Hayot yo'llarida…

Bugun zamon tezkor bo'lib ketdi. Ilgari bir haftada bosib o'tiladigan masofaga ikki-uch soat kifoya bo'lyapti. “O'tkan kunlar”da o'qiganmiz: marg'ilonlik qudalar Toshkentga aravada hafta-o'n kun yo'l yurishgan. Endi insoniyat baland marralarga erishdi. Shu ma'noda O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov ta'biri bilan aytganda, “Zamon shitobi tez, parvozi tikka”.
Lekin bu degani hamma ishni shoshma-shosharlik bilan hal qilish kerak, deb tushunmaslik kerak. Shunday masalalar borki, andak mulohaza yuritishni, o'tgan ishlar sabog'ini xayoldan o'tkazib, so'ng xulosaga kelishni taqozo etadi.
Shu kunlarda el oshidagi bir holatga e'tibor qiling. Bo'shagan yo bo'shamagan laganlarni yig'ishtirib olishda idishlarning to'rt-beshtasi ustma-ust qalashtirib tashilmoqda. Axir ilgari bir kishi ikki qo'lida laganni ushlar edi-ku. “Nega bunday?”, desangiz, “Endi vaqt tig'iz, kutib o'tirishga toqat yo'q”, deyishadi. “Toqatsizlik aksariyat odamlarning tabiatiga singib ketgan, — deb yozdi jurnalist Jonibek Alixonov. — Bu, ayniqsa, yosh avlod dunyoqarashida ustunlik qiladi: hamma narsaga, xususan, mo'maygina boylikka tezroq erishishni istaydi”.
Eslayman, talabalik paytimizda teatrga borardik. Tomosha davomida bir parda tugagach, oraliqda tanaffus bo'lardi. Bufetda choy, qahva ichardik, muzeyni tomosha qilardik. Endi bo'lsa, teatrlar imkon qadar tanaffussiz ishlashmoqda. Mabodo oraliqda tanaffus e'lon qilinsa, ba'zi tomoshabinlar jo'nab qolishlari ham hech gap emas.
Latifa. Nasriddin Afandidan so'rashgan ekan:
— Nega odamlar turli taraflarga yurishadi, birov o'ngga, kimdir chapga, yana boshqasi oldinga yoki orqaga?
— Shuni ham bilmaysizmi? — debdi Afandi. — Hamma bir tomonga yursa, yer og'ib ketadi-ku.
Garchi bu qiziq hangoma bo'lsa-da, unda ma'no bordek. Dunyoda turfa fe'lli, xilma-xil fikrlovchi odamlar yashaydi. Turmush chorrahalarida bir-biriga o'xshamaydigan qarorga kelish ham bor gap.
2001 yil edi. Sayyohlik yo'llanmasi bilan Birlashgan Arab Amirliklariga bordik. Endi O'zbekiston mustaqilligiga 10 yil, BAA mustaqilligiga 30 yil bo'lgan. U yerdagi hayot bizga ertakdek tuyuldi. Mamlakatda kambag'al yo'q. Chunki har bir tug'ilgan chaqaloqqa davlat tomonidan muayyan miqdorda sarmoya ajratilar ekan. Mamlakatdagi eksport qilinayotgan neft, gaz tushumlarining bir qismi aholiga taqsimlanar ekan. O'shanda safar taassurotlari haqida yozishga to'g'ri kelganda: “Bizda ham vaqtlar kelib shu darajalarga yetarmiz”, degandik…
Yaqin Sharqning bu mamlakatidagi aksariyat shaharlarda tub aholidan ko'ra o'zga yurtlardan kelib ishlayotgan muhojirlar ko'p ekan. Shu ma'noda O'zbekiston fuqarolari ham dunyoning boshqa joylariga borib ishlashlari tabiiy hol, degan fikrga bordik. Bizda bu hol tinch-omonlik bilan, ixtiyoriy ro'y beryapti-ku. Xudo qochoqlikdan o'zi asrasin. Birni ko'rib fikr qil, birni ko'rib shukr qil, deganlari shu-da.
Albatta, xalq hayotini farovonlashtirish har joyda har xil kechadi. O'zbekiston mustaqillikni mustahkamlashning o'ziga xos yo'lidan borib, inson qadrini e'zozlashni maqsad qilgan. Dunyo miqyosida ro'y berayotgan voqealarni ko'z oldimizga keltiraylik. Ur-yiqit, to'polon, birodarkushlik urushi qanchadan-qancha odamlarning hayotini izdan chiqarmoqda. Tinch, osoyishta umr kechirib, ezgu ishlar bilan yashayotgan o'lkalarga boqing. Shukurki, O'zbekiston ana shular qatoridan joy olgan.
Bunday kelajak yurtdoshlarimizning ezgu niyatlari, kerak hollarda sabr-matonati hisobiga yaratilmoqda. Albatta, hamma narsa bir lahzada bunyod bo'lmaydi. Birgina “Toshkent city” majmuasini piyoda aylanib chiqing. Ilgari shu joylarda o'ta oddiy, ko'rimsiz imoratlar, tor ko'chalar mavjud edi. Endi shu yerdan o'tsangiz, ko'nglingiz baland binolar kabi ko'kka intiladi. Yangi O'zbekistonning chinakam manzarasi ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi.
Har qanday yangilik tadrijiy yo'ldan o'tgandan keyin voqelikka aylanadi. Aytaylik, hokimlar saylovini o'tkazish masalasida demokratik tamoyillarning hayotimizda to'la namoyon bo'lishi uchun ma'lum vaqt kerak. Vaqt — bu malham, vaqt — bu hakam. To'plangan yangilik bir kunda tatbiq etilmaydi. Yaqin o'tmishimizda o'lim jazosini bekor qilish va sanksiya berish vakolatlarini sudlarga o'tkazish ham bir qancha yillarni, vaqtni talab qilgan.
Masalan, mahalliy kengashlarga o'tkazilgan oxirgi saylovlardan keyin viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari raislari vakolati hokimlardan olinib, deputatlar ichidan saylangan kengash raislariga berildi. Savol tug'iladi: bugun yangi sharoitdagi sessiyalarda hokimlarning o'rni qanday? Shunday savol qo'yishimiz sizni ajablantirmasin. Kuzatishlarga qaraganda, ayrim viloyat hokimlari “O'zlaring o'tkazaveringlar” deb kengash sessiyalarida qatnashmagan holatlar uchrayapti ekan. Axir viloyat hayotining eng dolzarb masalalari o'sha sessiyalarda muhokama qilinadi-ku! Qolaversa, viloyat rahbari hokim va deputat sifatida kengash oldida hisobdor.
Shunday bo'lgach, ishi qanchalik ko'p bo'lishidan qat'i nazar, mahalliy hokimlar xalq saylagan deputatlar oldidagi hisobdorligini unutib qo'ymasliklari zarur. Qolaversa, bu – Prezidentimiz olib borayotgan siyosat talabi bo'lib, sessiyada ko'rilayotgan masalalardan ham muhim ish bo'lishi mumkinmi?!
Tan olmoq joiz, bugun Yangi O'zbekistonda ro'yobga chiqayotgan ishlarni avvallari orzu qilish ham mushkul edi. Birgina poytaxtdan uy sotib olish muammosini oling. Albatta propiska talab qilinardi. Propiska qilish esa… yumshoq qilib aytganda, juda-juda qiyin edi. Bugun bu narsalar odamlarning “esidan chiqib” ketganga o'xshaydi.
Yoki o'z oylik-maoshingizni, yoxud pensionerlarning pensiyasini naqd pul shaklida olish – bular ham og'ir muammo edi. 20-30 foizga naqdlashtirilardi. Yoki yolg'onmi bular?
Narxi oshdi, limit qilindi, deb ayyuhannos solishadi. Lekin aholiga 10-15 soatlab svet-elektr toki berilmasligiga ham chidagan edik-ku! Bugun eng chekka qishloqlargacha ichimlik suvi, gaz yetib bormoqda, yo'llar qurilmoqda. Qurilishlar, bunyodkorlik ishlari juda rivojlandi.
Eng muhimi, ijtimoiy himoya, aholining eng nochor, kambag'al qismiga e'tibor qaratilib borilyapti.
Albatta, muammolar ham yo'q emas. Bu – tabiiy. Hayot bor ekan, kamchilik va muammolar ham bo'laveradi. Asosiysi, yurt tinch, bozorlarimiz obod.
Xalqimizda “Qimirlagan qir oshar” degan gap bor. Hayot balandu pastliklari, quvonchu tashvishlari bilan mazmunlidir. Har kim o'ziga yuklangan vazifani vijdonan bajarsa, sidqidildan ishlasa, hammasi yaxshi bo'lar edi. Afsuski, korrupsiya qon-qoniga singib ketgan ayrim amaldorlar o'z jig'ildonini, nafsini yenga olmayapti. Shu bois kun-kunora tumshug'idan ilinib, elaro sharmanda bo'layotir. Qonuniy choraga giriftor bo'lyapti. O'qib turibmiz. Eshitib turibmiz. Adolat har joyda mezon. Prezidentimiz jon kuydirib qanchadan-qancha vazifalarni rahbarlar, mutasaddilar zimmasiga yuklamoqda. Ming afsuski, ayrimlar o'z bilganidan qolishmayapti. Ushbu – xato. Uzoqni ko'zlab, el-yurt manfaatini, Vatan taqdirini o'ylab mehnat qilganning ishi besh bo'ladi. Bu oddiy haqiqatni kattayu kichik yurakdan anglab yetsa edi, hayot yo'llarimiz yanada ravon, farovon bo'lar edi.
Ana shunday saodatli manzillarga tezroq yetish nasib etsin!
Shuhrat JABBOROV,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist.