Tarjima san'ati: O'zbek kitobxoni qanday asarlarni kutmoqda?

XXI asr kitobxonlari ham mutolaa zavqidan bebahra emas, albatta. Kutubxonada, ko'chada, avtobus-metroda, xiyobonlarda kitob o'qiyotgan insonlarni ko'rib havasim ortadi. Internet shu qadar rivojlangan zamonda ham kitob o'z o'rnini yo'qotmayotganiga ichimdan quvonaman. Lekin bu “asarlar”ning ko'pi faqatgina “sitata” uchun yozilgan kitoblardek. Odamlar bu kitoblarning nomi va muqovasi jimjimadorligi va internetga ushbu kitob rasm bilan foto joylash uchun sotib olayotgandek go'yo…

Men ham bir zamonlar havas bilan “Ba'zilar olisdan sevarlar”ni o'qigandim. Lekin undan qanday ma'naviy ozuqa olganimni haligacha bilmayman. To'g'ri, qaysidir ma'noda bu kitoblar ham inson ongiga iliqlik, ya'ni nafis o'xshatishlar orqali hislariga ta'sir etishi mumkindir. Lekin bu adabiyotning asl ko'rinishining yuzdan birini ham ifoda etishga arzimaydi-ku. Bu kabi kitoblar savdosi rivojlanishida, albatta, marketingning o'rni juda katta. Insonni sotib olishga majbur qiluvchi reklamalar orqali kitob do'konlari peshtaxtalari shunday kitoblar bilan to'lib ketgan. Xususiy nashriyotlar ham faqatgina pul uchun qayta-qayta mag'zi puch asarlarni tarjima qilishmoqda.

Saviyali tarjimalar ham yo'q emas, albatta. Misol uchun, birgina Ozod Sharafiddinov tarjimalari orqali o'zbek kitobxonlari jahon adabiyotining mashhur asarlaridan haligacha bahramand bo'lishmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, Ozod Sharafiddinovning birinchi tarjimalari 1955 yilda qilingan. 1955 yildan to 2005 yilgacha adabiyotshunos 150 ga yaqin asarni tarjima qilgan ekan. 1955 yildan to 1998 yilgacha — 35 ta, 1998-2005 yilgacha – 120 ga yaqin asar tarjima qilingan. Aniqroq aytsak, oxirgi 7 yil ichida u 120 ga yaqin asarni o'zbek tiliga o'girgan. Bu raqam Ginnesning rekordlar kitobiga kiradigan hodisa desak, mubolag'a bo'lmaydi. Tabiiyki, shuncha asarni qisqa vaqt ichida tarjima qilish oson ish emas. Yana bu asarlar shunchaki “Men sevaman, sen sevasanmuuu” qabilidagi asarlar emas, balki jahonga mashhur romanlar, qissalar, hikoyalar, sarguzasht-fantastik asarlar, esselar, adabiy-tanqidiy maqolalar, falsafiy izlanishlar, shu bilan birga, mashhur adiblar, faylasuflar, davlat arboblarining ma'ruzalari, kitoblari, hikmatli so'zlar, turli xalqlarning latifalari ham bor. Kinossenariylar tarjimasi esa olim ijodida alohida bir mavzu…

Ustoz Ozod Sharofiddinov tarjima uchun asar tanlashda ham xolis, talabchan va nihoyatda mustaqil bo'lganlar. Masalan, Ahmad Abbosning “Hindiston farzandi”, E.Kazakevichning “Ko'k daftar”, V.Katayevning “Devordagi kichkina temir eshik”, “Ichakuzar hangomalar”, A.Ribakovning “Arbat bolalari”, Genlinning “Stalin va Bulgakov”, L.Tolstoyning “Iqrornoma”si, Efraim Savelaning “To'xtating samolyotni, tushib qolaman”, Aflotun, V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, Laroshfuko, J.J.Russo, O.Uayld, Xose Ortega, Z.Freyd, Fransuaza Sagan, Herman Vamberi hikmatli so'zlari, iboralari, “Shaxmat hangomalari”, V.Bikov, P.Koelo, J.Golsuorsi, Kobo Abe, Herman Hesse, N.V.Gogol, Z.Bzejinskiy, Yu.Borgen, V.Voynovich, A.Morua kabilarning turli asarlari va boshqalar.

Albatta, gap ro'yxatda ham emas, tarjimonlik mahoratida. Olimning tilimizga ilk tarjima qilgan asari V.Belinskiyning “Tanqid haqida nutq” (1955) edi. O'sha davrda, olim endi adabiyotga kirib kelayotgan davrda, Belinskiyning tanqid haqidagi mulohazalari, noyob gaplari unga juda yaqin bo'lgan. Shu tufayli Belinskiyning asarini o'zbek tanqidchiligiga olib kirishga ahd qilgan. U qayta qurish paytida mashhur “Arbat bolalari”ni (1988) o'zbek tiliga tarjima qildi. Bu asarda qayta qurish davrida birinchilardan bo'lib Stalin shaxsiga sig'inish muammosi ko'tarilgan edi. Ozod Sharafiddinov mashhur rus yozuvchisi N.Gogolning “Al-Ma'mun” (“Jahon adabiyoti”, 2003, 2-son) essesini ham ona tilimizga o'girgan. Mazkur esse 1834 yilda Sankt-Peterburg universitetida ma'ruza holida o'qilgan ekan va ma'ruzani tinglash uchun V.Jukovskiy va A.S.Pushkinlar ham taklif qilingan.

Ozod Sharafiddinov uchun tarjima, xuddi Cho'lpon kabi, o'zbek xalqini boshqa xalqlarga yaqinlashtirguvchi muhim vosita bo'lgan. Tarjima tufayli o'zbek xalqining boshqa xalqlar orttirgan madaniy meros bilan boyitgan.

“Arbat bolalari”, “Iqrornoma”, Igor Bunichning “Partiya oltinlari”, “Alkim­yogar”, “Beshinchi tog'”, “Dorian Greyning portreti”, E.Savelaning “To'xtating samolyotni, tushib qolaman”, “Shaxmat hangomalari”, Gerbert R.Lotmanning “Rotshildlar — bankir qirollari”, Zbignev Bzejinskiyning “Buyuk shaxmat taxtasi”, V.Voynovichning “Monumental targ'ibot” kabi tarjimalar o'zbeklarning madaniy hayotida katta voqea bo'lgan.

Fikrimizning isbotini bekorga birgina Ozod Sharafiddinov tarjima faoliyati bilan keltirmadik. Bir tarjimon o'z faoliyati davomida adabiyotimizga, tafakkurimizga oltinga teng boyliklarni olib keldi. U yaratgan tarjima asarlari orqali mashhur yozuvchilar bilan asarlari orqali suhbatlashish imkonini yaratdi.

Bugungi kunda ham turli loyihalar doirasida mashhur asarlar tarjima qilinmoqda. Misol uchun, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida 2024 yilda bir qator muhim ishlar amalga oshirildi. Dastlabki bosqichda 50 ta ilmiy-ommabop kitob o'zbek tiliga tarjima qilingan. Bu jarayonda iqtisodiyot, siyosatshunoslik, tabiiy fanlar, ekologiya va sun'iy intellekt kabi sohalarda 30 dan ortiq ekspert-mutaxassis, 40 dan ziyod tarjimon, 30 ga yaqin muharrir, shuningdek, musahhih va dizaynerlar ishtirok etdi. 2025 yilda ushbu loyiha doirasida nafaqat ilmiy-ommabop, balki badiiy asarlar va bolalar kitoblarini ham tarjima qilish ko'zda tutilgan.

Lekin nafaqat tashkilotlar, balki har bir tarjimon vazifasiga sidqidildan yondashib, kelajagimiz uchun dunyo adabiyotining eng sara, durdona asarlari tarjima qilinishini istardik. Chunki adabiyotga endi qadam qo'yayotgan yoshlar uning mohiyatini yengil-elpi asarlar bilan tanishmasin. Ma'naviyatni, ma'rifatni adabiyotdan, kitoblardan olsin!

Dildora DO'SMATOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =