…

Bu haqda o'ylamagan, qayg'urmagan, o'zicha bo'lsa-da, chora-tadbir izlamagan nashr bo'lmasa kerak. Negaki, bugun ommaviy axborot vositalarining o'rni, darajasini zamon bilan hamnafas tutish, davrga, jamiyatga mos darajada rivojlantirish oson emas. Lekin og'ir bo'lsa-da, qiyin bo'lsa-da, albatta, kerak. Nega deysizmi? Chunki internet olami nihoyatda rivoj topgan,  ijtimoiy tarmoqlar, turli saytlaru telegram kanallari to'lib-toshib yotgan zamonda kim ham gazeta titkilar edi? Hatto bugun millionlarni “ekranga mixlagan” telekanallarni umuman ko'rmaydigan odamlar ko'payib bormoqda…

Shunday bo'lsa-da, biz baribir nega gazeta-jurnallar kerak, baribir asrlar davomida yashab kelgan bosma nashrlarning o'rnini boshqa axborot vositalari hech qachon bosa olmaydi, teng kelmaydi demoqdamiz ishonch bilan? Bunga qanday asoslarimiz bor?

Birinchidan, gazeta va jurnallar mazmun-mohiyati jihatidan mutolaa manbai hisoblanadi. Kitobning, teatrning o'rnini internetning tengsiz imkoniyatlariga almashtirib bo'lmaganidek, biz aytayotgan matbuot sahifalarini ham boshqa narsalar bosib keta olmaydi. Faqat undan ko'r-ko'rona voz kechmasak bo'lgani.

Matbuot hech qachon yopilib ketmaydi! Buni mamlakatimiz Prezidenti ham qat'iy ta'kidlab kelmoqda. Qolaversa, matbuot va so'z erkinligiga e'tibor berilayotgani, qo'llab-quvvatlanayotgani bejizga emas. Avval ham ko'pdan-ko'p aytganimizdek, Prezidentimizning matbuotga ishonchi baland. Shu bois mamlakatimizda so'z va matbuot erkinligiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Albatta, kechagidek yodimizda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2023 yili Qashqadaryo viloyatiga qilgan safari davomida Qarshi shahridagi Yangi Batosh mahallasida joylashgan 71-o'rta maktabda bir guruh ziyolilar, faxriy hamyurtlarimiz bilan suhbatlashib, so'z erkinligi va ochiqlik masalasida fikr bildirgan edi.

Bu ko'plab internet nashrlarida o'sha kunning o'zidayoq e'lon qilingandi. Unda aytilgan Prezidentimizning quyidagi fikrlariga e'tibor qiling…

“Yopiq davlat bo'lib (oldingi davrlarda. Tahr.) ­ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlamaganimiz uchun xalqning ovozini eshitmadik”.

“Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi”.

“…Yana oldingidek, prokuror, MXX tekshiruvchi bo'laversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki bo'ldimi?”

“Shuning uchun erkinlik nafasini, ommaviy axborot vositalarini do'st bilamiz. Gapirsin, adolatni gapirsin. Tanqid qilsin, to'g'ri tanqid bo'lsin. Shu qishloqqa, maktabga, ta'limga foydasi bo'lsa, nur ustiga nur”.

“Men har kuni o'qiyman, internetni ham o'qiyman. Kim qanday gapirganini vaqtim boricha, qo'limga qalam olib, o'zimga yozib olaman. Baribir 10 ta fikrdan 9 tasi to'g'ri bo'lib chiqadi. Bu to'g'ri yo'nalishmi? Agar bizda (OAV) yopiq bo'lsa, sizlarni ham hech kim eshitmaydi”.

Yurtboshimizning bunday ochiq va samimiy fikrlari, albatta, barcha matbuot vakillarini ham ruhlantirgan. Lekin sir emas, ming mashaqqat bilan chop etilayotgan nashrlar juda tor doiradagi odamlarga yetib bormoqda. Ma'naviyat sarchashmalari bo'lgan gazeta va jurnallardan odamlar kun sayin uzoqlashyapti. Buning sababi nimada, chindan ham bosma nashrlarni xalq o'qishni istamayaptimi? Yoki bu nashrlarda odamlarni qiziqtiradigan mavzular yoritilmayaptimi?

Albatta, bu savollarga birdaniga va to'liq javob berish qiyin. Lekin juda kerak. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bugun matbuot nashrlarining o'rni, ahamiyati yo'qolgan emas. Odamlar hali ham avvalgidek gazeta-jurnallarni o'qishni istashadi. Biroq faqatgina istak bilan ish bitmaydi. Qolaversa, barcha nashrlarni ham o'qishli, bugungi davr talabiga javob beradi deb bo'lmaydi. Buni ham tan olish kerak. Ayrim hamkasblarimiz xafa bo'lishmasin-u, bosmadan chiqayotgan ayrim tuman, viloyat va hatto respublika miqyosidagi nashrlarni qo'lga olib, hafsalangiz pir bo'ladi. Netongki, birorta yurakni jizillatadigan maqola ham, xabar ham yo'q! Demak, matbuot nashrlari o'z o'quvchilarini topadigan, qiziqtiradigan darajada bo'lishi shart. Nima uchun  internet tarmoqlari keng rivoj topgan qator ilg'or mamlakatlarda bugun 100 minglab adadda gazeta va jurnallar chop etilmoqda? Ularda majburlab obuna qilish bormi yo? Yo'q, albatta. Sababi, o'sha nashrlarni o'qisa bo'ladi. Ikkinchidan, sohaga e'tibor hamda rivojlanishi uchun ma'lum shart-sharoitlar, imkoniyatlar yo'li ishlab chiqilgan.

Ko'p yillik kuzatuvlarimiz, matbuot nashrlarida faoliyatimiz davomida ishonch hosil qilgan ayrim masalalar borki, ular bugun o'zining yechimini kutmoqda. Katta yig'ilishlardan birida Prezidentimiz “Bolalarimizni telefon tarbiyalayapti”, deya kuyunchaklik bilan fikr bildirgan edi. Chindan ham shunday. Bugun hatto boshlang'ich sinf o'quvchisining qo'lida “G'uncha” emas, balki shapaloqdek telefon.

To'g'ri, telefon ham kerak. Internet ham. Ammo farzandlarimizning bilim, axborot, ma'naviy boylik oladigan bor manbasi faqat elektron qurilmalardan ham iborat bo'lmasligi kerak-da.

Ma'lumki, telefon yoki internet tarmoqlari faqatgina kerakli ma'lumotlar, tasvirlar emas, balki buzg'unchi va tarbiyaga, axloqqa zid narsalar bilan to'lib-toshgan “quti”dir. Undan keyin, kun davomida telefon va internetga mukkasidan ketish nafaqat ma'naviy, balki tibbiy jihatdan ham zararli ekanligini mutaxassislar bejiz aytishmayapti.

Shunday ekan, farzandlarimizni, albatta, bolalar nashrlariga qaytarishimiz zarur. O'qituvchilarni, barcha ziyolilarni, kattayu kichikni matbuot nashrlari mutolaasiga qaytarmoq kerak. Albatta, bu juda qiyin. Lekin imkonsiz emas. Shubha yo'qki, qachonki bolalar, o'smirlar o'z nashrlarni o'qib, o'rganishsa, bunga rag'bat berilsa,  katta bo'lgan bolalar kelajakda ham, ya'ni voyaga yetganlarida ham nafaqat gazeta-jurnallarni, balki kitoblarni-da o'qiydigan bo'lishadi. Hozirgidek faqat telefonga termulib o'tirishmaydi.

Bugun-chi, yurtimizda 10 mingga yaqin maktablar bo'la turib, ularda bir necha millionlab bolalar ta'lim olishayotganiga qaramay, bolalar nashrlarining adadi maktablarimiz soniga ham yetmaydi. Demak, ayrim maktablarga bitta ham bolalar nashrlari yetib bormayapti! Boshqa gazeta-jurnallarning borishi ham shu ahvolda.

Nazarimizda, matbuotdan yoshlarning uzoqlashib ketishiga ana shu narsalar sabab bo'lmoqda. Shu bois, ayrim taklif va mulohazalarimizni qayta-qayta o'rtaga tashlashdan erinmaymiz.

  1. Bugungi kunda aksariyat bosma nashrlarning adadi, joylarga yetib borishi, yetkazib berilishida juda katta muammolar mavjud. Buning sababi bosma nashrlarga obuna uyushtirish masalasida maqbul yechim topilmadi.

Yuqorida aytilganiday, o'rta maktablarda bolalar nashrlariga o'quvchilarni obuna qilish mutlaqo izdan chiqdi. Mustaqilligimizdan oldin “G'uncha”, “Tong yulduzi”, “Gulxan” kabi nashrlar 100-200 ming nusxadan ziyod chop etilgan bo'lsa, ularning bugungi tiraji yuqorida aytganimizdek, juda kam.

Bizning fikrimizcha, yechimi: maktablarimizda bugun 5 milliondan ziyod o'quvchilar ta'lim olmoqda. Yoshiga qarab bolalar nashrlariga har bitta sinfda kamida 5 nusxadan obuna qilishni yo'lga qo'yish lozim. Shunda ushbu nashrlarning yillik obuna narxlari hozirgiga nisbatan kamida 10 baravar arzonlashadi. Ya'ni juda arzimas narxda bo'ladi. Ko'pchilik  og'rinmay farzandini ularga obuna qilishiga umid qilsak bo'ladi. O'qituvchilarning ham aksariyati bugun nashrlarning nomini ham bilishmaydi. Eng muhim gazeta-jurnallarni farzandlarimizga ta'lim-tarbiya beradigan insonlar albatta olishi kerak emasmi? Yoki tibbiyot xodimlari, oliy ta'lim, iqtisodiyot va boshqa ko'p ming sonli sohada ishlayotgan yuz minglab yurtdoshlarimiz ham matbuot nashrlaridan juda-juda uzoqdadirlar.

  1. Respublika nashrlarining aksariyati bugungi kunda 3 ming yoki 5 ming adadda chop etilmoqda. Bu esa mamlakatimizdagi sanoqli tashkilot va korxonalargagina gazeta va jurnallar amallab yetib borayotganini bildiradi. Eng achinarlisi, millionlab odamlar, millionlab xonadonlarga gazeta-jurnallar yetib bormaydi. Oddiy odamlar, pensionerlar gazeta-jurnal o'qish imkoniyatiga ega emas. Hatto butun boshli mahalla, qishloqlardagi 1000ta xonadon o'rganib ko'rilganda, ularning hech biriga 1 nusxa ham biror nomdagi gazeta-jurnal yetib bormayotganini ko'rish mumkin.

Sababi: nashrlarning bugun o'rtacha obuna bahosi 600 ming so'mdan 1 million 500 ming so'mgacha. Bu narxga esa ko'pchilikning obuna bo'lish istagi bo'lsa-da, iqtisodiy imkoniyati yetmasligidan dalolat beradi.

Bizning shaxsiy fikrimizcha, yechimi: yurtimizdagi barcha xonadonlar xohishlariga ko'ra, o'zlari istagan nashrlarga mahallalar ko'magida obuna bo'lishlari mumkin. Bunda “Ma'naviyat savatchasi” tashkil etilib, mamlakatimiz siyosatini, madaniyatini, ma'naviyatini yoritadigan hamda adabiy-badiiy nashrlarni yetkazish imkoniyatlari shakllantirilsa, xayrli ish bo'lar edi. Shunda ushbu nashrlarning adadlari ham bir necha yuz ming nusxaga oshib, obuna narxlari esa keskin arzonlashishi turgan gap.

Demak, “Har bir xonadonga — gazeta va jurnal” loyihasini ro'yobga chiqarish mumkin bo'lar edi.

  1. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash, Maktabgacha va maktab ta'limi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, boshqa tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda bosma nashrlarning mutolaasini yo'lga qo'yish bo'yicha bir dastur ishlab chiqilsa maqsadga muvofiq bo'lmaydimi?

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, bugungi odamlar qaysidir ma'noda ma'naviy-ma'rifiy vositalardan, to'g'rirog'i, matbuot sarchashmasidan mosuvo bo'lib qolganligi sababli, o'zlarini turli ijtimoiy tarmoqlardan bahramand bo'lishga majbur bo'layotgandek taassurot uyg'otadi. Chunki ma'naviy bo'shliqni matbuot nashrlari emas, ijtimoiy tarmoqlar egallab bormoqda.

Shu o'rinda yana bir taklif: mamlakatda Ma'naviyat va ma'rifat markaziga davlatimiz tomonidan juda katta mablag'lar ajratilgan bo'lib, aslida, ma'naviy bo'shliqni to'ldiruvchi matbuot nashrlarining obunasiga ma'lum darajada ko'mak berish vazifasi ham ana shu Markaz zimmasiga yuklansa, o'rinli bo'lar edi.

Matbuot nashrlarining o'rnini, nufuzini oshirish uchun u obunachilarga o'z vaqtida yetkazib berilishi esa juda muhim masala. Hozirgi paytda, afsuski, nashrlar bir haftada ham obunachiga yetkazib berilmaydi. “O'zbekiston pochtasi” va “Matbuot tarqatuvchi” AK tuzilmalari to'liq islohga muhtoj bo'lib qolgan.

Yana shunday taklif borki, bugun matbuotda e'lon qilinayotgan materiallarga e'tibor, javobgarlik, javob berish majburiyatini tiklash kerak. Negaki, matbuot – davr ko'zgusi ekan, unda aks ettirilgan tanqidiy-tahliliy chiqishlarga munosabat bildirilishi, chora-tadbir ko'rilishi shart. Yo'qsa, qancha gapirilmasin, qancha muammolar, kamchiliklar olib chiqilmasin, bari daryoga otilgan toshday izsiz ketaveradi. Ming afsuski, bugun ko'pgina  vazirlik va idoralar, hokimliklar OAVda e'lon qilingan materiallarga javob berishni “unutib” qo'yishgan. Sabablaridan biri ularga ham ko'pgina nashrlar umuman bormaydi.

Yuqoridagi mushohadalardan kelib chiqib, mamlakatimizda Yurt egasi — Prezidentimiz matbuotni o'qiyotgan, internet tarmoqlarini kuzatayotgan ekan, bundan barcha katta-kichik amaldorlar ham tegishli xulosa, ibrat olishlariga umid qilishga haqlimiz.

Qani edi, matbuot bugungidek faqat tashkilot va korxonalardagina emas, har bir xonadonlarda o'z o'quvchisini topsa…

A. PARDAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + ten =